Mushtlashuvda qo‘lga olinganlarning ko‘pchiligi Rossiyadan chiqarib yuboriladigan bo‘ldi. – ozodlik.org


Qozonda ushlanganlar haydaladi

25.07.2011

Umidbek

22 iyul, juma kuni Moskvadagi Qozon vokzalida mushtlashuv paytida qo‘lga olingan O‘zbekiston fuqarolari yaqin kunlarda Rossiyadan deportatsiya qilinadi. Voqea guvohlari ikki nafar mast o‘zbek muhojiri o‘rtasida vokzalda yuzaga kelgan janjal ommaviy mushtlashuvga aylanib ketganini aytishmoqda.

Moskvaning eng yirik vokzallaridan biri hisoblangan Qozon vokzalida o‘tgan juma kuni ommaviy mushtlashuvda ishtirok etgan 39 nafar o‘zbekistonlik qo‘lga olindi.

Mushtlashuv haqidagi xabarni Ozodlikka tasdiqlagan Moskva shahar Ichki ishlar boshqarmasi matbuot vakili Arkadiy Bashirovga ko‘ra, mushtlashuvda faqat muhojirlar ishtirok etgan. Lekin Bashirov ularning millati kim ekanini aniqlashtirmadi.

– Biz mushtlashuv bo‘lganligini tasdiqlaymiz. Juma kuni kechqurun soat 17:30 larda 30 yaqin odam o‘rtasida mushtlashuv bo‘ldi. Ularning barchasi MDH fuqarolaridir. Milliy mansubligi haqida sizga ortiqcha ma’lumot bera olmaymiz. Mushtlashayotganlar huquq-tartibot organlari xodimlari tomonidan tarqatib yuborilgan, ularning bir qismi hibsga olingan,- dedi Arkadiy Bashirov.

Moskva politsiyasi rasmiysi “MDH fuqarolari” mushtlashuv paytida pichoq va dubinkalardan foydalangani, lekin necha kishi jarohat olgani haqida ma’lumotga ega emasligini bildirdi.

Politsiya hodimlarining dastlabki taxminlariga ko‘ra, migrantlar o‘rtasidagi mushtlashuv yuk tashish, aravakashlik va hujjat sotish sohalarini o‘zaro qayta bo‘lib olish ustida chiqqan janjal bois mushtlashgan. Yana bir taxmin bo‘yicha, to‘polon o‘zbeklar nazorat qilayotgan avtobekatlardagi joylar uchun boshlanib ketgan.

Lekin Ozodlik bilan suhbatlashgan qo‘qonlik 22 yoshli Abdurahmonning aytishicha, to‘polon ikki kishining o‘zaro janjali ortidan kelib chiqqan.

– Bittasi ichib olgan ekan, kayfida urib tashlabdi. Xullas, bitta marg‘ilonlik surxandaryolikni urgan. Ertasi kuni o‘sha kaltak egan bola boshqa bollarni yig‘ib kelib ular bilan urush boshlagan-da. Shunday qilib urush-to‘polon boshlanib ketdi.

Abdurahmonning aytishicha, janjalni chiqargan yigitlar Qozon vokzalida turli ishlar bilan shug‘ullanib kelgan.

– Ular vokzalda dokument-pokument bilan shug‘ullanib yuradi. Hech kim lekin o‘lgani yo‘q, lat-pat egan bo‘lsa kerak. Mana 30-40 bola otdelenieda o‘tiribdi-da. Bitta jinnini orqasidan shuncha odam o‘tiribdi-da,- deydi Moskvaning Qozon vokzalida taksichilik qilib yurgan qo‘qonlik Abdurahmon.

Life News saytidagi videorolikda Uch vokzal maydonidagi ommaviy janjalda ishtirok etayotganlarning baqiriq-chaqirig‘idan ular o‘zbek ekanligini anglash mumkin.

Ozodlik bilan suhbatda bu ma’lumotni tasdiqlagan Rossiya Federal migratsiya xizmati rasmiy vakili Zalina Kornilovaga ko‘ra, qo‘lga olingan O‘zbekiston fuqarolarining barchasi deportatsiya qilinadi.

– Mushtlashganlar O‘zbekiston fuqarolari edi. Ularning 30 nafari O‘zbekiston fuqarosi, yana 9 nafari asli o‘zbekistonlik bo‘lgan Rossiya fuqarolaridir. Mushtlashgan O‘zbekiston fuqarolarini deportatsiya qilishga xujjatlar tayyor, ya’ni ular hujjatlari bor-yo‘qligidan qat’iy nazar mamlakatimizdan badarg‘a qilinadi. Rossiya juda mehmondo‘st, lekin jamoatchilik tinchligiga xavf tug‘dirayotganlarga bizning javobimiz qat’iy. Ular kelgusi o‘n kun ichida deportatsiya qilinadi,- deydi Zalina Kornilova.

Kornilovaning aytishicha, hibsga olinganlar hozirda xorijlik fuqarolarni vaqtincha ushlab turish markazida saqlanmoqda.

Moskvani Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan bog‘laydigan eng katta vokzallardan biri – Qozon vokzali nafaqat mahalliy politsiyaning bosh og‘rig‘iga aylangan.

Bu erdan kunu-tun o‘tayotgan minglab o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari vokzalda joylashib olgan bezori, firibgar, yo‘lto‘sar va tovlamachilardan anchadan buyon aziyat chekib kelmoqda, deydi mushtlashuvning bevosita guvohi bo‘lgan moskvalik huquq faoli Bahrom Hamroev.

– Men o‘sha kuni Kazanskiy vokzalda edim. Barchasi falshiviy dokument sotadiganlar bir-biri bilan urush qildi. Militsiyaga topshirish shulardan chiqadi, bir-birini mol-mulkini o‘g‘irlash shulardan chiqadi. Qozon vokzalini bilasizku o‘zingiz – qozonga o‘xshab qaynab turadi jinoyatchilardan… Rossiya hukumati buni juda yaxshi biladi. Lekin ular qulay vaziyatda bizning xalqimizni qoralashga ishlatadi. Oddiy mehnat migrantlari Qozon vokzaliga etib borganicha bir nechta militsiya xodimiga – xujjatlari joyida bo‘lsa ham – pul berishi kerak. Menga shu yuzasidan mehnat muhojirlarini  qilgan shikoyatini tekshirishga borganimda militsiya xodimlari menga tuhmat qilib “Militsiya xodimlarini haqorat qildi”, deb hatto jinoiy ish qo‘zg‘atgan. O‘zbekistondan yig‘ilgan jinoyatchilarning hammasi Qozon vokzalida yuradi! – deydi huquq faoli.

Bahrom Hamroevning aytishicha, Qozon vokzalida minglab o‘zbekistonliklarning asosiy qismi qalbaki xujjat tayyorlash va o‘g‘irlik bilan kun kechiradi.

– Qalbaki registratsiyalar, umuman hujjatlar, hatto qalbaki pasportlar sotiladi. Odamlarni aldab pullarini olish, firibgarlik bilan shug‘ullanadi. Hatto shunday holat bo‘lgan: vokzalda e’tibor berib qarasangiz, Toshkentga ketayotgan yoki kelayotgan poezdlardan tushayotganlar filtr orqali o‘tadi, hammaga pora berib chiqadi. O‘sha erda o‘tirgan o‘zbeklar yo‘llarini to‘sib olib hammani tekshirish bahonasida pul undirishadi. Yosh, baquvvat yigitlar! Ular biror boshqa joyda og‘ir ish bilan shug‘ullanmaydi.  Bularning hatti-harakati bizning xalqimizga qarshi bir ig‘voga o‘xshaydi! – deydi Rossiyadagi Markaziy Osiyolik siyosiy qochqinlar jamiyati prezidenti Bahrom Hamroev.

Moskva shahar Tergov qo‘mitasi 2011 yilning birinchi yarimiga oid e’lon qilgan hisobotida muhojirlar tomonidan sodir etilayotgan og‘ir jinoyatlar soni oshib borayotganiga e’tibor qaratilgan.

Rossiya Federal migratsiya xizmati ma’lumotiga ko‘ra, 2010 yilda Rossiyaga 5 millionga yaqin mehnat muhojiri kelgan. Ulardan 1,2 millioni – Uzbekistondan.

 

http://www.ozodlik.org/content/article/24276290.html

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: