“Zeromaks” kreditorlari uchrashadi – ozodlik.org


Bugunga kelib ‘Zeromaks’ xo‘jayini Mirodil Jalolov taqdiri noma’lumligicha qolmoqda.

09.08.2011

Shveytsariya mahkamasi tomonidan bankrot deb e’lon etilgan “Zeromaks” kreditorlari 23 avgust kuni Tsugda to‘planadi.

Chiqmagan jondan umid…

Tsug – Zeromax GmbH rasmiy ro‘yxatdan o‘tgan Shveytsariya shaharchasi.

Ayni shu shahar politsiyasi binosida 23 avgust kuni ertalab “Zeromaks” kredotorlari to‘planib, bankrotga uchragan shirkatning o‘zlariga qancha qarz ekani borasida rasmiy ariza to‘ldiradilar, qolaversa bu qarzlarni qanday undirish masalasini muhokama qiladilar.

Kreditorlar yig‘ini u yoki bu shirkat likvidatsiya bo‘lgach, ya’ni tugatilgani rasman e’lon qilinganidan so‘ng bo‘lib o‘tadigan normal jarayon va Tsug politsiyasi binosida o‘tkaziladigan bu yig‘inda favqulodda bir jihat yo‘qdek.

Ammo O‘zbekistondagi neft va gaz, rangli metallurgiya, oltin qazish, qurilish, paxtachilik, to‘qimachilik, oziq-ovqat sanoati kabi serdaromad sohalaridan tortib, sport va madaniyatga qadar barini o‘n yil davomida o‘z monopoliyasiga aylantirib kelgan “Zeromaks” kreditorlari nomi shu paytgacha deyarli sir qolayotgani bois, Tsug yig‘ini yakunida bu nomlarning oshkor bo‘lish ehtimoli ham yo‘q emas.

Kreditorlar kim o‘zi?

2010 yilning 28 oktyabr kuni Tsug rayon sudi shu erda ro‘yxatdan o‘tgan Zeromax GmbH shirkatini bankrot deb e’lon qilgach, Ozodlik qo‘lga kiritgan mahkama materiallariga ko‘ra, uning kreditorlaridan biri bu qaror yuzasidan federal sudga ariza kiritdi – bu Ukrainadagi SCM holdingi bo‘lib chiqdi.

Aynan “Zeromaks” kabi Ukraina iqtisodining aksar serdaromad yo‘nalishlarini nazorat qiluvchi bu shirkat Shveytsariya sudiga “Zeromaks”ning Rossiyadagi ETK shirkatidan etkazib berilgan quvurlar uchun 416 million AQSh dollari qarzdor ekani, Rossiya shirkatining esa, o‘zidan 390 million dollar qarzligini bildirib, “Zeromaks”ning bankrot deb e’lon qilinishiga e’tiroz bildirdi. Ammo Shveytsariya federal sudi ariza beruvchi bevosita kreditorning o‘zi bo‘lmagani bois, uning so‘rovini qondirmadi.

Ayni paytda, Germaniya Iqtisod va Texnologiya federal vazirligi “Zeromaks”ning bir necha nemis shirkatlariga 130 million evro qarzdor ekanini bildirdi. Ozodlik so‘roviga javob bergan Berlin rasmiylari bu muammoning O‘zbekiston hukumati bilan so‘zlashuvlar orqali hal etilishiga umid bildirgan bo‘lsa, Toshkent rasmiylari hukumatning xususiy shirkatning xorijdagi hamkorlariga qarzi masalasi bilan shug‘ullanmasligini aytib, muammoni hal qilish uchun O‘zbekiston Xo‘jalik ishlari bo‘yicha sudiga murojaat qilishni maslahat berishdi.

Ayni paytda, Zeromaks” shirkati bilan Toshkentning “Bunyodkor” klubida o‘ynash haqida 2008 yil avgustida ikki yillik shartnoma imzolagan braziliyalik Rivaldo, Germaniyaning Bild gazetasiga bergan intervyusida hozirgacha faqat birinchi yiligina shartnomada ko‘zda tutilgan gonorarni ola olgani va hozirda klub o‘ziga 16 million evro, yoki 23 million AQSh dollari qarz ekanini da’vo qilmoqda.

“Zeromaks” qaynar xumchasida hech vaqo qolmadi…

2010 yilning 5 may kuni Xo‘jalik ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi “Zeromaks” aktivlarini musodara qilish haqida qaror chiqargan, boz ustiga bu shirkat bo‘yniga 500 million dollarga yaqin soliq to‘lamaganlik aybini ham ilib qo‘ygan edi.

“Zeromaks” aktivida bir chaqa ham qolmagan bir kezda kreditorlarning Shveytsariyaga kelib yig‘in o‘tkazishidan ular uchun nima naf etadi?

– Men ham “Zeromaks” aktivlarida hech narsa qolmagan bo‘lsa kerak, degan o‘ydaman. 23 avgust kuni yig‘iladigan kreditorlar rasman Shveytsariya mahkamasiga o‘z talablarini bildiradilar va qarz miqdorini aniq yozadilar. Hozirda mahkama so‘rovi bilan Shveytsariyadagi Transliq AG shirkati “Zeromaks” likvidatsiyasi bilan shug‘ullanmoqda. Yig‘indan keyin Transliq kreditorlar talabi asosida “Zeromaks” aktivlarini ko‘rib chiqadi va unda biror narsa qolgan bo‘lsa, ularga bo‘lib beradi. Ammo taxminimcha, hozirda “Zeromaks” aktivida hech narsa qolmagan, deydi “Zeromaks” faoliyati yuzasidan maxsus jurnalistik surishtiruv o‘tkazayotgan shveytsariyalik jurnalist, L’Hebdo nashri muxbiri Julia Zaugg Ozodlik bilan suhbatda.

“Zeromaks” milliardlari qayga ketdi?

2008 yilda “Zeromaks” e’lon qilgan rasmiy raqamlarga ko‘ra, bundan uch yilcha avval shirkat aktivlari 3.298 milliard Shveytsariya franki (qariyb 4,5 milliard AQSh dollari)ni tashkil qilgan. Bugun ham kreditorlar, ham jamoatchilikni “ikki yil ichida shuncha pul qayga g‘oyib bo‘ldi?” degan savol qiziqtirmoqda.

– Yaqinlargacha “Zeromaks” bankrot bo‘ladigan shirkatga mutlaq o‘xshamas, uning aktivlari milliardlab dollarni tashkil qilar edi. Bu pullar qayga ketganini, aniqrog‘i qandaydir murakkab sxemalar orqali kimlarningdir xususiy bank hisoblariga borib tushganini taxmin qilish mumkin, xolos, deydi Shveytsariyadagi  L’Hebdo nashri muxbiri Julia Zaugg.

Norasmiy manbalarga ko‘ra, “Zeromaks” shirkati,  Shveytsariyada rasman Mirodil Jalolov va uning rafiqasi Fotima Jalolovalarga tegishli deb qayddan o‘tkazilgan bo‘lsa-da, amalda O‘zbekiston prezidentining to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaga tegishli bo‘lgan.

 

Karimova bilan uzoq yillar birgalikda biznes yuritgan shaxsning Ozodlikka o‘z ismini keltirmaslik sharti bilan aytishicha, O‘zbekiston iqtisodining barcha asosiy yo‘nalishlaridan olingan milliardlab dollar mablag‘larni xorij banklariga qo‘yish vositasi sifatida tashkil etilgan murakkab o‘rgimchak to‘ri – “Zeromaks” aynan Karimovlar oilasi qarori bilan oradan ko‘tarilgan, yillar davomida ularga sadoqat bilan xizmat qilib kelgan Mirodil Jalolov qurbonlikka keltirilgan. Hozirda Jalolovning taqdiri mavhumligicha qolmoqda, Ozodlik bog‘langan Jalolovga yaqin manbalar, uning qamoqda ekanini bildirmoqda.

“Pul yuvish uchun tuzilgan bu sxema o‘z ishini bajarib bo‘ldi va Karimova xonim imidjiga dog‘ bo‘la boshlagach, oila qarori bilan tugatildi. Endilikda “Zeromaks” kabi bitta gigant shirkatga hojat qolmadi,  uning vazifasini endi bir emas, balki bir necha tizim bajarishga o‘tdi”, deydi yaqinlari xavfsizligi uchun ismi keltirilmasligini so‘ragan Ozodlik manbasi.

“Yo‘qolgan xazina izidan tushish mumkin”…

Shveytsariyada “Zeromaks” faoliyati yuzasidan jurnalistik surishtiruv boshlagan Julia Zaugg, agar “Zeromaks” kreditorlaridan birortasi shirkatning pul yuvishga aloqdorligi haqida ariza kiritsa, Shveytsariya mahkamasi bu masalani maxsus o‘rganishga ma’sul ekanini aytadi.

– Shveytsariyada pul yuvish jinoyatlarini taftish etuvchi maxsus idora bor. Ammo bu idora “Zeromaks”ning bu jinoyatga aloqadorligini tekshirishi uchun kreditorlaridan biri ularga rasmiy ariza bilan murojaat qilishi kerak. Ammo hozircha kreditorlardan hech biri bunday shikoyat arizasi topshirmagan, deydi shveytsariyalik jurnalist.

Ozodlikka nomlari ma’lum bo‘lgan kreditorlardan birortasi, aftidan bunday ariza bilan murojaat qilmasa ham kerak – Ukrainadagi SCM, Rossiyadagi ETK kabi shirkatlarning jamoatchilik bilan ishlash bo‘yicha mutasaddilari bu boradagi savollarga javob berishni istamadi. Bu shirkatlar faoliyati ham “Zeromaks” nikidan deyarli farq qilmasligi bois, ular o‘z faoliyatining ham mahkama, ham jamoatchilik muhokamasiga tushishidan hayiqishi tayin.

Bundan esa, “Zeromaks” ni yaratib, so‘ngra uni birvarakayiga yo‘q qilishga qaror qilganlarning oshig‘i yanada olchi bo‘lishini tushunish qiyin emas, deydi Julia Zaugg.

Uznews.net nashriga ko‘ra, hozirda xorij shirkatlarining “Zeromaks”dan talab qilayotgan qarzlari birga qo‘shilsa, bu raqam 3,5 milliard Shveytsariya franki yoxud 4,6 milliard AQSh dollarini tashkil etadi.

 

http://www.ozodlik.org/content/article/24291591.html

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: