Bi-bi-si mehmoni – Shayh Abdulaziz Mansur – bbc uzbek


7 avgust 2011

Shayh Abdulaziz Mansur tarjimasi Qur’oni Karim ma’nolarining o‘zbek tilidagi asosiy nusxasi hisoblanadi

BBCUzbek.com o‘quvchilarining savollariga O‘zbekiston Musulmonlari diniy idorasi raisining o‘rinbosari, taniqli ulamo Shayh Abdulaziz Mansur javob beradi.

Shayh Abdulaziz Mansur 1944 yilda Farg‘ona viloyati, Farg‘ona tumanidagi Mindon qishlog‘ida Eshon Huvaydoyi Chimyoniy – shoir Huvaydo sulolasiga mansub dehqon oilasida tavallud topgan.

O‘rta maktabni bitirgach, sovet armiyasida xizmat qiladi.

Imom Buxoriy nomli Toshkent Islom Instituti hamda Sudan Demokratik respublikasidagi “Ummu Durmon” Islom Universitetlarida tahsil olgan.

O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy idorasida turli lavozimlarda xizmat qilgan.

1998 yildan 2000 yilgacha O‘zbekiston Prezidentining Din ishlari bo‘yicha maslahatchisi, 2000-2006 yillarda esa Toshkent Islom Universitetining ilmiy ishlar bo‘yicha prorektori lavozimlarida ishlagan.

2006 yildan hozirga qadar O‘zbekiston Musulmonlari diniy idorasi raisining o‘rinbosari.

2001 yilda uning tarjimasida birinchi marta nashr etilgan Qur’oni Karim hozirda Qur’on ma’nolarining o‘zbek tilidagi asosiy nusxasi hisoblanadi.

Bundan tashqari olim “Ming bir hadis”, “Aqoidi Tahoviya”, “Fiqhi akbar”, “Aqoidi Nasafiya” hamda “Unvonul-bayon” kabi manba’larni arabcha aslidan o‘zbek tiliga o‘girgan.

Shayh Abdulaziz Mansur badiiy ijod bilan ham shug‘ullanadi.

Uning she’r va muhammaslari respublika matbuotida e’lon etilgan.

Hurmatli Shayh Mansur,

Savolim- Marhamat ila Qur’onda kishini mast qiluvchi ichimliklar haqida keltirilgan oyatga aniqlik kiritsangiz. Qur’on o’quvchi, jum’alarga qatnab turuvchi kishi unda-bunda sharob ichib turishini, mast bulishni niyat qilibmas faqat o’rtoqlar davrasida/ishtahani yaxshilash maqsadida ichilgan bir yoki ikki piyola, islom qanday qabul qiladi. Raxmat.

Nomdor, London

    Biz zinhor hijobga qarshi bo‘lmaganmiz. Balki hijobdagilarga ta’qiblar bo‘lgan payt, “satri avrat”ni saqlab qolishni maslahat berganmiz.

Shayh Abdulaziz Mansur

Shayh Abdulaziz Mansur: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Agar biz Islom dini, Islom shariati nuqtai nazaridan javob qiladigan bo‘lsak, qaysi niyatda bo‘lmasin, u o‘sha tetiklikni ixtiyor qilganmi, mast bo‘lishnimi, farqi yo‘q, xamr-mast qiluvchi ichimliklar Qur’oni Karim va hadisi shariflarda ta’qiqlangan. Goho, unda-bunda, deb savol berayaptilar, yo‘q, mutlaqo harom qilingan. Shuning uchun bu narsani iste’mol qilgan kishi garchi mo‘minlikdan chiqib ketmasa-da, osiy, gunohkor bo‘ladi, deb javob beramiz.

Assalomu alaykum, muhtaram shayx Abdulaziz hoji hazratlari. Mening savolim quyidagicha: Bir paytlar 16 sahifali “7×7” gaztasida Xoldor Vulqonning “Ramozon muborak” nomli she’rini sharxlab, yaxshi gaplarni yozgan edingiz. O‘zingiz ham she’r, g‘azallar yozib turasiz. Islom dinidagi she’r me’yori va shoirlik odobi haqida ham fikr bildirsangiz.Javob uchun avvaldan rahmat. Mohi Ramozon sizga va barchalarimizga muborak bo‘lsin.

Abdulloh, Toronto, Kanada

Shayh Abdulaziz Mansur:Islom dinidan oldin, johiliyat davrida ham she’riyat juda kuchaygan bo‘lgan, notiqlik so‘zamollik rivojlangan. Shu jarayonda shoirlar yolg‘on to‘qib,birovni maqtamoqchi bo‘lsa, yolg‘onlarni ko‘p qo‘shaverganidan keyin Qur’oni Karimda “Shuaro”-“Shoirlar” surasi bor, shunda “ularga, shoirlarga adashgan odamlar ergashadi” deb tanqid qilinadi. Lekin bu degani umuman she’r yozish mumkin emas, deganini anglatmaydi. Chunki tafsilarimizda, hadislarda, hatto Payg‘ambarimiz alayhissalomning “she’rda, albatta hikmat bor, notiqlikda sehr bor, notiqlik, so‘zamollik bilan odamlarni o‘ziga maftun qilsa bo‘ladi”, degan hadisi shariflari ham bor. Shuning uchun Islom ulamolari, agar she’r bir fahsh so‘zlardan iborat bo‘lmasa, uyat sanaladigan mazmunda bo‘lmasa, balki nasihatomuz, ahkomi shariatga o‘xshagan yoki tarixni nazmga solib, she’r qilgan bo‘lsa, bu ham katta bir san’at, buni Islom dini hech qachon qoralamaydi.

Muhtaram shayx janoblari!

1.Muqaddas Qur’oni Karimning o’zbek tilidagi ma’no va izohlar tarjimasining to’la kitob holidagi shakli tarixda birinchi bo’lib kim tomonidan amalga oshirilgan?

2.Sizdan oldin va siz qatori Qur’oni Karimning o’zbek tiliga ma’nolari tarjimasi,tafsir holati bilan shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf va shayx Olovuddin Mansur tomonlaridan ham amalga oshirilgan edi.Sizning tarjimangizni o’zgachaligi va bunga e’htiyoji qanchalar muhum edi?

Odiljon Maxdumiy, O’sh

Shayh Abdulaziz Mansur: Birinchi marta o‘sha 1989-90-yillar diniy sohada kengchilik paydo bo‘lgan payt, xalqimiz Qur’oni Karimga tashna bo‘lganlari uchun bizning diniy idoramizga juda ko‘p talablar bilan kelishgan. Shunda diniy idoramizda besh kishidan iborat tarjima hay’ati tuzilgan. Shu hay’atda kamina ham bo‘lgan, Shayh Muhammad Sodiq ham bo‘lgan, yana uch nafar ulamolardan bo‘lganlar. Bizlar o‘n poradan ortiqroq tarjima qilib bo‘lganimizdan keyin, muharrirlar tekshirib ko‘rishganda, hamma o‘zining uslubida tarjima qilgani uchun besh xil chiqib qolgan. Shundan keyin tarjimani bir kishi qilsa bo‘lar ekan, deb bizning qilgan tarjimalarni Alovuddin Mansurga berganmiz. U kishiga aytganmizki, endi qolganini o‘zingiz tarjima qilib, bir xil qilib chiqaring, deb. Shunday qilib birinchi tarjima Alovuddin Mansurning nomi bilan chiqqan. Lekin unda bizlarning ham ulushimiz bor ozgina. Undan keyin ikkinchi tarjima biz, kaminaning tarjimalari bo‘ldi. Keyin Shayh Muhammad Sodiq ham “Tafsiri Hilol” deb ham tarjima, ham tafsir qildilar. Mening tarjima, tafsirimning ulardan farqi shundaki, men imlo jihatidan o‘zbek tili, o‘zbek adabiyotida qabul qilingan imloni buzmadim, o‘shani saqlagan holda yozdim. Boshqa tarjimalarda imlo o‘zgarib ketgan. Bu-bir. Ikkinchidan, yaxshi diqqat bilan solishtirsa bo‘ladi, sinonimlar qo‘llashda, so‘z tanlashda ham, ular arabchadagi ma’noga bitta ma’noni tanlashgan bo‘lsa, men boshqa so‘zni tanlaganman. Juda ko‘p joylarda bir xil chiqib qoladi. Bu ayb emas, ikki xil, uch xil chiqib qolsa ham ayb emas. Chunki Qur’oni Karim shunday bir mo‘’jizaki, uning so‘zlarini juda keng izxohlash, tafsir qilish mumkin. Tarjimalarni bir-biriga solishtirib ko‘rganlar, buning farqlarini yaxshi anglab oladilar, inshoolloh.

Ozodlik radiosida siz ayollarni kiyinishi haqida Qurondan Nur surasini aytib utdingiz. Shunda ayollar kukraklarini rumol bilan yopish shart emas, kuylak bilan yopilsa ham buladi degan fikrlaringizni bildirgan ediz. Shu fikrizga ozginda bir ihoh bersangiz. Kuylak(hatto keng bulsa ham) bilan yopsa kukrak burtib bilinib tursa, bu holat Allohni buyrugiga zid kelib qolmasmikan.

Komil, Toshkent

Hurmatli Abdulaziz Mansur, ba’zi diniy boshqarma hodimlari sizning boshchilingizda, – “Hijob Islomdan emas, hijoblanish Islomda yo’q, Islomda satr avrat qilishlik bor”, – degan mazmundagi suzlar bilan chiqish qildingizlar. O’zbekiston halqi, boshiga rumol uragan, ikki kafti va yuzidan boshqa joyini berkitadigan keyimdagi ayolga nibatan ‘hijoblangan’ yoki ‘hojoblik’ deydilar. Keyimning yupqa, shaffof, tarang bo’lmaslik shartlari bormi? Nega bular haqida aytilmadi? Bu halqni adashtirishlik emasmi?

Nosir Nusurov

Shayh Abdulaziz Mansur: Tushundim. Endi bu “hijob Islomdan emas” degan so‘zni men aytgan emasman., balki Shayh Yusuf Qardoviy degan zot borlar. U kishi xalqaro ulamolar hay’atining raisi hisoblanadilar. Shu kishining Al-Jaziradan qilgan hijob to‘g‘risidagi ma’ruzalarini men tinglaganman. Shunda bir emas, bir necha marta “hijob Islomdan emas, “satri avrat”da bo‘lsin, ya’ni ayol kishi shunday nafis bir mavjudotki, uning yopib yurishi kerak bo‘lgan a’zolari bor, o‘shalarni nima bilan bo‘lsa ham yopsin”, degan ma’noni men o‘sha kishidan olganman. Ikkinchidan, ana shu hijobga kirganlar, ro‘mol o‘rab yurganlarga shunday ta’qiblar bo‘ldiki, “ro‘molning uchlarini oldinga tushirma, orqadan o‘ra” degan tashviqot bo‘lganda, ayollar darhol bizga kelib so‘rashadi. “Biz shunday qilsak, gunohkor bo‘p qolmaymizmi, shariatimizda qanaqa?” deb so‘rashganda, biz ularga ” agar shunday qilmasangiz, ishdan bo‘shayotgan bo‘lsangiz, shunday qilmasangiz sizga gap tegadigan bo‘lsa, unda siz ro‘molni qulog‘ingizni ham yopib, orqadan o‘rang-da, ko‘ylaningizni erkaklarning ko‘ylagiga o‘xshagan, eng tepasidan tugmali qilib olsangiz, ana shunda “satri avrat”ga to‘g‘ri keladi” deb biz noilojlikdan shunday maslahatlar berganmiz. Qur’oni Karimning “Nur” surasi 31 oyatida ham mana shu to‘g‘risida aytilgan. O‘sha paytdagi ayollar boshida ro‘moli bo‘lgani bilan ko‘kraklarini yopishmas ekan. Ko‘kraklari tomoqlaridan ochiq bo‘lgani uchun, erkaklarga ko‘rinib turgani uchun “ro‘molning uchi bilan yopib olinglar” deyilgan. Demak, nima bilandir yopish kerakligi bu erda maqsad bo‘layapti. Shuning uchun biz ularga “satri avrat”ni saqlab qolishni maslahatini berganmiz. Bu ochiqqa chiqib ketish, hijobga qarshi gapirmoqchi bo‘lgan emasmiz zinhor. Hijob arab mamlakatlari, musulmon mamlakatlarida bor narsa. Lekin bizning o‘sha milliy kiyimga bo‘lgan tashviqotda biz aytganmizki, agar milliy kiyimni saqlaydigan bo‘lsak ham, muslima ayollar o‘zining satri avratini saqlab qolishi kerak, degan maslahatlarni biz berganmiz.

 

dunyoda halol etiketkasi bilan oziq-ovqat mahsulotlari sotiladi uzbekistonda ham albatta bu firmalar musulmonlar idorasi b-n kelishilgan holatda ishlaydimi yoki uzini tovarlarini bozori chaqqon bulish uchun shunday yarliq yopishtiradilarmi diniy idora behabar bulsa shuni bira yula haqiqiy halol bulishi uchun musulmonlar idorasi biron-bir sertifakat beruvchi idora tashkil qilsa bulmaydimi uzi nazoratiga olib quysa diniy idoraga foyda ham buladi shunday oshhona va choyhonalar ham bulsa yahshidi

husniddin , korea

    Diniy-aqidaviy soha bo‘yicha minglab qamalib yotgan yurtdoshlarimiz, vatandoshlarimiz, dindoshlarimizga biz ham juda achinamiz

Shayh Abdulaziz Mansur

Shayh Abdulaziz Mansur: Bu borada bizga kelib, murojaat qilganlari ham bor. Xorijdan keltirilgan, ayniqsa, go‘sht mahsulotlarini shar’iy so‘yilganmi, etiketkasiga ishonsa bo‘ladimi yoki yozilaveradimi, degan savollar bilan bizga kelishgan. Endi bu ishlar bilan shug‘ullanuvchi kampaniyalar albatta, o‘z bozorini o‘tkazishga harakat qiladi. Yolg‘ondan yozib qo‘ygan bo‘lishi ham mumkin. Lekin dalil, isbot bo‘lmaganidan keyin shariatimizda aytiladiki, “har bir narsa asliga haml qilinadi”. Masalan, qo‘y go‘shti, mol go‘shti yoki echki go‘shti olib kelayaptimi, bu narsalar shariatda halol qilinganmidi, halol desa bo‘ladi. Musulmonning qo‘lidan yoki boshqa ahli kitobning qo‘lidan olingan go‘shtlar halol, deyilgan. Shunga qarab biz javoblarni aytganmiz. Lekin shubha bilan, bu halol so‘yilganmi, harom so‘yilganmi, deb hukm chiqarish mumkin emas. To ko‘rib, isbotlanmaguncha, u narsalarni harom, deb hukm chiqarish joiz emas.

assalomu alaykum, hurmatli ustozb mani bir nechta savollarim bor, Men Toschkentdagi diniy uquv yurtlarda ikki yil uqiganman.

Yurtimizni kuzga kuringan olimlari barchalari bir ovozdan Aqiyda bobidagi kitob aqidattutTahoviy kitobini diniy uquv yurtlarida uqitischni tavsiya qilischadi lekin, bizni uquv yurtlarda bu kitob uqitilmaydi, uqitilsa ham malum bir joylarini olib uqitiladi. bunga sabab nima deb uylaysiz?

boburmirzo.

Shayh Abdulaziz Mansur: Bizda, O‘zbekistonda “Aqidai Tahoviya” o‘qitilayapti. Men o‘zim 1997 yilda tarjima qilganman, ko‘p adadda chiqarganmiz. Undan keyin “Fiqhi akbar”, “Aqoidi Nasafiya” kabi aqoid kitoblarini ham tarjima qildim. Bular ham madrasalarimizda o‘qitiladi. Aqida dinimizning asoslaridan hisoblanadi. shuning uchun madrasalarda ham, ota-onalar ham aqoiddan bilganlaricha farzandlarga tushuntirish ishlarini olib borishlari kerak. Chunki aqida buzilsa, iymonga zarar. Iymonga futur etsa qilgan amali, namoz bo‘ladimi, ro‘za, haj, umra bo‘ladimi, amallar hisobga o‘tmay qoladi. Shuning uchun “Aqidai Tahoviya”dan so‘raganlariga men xursand bo‘ldim. Aqida xususida g‘amxo‘rlik qiladigan kishiga o‘xshayaptilar, bu juda yaxshi. Albatta, aqidani biz birinchi o‘ringa qo‘yishimiz kerak.

Domla masjidga ugil bolalar 12-yoshdan kiriib namoz uqish Quroni Krimda aytilgan nega sizlar 18-yoshdan deb fatvo berayapsizlar bu guno emasmi?

ikkinchi savol esa Ramazoni Sharifda Suriya arab davlatidagi qon trukilishga sizni munosabatingiz, nega arablar shu ulug ayom kunlari urishayabdi?

Ahmadbek

Shayh Abdulaziz Mansur: Endi mana shu savol qiziq-da. Go‘yo biz 12 yoshdan yoki 18 yoshdan borsin, deb xuddi diniy arboblar, imom xatiblar, ulamolar aytayotganday qilib savol berayaptilar. Savolni ham bilib, to‘g‘ri berish kerak avvalo. Chunki buni hech qachon bironta imom, ulamo youki diniy tashkilotning mas’uli aytgani yo‘q 18 yoshdan kelinglar, deb. Tojikistonda bo‘ldi u narsa. Bizda unaqa cheklov yo‘q. Ikkinchidan, bo‘lgan taqdirda ham, mabodo, Xudo ko‘rsatmasin, bu savolni o‘sha, davlat idoralariga berish kerak. Chunki hech qachon diniy ulamolar, diniy idora bu gapni aytmaydi, bunday narsani bular hech qachon qilmaydi. Javobimiz shu.

ASSALOMU ALEYKUM SHAYX XAZRATLARI!SIZGA SAVOLIM SHUKI :MANA BU BBC YANGILIKLARI AYTAETGAN OZBEKISTONDAGI 15000ta SIESIY MAXBUSLARNING XAMMALARI TERORCHI-EKSTREMISTIK GURUX AZOLARIMI? NAXOTKI IMOMI AZAM RAXMATULLOHI ALAYH MAZXABIDA BOLGAN OZBEK MUSULMONLARI ICHIDAN SHUNCHA TERRORCHI CHIKSA?SIZNING FIKRINGIZ,JANOB SHAYX XAZRATLARI.

AHMED ALIHAN, ROSSIYA

Shayh Abdulaziz Mansur: Albatta, mana shu diniy-aqidaviy soha bo‘yicha minglab qamalib yotgan yurtdoshlarimiz, vatandoshlarimiz, dindoshlarimizga biz ham juda achinamiz. Ular bilan borib qilgan suhbatlarimizda ham hatto ko‘zlarimdan yosh chiqib, gapirganman. “Bunaqa bo‘linmaylik, maslahat bilan ish qilaylik, nima uchun sizlar bu erda bola-chaqani tashlab, hamma narsadan voz kechib o‘tiribsizlar?. Bu yoqda millionlab musulmonlar o‘z ishini qilib, musulmonchilikni ham baqadri imkon qilib yuribdi-yu, sizlarning umrlaringni bu erda zoe qilib o‘tkazganlaringdan biz juda achinamiz” deb ko‘p nimalarni aytganmiz. Endi ahli sunna val jamoa, hanafiy bo‘lish hammamiz uchun Allohning ne’mati, bunga shukur qilamiz. Lekin bu erda siyosiy oqimlarga a’zo bo‘lib, qandaydir harakatlar qilganmi, nima bo‘lganki, davlat tomonidan hibsga olingan kishilar ular. Biz juda ham achinamizki, o‘zimizning farzandlarimizdan, o‘zbek xalqidan “boshqalar adashgan-u, faqat biz to‘g‘rimiz” deb o‘zlarining aqidalarini mahkam tutadigan, yo bir maslahatlashmasdan, shunaqa yo‘llarga adashib kirib qolgan bo‘lsa, qaytganlari ham bo‘ldi, qaytmaganlari ham bor hozir. Shuning uchun biz ularga juda achinamiz. Lekin bu bergan savollari davlatga taalluqli. Buni balkim, o‘sha davlat idoralaridan aniqlasalar ham bo‘ladi.

Bi-bi-si: Ularni qamoqqa tashlamasdan, boshqacharoq muomala qilinishi ham mumkinmidi? Nima deb o‘ylaysiz?

Shayh Abdulaziz Mansur: Agar diniy nuqtai nazardan ular adashgan bo‘lsa, deylik, Islom davlati, Xalifalik quramiz, deb chiqqan bo‘lsa, diniy ulamolar vositasida tushuntirish mumkin edi. Lekin unda ham qaytmasa, “yo‘q, biz konstitutsion tuzumni ag‘daramiz” deb turib olsa, endi u davlatning ishi. Biz muassasalarda ham yurib, tushuntirish ishlarini olib borganmiz. Lekin juda ko‘plari bizning gaplarimizni hecham qabul qilishmagan. Ular qasam ichganmi, so‘z berganmi, hecham so‘zlaridan, yo‘llaridan qaytmaydi. Bizning gaplarimizni ular bir “bilmagan narsamni bilib olay”, deb tinglamaydi. Shunaqangi bo‘p qolishgan-da. Shuning uchun biz achinamizki, essizgina umr, foydasiz, behuda o‘tib ketayapti.

    “Ko‘pga kelgan to‘y” deganlaridek, boshimizga keladigan har qanday sinovlarni Allohdan deb bilgan holda imon-e’tiqodimizni asrab, ibodatlarni toqatimiz boricha shariatimizga muvofiq ado etib boraveramiz

 

Shayh Abdulaziz Mansur

Ramazon oyi muborak! Savolim: O’zbekistonda diniy idoralar,tashkilotlar,masjidlarni zamonaviylashtirish,jumladan, internet tarmog’iga ulanib, imomlar bilan virtual aloqaga kirishish masalalari qachon yuzaga chiqadi? Buni siz qanchalik foydali hisoblaysiz? Nega masjidlar o’z saytiga ega emas? Agar keng ommani qamrab olayotgan internet orqali masjid imom hatiblari diniy tushunchalarni yoysalar,turli oqimlarga qo’shilib ketilishning oldi olingan bo’lardiku.

Mubina, Toshkent

Shayh Abdulaziz Mansur: Internet saytlari bilan ishlash bizda ham kun sayin rivojlanib bormoqda. Kelajakda yaxshi yo‘lga qo‘yiladi, degan ishonchimiz bor.

as al. hurmatli shayh hazratlari hozirgi kunda masjidlarda joy olib quyish udimga kiryabti masalan uz rahbariga yoki otasiga yoki akasiga shu tug’rimi? man bilishim buyicha masjid ALLOHni(bu aniq) lekin shu erda ham joy olib quyish ishlarini bajarilsa kibr havoga kirmidimi ? rahmat

Jahongir Mirzaev, Korea

Shayh Abdulaziz Mansur: Fikringiz to‘g‘ri. Masjidga barvaqt borib oldingi saflardan joy olish savobli. Lekin joylashish, birov uchun joy olib qo‘yish joiz emas. Xorijiy mehmonlar bundan mustasno. Masalan, imom aytsaki, oldingi safdan 5-6 kishilik joyni saqlab turilsin, xorijlik hurmatli mehmonlar keladi, desa bu mumkin.

assalomu alaykum domla.bugungi kundagi folbinlardi-u’zga yurtlardagi but-sanamlardi qu’shmastan-bugungu kunda-real u’zimiz u’ziz yahshab turgan kundalik turmush tarzimizdagi shirk haqida misollar bilan tushintirib bersangiz,ikkinchisi-taqvo – qo’rquv, degani, shu qu’rquv kimdan bu’lish kerak har qanday holatda&

a-voris, AQSH

Shayh Abdulaziz Mansur: Folbin g‘aybdan xabar bergani uchun kufrga ketgan bo‘lishi hadislarda kelgan. Hozirda ayrim folbin, azoyimxon yoki ekstrosens odamlarning o‘tmishi, kelajagi, baxti yoki qiyomat kuni haqida bashorat berishlari, aziz avliyolar ruhidan, qabridan madad so‘rashlari ham shirkning bir turiga kiradi.

Taqvo so‘zining ikki xil ma’nosi bor. 1. Qo‘rquv, ya’ni Allohdan qo‘rqish; 2. Saqlanish, ya’ni kufr, shirk, katta va kichik gunohlardan saqlanish.

وَلاَ تَرْكَنُواْ إِلَى الَّذِينَ ظَلَمُواْ فَتَمَسَّكُمُ النَّارُ وَمَا لَكُم مِّن دُونِ اللّهِ مِنْ أَوْلِيَاء ثُمَّ لاَ تُنصَرُونَ

113 . Zulm qilganlarga moyil bo‘lmanglar. Yana sizni do‘zax olovi tutmasin. Siz uchun Allohdan o‘zga do‘stlar yo‘q. So‘ngra yordam berilmaysizlar. Xud surasi.

Shu oyatni ma’nosini tushuntirib bering.

Muhammadsalih, shvetsiya

Shayh Abdulaziz Mansur: Muhammadsolihning savollariga javob berishimning foydasi yo‘q, zero aminmanki, mening javoblarim uni qoniqtirmaydi. Chunki, uning men to‘g‘rimdagi noto‘g‘ri fikrlarini internetda o‘qiganman. Yuzma-yuz ko‘rishib, gaplashsak fikri o‘zgaradi, degan umiddaman.

Assalamu aleykum Shayh AbdulAziz Mansur janoblari! hammamizga malumki hozirda Ozbekiton davlatidagi mahbuslarni ko’pi, diniy qarashlar bilan mahkum qilingan dindorlar bo’lib qoliyabdi ushbu diniy mahbuslarni ko’pi HIzbuttahrir oqimiga aloqador, bunisi malum lekigin ,ko’pi Ahli Sunna va jamoa yani Salaf Ulomolariga ergashgan dindorlar, bularni yollari siyosatga qarshiligi yoq bo’lsa , nima uchun ularni kop yillarga mahkum qilinishiyabdi?

Dowudxon, AQSH

Shayh Abdulaziz Mansur: Bu savol davlat idoralariga berilgani ma’qul.

Assalomu alaykum.meni savolim.bir paytlar tv orqali menimcha namanganda Maktab bollari juma namoziga darsni tashlab borsa gunoh boladi degan. Bir haftada bir soatga gunoh bolsa. Bir oyda tort soat boladi. Oylab maktabga bormasdan pahtaga Chiqsa nima uchun gunoh bolmyadi&. Iltimos, faqat yolg’on gapirmang men shahsan ozim tvdagi gapizi korganman, har yili farzandlarimiz pahtaga haydaladi .

uzbekiston, andijon

Shayh Abdulaziz Mansur: Namangandagi ma’ruzamda farzandlarimizning yoshlikda ko‘proq ilm olishga rag‘batlantirmoqchi bo‘lib, biroz mubolag‘a qilib gapirdim. Jaloliddin Suyutiyning “Jomeus-sag‘ir” nomli hadis to‘plamida “Ilm ibodatdan afzal” degan sahih-hasan deb baholangan hadisi sharifdan ilhomlanib, o‘qishga beparvo yoshlarga achinganimdan, namozga borishni bahona qilib, o‘qishdan qochayotgan, na u yog‘ini na bu yog‘ini qoyil qilmayotgan o‘quvchilarni tanqid qilmoqchi bo‘lganman.

Paxtaga kelsak, ko‘pchilik yoshlar jismoniy mehnat, kasb-hunar degan narsalardan uzoqlashib, boqimanda bo‘lib qolishayotgani sir emas.

Axir, bizning tengqurlarimiz maktabni ham o‘qib, tushdan keyin yarim kechagacha umrimiz kolxozning paxta dalalarida o‘tgan-ku, mehnat bilan o‘qishni birga olib borganmiz. Shuning uchun bo‘lsa kerak, butun umrimizni mehnatsevarlik bilan o‘tkazmoqdamiz. Agar hukumat o‘quvchilarni ta’lim berish bilan birga tayyor paxta hosilini yig‘ib-terib olish uchun hasharga safarbar qilayotgan bo‘lsa, buni dunyoga jar solish kerakmi?!. Mehnat bilan hech kim kam bo‘lgan emas. Keyingi paytlarda yoshlar jismoniy jihatdan zaiflashib ketayotgani, o‘tin yorishga ham yaramaydigan bo‘lib o‘sayotganlar borligi aniq. Binobarin, paxta desa cho‘chish ham o‘zbek millatiga yarashmaydi. Farzandlarimizni yoshlikdan mehnatga o‘rgatib, chiniqtiraylik.

Assalomu Alaykum, Shayx AbdulAziz Mansur aka. Menda Sizga nisbatan savol ko’p. Lekin eng asosiylarini beraman:

1. 2009 yil, Yanvarda “Xalq so’zi”da Sizning hijob haqidagi maqolangiz e’lon qilindi. Unda hijobning bizga chet o’lkalardan, xususan Saudiya Arabistoni va Turkiyadan kirib kelganligi ta’kidlab o’tilgan. Va bu narsalarning bizga yot ekanligi, ayol-qizlarimiz buvilarimiz kiygan “milliy kiyim”ni kiyishlari kerakligi uqtirilgan. Xo’sh, Sizning tasavvuringizda “milliy kiyim” nima?

Agar Siz “milliy kiyim” deganda 100 yil oldin buvilarimiz, o’zbek xotin-qizlari kiygan paranji-chachvonni nazarda tutgan bo’lsangiz, unda bu kiyim hukumat nazdida hijobdan ham ko’ra “radikal”roq kiyim hisoblanmaydimi? Yoki Siz sovet davrida jamiyatda shakllangan, yengil-yelpi, atlasdan qilingan, yengsiz kiyimlarni va ro’molni sochni ko’rsatib bog’lashni nazarda tutganmisiz? Yoki Ubaydullo Uvatovga o’xshab, “milliy kiyimni dizaynerlar belgilashi kerak” deysizmi? Menga shu haqida aniq javob bering

Ayni shu maqolangizdan keyin o’zbek matbuotida hijobga qarshi kampaniya boshlandi. Universitet va maktablarda aynan Sizning va Siz kabi hijob haqida maqola yozganlarning gaplarini hujjat qilib, shundoq ham mavjud bo’lgan hijobga qarshi tazyiqlarni yanada kuchaytirishdi. Siz buni qanday izohlaysiz? Musulmonlarga rahbar bir idoraning mas’ul xodimi sifatida ularning huquqlarini himoya qilish o’rniga poymol qilinishiga hissa qo’shib qo’ymayapsizmi?

2. Bugun O’zbekistonda uydan va masjiddan tashqari hech qayerda namoz o’qib bo’lmay qoldi. Hatto bu haqida rasmiy qonun va cheklovlar ham amalda. Rosululloh s.a.v. ning boshqa payg’ambarlardan ustunlik jihatlaridan biri aynan shu – dunyoning istalgan yerida namoz o’qish ruxsati emasmidi? Nega bu holat aholisining aksariyati musulmon bo’lgan O’zbekistonda qo’pol ravishda buzilyapti va Diniy Idora jim turibdi?Hattoki dunyoviy demokratik davlatlarda ham istalgan joyda ibodat qilishga to’siq yo’q-ku

Nega O’zbekistonda musulmonlarga tazyiq to’xtamayapti? Odamlar faqatgina namoz o’qigani uchungina qamoqqa tashlanyapti? Siz o’zingiz xolis turib, shu odamlar haqiqatdan diniy-ekstremistik, qo’poruvchilik va terrorchilik amallarini qilishgani uchun qamoqqa tashlanyapti, deb ayta olasizmi? Ya’ni Siz haqiqatdan ular aybdor deb aniq ishonasizmi? Nega bu masalada ham Diniy Idora hech narsa qilmayapti? Ba’zi ma’lumotlarga qaraganda bugun O’zbekiston qamoqxonalarida 10000 dan ortiq diniy mahbus bor..

3. Nima uchun Diniy Idora tomonidan tarqatiladigan Jum’a tezislarida Islomga doir jiddiy mavzular – Aqida, Iymon, Hukumat va xalq munosabatlari va boshqa mavzular emas, balki aksar holatlarda odob-axloq mavzularigina beriladi? Yana: Nega 1 Yanvar arafasida Yangi yilga doir, 8 Mart arafasida xotin-qizlarni hurmatlash haqida Jum’a ma’ruzalri bo’ladi? Va bu bilan zimdan shu bayramlarni nishonlashga da’vat qilinadi. Bu “bayram”lar musulmonlarniki emas-ku?

4. Nega Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf O’zbekistondagi eng ilmli kishilardan biri bo’lishiga qaramay, Diniy Idoraga yaqinlashtirilmaydi. Keyin Shayx biror masjidga ma’ruza uchun borsa, u yerga o’sha kuni Diniy idoradan hech kim bormaydi. Bu narsa Diniy Idora tomonidan qo’yilgan ta’qiqmi? Yoki Shayxning o’zi Idorada ishlashni xohlamaydimi? Agar u kishi Diniy Idorada ishlasalar musulmonlar uchun yanada yaxshiroq bo’larmidi? Ilmlaridan yanada kengroq foydalanarmidik?

5. Siz qilgan Qur’on tarjimasi xususida. Nega tarjimani asosan Hanafiy mazhabi ra’ylariga suyanib qilgansiz? Ya’ni ko’p oyatlarning tafsirida Hanafiy mazhabi doirasidan kelib chiqib yozgansiz?Axir Qur’on faqat Hanafiy mazhabiga nozil bo’lmaganku.O’zim ham hanafiy mazhabiga amal qilishimni ta’kidlagan holda Sizga savol: nega O’zbekistonda boshqa mazhablarga amal qilmoqchi bo’lganlar yoki umuman mazhab ushlashni inkor qilganlar ulamolar tomonidan qattiq tanqid ostiga olinadi? Hamma mazhablar teng-ku

Hozircha savollarim shulardan iborat. Boshida aytganimdek, Sizga bermoqchi bo’lgan savollarim ko’p. Insha Alloh qolganlarini hayotda uchrashib qolsak berarman. Yana bir bor ta’kidlayman: Men Sizni hurmat qilaman. Lekin savollarimda bergan holatlar yuzasidan Sizga jiddiy e’tirozlarim bor. Shuning uchun savollarni shu taxlitda qo’ydim. Sog’ bo’ling.

BBCUzbek radiosi xodimlari. Iltimos, imkonini qilib, barcha savollarimga javob olib berishga harakat qilinglar. Sizlarga ham omad. Sog’ bo’linglar.

Voris Usmonli, O’zbekiston

Shayh Abdulaziz Mansur: Milliy kiyim deganda har bir millat kishilari asrlar osha shakli o‘zgarib borsa-da, lekin o‘sha millat kishilarining an’anaviy odatiga aylangan, tashqaridan ko‘rganlar o‘zidan so‘ramasdan millatini bilib olishi mumkin bo‘lgan kiyimlardir. Bu bizning millatimizga xos bo‘lmay, barcha millatlarga taalluqlidir. XXI-asrda dunyo xalqlarining urf-odati, madaniyati, kiyim-boshi bir-biriga yaqinlashib bormoqda. Shuning uchun millatni kiyimiga qarab ajratish ham qiyinlashib bormoqda. Lekin maqolada kelgan milliy kiyim deganda ayol kishining avratlarini yopib turadigan ko‘ylak, lozim, ro‘mol kabi kiyimlar nazarda tutilgan. Dinimizda satri avrat muhim. Shuning uchun hijob deganda, o‘zbek ayollari, albatta, arab, fors ayollaridek qora kiyimga o‘ralib yurish farz ekan-da demasin deb, qanday kiyim bo‘lsa ham shariat ko‘rsatmalariga mos bo‘lsa bas, demoqchi bo‘lganman. Ammo mazkur maqola boshqacha ta’vil qilinib, sui iste’mol qilingan bo‘lsa, men o‘z taassufimni bildiraman.

2. Uydan va masjiddan boshqa joylarda namoz o‘qishni cheklash masalasiga Diniy idora va ulamolar loqayd emaslar. Yoki davlatning dinga qarshi siyosati ham emas. Bilishimcha bu vaqtinchalik yurt tinchligini asrash bo‘yicha qilinayotgan ogohlik tadbirlaridan biri. Din arboblari ham boshqalar kabi teng huquqli fuqarolar sanaladi. Din davlatdan ajratilgani to‘g‘risida Konstitutsiyada moddalar bor. Diniy arboblari Davlatning ichki va tashqi siyosatlariga aralashmaydi. “Ko‘pga kelgan to‘y” deganlaridek, boshimizga keladigan har qanday sinovlarni Allohdan deb bilgan holda imon-e’tiqodimizni asrab, ibodatlarni toqatimiz boricha shariatimizga muvofiq ado etib boraveramiz.

3. Davlatimiz dunyoviy davlat. Siz sanab o‘tgan sanalar – Yangi yil, 8 mart, Navro‘z va boshqa xalqaro va milliy bayramlarga har bir din va millat vakillari o‘z munosabatlarini bildiradi. Masalan, yangi yil yoki 8-martga davlat va boshqa millatlar o‘z nuqtai nazaridan qarasa, biz aqidamiz nuqtai nazaridan o‘sha narsalarga munosabatimizni bildiramiz. Toki, yangi yilni Iso payg‘ambarga bog‘lab adashishmasin, 8-martni ayollarga cheksiz erk beriladigan kun deb chalg‘imasin, Navro‘zni zardo‘shtiylar bayramiga yo‘yib, bizda u bahor va dehqonlar bayrami ekanini esdan chiqarmasin, deb mazkur sanalarga tezislar orqali to‘g‘ri tushuntirishlarni berib boriladi.

4. Bu savolni Shayx M.S.ning o‘zlariga berganingiz ma’qul.

5. Hozirgacha yozilgan tafsirlarga boqsangiz, tafsir yozuvchi qaysi mazhabga mansub bo‘lsa, o‘sha mazhab asosida oyatlarni tafsir va ta’vil qilganlar. Men ham shu yo‘lni tanladim. Lekin yaxshiroq qunt bilan qarasangiz, iloji boricha uch mazhab qarashlaridan ham qiyosiy misollar keltirganman. “Fotiha” surasi tafsiriga murojaat qiling. Kelajakda katta hajmda 4 mazhabga doir tafsir yozish niyatim bor.

 

http://www.bbc.co.uk/uzbek/central_asia/2011/08/110807_cy_talkingpoint_abdulaziz_mansur.shtml

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: