Oliy Majlis Sh. Mirziyoev hisobotidan qoniqmadi – ozodlik.org


O‘zbekiston Bosh vaziri Shavkat Mirziyoev prezident Islom Karimov tashabbusi bilan Oliy Majlisga bergan ilk hisobotidayoq keskin tanqidga uchradi.

21.07.2011

Barno Anvar

O‘zbekiston Oliy Majlisi Bosh vazirning ilk hisobotidan to‘la qoniqmagani ifodalangan qo‘shma qarorni e’lon qildi.

O‘zA agentligi chop etgan qarorda, dastlab, Bosh vazir Shavkat Mirziyoev etakchiligidagi hukumat 2011 yilning dastlabki olti oyi davomida demokratik bozor islohotlarini amalga oshirish yo‘lida erishgan muvaffaqiyatlar sanalgan.

Jumladan, bozor iqtisodiyoti islohotlari huquqiy bazasini yaratish yo‘lida katta ish qilingani aytilgan va “Kredit axboroti almashinuvi to‘g‘risida”, “Raqobat to‘g‘risida”, “Tadbirkorlik faoliyati sohasidagi ruxsatnomalarni berish tartib-qoidasi to‘g‘risida”gi qonun loyihalari ishlab chiqilib, Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritilgani qayd etilgan.

Shuningdek, O‘zbekistonda kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish yo‘lida olti oy ichida 22 mingdan ortiq kichik korxona va 331 mingdan ortiq ishchi o‘rni yaratilgani aytilgan.

Ammo, qo‘shma qarorning asosiy qismi O‘zbekiston hukumati yo‘l qo‘ygan kamchiliklar va bajarolmagan vazifalarini sanab o‘tishga ajratilgan.

Xususan, “Bozor iqtisodiy islohotlari va mamlakatni modernizatsiya qilish yo‘lida yanada ilgarilab borish bo‘yicha hukumat tomonidan olib borilayotgan ish hozircha mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish kontseptsiyasida qo‘yilgan talablarga javob bermaydi, joriy yil uchun tasdiqlangan “Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik yili” Davlat dasturi esa belgilangan muddatlardan jiddiy ravishda orqada qolib amalga oshirilmoqda”, deyiladi qo‘shma qaror matnida.

Ayniqsa, davlat va nazorat organlarining tadbirkorlik sub’ektlari moliyaviy-xo‘jalik ishlariga noqonuniy ravishda aralashganiga oid holatlarga “toqat qilib bo‘lmasligi” tilga olingan.

Iqtisodni diversifikatsiya qilishga oid vaziyat esa “o‘ta jiddiy e’tibor” talab qilayotgani va bu sohada Navoiy issiqlik elektr stantsiyasi, “O‘zeltexsanoat”, “O‘zbekneftgaz”, “O‘zbekenergo”, “O‘zkimyosanoat” kabi shirkatlarning faoliyati talab darajasidan ortda qolayotgani “tashvishga sabab bo‘layotgani” ham ta’kidlangan.

Shu kabi yana ko‘plab xavotirli kamchiliklarni sanab o‘tgan Oliy Majlis o‘z qo‘shma qarorida Shavkat Mirziyoev etakchiligidagi hukumatning keyingi ishlariga oid qator tavsiyalarni kiritgan va bu tavsiyalarning aksariyatida O‘zbekiston ijroiya hokimiyati organlari zimmasiga yuklatilgan vazifalarning ijrosi ustidan keskin nazorat o‘rnatish zarurati borligi aytilgan.

Eslatamiz, shu yil 15 iyul kuni Bosh vazir mustaqil O‘zbekiston tarixida ilk bor Oliy Majlisning yalpi majlisi oldida hisobot berdi.

Bu O‘zbekiston prezidenti tashabbusi bilan 2010 yil noyabr oyida kiritilgan tashabbusga muvofiq O‘zbekistonda Konstitutsiyaning 78-moddasiga qo‘shimchalar kiritilganidan so‘ng sodir bo‘ldi.

Mazkur o‘zgartishlarga muvofiq, O‘zbekiston parlamentining quyi va yuqori palatalariga mamlakatdagi ijtimoiy-iqtisodiy dolzarb masalalar bo‘yicha Bosh vazir hisobotini eshitish va uni muhokama qilish vakolati berilgan edi.

Bosh vazir Shavkat Mirziyoev parlamentdagi ilk hisoboti tinglangan kezdayoq parlament deputatlari tomonidan tanqid qilingani xabar qilingan edi.

Jumladan, parlament deputatlaridan biri qator konkret masalalar, jumladan, har yili 1 millionga yaqin odamning ish bilan ta’minlanishi rasman aytilsada, aslida ishsizlik ko‘rsatkichining yuqori darajada qolayotganini bosh vazir yuziga solgan edi.

Oliy Majlisda bosh vazir hisobotini tinglagan senator Svetlana Ortiqova Ozodlikka Mirziyoevning deputatlar tomonidan tanqid qilinganini “Oliy Majlis a’zolari Bosh vazir hisobotlariga tanqidiy yondoshishga hamda uni so‘roqqa tutishga tayyor”ligi bilan izohlagan edi.

 

http://www.ozodlik.org/content/article/24272370.html

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: