Karimov bizga “jasorat” o‘qini otdi – ozodlik.org


Hozirda AQShning Arizona shtatida istiqomat qilayotgan Abdusalom akani 2005 yilda Qirg‘izistonning Jalolobod viloyatida andijonlik qochqinlar uchun barpo etilgan lagerda uchratgandik.

26.07.2011

Sherzod

2005 yilning 19 mayida Jaloloboddagi qochqinlar lagerida suratga olganimiz Abdusalom Abdurahmonovni Facebook orqali topishga muvaffaq bo‘ldik.

Bundan 6 yil muqaddam sodir bo‘lgan Andijon qirg‘inida 500 ga yaqin andijonlik Qirg‘izistonning O‘zbekiston bilan chegaradosh Jalolobod viloyatiga qochib o‘tgan. O‘sha paytdagi qirg‘iz hukumati Jalolobodda andijonlik qochqinlar uchun muvaqqat lager tashkil qilgandi. 2005 yilning 19 mayida fotomuxbir sifatida borib ko‘rganim qochqinlar lageri manzarasi hamon ko‘z oldimda.

Andijonlik qochqinlardan kimdir oftobda qolgan ayollar va bolalar uchun chodir qurayotibdi, qariyalar shifokor ko‘rigidan o‘tayotibdi, kimdir esa ovqatlanish bilan band.

Lager oralab yurarkanman, ariq bo‘yida kiyimlarini yuvayotgan bir kishiga ko‘zim tushdi. Oldiga yaqinlashib, uni suratga oldim. O‘sha paytlarda uning kimligini, nima ish qilishini ham bilmas edim. Yaqinda u kishini “Facebook” ijtimoiy tarmog‘i orqali topishga muvaffaq bo‘ldim. Kir yuvar akamiz asli andijonlik, hozir esa AQShda umrguzaronlik qilayotgan Abdusalom Abdurahmonov bo‘lib chiqdi.

– Men Andijon viloyati Jalolquduq tumanida istiqomat qilganman. Hozirgi kunda AQShning Arizona shtatida yashayman. 5 yildan beri Bultenikus shahrida “Frayz” magazinida ishlayman. Yoshim 41 ga ketayapti, – deydi asli andijonlik Abdusalom aka.

Suhbatdoshimiz Andijonda tadbirkorlik bilan shug‘ullanganini aytadi:

– Andijon viloyati Jalolquduq tumanida madaniyat istirohat bog‘ining boshqaruvchisi bo‘lganman.

Ozodlik: Nechanchi yillari?

– 2005 yildan oldingi yillari. 10 yildan beri qarovsiz yotgan bog‘ni o‘zimning mehnatim bilan, hech qanday hokimiyat yordamisiz madaniyat bog‘iga “Uchqun” deb nom berib, insonlar madaniy dam oladigan holatga olib kelganman. Andijondagi  23 tadbirkor uyushgan “Tadbirkor” fuqarolik jamiyati a’zosi bo‘lganman. Do‘stlarimga bo‘lgan adolatsizlik meni ham qattiq  ranjitgan. Tabiiyki, Andijondagi sud binosi oldida bo‘lganman, u erda adolatli hukm chiqishini talab qilganman. Lekin hukm adolatli bo‘lmadi. 13 may kuni bizni vahshiylarcha otib, Qirg‘izistonga quvib chiqardi, – deydi Abdusalom aka.

Hozir AQShning Arizona shtatida yashayotgan suhbatdoshimiz Qirg‘izistondagi 50 kunni andijonliklar qayg‘u, tashvish, shukrona kabi aralash tuyg‘ular og‘ushida o‘tkazganini eslaydi.

– Bizni oziq-ovqatlarimiz, hamma narsa bilan ta’minlab, bizga juda katta quvvat, yordam berdi Qirg‘iziston. Biz bundan minnatdormiz. Undan keyin Ruminiyaga ko‘chdik. Ruminiyada bir yil yurdik. Bir yildan keyin bizni o‘sha erda ro‘yxat bilan taqsimlab, har xil davlatlarga jo‘natdi.

Ozodlik: Abdusalom aka, siz bilan lagerda uchrashganimizda kiyimlaringizni yuvib o‘tirgandingiz…

– Eslayman, eslayman.

Ozodlik: Hozir qanday vaziyat, kiyimlaringizni hali ham o‘zingiz yuvayapsizmi?

– (kuladi) Mening oilam, bola-chaqam hozir O‘zbekistonda. Bu erda uylanib, bola-chaqali bo‘lganimiz yo‘q, lekin o‘zimizni o‘zimiz eplab yashayapmiz. Shart-sharoitlari yaxshi bu erning, kiyim yuvadigan kir mashinalari bor, kir quritadigani bor. Juda hayot yaxshi bu erda, O‘zbekistondaka hayotmas bu erda. Lekin oilamni sog‘indim, bola-chaqa sog‘inchi bor.

Ozodlik: Ular bilan gaplashib turibsizmi?

– Ha, albatta, aloqada bo‘lib gaplashib turamiz, moddiy yordam berib turamiz, telefonlashib, internet orqali ko‘rishib gaplashib turamiz, – deydi Abdusalom aka.

“Facebook” internet tarmog‘ining faol ishtirokchilardan biri bo‘lgan Abdusalom aka sahifasidagi o‘z suratlari ostiga “Men Karimov rejimiga qarshiman” degan so‘zlarni yozib qo‘yibdi. “Bunday deb yozishga menda asoslar etarli”, deydi suhbatdoshimiz.

– Chunki u xalqning jonidan to‘ydirdi. 90-yillarda Karimovning shunaqa gaplarini eshitganman: “O‘zbekistondan tadbirkorlar chiqadi, yoshlar chiqadi, men ularga kollejlar qurib beraman, men ularga jasorat medalimni taqib qo‘yaman, ularga hech kim tegolmaydi”, degan. Shu gapiga asosan bizdek tadbirkorlar chiqdi. Mana biz zavodlar, fabrikalar, chiroyli bir nonvoyxonalar, shunaqangi ishlab chiqarishlar boshladik. Va odamlarga ishlashga imkon yaratib, xalq uchun foydali katta ishlar qildik. Bizdek tadbirkorlarga umuman teskari munosabat qildi. Bizga jasorat medalini taqmadi, o‘zining jasorat o‘qini otdi. O‘zbekistondan quvib chiqardi. Shuning uchun men uning tuzumiga yuz foiz qarshiman, – deydi bundan olti yil muqaddam vatanini tark etishga majbur bo‘lgan andijonlik Abdusalom Abdurahmonov.

AQShdagi turmushi binoyidek ekanini aytgan Abdusalom aka ayni paytda O‘zbekistondagi mavjud ijtimoiy-siyosiy tuzum o‘zgargan taqdirda xursandchilik bilan yurtga qaytish orzusida yurganini yashirmaydi.

 

http://www.ozodlik.org/content/article/24277052.html

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: