Bishkekda islohot umidini “dafn” etmoqchilar – ozodlik.org


Sud tizimini nazorat qilish fuqarolik kengashi a’zosi Aziza Abdurasulova qochqinlarni O‘zbekistonga berib yuborgan Azimbek Beknazarovning Konstitutsiyaviy sudga saylanishi mantiqsizlik ekanini aytadi.

03.08.2011

Elmurod

 

Qirg‘iziston poytaxtida 3 avgust kuni Sud tizimini nazorat qilish fuqarolik kengashi a’zolari “Sud islohoti umidining dafn etilishi” deb nomlangan norozilik namoyishi o‘tkazdi.

3 avgust kuni Qirg‘iziston Sudyalarni tanlash bo‘yicha kengash Konstitutsiyaviy palata a’zoligiga 25 odam o‘z nomzodini ko‘rsatganini, ulardan 11 nafari tanlab olinishini bildirdi.

 

Tanlovning birinchi bosqichida Sudyalarni tanlash bo‘yicha kengash nomzodlar yuzasidan o‘z “yumshoq reytingini” e’lon qiladi. Bu bosqichda eng yuqori reytingga ega bo‘lgan nomzodlar tanlovning 2-bosqichida qatnashadi. Mazkur bosqichda har bir nomzod alohida muhokama qilinib, Sudyalarni tanlash kengashining 24 a’zosidan 13 tasining ovozini olishi kerak.

 

“Yumshoq reyting” e’lon qilinishi arafasida Sud tizimini nazorat qilish fuqarolik kengashining 30 ga yaqin a’zosi “Sud islohoti umidining dafn etilishi” deb nomlangan norozilik namoyishi o‘tkazdi.

 

Ular “Men ishonmayman”, “Sudyalar o‘zboshimchaligiga chek qo‘yilsin” kabi shiorlarni ko‘tarib olishgan edi. Tadbir uchun yollangan orkestr esa jonli ijroda “Dafn marshi”ni chalib turdi.

 

Sud tizimini nazorat qilish fuqarolik kengashi a’zosi Aziza Abdurasulovaning aytishicha,  “Dafn marshi” sud islohotiga bo‘lgan umidning o‘layotgani uchun chalinayotibdi.

 

– Agar Sudyalarni tanlash bo‘yicha kengash o‘z raisini qayta saylasa va sudlar tanlovini oshkora o‘tkazsa, “Dafn marshi” quvnoq musiqaga almashtiriladi, – dedi Aziza Abdurasulova.

 

Unga ko‘ra, Sudyalarni tanlash bo‘yicha kengash kotibiyatiga mazkur kengash raisi Zamirbek Bazarbekovning o‘tmishi shubhali ekani haqida ma’lumotlar kelib tushgan. Shunga qaramay, u raislik lavozimida qolayotir. Bu esa sudlar tanlovining adolatli va xolis bo‘lishiga shubha paydo qiladi.

 

Tadbir ishtirokchilari mamlakat sobiq Bosh prokurori, 2005 va 2010 yilgi inqilob liderlaridan biri Azimbek Beknazarov nomzodi ham Konstitutsiyaviy palata a’zoligiga ko‘rsatilganidan norozilik bildirdilar.

 

Norozilarning aytishlaricha, Azimbek Beknazarov 2005 yilda Bosh prokuror lavozimini egallab turganida O‘zbekistonga 4 nafar andijonlik qochqinni topshirish haqida qaror chiqargan. Buning oqibatida  BMTning inson huquqlari qo‘mitasining Qirg‘izistonga nisbatan Qochqinlar huquqlarini buzganlik to‘g‘risidagi rezolyutsiyasi qo‘llanilmoqda.

 

– Qochqinlarning konstitutsiyaviy huquqlarini buzgan odam qanday qilib Konstitutsiyaviy palata sudyasi bo‘la oladi? – deya savol tashlaydi Aziza Abdurasulova.

 

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Sud tizimini nazorat qilish fuqarolik kengashi norozilik tadbirida ko‘tarilgan ayrim talablar Sudyalarni tanlash bo‘yicha kengash tomonidan qabul qilingan. Jumladan, kengash mazkur tashkilot raisi shaxsini muhokama qilishga va agar unga nisbatan shubhalar tasdiqlansa, raisni almashtirishga tayyor ekanini bildirdi.

 

Sudyalarni tanlash bo‘yicha kengash konstitutsiyaviy tuzilma bo‘lib, kengash a’zolarining uchdan bir qismi parlamentdagi hukmron koalitsiya, uchdan bir qismi muxolifat va uchdan bir qismi sudyalar kengashi tomonidan saylanadi. Sudyalarni tanlash bo‘yicha kengash tarkibi parlament tomonidan tasdiqlanadi.

 

http://www.ozodlik.org/content/article/24285476.html

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: