O‘zbek hukumati zilzilada 13 inson halok bo‘lganini ma’lum qildi – bbc uzbek


20 iyul 2011

Rishton tumani qishloqlarida uylar devorlari qulab tushgan

O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligining ma’lumotiga ko‘ra, seshanba kuni soat 00.35da sodir bo‘lgan zilzilada Farg‘ona vodiysida 13 kishi halok bo‘lgan.

“Zilzila oqibatida Farg‘ona viloyatining Rishton, Bag‘dod va O‘zbekiston tumanlarida ayrim eski uy-joylarga shikast etgan. Buning oqibatida 13 nafar fuqaro halok bo‘lgan, jarohat olganlardan 86 nafariga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilib, ularning 35 nafari shifoxonalarga yotqizilgan,” deyiladi vazirlik tarqatgan ma’lumotda.

Toshkentdagi Zilzilashunoslik instituti labatoriyasi rahbari Ulfat Normatov Bi-bi-siga zilzilaning epitsentri Qirg‘izistondagi Botken tumani bo‘lganini ma’lum qildi.

“Er silkinishi parametrlari magnitudasi Rixter shkalasi bo‘yicha 6.3, er yuzidagi uning ta’siri epitsentrda 8 ball belgilangan. Chuqurligi 10 kilometr. Bu dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra. Zilzila o‘chog‘i Toshkentdan 231 kilometr masofada joylashgan,” dedi u.

Yaralangan aholi vakillari kasalxonalarga kelishmoqda

Avvalroq O‘zbekiston inson huquqlari himoyachilari tashabbus guruhining Farg‘ona viloyatidagi Rishton tumanida faoliyat yurituvchi xodimi zilzila oqibatida besh kishi hayotdan ko‘z yumganini xabar qilgan.

Nobud bo‘lganlarning biri Oltiariq tumanining Katput qishlog‘idan, qolgan to‘rt nafari Rishton tumanining Amirobod, Hurramobod va Qipchoq qishloqlaridan bo‘lishgani aytilgan.

Tashabbus guruhiga ko‘ra, qirqdan oshiq odam jarohat olgan, Rishton tumani markaziy kasalxonasining bolalar kardiologiyasi bo‘limi yaroqsiz holga kelib qolgan.

Rishton tumanining qishloqlarida bir necha uylar vayron bo‘lgan. Halmiyon qishlog‘idagi kollej tomi o‘pirilib tushgan.

Poliklinika va kasalxona xodimlari jarohat olgan aholi vakillariga tibbiy yordam ko‘rsatmoqda.

Zilziladan zarar ko‘rgan insonlar uchun markaziy kasalxona alohida uchta tez yordam mashinasini ajratgan.

O‘zbekiston hukumatiga tegishli uza.uz veb sahifasida O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimovning topshirig‘iga binoan respublika hukumati tomonidan tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etish, jabr ko‘rganlarga har tomonlama yordam ko‘rsatish bo‘yicha tezkor chora-tadbirlar amalga oshirilayotgani aytiladi.

Toshkentdagi vaziyat

Rishton tumanidagi bolalar kardiologiyasi bo‘limi binosi yaroqsiz holga kelgan

Toshkentda insoniy talafot haqida hech qanday xabar yo‘q.

Zilzilaning epitsentri Qirg‘izistonda, O‘zbekiston chegarasiga yaqin hududda, 10 chaqirim chuqurlikda bo‘lgan.

Bi-bi-si bilan suhbatda Toshkentning Eski shahar hududida yashovchi kishining aytishicha, bu safargi zilzila avvalgilaridan ancha kuchliroq bo‘lgani kuzatilgan.

“Tikka turgandim, tizzamga o‘tirib qoldim. Kamida 15 sekund qimirladi, tinchishning o‘rniga kuchayib bordi. Sakkizinchi etajda turamiz, dom omon qolganiga hayronman bunday zilziladan keyin. Odamlar ko‘chalarga yugurib chiqishdi, uxlab yotganlar ham turdi”, deydi u.

Uning aytishicha, ko‘plar zilzila haqida xabar olish uchun televizorlarini yoqishga uringanlar, biroq zilzila kuchidan “kabel’ kanallari o‘chib qolgan”. O‘zbekiston davlat kanallarida esa avvaldan tayyorlangan dasturlar davom etgan.

Yana bir toshkentlik fuqaro Bi-bi-siga zilzila juda kuchli va qo‘rqinchli bo‘lgani va tokchalardagi idishlar ag‘darilib singanini aytadi.

Zilzila “Tashkent” seysmostantsiyasiga binoan, Termezda 4 va Samarqandda 3 ballga teng bo‘lgan.

Qattiq zilzila Toshkent viloyatidagi Yangiyo‘l tumani aholisini ham uyg‘otib yuborgan. Bi-bi-si bilan tunda bog‘langan yangiyo‘llik tinglovchi er qimirlashi ortidan “yarim soatdan beri” ko‘chada o‘tirganini bildirdi.

“Xotinimni, bolalarimni olib yugurdik. Zilzila qattiqligidan beton devorlar chirsillab ovoz chiqardi,” deydi u.

 

http://www.bbc.co.uk/uzbek/uzbekistan/2011/07/110720_earthquake.shtml

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: