Imomali Rahmon Tojikiston yoshlarining radikallashuvidan xavotirda – bbc uzbek


26 iyul 2011

Imomali Rahmon

Imomali Rahmon tojik jamiyatining radikallashuvidan xavotirda

Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon mamlakat jamiyatining radikallashib borayotganidan o‘z xavotirlarini bildirdi.

Tursunzoda shahrida chiqish qilgan Imomali Rahmon ota-onalarni o‘z farzandlarini “terrorchilarga aylanmasliklari uchun xorijga diniy ta’lim olgani” yubormaslikka chaqirdi.

O‘tgan yil yozida xorijiy diniy o‘quv dargohlarida ta’lim olayotgan yuzlab talablar Tojikistonga qaytarilgandi.

Tojikiston prezidentiga ko‘ra, diniy tahsilni bolalar ko‘proq uyda, ota-onalaridan yoda mamlakat ichkarisidagi ulamolardan olganlari ma’qul.

Tojikiston prezidentining xavotirlari qanchalar asosli?

Bi-bi-si ushbu savol bilan Londonda joylashgan “Jadid-Onlayn” internet sahifasi muharriri Doriyush Rajabiyonga murojaat etdi.

Doriyush Rajabiyon: Rasmiy statistika yo‘qligi sababli Tojikistondan qancha sondagi yoshlar chet elga o‘qishga ketganlari haqidagi savolga aniq javob bo‘lmasa kerak. Lekin ularning soni ko‘p. Tojikistondagi fuqarolar urushi paytida ko‘p yoshlar Afg‘oniston, Pokiston va Saudiya Arabistoniga ketishgan edi. U yoqlarda tahsil olib Tojikistonga qaytgan yoshlarning ayrimlari boshqacha dunyoqarash, Tojikistondagi an’anaviy Hanafiy mazhabidan farq qiladigan Islomning o‘zgacha talqini bilan qaytdilar. Bugun Tojikistonda vahhobiylik, salafiylik kabi oqimlar tarafdorlarini ko‘rish mumkin. Ularning hozirligi masjidlarda ham ko‘zga tashlanadi va ular o‘zlarining tartib-qoidalarini, namoz o‘qish qoidalarini joriy etishga urinadilar. Shuning uchun ham Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon anchadan buyon ogohlantirib kelayotgan tahdid amalda mavjud. Lekin bu xavf yoki tahdidni bartaraf etish maqsadida Tojikiston rasmiylari tanlagan yo‘lni samarali yo‘l, deb bo‘lmaydi. Balki bu amallar aks natija beradi, deyish mumkin. Ta’qiqlangan meva shirin ko‘ringani sababli bu harakatlar qaytaga radikal Islom kuchayishiga olib kelishi mumkin. Bunga qarshi eng samarali yo‘l – ma’rifat yo‘li ekani ko‘pchilikka ayon. Ammo, biz hozir mablag‘ etishmasligi tufayli bu mavzulardagi adabiyotlar deyarli yo‘qligining guvohi bo‘lmoqdamiz. Tojikistonda bir yilni “Avesta yili” deb e’lon qilinishi, oradan sal vaqt o‘tib, “Imom A’zam yili” e’lon qilinishi hali tojik rasmiylarining o‘zlari ham bu borada qanday yo‘l tutish masalasida qarorlari qat’iy emasligini ko‘rsatib turibdi.

Bi-bi-si: Bugungi Tojik jamiyatida diniylashish yoki islomiylashish naqadar keng tarqalmoqda?

    Ta’qiqlangan meva shirin ko‘ringani sababli bu harakatlar qaytaga radikal Islom kuchayishiga olib kelishi mumkin.

Jurnalist Doriyush Rajabiyon

Doriyush Rajabiyon: Men har gal Tojikistonga borganimda, tobora ko‘p odamlar masjidga qatnayotganlarini, jamiyat muhiti tobora islomiylashib borayotganini kuzataman. Allaqachon 18 yoshga to‘lmaganlarning masjidga borishlarini ta’qiqlaydigan qonun qabul qilingan bo‘lsa-da, Dushanbe yoki Xo‘jandday shaharlarda ham bolalarni ibodatga borayotganlarini ko‘rish mumkin. Hayotning og‘irligi, ilojsizlik insonlarni dinga ko‘proq murojaat etishlariga undaydigan asosiy omil deb ko‘riladi.

Bi-bi-si: Tojikiston misolida odamlarning tobora ko‘proq ibodatgo‘y bo‘lib borayotganlariga yana qanday omillar ta’sir qilmoqda?

Doriyush Rajabiyon: Albatta, og‘ir iqtisodiy ahvol asosiy sababchidir. Bundan tashqari omillar ham bor, ulardan biri sifatida mafkuraviy bo‘shliqni tilga olish mumkin. Uzoq yillar davomida muayyan bir mafkura bilan yashab kelgan xalqlar bu mafkura o‘zining dolzarbligini yo‘qotganidan keyin, sobiq Sho‘ro mamlakatlarida kommunistik mafkura bekor qilinganidan keyin, Tojikistonda ham, bu mafkuraviy bo‘shliq o‘rnini nimadir bilan to‘ldirish harakatlari boshlandi. Ayniqsa, buni yoshlar orasida sezish mumkin edi. Tojikistonda kommunizm inqirozidan keyin mafkura maydonida odamlarga nimanidir taqdim etmoqchi bo‘ldilar. Ammo buning uddasidan chiqilmadi. Shuning uchun ham bugungi Tojikiston sho‘rolar kelgunicha bo‘lgan bosqichga qaytayapti, deyish mumkin.

 

http://www.bbc.co.uk/uzbek/central_asia/2011/07/110726_cy_tajik_radicalisation.shtml

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: