Qirg‘izistonlik narkoqirol Abu Dabida ushlandi – ozodlik.org


Qator jinoyatlarda ayblangan Qamchi Ko‘lbaev Xalqaro politsiya (Interpol) yo‘nalishi orqali ham qidirilayotgandi.

21.07.2011

Sherzod

AQSh prezidenti tomonidan “Dunyodagi eng yirik narkoqirollar” qora ro‘yxatiga kiritilgan Qamchi Ko‘lbaev Birlashgan Arab Amirliklarida qo‘lga olindi.

Bu haqda Ozodlikka ma’lum qilgan Qirg‘iziston Ichki ishlar vazirining muovini Melis Turg‘anbaevga ko‘ra, Birlashgan Arab Amirliklari politsiyasi shu yilning 21 iyul kuni ertalab qirg‘izistonlik hamkasblariga “qonundagi o‘g‘ri” Qamchi Ko‘lbaev va uning o‘ng qo‘li sifatida talqin qilinuvchi Almanbet Anapiyaev qo‘lga olinganini ma’lum qilgan:

– Hozircha arablardan ma’lumotni og‘zaki shaklda telefon orqali olayapmiz, xolos. Bu haqda bizga hali rasmiy hujjat kelmadi. Lekin ikkalasi ham qo‘lga olingan, – dedi Melis Turg‘anbaev.

Vazir o‘rinbosarining aytishicha, Qamchi Ko‘lbaev va Almanbet Anapiyaev Birlashgan Arab Amirliklarida ham bir qator jinoyatlarda gumonlanayotgan bo‘lishi mumkin.

Norasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Qamchi Ko‘lbaevning Abu Dabidagi uyidan qalbaki hujjatlar va zargarlik do‘konidan yo‘qolgan qimmatbaho tilla buyumlar topilgan.

Biroq Qamchi Ko‘lbaevning advokati Ikramiddin Aytqulov o‘z himoyasidagi shaxsning uyidan zargarlik buyumlarining topilishi shunchaki uydirilgan ish bo‘lishi mumkinligini e’tibordan soqit qilmaydi.

– Men uning (Qamchi Ko‘lbaevning – tahr.) AQShda narkoqirollar qora ro‘yxatiga kiritilgani munosabati bilan Interpol yo‘nalishi bo‘yicha qo‘lga olinganini tasdiqlayman, biroq go‘yo uning uyidan topilgan qimmatbaho buyumlar haqida hozircha hech narsa deyolmayman. Ehtimol, bu shunchaki instsenirovkadir, – deydi advokat Ikramiddin Aytqulov 24.kg agentligiga bergan suhbatida.

Qamchi Ko‘lbaev Qirg‘izistonda uyushgan jinoyatchilikka qarshi urush e’lon qilingach va jinoyat olamining 200 ga yaqin a’zosi, jumladan, jinoiy guruhlar rahbarlari qamoqqa olingach, mamlakatni tark etgan edi.

Ayni paytda unga nisbatan Qirg‘izistonda jinoyat ishi ochilgan.

37 yoshli Qamchi Ko‘lboev 2006 yildan beri Qirg‘izistondagi uyushgan jinoiy guruhlarni boshqarib kelgani aytiladi.

Qirg‘iziston huquq-tartibot idoralari tarqatgan ma’lumotlarga ko‘ra, 2008 yilda Qirg‘iziston sobiq prezidenti Qurmonbek Bakiev narkotiklarni nazorat qilish agentligini tugatgan edi. Qirg‘iziston Ichki ishlar vazirining o‘rinbosari Melis Turg‘anbaev avvalroq Ozodlikka Qirg‘izistonda narkotiklar noqonuniy aylanmasi sobiq prezidentning ukasi Janish Bakiev va jinoiy guruhlar rahbarlari Qamchi Ko‘lbaev hamda Almanbet Anapiyaev nazoratida bo‘lganini aytgan.

Shu yilning 1 iyunida AQSh prezidenti Barak Obama qirg‘izistonlik Qamchi Ko‘lbaevni “narkotik qirollari” qora ro‘yxatiga kiritgani ma’lum qilingan.

Ayni paytda Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik xizmati ham Ko‘lbaevning AQSh qora ro‘yxatiga kiritilganini to‘g‘ri qaror sifatida baholaydi.

O‘tgan oy Qirg‘iziston milliy xavfsizlik xizmati rahbari Keneshbek Duyshebaev Qamchi Ko‘lbaev prezident Bakiev davrida uning oilasi bilan birgalikda giyohvand moddalar savdosi bilan shug‘ullangani va bu ishda u prezident oilasi himoyasida bo‘lganini aytgandi:

–  Bakievning davrida Qamchi Ko‘lbaev qamoqdan oqlanib chiqqandi. Bugungi kunda Qirg‘izistonda unga nisbatan jinoyat ishi ochilib, o‘zi qidiruvga berilgan. Uning narkoqirol ekaniga aniq dalillar bor, – degandi Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik xizmati rahbari Keneshbek Duyshebaev.

 

http://www.ozodlik.org/content/article/24272401.html

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: