“Qashqardagi voqealar uyg‘urlarning navbatdagi isyoni” – ozodlik.org


Qashqar ko‘chalaridagi Xitoy harbiylari.

02.08.2011

“Bu Pekin da’vo qilgan kabi terror xuruji emas”, deydi Dunyo uyg‘urlari qurultoyi Bosh kotibi Ozodlik bilan suhbatda.

O‘tgan hafta oxirida Sharqiy Turkistonning Qashqar shahrida yuzaga chiqqan zo‘ravonliklar ortidan Xitoy armiyasi shaharda komendantlik soati joriy qildi va hozirda shahar ko‘chalarini harbiylar nazorat qilmoqdalar.

Qashqar harbiylar nazoratida. 2 avgust, 2011 yil.

Xitoy rasmiylariga ko‘ra, Qashqardagi oziq-ovqat bozori va savdo markazida hafta oxirida yuzaga chiqqan zo‘ravonliklarni Pokistondagi maxsus lagerlarda tayyorgarlikdan o‘tgan Sharqiy Turkiston islomiy harakati jangarilari amalga oshirgan.

Bu hujumlarda, kamida 14 odamning o‘ldirilgani, 40 dan oshig‘ining jarohat olgani aytilmoqda.

Qashqardagi hujumlardan ikki hafta oldin Xo‘tanda yuz bergan xurujlarda ham kamida 20 odam o‘ldirildi va bu Xitoy istilosida qolayotgan Shinjon Uyg‘ur mintaqasida keyingi bir yil ichida yuzaga chiqqan eng qonli voqeaga aylandi.

Dunyo uyg‘urlari qurultoyi prezidenti Robiya Qodir Xitoy harbiylarining Qashqardagi zo‘ravonligini keskin qoraladi.

Markazi Germaniyaning Myunxen shahrida joylashgan Dunyo uyg‘urlari qurultoyi etakchilari, Qashqardagi voqealarni uyg‘ur xalqining xon xitoylar siyosatiga nisbatan noroziligi ifodasi deya atadi va Xitoy rasmiylarining hujumlar haqida e’lon qilgan bayonotlarini qoraladi.

Ozodlik bilan suhbatda qurultoy Bosh kotibi To‘lqin Iso Xitoy hukumati uyg‘urlarning har qanday noroziligini shavqatsiz kuch vositasida bostirar ekan, aybni hamisha yo‘q joydagi ekstremist-terrorchilarga to‘nkashga urinishini aytadi.

– 30-31 iyul kunlari Qashqarda ba’zi bir voqealar sodir bo‘ldi. Xitoy hukumati buni terroristik voqea deb e’lon qildi. Sharqiy Turkistonda uyg‘urlarning tinchlik bilan bo‘lsin har qanday harakatlari Xitoy hukumati nazarida terroristik harakat sifatida ayblanib keldi. Uyg‘ur xalqi shu kungacha Xitoy hukumatidan tinch yo‘l bilan o‘zining insoniy haq-huquqlarini talab qilib namoyishga o‘xshagan faoliyat yuritib keldi.

Masalan, Xo‘tanda bir guruh yoshlar o‘zining Xitoy hukumatiga bo‘lgan noroziligini ifodalash uchun namoyish uyushtirmoqchi bo‘lgan paytda qirg‘inga uchrab, 20 dan ortiq odam o‘ldi. 2009 yilda Urumchida hatto Xitoy bayrog‘ini ko‘tarib chiqqan necha ming tinch aholi o‘lib ketdi. Xitoy hukumati 200 dan oshiq dedi. Ammo bir necha ming bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Bizning hozirgacha aniq bir ma’lumot olish imkonimiz bo‘lmayapti. Demak, Xitoy hozirgacha Sharqiy Turkistondagi uyg‘urlarning har qanday faoliyatini terroristik yoki separatistik harakat bilan bog‘lab qirg‘inchilik qilib keldi. Qashqarda bo‘lgan harakatni Xitoy hukumati “terroristik harakat” deydi, ammo biz bunga terroristik harakat, deb qaramaymiz. Xitoy hukumati uyg‘ur xalqini ba’zi bir zo‘ravonliklarni  qilishga majbur qilayapti.

Ozodlik: Hozir Qashqarda vaziyat qanday?

– Hozir Xitoy hukumati har qanday aloqa yo‘llarini qattiq nazorat qilayapti. Axborot olish qiyin. Lekin ba’zi yo‘llar bilan ba’zi axborotlarni olayapmiz. Bir necha kundan beri Qashqarda eng kamida begunoh bir necha yuz kishini tutib ketdi. Ularning qaerga olib ketilgani ma’lum emas. Hozir Qashqarga kirish-chiqish yo‘llarining hammasi to‘silib, har bir inson alohida nazorat qilinib keyin kirish-chiqishga ruxsat berilayapti. Ramazonning birinchi kunida butun do‘konlar yopilgan. Ramazonga savdo qilish uchun ko‘chaga chiqqan odamlarda imkoniyat bo‘lmaydi hozir savdo-sotiqqa.

Ozodlik: Qashqarda bo‘lgan voqealar uyushgan harakat bo‘lganmi yoki kutilmaganda chiqqan uyg‘urlar noroziligimi?

– Qashqarda bo‘lgan harakatga uyushtirilgan, rejalashtirilgan harakat deb qaramaymiz. Chunki bosim kuchayavergandan keyin insonlar hukumatga borib o‘zining haqqini talab qilgan vaqtda hukumat javob berish o‘rniga ularni olib kirib so‘roq qilgan. Insonlar boshqa chiqish yo‘li topa olmagandan keyin, bunday shaklda o‘ch olish xarakteridagi chiqishga Xitoy hukumati majburlayaptida uyg‘urlarni.

Masalan, Xitoy hukumati xitoylarni Qashqarga, Xo‘tanga, Sharqiy Turkistonning boshqa erlariga ko‘chirib olib kelib uyg‘urlarning erlarini, uylarini tortib olib ularga berdi. Bu xil nohaqliklardan so‘ng uyg‘urlar hatto Pekingacha borib shikoyatlar qilishgan. Ammo Xitoy hukumati ularning hammasini qaytarib yubordi, majburlab olib kirib qo‘ydi, tahdidlar qildi. Qonuniy yo‘l bilan o‘z haq-huquqlarini talab qilishni topa olmagandan keyin shunday nohaqlikka chidamagan insonlar Xitoy hukumatiga qarshi mana shunday harakatlarni olib borgan bo‘lishi kerak. Biz buni Xitoy aytganidek terroristik harakat emas deb o‘ylaymiz.

Ozodlik: Demak, sizdagi axborotga ko‘ra bu voqealarda Pekin da’vo qilayotgan kabi, Sharqiy Turkiston islomiy harakatining qo‘li yo‘q?

– Yo‘q, unaqa narsa yo‘q. Chunki Xitoy hukumati har qanday harakatni chet eldagi tashkilotlarga bog‘lashga harakat qiladi. 2009 yildagi voqeani Dunyo uyg‘ur qurultoyi keltirib chiqargan, deb bizga yuklashga harakat qilgan. Xitoy bu narsalarga o‘zining xato siyosati ekanligida deb qaramagan. Bu xalqning noroziligi. Xalqning bardosh berish darajasi chidab bo‘lmas darajaga etganidan chiqqan voqea deb o‘ylayman, deydi Dunyo uyg‘urlari qurultoyi Bosh kotibi To‘lqin Iso.

 

http://www.ozodlik.org/content/article/24284614.html

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: