Tojik rasmiylari Xudoyberdiev tahdididan ogohlantirmoqda – ozodlik.org


20.07.2011

Gulnora Ravshan

Isyonchi polkovnik Mahmud Xudoyberdievning Tojikistonga hujum qilish ehtimoli bor.

Tojikiston ichki ishlar vaziri Abdurahim Qahhorov 20 iyul kuni Dushanbeda o‘tkazilgan matbuot anjumanida ana shunday bayonot berdi.

– Mahmudning Tojikistonga hujumi ehtimoldan yiroq emas. Chunki u bir marta bu ishni qildi. 2011 yil boshida So‘g‘d viloyatida aynan Mahmudning tarafdorlari uchta portlash uyushtirmoqchi bo‘lgandi. Ammo biz bu portlashlarning oldini ololdik. Shu holatlarni nazarga olgan holda, kuch tizimlari, jumladan, militsiyamiz shay holatga keltirilgan, xususan, O‘zbekiston bilan chegaradosh So‘g‘d viloyatida, – deya bildirdi ichki ishlar vaziri Abdurahim Qahhorov.

Tojikiston ichki ishlar vaziri bergan ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yil boshidan buyon Mahmud Xudoyberdiev tarafdorlaridan bo‘lgan 12 nafar shaxs ushlangan.

– Turli yo‘llar bilan respublika hududiga kirib kelgan Mahmud Xudoyberdiev odamlarining hammasi Tojikiston hududida qo‘lga olindi. Ayni paytda ularga nisbatan tergov davom etmoqda, – der ekan general Qahhorov qo‘lga olinganlar 2000 yilga qadar respublika hududida qator jinoyatlar sodir etganlikda gumonlanayotganini ham qo‘shimcha qildi.

Tojik rasmiylari Mahmud Xudoyberdiev O‘zbekiston hududidan boshpana topganini iddao qilib keladi. Biroq rasmiy Toshkent isyonchi polkovnikning O‘zbekistonda ekanini hali biror marta ham tasdiqlamagan va yo inkor ham qilmagan.

Avvalroq Tojikiston sobiq Bosh prokurori Bobojon Boboxonov o‘z idorasi Mahmud Xudoyberdievning ekstraditsiyasini so‘rab, bir necha marta O‘zbekistonga rasmiy murojaat qilganini va u tomondan hech qanday javob olinmaganini aytgandi.

Tojikistondagi ayrim mustaqil tahlilchilar fikricha, 2000 yillar boshidan buyon O‘zbekiston va Tojikiston munosabatlarining o‘nglanmayotganiga aynan Mahmud Xudoyberdievning O‘zbekiston hududida yashirinib yurgani sababdir.

Bugungi kunda ikki qo‘shni davlat o‘rtasidagi munosabatlar tobora sovuqlashishi ortidan, tahlilchilar mulohazasicha, Mahmud Xudoyberdievning Tojikiston xavfsizligiga tahdidlari ham kuchaymoqda.

Xavfsizlik sohasida mustaqil tahlilchi Abdullo Habibov Mahmud Xudoyberdievni O‘zbekistonning Tojikistonga nisbatan pishang omili sifatida ko‘radi.

– Mahmudning sohibi bor. O‘sha sohiblari uning qornini to‘yg‘azadi, harbiy mashg‘ulotlar uchun sharoit yaratadi, pul beradi. Mahmud mustaqil emas. U shunchaki buyruq bajaruvchi mashina. U Qozog‘iston yoki Qirg‘iziston erida emasligi hammaga ayon. Bordiyu, Tojikistonga biror tahdid tug‘ilsa, u albatta O‘zbekiston tomonidan bo‘ladi, bevosita Mahmud Xudoyberdiev tomonidan emas, – deya o‘z taxminlari bilan o‘rtoqlashadi mustaqil tahlilchi Abdullo Habibov.

Boshqa bir tahlilchi Saymuddin Do‘stov fikricha esa, isyonchi polkovnik Mahmud Xudoyberdiev O‘zbekiston va Tojikiston munosabatlariga soya solish uchun uchinchi kuchlar tomonidan tayyorlangan shaxsdir.

– Dushanbe, Toshkent va Rossiya ichkarisidagi uchinchi kuchlar Imomali Rahmon va Islom Karimov hukumatini ag‘darish maqsadida bu ikki mamlakatni harbiy nizoga tortishga urinib keladi. Ana shu maqsadda bu kuchlar Tojikiston uchun tashqi tahdid sanalmish Mahmud Xudoyberdievni  ishga solib, qulay fursatdan foydalanib qolmoqchi. Menimcha, biz eng avvalo ana shu uchinchi kuchlardan ehtiyot bo‘lishimiz lozim, – deydi mustaqil tahlilchi Saymuddin Do‘stov.

Polkovnik Mahmud Xudoyberdiev 1998 yilda Tojikistonda davlat to‘ntarishini amalga oshirishga uringan, biroq hukumat kuchlari tomonidan tor-mor qilingandi.

O‘tgan davr ichida Tojikistonda Xudoyberdiev guruhiga a’zolikda ayblangan yuzdan ortiq tojikistonlik turli muddatlarga ozodlikdan mahrum etildi va o‘shandan buyon e’lon qilingan o‘ndan ortiq amnistiyaga bu kishilarning birortasi tushmadi.

 

http://www.ozodlik.org/content/article/24271171.html

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: