MXX: O‘IH safida kamida 1000 nafar bola bor – ozodlik.org


O‘IH janggarilari.

28.07.2011

Milliy xavfsizlik xizmatiga ko‘ra, O‘zbekiston islomiy harakati o‘z safiga bolalarni tortishni kuchaytirmoqda.

“Hozirda O‘zbekiston islomiy harakati (O‘IH) ning qurolli guruhlari safida 1000 nafardan kam bo‘lmagan bola yollangan”.

AQSh Markaziy qo‘mondonligi homiyligi ostida faoliyat yurg‘izayotgan Central Asia Online axborot saytida chop etilgan maqolada O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati (MXX) ning islomiy guruhlar bo‘yicha tahlilchisi Navbahor Rasulovaning ana shu bayonoti keltirilgan.

MXX ekspertining aytishicha, O‘IH bolalarni ham O‘zbekiston ichkarisi, ham uning tashqarisi, asosan Afg‘oniston va Pokiston hududlarida o‘z saflariga yollab kelmoqda.

“O‘zbekiston ichkarisida ham shunday urinishlar bor, ammo aksar hollarda maxsus xizmatlar bunday urinishlar oldini vaqtida olib kelmoqdalar. Ammo bizga o‘z manbalarimizdan kelayotgan ma’lumotlarga ko‘ra, O‘IH Pokiston va Afg‘oniston hududida muvaffaqiyatli tarzda amalga oshirmoqda”, deydi O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati mutaxassisi.

Navbahor Rasulovaning qayd etishicha, bolalarning terrorchilikka aloqadorligini deyarli hech kim xayoliga ham keltirmasligi bois, O‘IH aynan ularni o‘z saflariga tortishga urinmoqda.

“2007 yilda Tojikistonda davlat chegarasini noqonuniy kesib o‘tganlik, terror hujumlariga hozirlik ko‘rish va ularni amalga oshirish, uyushgan jinoiy guruh tuzish va davlat tuzumini ag‘darishga chaqirish ayblari bilan 14 nafar o‘smir jazoga tortildi. Ular orasida O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan uch qiz ham bor edi”, deb davom etadi MXX eksperti.

“Bolalarni aldash juda oson. Ular uchun kattalar avtoritet va bolalar kattalardan eshitgan narsasining haqligiga shubha qilmaydi. Shu bois biz ham mahalliy, ham xalqaro darajada ko‘plab amaliyotlar o‘tkazib, yoshlarning ekstremistik guruhlar safiga qo‘shilishi oldini olmoqdamiz. Har xil hisob-kitoblarga ko‘ra, hozirda O‘zbekiston islomiy harakati saflarida kamida 1000 nafar yollanma bola bor”, deydi MXX ning islomiy tashkilotlar bo‘yicha tahlilchisi Navbahor Rasulova.

MXX ekspertiga ko‘ra, hozirda O‘zbekiston hukumatini yangi texnologiyalar vositasida bolalar, ayniqsa mehnat muhojirlari bolalarini O‘IH saflariga jalb etish urinishlari xavotirga solmoqda.

“Islomiy terror va ekstremistik tashkilotlar hozirgi kunda bolalar ongiga internet va har xil multfilmlar orqali ta’sir ko‘rsatmoqdalar. Buning misoli sifatida Al-Qoida terror tarmog‘ining jihodga qo‘shilishga da’vat qiluvchi multfilmlarini keltirish mumkin. Bundan tashqari, masjidlar bolalarni yollovchilar uchun serhosil zamin bo‘lib qolmoqda. Aynan shu bois ham, O‘zbekiston maxsus xizmatlari masjid va madrasalar, shuningdek terrorchilikda gumonlanganlar oilalarini muntazam kuzatib keladi”, deb xulosalaydi o‘z fikrlarini Central Asia Online axborot saytida chop etilgan maqolada O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati (MXX) ning islomiy guruhlar bo‘yicha tahlilchisi Navbahor Rasulova.

O‘zbekiston MXX qoshidagi analitik bo‘lim rasmiylari, o‘z ixtiyorlarida O‘zbekiston islomiy harakati lagerlarida olti yashar bolalarga AK-47 rusumidagi Kalashnikov avtomatlaridan foydalanishni o‘rgatish jarayoni aks etgan videoyozuv borligini ta’kidlamoqda. Aytilishicha, bu videotasvir Afg‘onistonning O‘zbekistonga tutash hududlaridagi lagerlardan birida suratga olingan.

O‘zbekiston islomiy harakatining o‘z saflariga tobora ko‘proq bolalarni jalb etayotgani haqida o‘tgan yili xalqaro Coalition To Stop The Use of Child Soldiers tashkiloti ham maxsus axborot tarqatgan va unda  Markaziy Osiyoda bolalardan soldat yasash amaliyoti kuzatilayotganidan xavotir bildirgan edi.

Bolaligi o‘yingoh emas, qonli janggohlarda kechayotgan bu bolalar xalqaro kuzatuvchilar tomonidan  o‘zbek jamiyati ertasi uchun tahdid sifatida baholangan edi.

Ayni shuningdek, MXX tahlilchilari, O‘zbekiston islomiy harakati o‘z saflariga tobora ko‘proq xotin-qiz jihodchilarni yollashga o‘tganini ham da’vo qilmoqdalar.

Mustaqil kuzatuvchilar, AQSh havo zarbalari oqibatida 2009 yil senyabrida harakat etakchisi Tohir Yo‘ldosh o‘ldirilganidan so‘ng, O‘zbekiston islomiy harakati o‘z ichida parokandalikka yuz tutganini aytadilar.

Ayni paytda, Afg‘onistonda Tolibon harakatining kuchayishi ortidan toliblar va Al-Qoidaga hamkor sanalmish  O‘zbekiston islomiy harakatining hamon mintaqa xavfsizligiga tahdid solishi mumkinligi taxmin etiladi.

 

http://www.ozodlik.org/content/article/24279061.html

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: