Chiqish vizasini olish cheklovi qonuniylashtirildi – ozozdlik.org


28.07.2011

Basira

O‘zbekiston Vazirlar mahkamasi mamlakat fuqarolarining chiqish vizasini olish tartibiga o‘zgartish kiritdi.

Shu yilning 7 iyulida Vazirlar mahkamasi tomonidan chiqarilgan 200-sonli qarorga muvofiq, endilikda chet elga chiqish huquqi sakkizta band asosida cheklanishi mumkin.

Deylik, O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi yoki Tashqi ishlar vazirligida fuqaro xorijda yurgan paytida o‘sha davlat qonunini buzganligi haqida tegishli idoralar ma’lumoti bo‘lsa, ularga chiqish vizasi berilmaydi. Yoki chet elga chiqishi “maqsadga muvofiq bo‘lmagan” fuqarolar ham bu vizani ololmaydi.

Farg‘ona viloyati fuqarolarning xorijga chiqish, kirish va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasining ismini aytmagan xodimi bu haqdagi qaror endi yoyinlangan bo‘lsa-da, aslida bunday tartibga anchadan buyon rioya qilinayotganini aytadi.

– Bu eskidan bor narsa, yangilik emas bu. Oldin bu narsalar fuqarolarga aytilmas edi, – dedi suhbatdoshimiz.

Farg‘ona viloyati fuqarolarning xorijga chiqish, kirish va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasi xodimi “xorijga chiqishi maqsadga muvofiq bo‘lmagan fuqaro” birikmasiga ham izoh berib o‘tdi.

– Siz ana u oq do‘ppi-qora do‘ppilarga aralashib qolgan bo‘lishingiz mumkin. Qaysidir holatda qonunlarga to‘g‘ri kelmaydigan harakat bo‘lib qolgan bo‘lsa, ana shunda vaqtinchalik ruxsat berish to‘xtatib turiladi. Sizga nisbatan jinoiy ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lsa, davlatdan qarzdorligingiz, qisqasi davlat bilan aralashib qolgan holatda “dum”ingiz bo‘lsa, sudlangan bo‘lsangiz, foizga kesib qo‘ygan bo‘lsa, mana shu holatlar hali yakunlanmagan bo‘lsa, shuni “maqsadga muvofiq emas”, deb berishadi. Agar sudlangandan so‘ng, hukm chiqib,  “davlatga aloqasi yo‘q, qarzi yo‘q” deya xulosalansa, unda chiqish vizasi beriladi, – dedi Farg‘ona viloyati fuqarolarning xorijga chiqish, kirish va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasi xodimi.

O‘zbekiston “Ezgulik” inson huquqlari jamiyatining Toshkent viloyati bo‘limi raisi Abdurahmon Tashanov Vazirlar mahkamasi qarorini “rasmiylarning fuqarolar ustidan nazoratni kuchaytirish istagi” bilan bog‘laydi.

– O‘sha istaklarni keyingi paytda qonunlashtirish ishi boshlandi. Ya’ni, huquq-muhofaza qilish organlarining manfaatlarini hukumat darajasida qonunlashtirish, ularni hukumat qarorlari bilan mustahkamlash, hatto bu bo‘yicha qonun loyihalari ishlab chiqarilib, tasdiqlash yo‘li bilan borish boshlandi. Vazirlar mahkamasi qarori bilan kiritilgan o‘zgartishlar, bir tomondan, ijobiy o‘zgarishga o‘xshaydi, ikkinchi tomondan, fuqarolarning chet elga chiqishi va kirishini cheklashga qaratilgan qoidalarning qonunlashtirishi bu juda ham yomon narsa, – deydi huquq faoli Abdurahmon Tashanov.

7 iyul kuni chiqarilgan Vazirlar mahkamasi qarorida chet elga chiqishi “maqsadga muvofiq bo‘lmagan” deya topilgan fuqarolar mazkur cheklov yuzasidan “shikoyat qilishi ham mumkin emas”ligi ham qayd etib qo‘yilgan. Huquq faoli Tashanov fikricha, bu O‘zbekiston fuqarolarining konstitutsiyada belgilangan huquqlari poymol etilayotganidan dalolatdir.

U o‘zi ishlayotgan tashkilotga o‘tgan yillar davomida chet elga chiqish vizasini ololmayotgan fuqarolardan bir qancha arizalar tushganini aytadi.

– Bularning aksariyati dindorlar, siyosiy jarayonlarga aralashib qolgan shaxslar, undan tashqari, fuqarolik jamiyatining vakillaridir, – deydi huquq faoli Abdurahmon Tashanov.

O‘zbekiston Markaziy Osiyoda fuqarolari chet elga chiqish uchun maxsus ruxsatnoma olishi lozim bo‘lgan yagona davlat hisoblanadi.

Ikki yilga xorijga chiqishi ruxsat etiluvchi hujjatni jurnalist Abdumalik Boboev, Elena Bondarь, huquq faoli Dmitriy Tixonov qonun doirasida belgilangandan bir necha oy ortiq kutganlaridan keyingina qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘lgandilar.

Xususan, huquq faoli Dmitriy Tixonov chiqish vizasini olti oy davomida ololmaganidan so‘ng Toshkent viloyat xorijga chiqish, kirish va qayddan o‘tish boshqarmasini sudga bergan edi. Sud mahkamasida u yutib chiqmadi, biroq matbuotda uning muammosi yoritilganidan so‘ng Tixonov ikki yillik ruxsatnomani olishga muvaffaq bo‘ldi. Uning aytishicha, yaqinda kiritilgan o‘zgartishlardan keyin chiqish vizasi ololmagan fuqarolarda bu borada sudga murojaat qilish imkoniyati ham yo‘q bo‘ldi.

– Endi deyarli hech narsa qilib bo‘lmaydi. Ilgari men hujjat topshirib, sudlashgan paytim bunday band yo‘q edi. Hozir OVIR boshqarmasi, oddiy qilib aytganda, fuqarolarga javob berib o‘tirish mas’uliyatidan o‘zini soqit qildi. Endi “Qarorda izoh berish shartligi qayd etilmagan, sudga ham bera olmaysiz”, deya osongina qutilishadi. Ilgari hech bo‘lmaganda, sudlashib, matbuotda yoritish mumkin edi, – deydi angrenlik huquq faoli Dmitriy Tixonov.

 

http://www.ozodlik.org/content/article/24279240.html

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: