Chegara aniqlovchilar navbatdagi majlisga yig‘ildi – ozodlik.org


09.08.2011

Elmurod

Qirg‘izistonning Botken viloyati Qadamjoy tumanida o‘zbek-qirg‘iz chegarasini aniqlash bo‘yicha davlatlararo komissiyasining navbatdagi muzokaralari boshlandi.

Bu haqda Qirg‘iziston chegara xizmati raisi o‘rinbosari Taalaybek Adashpasov bildirdi.

– 2011 yilda O‘zbekiston va Tojikiston bilan chegaralarni aniqlash jarayoni qayta jonlandi. Hozirgi kunda muzokaralar Qadamjoy tumanida olib borilmoqda. Ammo davlatlararo komissiya hamma masalalarni hal etish salohiyatiga ega emas, chunki chegarada hukumat rahbarlari darajasida hal etilishi zarur bo‘lgan muammolar bor, – dedi Taalaybek Adashpasov.

Qadamjoy tumanida muzokaralar boshlanishi arafasida chegaraning aynan mana shu qismida bir qator janjallar bo‘lib o‘tdi.

Qirg‘iz tarafining bildirishicha, 1 avgust kuni O‘zbekiston tomoni So‘x anklavidagi chegara punktini yopib qo‘ygan, buning natijasida Botken viloyatining ayrim qishloqlari aholisining tuman va viloyat markazlariga borishi qiyinlashgan. Shundan so‘ng qirg‘iz qishloqlarida yashovchi aholi So‘x anklaviga boruvchi yo‘lni to‘sib qo‘ygan. Bunga javoban esa so‘xliklar qirg‘iz qishloqlariga suv bermay qo‘ygan.

O‘zbekiston tomoni esa  mazkur voqea yuzasidan o‘z bildiruvini tarqatgan. 9 avgustda yoyinlangan bu ma’lumotda aytilishicha, Qirg‘iziston tarafi 1 may kuni So‘x chegarasidagi “Gazprom” chegara punktini bir tomonlama ravishda yopib qo‘ygan.

“O‘zbekiston tomonining ko‘plab iltimoslariga qaramay, uch oy mobaynida mazkur chegara punkti ochilmadi. Shu munosabat bilan 1 avgust kuni O‘zbekiston tomoni ham “Devayram” chegara punktini yopishga majbur bo‘ldi”, deya bildiriladi O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati Davlat chegarasini qo‘riqlash bo‘yicha qo‘mitasi tarqatgan bayonotda.

Bu janjal 6 avgustgacha davom etgan. Nihoyat qirg‘iz va o‘zbek tomoni oqsoqollari, mahalliy hukumat vakillari va chegarachilar ishtirokida o‘tgan uchrashuvdan so‘ng qirg‘iz tomoni So‘x yo‘lini ochgan, o‘zbek tomoni esa qirg‘iz qishloqlariga suv bera boshlagan.

Qirg‘iz rasmiylariga ko‘ra, chegaradagi bunday janjallarga barham berilishi uchun chegarani aniqlash jarayonini tezroq yakunlash kerak.

– O‘zbekiston hukumati ham, prezidenti ham qirg‘iz tarafi bilan uchrashuvlarda chegarani tezroq aniqlab olishga chaqirib kelgan. Toshkent bu masalani o‘n yildan beri kun tartibiga qo‘yib keladi, biroq qirg‘iz tarafi chegara muammosini hal etishga endigina jiddiy kirishdi, – dedi Qirg‘iziston parlamenti deputati, Qirg‘iziston chegara xizmatining sobiq rahbari To‘qo‘n Mamitov.

Biroq  mustaqil tahlilchi Robert Avazbekov fikricha, chegara aniqlanishi bilan chegara hududlaridagi nizolarning oldi olinadi, deb hisoblash noto‘g‘ri bo‘lar edi. Chunki har ikki davlat bir-birining hududida ikkinchi davlatga qarashli o‘nlab anklavlarga ega.

– “Chegara aniqlansa, nizolar barham topadi” degan fikr bugungi kunda ustunlik qilmoqda. Lekin chegara aniqlanganda ham mazkur hududdagi nizolar davom etaveradi, deb hisoblayman. Masalan, Qirg‘iziston ichkarisida bo‘lgan O‘zbekistonning So‘x anklavida Qirg‘izistonning Bo‘jo‘y va Alkan degan 2 ta anklavi joylashgan. Chegarani aniqlash bilan bir qatorda anklavlardagi ijtimoiy va iqtisodiy muammolarni ham hal etish lozim bo‘ladi. Hukumatning bu muammolarga ko‘z yumishi katta nizolarni keltirib chiqarishi mumkin, – deydi Robert Avazbekov.

O‘zbekiston-Qirg‘iziston chegarasini aniqlash jarayoni uch yil avval to‘xtab qolgan edi. Chegarani aniqlash bo‘yicha o‘zbek-qirg‘iz davlatlararo komissiyasi faoliyati joriy yil bahorida qayta jonlantirildi.

Ayni paytda 1378 chaqirimlik o‘zbek-qirg‘iz chegarasining 320 chaqirimi aniqlanmagan.

 

http://www.ozodlik.org/content/article/24291120.html

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: