«Quloqlar»ning takroran qatag‘on qilinishi – e-tarix.uz


Jamoalashtirish va «quloqlashtirish» kampaniyasi davrida dehqonchilik mehnati bilan ro‘zg‘or tebratayotgan, erning haqiqiy egalari bo‘lgan qishloq aholisi qatag‘on ob’ekti bo‘lib qoldi. 1931 yil avgustida O‘zbekiston bo‘yicha 3 795 xo‘jalik (17 839 jon) «quloq» qilinib, yuqorida aytib o‘tganimizdek, bor mulklaridan, uy-joylaridan mahrum qilindi va Ukrainaning Xerson viloyatiga va Shimoliy Kavkaz (hozirgi Stavropolь o‘lkasi) ga surgun qilindi. 1932 yil mayida esa respublikamizning 54 tumanidan 4 865 xo‘jalik, ya’ni 22 505 kishi (shundan 6 877 nafari erkaklar, 5 886 nafari ayollar, 9 055 nafari esa bolalar) surgun qilindi. Ammo 1932 yilda surgun qilinganlar hisobiga nima uchundir Qashqadaryo va Xorazm okruglaridan surgun qilinganlar kirmay qolgan. Vaholanki, boshqa bir hujjatda Qashqadaryo okrugidan 600 xo‘jalik (1113 kishi) (shu jumladan, Kosondan 180, Shahrisabzdan 200, Yakkabog‘dan 75, Behbudiydan 30, G‘uzordan 50, Chiroqchidan 65 xo‘jalik), Xorazm okrugi dan 680 xo‘jalik (1 160 kishi) (shu jumladan, Xiia shahridan 160, Mang‘itdan 60, Gurlandan 95, Xazorasp dan 100, Xiva tumanidan 100, Yangi Urganchdan 85, Shovotdan 80) «quloq» qilingani qayd etilgan. Xullas, 1932 yilda O‘zbekiston bo‘yicha 6 145 xo‘jalik (24 778 kishi) «quloq»qa tortilib, surgun qilingan. 1932 yil mayida «quloq» qilinganlar O‘zbekiston hududi dagi «mehnat posyolkalari»ga, ya’ni «quloqlar qishlo g‘i»ga keltirib joylashtirilgan. Bunday «quloqlar qishlog‘i» Surxondaryodagi «Xazorbog‘» paxtachilik som xozida, Toshkent viloyatidagi «Boyovut», «Dalvarzin», «Dzerjinskiy», «Stalin», «O‘zbekiston besh yilligi» sovxozlari va kolxozlarida, Samarqanddagi «Bulung‘ur» bog‘dorchilik sovxozida, Andijondagi «Savay», «Kuybishev» paxtachilik sovxozlarida, Namanganning Umqurg‘on tumanidagi «Norin» sovxozida tashkil etilgan edi. Bunday «quloqlar qishloqlari»ning soni respublika bo‘yicha 24 taga etgan. Bu xo‘jaliklarda surgun azobini tortayotganlarning katta qismi yana takroran nohaq qatag‘on qilingan.

OGPUning 1932 yil 15 apreldagi «Doimiy yashash joylaridan va surgun qilingan punktlardan quloqlarning qochib ketayotgani to‘g‘risida»gi 2-ma’lumotnomasida O‘rta Osiyo bo‘yicha 125 tumandagi 27 794 «quloq» xo‘jaliklaridan 7 091 oilaning yashash joyidan ketib qolgani qayd etilgan. Shundan 3 316 kishi yakka holda, 3 775 oila esa barcha a’zolari bilan qochib ketgan. Ularni topish va qo‘lga olish operatsiyasi o‘tkazilib, 2 155 «quloq» ushlab olingan va ulardan 502 kishi yashab turgan joyiga, 610 kishi maxsus posyolka na lagerlarga yuborilgan, 759 kishining ishi sudga oshirilgan, 284 kishi esa ma’lumotnoma tuzilgan vaqtda tergovda bo‘lgan.

SSSR Ichki ishlar xalq komissarligining 1937 yil 30 iyuldagi 00447-sonli buyrug‘i asosida 1937 yil 10 avgustdan 1938 yil 1 yanvargacha bo‘lgan vaqtda O‘zbekiston bo‘yicha «quloqlar»dan 5 924 kishi, «jinoyatchilar»dan 1679 kishi, boshqa «sovetlarga qarshi unsurlar»dan 3 097 kishi, jami 10 700 kishi qamoqqa olinadi. Ularning barchasi qamoq jazosiga hukm etiladi. Otuvga hukm qilinganlardan 1 376 nafari quloqlar», 727 nafari jinoyatchilar va 1 812 nafari sovetlarga qarshi unsurlar» bo‘lib, ular turli muddatlarga qamoq jazosiga hukm qilinadi. Ular orasida O‘zbekiston hududida joylashgan mehnat posyolkalaridagi «quloqlar» ham bor edi.

Mehnat posyolkalariga surgun qilingan kishilarning xo‘jalik sohasida erishgan yutuqlari, ularning yashash sharoitlari, uy-ro‘zg‘orlarining yaxshi yo‘lga qo‘yilishi GULAG mehnat posyolkalari bo‘limi xodimlarini jiddiy tashvishga soladi. Natijada 1938 yil 29 sentyabrda Ejov joylardagi NKVD boshqarmalari boshliqlariga mehnat posyolkalaridagi rejimni kuchaytirish to‘g‘risida 1818-sonli ko‘rsatmani yuboradi.

Mehnat posyolkalaridagi «quloq» xo‘jaliklarining o‘sishi NKVD organlarining qo‘pol siyosiy xatosi sifatida baholana boshladi. NKVDning ayrim xodimlari 1937—1938 yillarda mehnat posyolkalaridagi «quloqlar»ning boyib ketishida ayblanib, hatto qatag‘on etildi.

Uzoq vaqt mobaynida «quloqlar surguni» bilan «xalq dushmanlari» (Kogan, Molchanov, Berman, Pliner, Firin, Zakarьyan, Vishnevskiy va boshqalar) ning shug‘ullanganligi, surgun qilinganlar uchun atrofdagi kolxozlarga qaraganda imtiyozli sharoitning yaratilganligi, shu sababdan «quloq» xo‘jaliklarining kolxozchilarga nisbatan ilg‘orlab ketgani, natijada surgun qilinganlar orasidan yangi «quloqlar»ning chiqa boshlagani, ularning davlatga soliq va yig‘im to‘lashdan ozod qilinganligi haqida turli ma’lumotlar yuqori organlarga yuborib turildi.

Oqibatda NKVD xodimlari bilan birga mehnat surgunidagi kishilar ham qatag‘on ob’ekti bo‘lib qoldi. O‘zbekiston hududida joylashgan mehnat posyolkalaridagi mehnat badarg‘achilaridan 1935—1936 yillarda 101 kishi, 1937—1938 yillarda 156 kishi takroran qatag‘on qilindi. 1937 yili 14 758 mehnat badarg‘achisidan 46 kishi (0,31 %), 1938 yili esa 14 271 mehnat badarg‘achisidan 110 kishi (0,77 %) ustidan hukm chiqarildi, qatag‘on qilindi.

Ikkinchi jahon urushi davrida ham mehnat posyolkalaridagi mehnat badarg‘achilarining ma’lum qismi turli bo‘hton, noto‘g‘ri ma’lumot va soxta ayblar asosida qatag‘on qilindi.

1942 yil 20 yanvarda O‘zSSR Ichki ishlar xalq komissarligi maxsus mehnat posyolkalari bo‘limining Chkalov shahri Sovet ko‘chasi, 19-uyda joylashgan GULAG boshlig‘i o‘rinbosari davlat xavfsizligi mayori Zagvorodniyga yo‘llagan axborotida ana shu qatag‘on qilinganlar haqida ma’lumot berilgan. Unda aytilishicha, respublikadagi maxsus mehnat qishloqlarida

3 296 ta surgun qilingan oila bo‘lib, ular tarkibida 11 798 jon borligi, bulardan ko‘p qismini «sobiq quloq unsurlar, boy-pomeshchik unsurlar va bosmachilik harakatining sobiq ishtirokchilari» tashkil etgani qayd qilingan. Shuningdek, mehnat badarg‘achilaridan, 1942 yil 1 yanvardagi holatga ko‘ra, 283 kishining boy-pomeshchik unsurlar, 24 kishining musulmon ruhoniylari, 103 kishining savdogarlar, 38 kishining sobiq dvoryan-knyazlar, 8 kishining esa «xalq dushmanlari»ning xotinlari ekanligi ko‘rsatilgan.

Axborotda, jumladan, bunday deyilgan: «Vatan urushi boshlangan vaqtdan buyon o‘tgan fursat ichida mehnat badarg‘achilarining sovetlarga qarshi unsurlari faolligi sezilmoqda, bu hol mag‘lubiyatchilik va nemis fashistlariga xayrixohlik kayfiyatni, shuningdek, turli-tuman ig‘vo va fasodlarni tarqatishda o‘z ifodasini topmoqda».

Mazkur axborotda qamoqqa olinganlar haqida ham ma’lumot berilgan. Masalan, Yangiyo‘l tumanidagi 4-mshnat posyolkasidan mehnat badarg‘achisi, sobiq boy, o‘zbek, Omonboevning partiya a’zosiga nisbatan terrorchilik harakati qilgani uchun, Xovos tumanidagi 2 posyolkadan Kozimovning sovetlarga qarshi fikrlar aytgani uchun qamoqqa olingani, Uchqo‘rg‘on tumanidagi 8- posyolkadan mehnat badarg‘achisi, millati osetin, Jonbulat Salomov (sobiq yirik quloq) ning aksilinilobiy faoliyati uchun oliy jazoga hukm etilgani, Izboskan tumanidan Shukur Xudoyberdiev va Abdulla Mirzaev (o‘zbek, sobiq yirik quloqlar) ning sovetlarga qarshi tashviqot olib borgani va fashistlarga hayrixohlik ruhidagi mish-mishlarni tarqatgani uchun qamoqqa olinganligi va hukm qilinganligi qayd etilgan.

Hammasi bo‘lib 1941 yil iyulidan 1942 yilning yanvariga qadar sovetlarga qarshi faoliyat ko‘rsatganlikda ayblanib 24 kishi qamoqqa olingan va ular ustidan hukm chiqarilgan. Shu vaqt ichida mehnat posyolkalaridan 40 kishi qochib ketgan, ulardan 8 kishi ushlanib, mehnat posyolkasiga olib kelib joylashtirilgan.

Axborotda yana bunday deyilgan: «Shuningdek, sobiq bosmachilardan bo‘lgan bandalarning qisman jonlanib qolganligi ham sezilmoqdaki, bu hol ular orasidan ba’zi birlarining aksilinqilobiy harakatni faollashtirish maqsadida bosmachilik harakatining sobiq ishtirokchilari bilan aloqa bog‘lashga intilishlarida ko‘rinmoqda».

Ma’lumki, mehnat posyolkalaridagi tartib ustidan nazorat olib borish, kuzatish, qochib ketishlardan qo‘riqlash va mehnat badarg‘achilaridan ishchi kuchi sifatida foydalanishni tartibga solib turish vazifasi komendantlar va komendaturalar zimmasiga yuklatilgan edi. Ikkinchi jahon urushining boshlanishi bilan komendatura va komendantlarning «quloqlar surguni»dagi mehnat badarg‘achilari orasida olib borayotgan operativ agentura faoliyatiga jiddiy o‘zgarishlar kiritildi. GULAG ko‘rsatmalariga muvofiq, urush davri talablariga ko‘ra, mehnat posyolkalaridagi tartib-sharoitlar kuchaytirildi. 1942 yilning ikkinchi yarmida O‘zbekistondagi barcha mehnat posyolkalarida rejim kuchaytirilib, «quloqlar surguni»dagilarga nisbatan yana o‘ziga xos qatag‘on siyosati qo‘llana boshlandi. Mehnat intizomini buzganlar va ishga kechikib chiqqanlar sudga berila boshlandi. 1941 yil avgustining o‘zida mehnat posyolkalarida turli sabablar bilan 20 kishi O‘zSSR Jinoyat Kodeksining 106-moddasi bo‘yicha javobgarlikka tortildi.

Posyolkalarda NKVDning maxfiy agentlari sobiq «bosmachilar» va sovetlarga qarshi kayfiyatdagi kishilarni izlashga safarbar etildi. Shubha ostiga olinganlar NKVDning operativ ro‘yxatiga olina boshladi. Masalan, Quyi Chirchiq tumanidagi 4-mehnat posyolkasidan 1942 yilda 36 kishining nomi NKVDning operativ hisobiga olindi.

1941 yilda, urushning dastlabki oyida shu mehnat posyolkasidan Fozilov Tursunboy qamoqqa olinadi. «Ota» laqabli NKVD agentining ma’lumot berishicha, Fozilov Tursunboy bunday degan: «Yaqinda bu erga Gitler keladi, barcha qiyinchiliklar tugaydi. Faqat Gitlergina bizni o‘ziga yaqin do‘st sifatida ko‘radi… Men yaqin orada bu erdan qochib ketaman. Belgilangan joyda 5 ta yigitim meni qurollar bilan kutib olishadi».

1942 yilning martida Denov tumanidagi 1-mehnat posyolkasidan 1872 yilda tug‘ilgan Otaev Shodi qamoqqa olinadi. NKVD agentining bergan ma’lumotiga ko‘ra, u o‘tmishda «bosmachilik harakati»da faol ishtirok etgan va qo‘rboshi lavozimida bo‘lgan.

Yangiyo‘ldagi mehnat posyolkalari bo‘yicha 11 kishining nomi NKVDning operativ ro‘yxatiga olingan. Ulardan 6 tasiga sovetlarga qarshi kayfiyatdagi «quloqlar», 3 tasiga sobiq «bosmachilar» degan ayb qo‘yilgan.

1941 yil avgust oyida Ali Mamayusupov NKVDning maxsus yig‘ilishi tomonidan qamoqqa olingan. Aniqlanishicha, u o‘tmishda qo‘rboshi bo‘lgan va ixtiyorida 55 nafar yigit bo‘lgan.

1942 yil mart oyida Oqqo‘rg‘on tumanidagi 3-mehnat posyolkasidan qamoqqa olingan Dadaboev Qosim va Dadaboev Vali o‘tmishda «bosmachilik harakati»da ishtirok etganlikda, 1941—1942 yillarda bezorilik qilganlikda va chayqovchilik bilan shug‘ullanganlikda ayblanib, oliy jazoga hukm qilinganlar.

Bekobod tumanidagi 6- va. 10-mehnat posyolkalaridan 52 kishi nomi NKVDning operativ ro‘yxatiga olingan. Ulardan 24 tasiga sobiq «bosmachilar», 16 tasiga sobiq yirik «quloq»lar, 3 tasiga «xalq dushmanlari»ning qarindoshlari, 2 tasiga sobiq chor armiyasi ofitserlari, degan ayblar qo‘yilgan. Mazkur mehnat posyolkasida Fayzulla Xo‘jaevning xotini Robiya Xo‘jaeva, Ota Xo‘jaevning xotini Sharifa Tizatullinalar ham bo‘lganlar. Ular haqida «Roza» va «G‘oyib» laqabli xufyalar ma’lumot etkazib turishgan.

Umuman, 1941—1942 yillarda O‘zbekiston hududidagi mehnat posyolkalaridan 283 kishi sobiq «bosmachi» sifatida, 279 kishi esa sovetlarga qarshi va aksilinqilobchi shaxslar sifatida NKVDning operativ ro‘yxatiga olingan. Piravardida ular ham qatag‘on domiga tortilganlar.

«Quloqlar surguni»dagilarga nisbatan urushdan ke-yin ham turli ko‘rinishda qatag‘on siyosati qo‘llanib kelindi va bu jarayon 1955 yilgacha davom etdi. Sobiq «quloqlar» mustaqillik arafasidagina erkin nafas ola boshladilar.

 

“Tarixning hasratli sahifalari”

 

http://e-tarix.uz/maqolalar/497-maqola.html

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: