G‘ozievlar oilasi Istanbulda hibsda qolmoqda – ozodlik.org


Turkiyadagi ‘Mazlumder’ tashkiloti G‘ozievlar oilasini advokat bilan ta’minladi.

25.07.2011

Mehribon

O‘zbekiston so‘roviga ko‘ra hibsga olingani aytilayotgan Shavkat G‘oziev Istanbuldagi Ota Turk xalqaro aeroportidagi hibsxonaning erkaklar qismida, uning rafiqasi Feruza G‘ozieva sakkiz oylik o‘g‘li Ismoil hamda qizlari 16 yoshli Durdona va 10 yoshli Mo‘binalar bilan birgalikda aeroportning ayollar hibsxonasida ushlab turilibdi.

Bu haqda Ozodlikka Shavkat G‘ozievning to‘ng‘iz qizi Durdona G‘ozieva ma’lum qildi.

– Dadamni erkaklar bilan birga qamab qo‘ygan. Biz ayollar bilan birga. Biz mana 5 kun bo‘ldi qamoqda o‘tiribmiz,- dedi Durdona G‘ozieva.

Asli qo‘qonlik va diniy motivlarda ayblanib qidiruvga berilgani aytilgan Shavkat G‘oziev, rafiqasi va uch farzandi bilan 21 iyul kuni Istanbuldagi Ota Turk aeroportida ushlangan va ushbu oilaning O‘zbekistonga deportatsiya qilinishi mumkinligi haqidagi xavotirlar paydo bo‘lgan edi.

Hibsga olish payti politsiya tomonidan kaltaklangani oqibatida qulog‘i yaxshi eshitmay qolganini aytgan Feruza G‘ozieva bilan uning qizi Durdona yordamida suhbatlashdik.

Feruza G‘ozievaga ko‘ra, Turkiya politsiyasi ularning O‘zbekistonga deportatsiya qilinishi haqida ogohlantirgan.

– “Ketasan, ketasan, deport, deport” deb yuribdi. Bilmayman endi. Bir narsalarga qo‘l qo‘ydirishdi. “Advokatsiz hech narsaga qo‘l qo‘ymaymiz” desak, majburlab qo‘l qo‘ydirishdi. Kecha kelib yana majburlab barmoq izimizni ham olishdi. Kecha yana bir nimaga qo‘l qo‘y, degan edi, men “Advokatsiz hech narsaga qo‘l qo‘ymayman” dedim. “Mana kuyoving qo‘l qo‘ygan. Sen ham qo‘l qo‘ygin” dedi. “Qani, men ko‘rsam bo‘ladimi shu qo‘l qo‘yganini?” desam,  “Mana qo‘l qo‘ydi” deb menga boshqa kishining imzosini ko‘rsatayapti. “Bu xo‘jayinimning imzosi emas. Men qo‘l qo‘ymayman” dedim. “Sen hech narsaga qo‘l qo‘ymasang, advokating ham kira olmaydi” dedi. “Mayli. Advokatsiz men qo‘l qo‘ymayman” deb hozir qo‘l qo‘ymay turibman. Advokat bor, uni kirgizishmayapti,- dedi Feruza G‘ozieva.

G‘ozievlar oilasining advokati Abdul Halim Yilmasga ko‘ra, G‘ozievlar oilasining hibsga olinganidan besh kun o‘tib unga oila a’zolari bilan uchrashishga ruxsat berilgan.

– Bugun menga advokat sifatida G‘ozievlar oilasi bilan uchrashishga rasman ruxsat berildi. Ayni paytda G‘ozievlar oilasi BMTning qochqinlar idorasiga qochqinlik maqomi so‘rab, iltijo maktubi yozishdi. Bu maktub rasman qabul qilindi. Hozirda ular rasman qochqinlik izlovchi maqomiga ega. Ayni paytda ularning keyingi taqdiri bo‘yicha Turkiya Ichki ishlar vazirligidan rasmiy ochiqlama kutayapmiz. Shuningdek, Anqara ularni O‘zbekistonga qaytarib yuborish yoki yubormaslik haqida eng so‘nggi qarorni beradi. Hozir biz ushbu qarorni kutayapmiz. O‘ylaymizki, ular Turkiyadan chiqarib yuborilmaydi,- deya ishonch bildirdi Abdul Halim Yilmas.

Turkiya politsiyasi dastlab Shavkat G‘ozievni muqaddam bu davlatga kelganlik va deportatsiya bo‘lganlikda gumon qilib, hibsga olganini aytgan, biroq keyinchalik ushbu oilaning O‘zbekiston so‘roviga ko‘ra ushlangani aytilib, ularni deportatsiya qilishga hozirlik ko‘rilayotgani haqida ma’lum qilingan edi.

Ozodlik tahririyatiga Shavkat G‘oziev nomidan kelgan maktubda aytilishicha, u ilk bor 1996 yilda O‘zbekistonni tark etgan akasi – Qo‘qon Jome’ masjidida mudarrislik qilgan Akmal G‘oziev vahhobiylik oqimiga aloqadorlikda ayblanib, qidiruvga berilgani ortidan hibsga olingan.

Akasining qaerda ekanini bilmagani bois o‘zining qiynoqqa solingani va oxir-oqibatda, 1999 yilning oktyabr oyida 3 yillik qamoqqa hukm qilinganini yozgan G‘oziev, 1 yil turmada o‘tirgani hamda katta pora evaziga qamoqdan chiqib, O‘zbekistonni tark etganini bildirgan.

Chimkentda 7 yil yashagan Shavkat G‘ozievga keyinchalik oilasi ham kelib birlashgan va yaqinda o‘zbekistonlik 29 qochqin O‘zbekistonga berib yuborilganidan so‘ng bu oila Turkiyaga ko‘chib o‘tishga majbur bo‘lganini aytmoqda.

 

http://www.ozodlik.org/content/article/24276230.html

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: