Tojikistonda qiynoq uchun jazo joriy qilinadi – ozodlik.org


Tojikistonlik Safarali Sangov shu yil mart oyida qiynoq natijasida nobud bo‘lgandi.

27.07.2011

Gulnora Ravshan

Tojikiston Jinoyat kodeksiga qiynoq uchun jazolashni ko‘zda tutgan maxsus band kiritiladi.

Tojikiston Bosh prokuraturasi mas’ullaridan biri Marizo Xalifaevning ishonishicha, qonunga kiritilayotgan o‘zgartishlar Tojikiston qonunlarini xalqaro me’yorlar talabiga muvofiqlashtirishga xizmat qiladi.

– Shu maqsadda Tojikiston Jinoyat kodeksidagi bir necha band  o‘zgartirilib, yana bitta alohida band, ya’ni “Qiynoq” bandi  qo‘shimcha qilindi. Tabiiyki, bu tergov jarayonida vujudga kelayotgan anglashilmovchiliklarni bartaraf qiladi, – deydi Marizo Xalifaev.

Tojikiston Jinoyat kodeksiga kiritilayotgan o‘zgartishlar Bi-bi-si muxbiri O‘rinboy Usmonovning anglashilmovchilik bois hibsga olingani va unga nisbatan nomaqbul munosabat atrofida xalqaro tashkilotlarning tojik rasmiylari bilan bahs-munozaralari davom etayotgan bir paytga to‘g‘ri keldi.

Shuningdek, bu mamlakat fuqarosi 37 yoshli Safarali Sangovning tergov davomida qiynoqlardan jon taslim qilgani va mahbus Ismoil Bachajonovning qamoqxona xodimlari qo‘lida halok bo‘lgani ham bir qator xalqaro tashkilotlar asosiy mavzusi bo‘lib qolmoqda.

Tahlilchilarga ko‘ra, qiynoqlar bilan bog‘liq so‘nggi ikki holat inson huquqlariga oid vaziyat Tojikistonda tashvishlanarli ekanini dalillaydi.

Mahalliy tahlilchilar xalqaro me’yorlarga zid bo‘lgan qiynoqlar va insonga nisbatan nomaqbul munosabat tergov idoralarining ish usuliga aylanib qolganini qayd etadilar.

Garchi Tojikiston parlamenti 1995 yilda BMTning qiynoqlarga qarshi konventsiyasini ratifikatsiya qilgan bo‘lsa-da, soha bo‘yicha tahlilchilarning aytishlaricha, shu kungacha mamlakat Jinoyat kodeksiga ana shunday og‘ir jinoyat uchun maxsus band kiritilmagan.

Tojikistonlik advokat Baxtiyor Nasrulloevning ma’lum qilishicha, gumonlanuvchini tergov jarayonida qiynoqqa solganlikda ayblangan huquq-tartibot idorasi xodimi mamlakat Jinoyat kodeksining 314- va 316-bandlar yoki “mansabini suiiste’mol qilganlik hamda xizmat vakolati doirasidan chiqish” kabi moddalar bilan aybdor, deb topilmoqda.

– Endilikda jazo qattiqroq bo‘ladi. Bu jinoyatlarda qo‘li bo‘lgan kishilarga aksariyat hollarda qamoq jazosi tayinlanmay, ular engilgina jazo bilan qutulib qolgan. Tojikiston Jinoyat kodeksiga “Qiynoq” bandi kiritilishi ortidan bunday shaxslarga  nisbatan qattiqroq  jazo tayinlanadi, – deydi advokat Nasrulloev.

Biroq tojikistonlik ayrim huquqshunoslar Jinoyat kodeksiga kiritilishi aytilayotgan yangi bandning amalda ishlashiga shubha bilan qaramoqda.

Huquqshunos Shuhrat Qudratovning qayd etishicha, qiynoq aksariyat vaqtincha saqlash hibsxonalari va qamoqxonalarda kuzatiladi hamda uning mavjudligi rasmiylar tomonidan ham e’tirof etiladi.

– Qiynoqlarning qamoqxona, vaqtincha saqlash hibsxonalarida va hatto oilada, ishxonalarda mavjudligidan ko‘p shikoyat qilinadi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, Bosh prokuratura mas’ullari shunday bir modda Jinoyat kodeksida bo‘lishi lozim, degan qarorga keldi. Biroq bu bandning amalda ishlashiga shubhalar ham yo‘q emas. Chunki qiynoq huquq-tartibot idoralari xodimlari, xususan, tergovchilarning iqrorlik ko‘rsatmasi olishida asosiy vositaga aylanib qolgan, – deydi huquqshunos Shuhrat Qudratov.

Tojikiston respublikasining amaldagi Jinoyat kodeksi 1997 yilda o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilish bilan qayta ishlangan edi.

O‘shanda ham mahalliy huquqshunoslar Tojikistondagi inson huquqlari masalasi bo‘yicha bir qator tashkilot vakillari va soha bo‘yicha tahlilchilarning Jinoyat kodeksiga “Qiynoq” bandi kiritilishi taklifi bilan chiqqan edi. Ammo “qiynoqlar mavjudligiga oid iddaolar asossiz” deb bilgan qonunnavislar bu takliflarni e’tiborga olmagandi.

 

http://www.ozodlik.org/content/article/24278198.html

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: