Amal, qurg‘ur, yomon ekan – yangidunyo.com


July 21, 2011

Tolib Yoqubov

yoxud

printsipsiz printsiplik

Davlat amali (lavozimi)dan farqli o‘laroq huquqbonlik tashkiloti rahbari bo‘lish amali insonga manfaatga qaraganda taqqoslab bo‘lmas darajada mashaqqat keltiradi. Agar bu inson mazkur amal, ya’ni huquqbonlik amaliga sodiq bo‘lsa, albatta. Nega? Sababi shunda-ki, huquqbonlik, ya’ni inson huquqlarini himoya qilish mohiyatan tabiblik (vrachlik)ning o‘zidir – har ikkalasi ham do‘stiga va dushmaniga birday e’tiborli bo‘lishi kerak: biri insonning huquqlarini himoya qilishda, ikkinchisi insonning sog‘lig‘ini tiklashda.

Sodiq bo‘lmasa-chi? Amal ba’zilarga bangi (narkotik)day ta’sir qiladi. Amalga «mingan» huquqbon ham, tabib ham ma’lum bir vaqtdan keyin o‘z kasbiga sodiqlikni yo‘qotganini va bosar-tusarini bilmay qolganini, ya’ni unda sifat o‘zgarishi paydo bo‘lganini ko‘rganmiz. Buni tasdiqlovchi misollar etarli. Shuning uchun misolni uzoqdan izlab emas, o‘z tashkilotimiz, O‘zbekiston Inson Huquqlari Jamiyati (O‘IHJ) misolida ko‘rsatsak ma’qul bo‘lar, deb o‘ylayman.

Frantsiyada tashkil etilgan va shu davlat ro‘yxatidan o‘tgan O‘IHJning 2009 yil 6 mayda Angers shahrida o‘tgan 1-Kongressida Abdujalil Boymatov mening tavsiyam bilan mazkur tashkilotning prezidenti lavozimiga saylandi. Bunga qadar u o‘z maqolasida o‘zining asosiy demokratik printsipini internet orqali e’lon qildi. Bu printsipga ko‘ra mamlakatda demokratiya shakllanishi uchun davlat rahbaridan tortib kichik bir tashkilot rahbarigacha o‘z o‘rnini vaqtida boshqa shaxsga bo‘shatib berishi shart ekan.

Abdujalil Boymatov ham misolni uzoqdan izlab o‘tirmadi. U o‘quvchi diqqatiga uch shaxs – davlat rahbari Islom Karimov, «Birlik» partiyasi rahbari Abdurahim Po‘latov va «Erk» partiyasi raisi Muhammad Solihni ro‘para qildi. Asosiy xulosa esa ushbu edi: «Bular demokrat emas, chunki ular 20 yildan beri o‘z lavozimlariga yopishib olib, uni boshqalarga bo‘shatib bermayaptilar». Vaqt o‘tgan sari uning maqolalarida dastlabki ikki shaxsning nomi kam ishlatiladigan, Abdujalil kamonidan otilgan o‘q negadir ko‘proq Muhammad Solihga tegadigan bo‘ldi.

Abdujalil Boymatovning publitsistik faoliyati bilan bir paytda yana bir «dolbzarb» mavzu paydo bo‘ldi. Uning mohiyati quyidagicha edi: «O‘zbekistonda davlat tepasiga dindorlar kelishiga yo‘l qo‘yish mumkin emas. Dindorlar davlat boshiga kelsa, ular O‘zbekistonda shariatga asoslangan davlat qurishadi va bizga o‘xshagan demokratik ruhdagi odamlarni o‘ldirishadi. Menga o‘xshagan odamlarni mamlakatga qo‘yishmaydi». Bu o‘ta sayoz iddaolar meni hayron qoldirar edi va men qo‘limdan kelguncha, bilim doiram etguncha unga xatolarini tushuntirar va misollar keltirar edim. Mas., avtoritar, nodemokratik Rossiyada «Moskva Xel’sinki Guruhi» nomli tashkilot bo‘lib, mashhur huquqbon Lyudmila Alekseeva bu tashkilotni 1996 yildan beri boshqarsa-da, hech kim uni nodemokratlikda ayblay olgan emas. Rossiyadagi har bir partiya safida mazkur partiyani bemalol boshqarib keta oladigan siyosatchilar etarli bo‘lsa-da, V.Jirinovskiy 1991 yildan beri «Rossiya liberal-demokratik partiyasi»ni boshqarib kelmoqda. Mustabid siyosiy tuzum shakllangan O‘zbekistonda vaziyat butkul boshqacha: aksariyat siyosiy va nosiyosiy tashkilotlarda uni boshqarayotgan liderdan boshqa shu vazifani uddalab keta oladigan odamni topish amrimaholdir.

O‘zbekiston kommunistik totalitar SSSRdan chiqqanini va mustaqillik yillarida ham mamlakatni shu totalitar g‘oya qon-qoniga singgan odam boshqarib kelayotganini hisobga olsak, Islom dini haqidagi vatanimizda shakllangan tasavvur diniy e’tiqodga chidamsiz bo‘lgan sovet propagandasining hosilidir. Shuning uchun ham «mustaqil» O‘zbekistonda asosan musulmonlar xibs qilinayotgani, misli ko‘rilmagan azoblarga solinayotgani va o‘ldirilayotgani bejiz emas.

Mavjud avtoritar hukumatga muxolif siyosatchilarni shiddat bilan tanqid qilayotgan Abdujalil Boymatov oddiy bir haqiqatni bilishi shart edi: o‘z hokimiyatini mustahkamlash uchun har qanday avtoritar (totalitar) tuzum ICHKI va TASHQI dushman izlaydi, agar u bo‘lmasa – uni o‘ylab topadi. Bu – har qanday avtoritar (totalitar) tuzum peshonasiga bosilgan muhrdir, siyosiy publitsistika bilan shug‘ullanayotgan Abdujalil Boymatov uni ko‘rishi lozim edi. Bilmasa va ko‘rmasa, bu siyosiy mavzuga aralashmasligi kerak edi. Bilsa va ko‘rsa, O‘zbekiston hukumati ICHKI va TASHQI dushman sifatida «Birlik» xalq harakatini ham, «Erk» partiyasini ham, huquqbonlik tashkilotlarini ham (garchi hukumat ularga qarshi «mardonavor» kurashgan bo‘lsa-da!) tanlamaganligini, dushman sifatida musulmonlarni tanlaganini tushunmasligini tasavvur etish qiyin, ya’ni, qishloqcha ibora bilan aytganda: «Mulla Jabbor, munda bir gap bor!».

Abdujalil Boymatov Frantsiyada tuzilgan O‘zbekiston Inson Huquqlari Jamiyatiga prezident etib saylangach, oramizdagi munosabat yomonlashishi mumkinligidan hech bir belgi yo‘q edi. U deyarli har kuni (ba’zan 2-3 marta) skayp orqali men bilan bog‘lanar edi. Boshida va bir muncha vaqt so‘hbatlarimiz turli mavzular, xususan tashkilotimiz faoliyatiga bag‘ishlanib turdi. Biroz vaqtdan keyin so‘hbatlarimiz boshqa maydonga ko‘chayotganini men seza boshladim: «Assalomualaykum»dan so‘ng Abdujalil Boymatov yuqorida aytib o‘tilgan ikki – «falonchalar demokrat emas» va «dindorlar O‘zbekistonda shariatni joriy qilmoqchi» – mavzuga urg‘u bera boshladi. Dastlab men bu masalalarga o‘zimning qarashlarimni bayon etib, o‘zining xatolariga diqqatini qaratar edim. Mas., men hatto: «Abdujalil, siz bu tanqidlaringizni bir marta «Ozodlik» radiosi orqali aytdingiz, bir necha maqolalaringizda yozib pozitsiyangizni bildirdingiz. Hadeb uni takrorlayversangiz, siz o‘zingizga dushman orttirishingiz mumkin, xolos» deyishgacha bordim. Ta’sir etmadi va men navbatdagi «so‘hbatlar»ni g‘azabimni ichimga yutib, jim turgan holda eshitib o‘tiradigan bo‘ldim. U ham natija bermagach, bir kuni: «Abdujalil, bu gaplaringizni men kecha ham, kechadan oldin ham eshitganman. Bu masalalar bo‘yicha men o‘z qarashlarimni sizga hisobsiz marta aytganman. Nima qilasiz yana takrorlab? Yaxshisi, siz o‘zingizga o‘xshagan bir odam topib oling va shu masalalarni istaganingizcha muhokama qilavering» dedim.

«Mashhur» siyosatchiga bu gap ta’sir qildi va u achchiq qilib bir necha kun jimib ketdi. Otasinikida erka o‘sgan oyimcha eriga: «Men kerak bo‘lmasam – qo‘yib yuboraqoling» deganiday, shundan so‘ng Abdujalil Boymatov «Meni prezidentlikdan olib tashlayvering, men ishlamayman» deya ko‘p martalab arazlash yo‘liga o‘tdi. Men esa: «Tashkilot mening shaxsiy yoki xususiy mulkim emas, sizni prezidentlikdan men olib tashlay olmayman; prezidentlikdan ketmoqchi bo‘lsangiz o‘rningizga odam izlang; tashkilotning ustavi bor va sizni prezidentlikdan Qurultoy bo‘shatadi» deyishdan charchamadim.

Jiddiy ixtilof nimadan chiqdi?

Bu savolga javob berish uchun O‘IHJ ustavi 7.9-moddasi (Prezident vakolatlari)ning 1-, va 4-qismlarini keltirish zarur. Mana ular:

– O‘IHJ nomidan faqat Prezident gapiradi va hujjatlar (xususan, bayonotlar, murojaatlar, Jamiyat hisobotlari)ni imzolaydi, hukumat bilan muloqot olib boradi; Prezident o‘z vakolatini bergandagina O‘IHJ nomidan uning boshqa a’zosi gapirishi mumkin;

– u [ya’ni, Prezident – T.Yo.] Kotibiyat va Rahbarlar Kengashi majlislari hamda Kongressga tayyorgarlik ishlarini tashkillashtiradi; (Iqtibos tugadi).

Ko‘rinib turibdi-ki, O‘IHJda prezidentga juda katta vakolat berilgan. Gap prezident bu vakolatni qanday bajarishidadir: aql bilan yaxshi, mukammal va toza bajarsa, bundan nafaqat tashkilotning, balki prezidentning o‘zining ham xalq orasida obro‘si oshadi. Prezident vazifasini qo‘l uchida, e’tiborsiz yoki – undan-da yomoni – soxtakorlik bilan bajarsa, u holda, tabiiy, 2-Kongressdan oldin yuzaga kelgan janjal va ko‘ngil xiralik kelib chiqishi mumkin, xolos.

Abdujalil Boymatov «O‘zbekiston Xalq Harakati» (O‘XH)ning ikki tadbiri, Dyussel’dorf va Berlin yig‘ilishlarida hatto kuzatuvchi bo‘lib ham qatnashmadi. Nega? Taklif qilinmadimi? Viza ololmadimi? Menga o‘xshash kasal-notavon edimi? Buning sabablarini Parvardigor va o‘zidan boshqa hech kim yaxshiroq bilmaydi, boshqalar esa, xususan men ham, o‘z fikrini bildirishi mumkin, xolos. Bu fikr mantiqli bo‘lsa, albatta. Mening fikrim ushbudir: Abdujalil Boymatov Germaniyaning bu shaharlarining hech bo‘lmaganda bittasiga borsa, uerda u so‘zsiz Muhammad Solih bilan to‘qnash kelishini bilar edi. Garchi Muhammad Solih shaxs sifatida ham, siyosatchi sifatida ham Abdujalil Boymatovdan nafaqat bir kalla, balki bir bo‘y yuqori tursa-da, u Abdujalil Boymatov darajasida pastga tushmas va unga e’tibor ham bermas edi, ya’ni unga qaramasdan yonidan o‘tib ketar edi. Abdujalil Boymatov yana bir narsani yaxshi bilgan: uning Muhammad Solih haqidagi iddaolaridan xabardor bo‘lgan odamlar bu ikki insonning yuzma-yuz uchrashuvida ular orasida munosabat qanday bo‘lishini kuzatishlari tabiiy edi! Xulosa: Abdujalil Boymatov Dyussel’dorf va Berlinga borishdan QO‘RQQAN!

O‘zbekistonda 20 yildan ortiq vaqt ichida shakllangan vaziyat, dunyoda sodir bo‘layotgan voqealarni hisobga olinganda O‘XHning tashkil etilishi, – uning taqdiri qanday bo‘lishidan qat’iy nazar, – mamlakatimiz tarixida yirik voqe’lik bo‘ldi. Buni hukumatning sarosimaga tushib qolganidan va hatto «Birdamlik» harakati rahbari Bahodir Chorievning g‘azabnok chiqishlaridan yaqqol sezish mumkin. O‘zini hurmat qilgan har qanday tashkilot bu voqe’likka o‘z munosabatini, – u ijobiy yoki salbiy bo‘lishidan qat’iy nazar, – yozma bayonot orqali bildirishi kerak.

Shuning uchun, O‘XH tashabbuskorlari menga telefon qilib murojaat qilishganda men: «Bu prezident vakolatiga kiradi, sizlar Abdujalil Boymatovga telefon qilinglar» dedim. Prezident esa ularga: «O‘XHni mening o‘zim qo‘llab-quvvatlayman, ammo unga tashkilotimiz qo‘shilmaydi» deb javob bergan. Agar Abdujalil Boymatov bu javobini yozma bayonot chiqarib bayon qilganda edi, biror inson uning mazkur qarorini qoralay olmas edi. Garchi tashkilot Frantsiyada tuzilgan va davlat ro‘yxatidan o‘tgan bo‘lsa-da, «O‘zbekiston Inson Huquqlari Jamiyati» nomli tashkilotni dunyodagi barcha yirik huquqbonlik tashkilotlari, BMT va uning Komitetlari, Evropa Ittifoqi, Evropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti, Evropa qayta qurish va taraqqiyot banki va boshqa nufuzli xalqaro tashkilotlar yaxshi tanir edi. Shunday tashkilotning rahbari og‘zaki bayonot tarix uchun saqlanmasligini, kelajakda kimning kimligini tadqiqodchilar va tarixchilar tashkilotning faqat qoldirilgan yozma hujjatlari asosida aniqlashlari mumkinligini bilmasligi yoki tushunmasligi mumkinmi?

2008 yili men tashkilotni Frantsiyada davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun harakat boshlaganimda, ustavni biz yashayotgan Angers shahrida faoliyat olib boruvchi “Inson huquqlari ligasi” nomli huquqbonlik tashkilotining prezidenti va xodimlari yozib berishdi. Ustavning 11-moddasi “Jamiyatning ichki reglamentatsiyasi” deb nomlangan bo‘lib, unda faqat quyidagi bitta jumla keltirilgan edi:

“Jamiyatning Kongress tomonidan tasdiqlangan ichki reglamentatsiyasi mazkur Ustavda qayd qilinmagan tashkiliy muammolari, protseduralari, faoliyati va boshqa jabhalariga tegishli jihatlarini aniqlaydi”.

Tashkilotning ichki reglamentatsiyasi bo‘lishi kerakligini men ilgari (Toshkentda) eshitgan ham emas edim. 1-Kongress uni mazmun bilan to‘ldirish (ya’ni, ichki reglamentatsiyani ishlab chiqish)ni vazifa qilib qo‘ydi. Men yana Liganing xodimlariga murojaat qildim va 2008 yil 18 sentyabrda uni ishlab chiqdik. Tashkilotda faqat ikkita rahbar bor edi, xolos: prezident va vitse-prezident (men). Shuning uchun, ichki reglamentatsiyada keltirilgan barcha vakolatlar Abdujalil Boymatov va mening oramizda taqsimlandi. Mas., ichki reglamentatsiyaning 11.5-moddasida keltirilgan vakolat-vazifa to‘liqligicha prezident zimmasiga yuklatilgan:

“Prezident o‘z vakolati tugashidan ikki oy ilgari navbatdagi Kongress o‘tkazilishi vaqtini e’lon qilishi, uni o‘tqazilishining tashkiliy masalalari bilan shug‘ullanuvchi Tashkiliy Qo‘mitani tuzishi va o‘z hisobotini a’zolarga tarqatishi lozim”;

1-Xulosa: Abdujalil Boymatov ustavning 7.9-moddasi 4-qismini, ya’ni tashkilotning 2-Kongressini prezident sifatida o‘zi o‘z vaqtida tashkillashtirishi kerakligini to‘liq buzdi.

2-Xulosa: Abdujalil Boymatov tashkilotning Ichki Reglamentatsiyasining 11.5-moddasini qo‘pol ravishda buzdi: 1) u 2-Kongress o‘tkazilishi, muddati va joyini e’lon qilgan emas; 2) Tashkiliy Qo‘mita tuzishda qatnashgan emas; 3) o‘z hisobotini tashkilot a’zolariga tarqatgan emas.

Men tashkilotning ichki reglamentatsiyasi ishlab chiqilganini Abdujalil Boymatovga o‘z vaqtida bildirdim, biroq u bunga tamoman befarq qaradi. Fikrimcha, ikki yil ichida prezident sifatida u tashkilot ustaviga deyarli qaramagan. Bunday iddao qilishimga menda asos bor: agar u ustavga har oyda hech bo‘lmaganda bir marta qaraganda edi, ustavning yuqorida keltirilgan 7.9-moddasining 4-qismiga ko‘ra tashkilotning navbatdagi Kongressini tashkil qilish prezident zimmasida ekanligiga e’tibor qilgan bo‘lar edi.

Oramizdagi ixtilof may oyining 23 kuni (O‘XHning Berlin Qurultoyi kunlari) yuzaga kelganini, ungacha munosabatimiz yaxshi bo‘lganini hisobga olsak, 1-Kongress o‘tgan 6 maydan 17 kun o‘tgandan keyin ham Abdujalil Boymatov 2-Kongressni o‘tkazish haqida bir og‘iz ham gap aytmagan holda, 23 maydan keyin u aloqani tamoman uzdi va shu sanadan keyin u men bilan birinchi bor 15 iyul’ kuni skayp orqali gaplashdi.

2-Kongressning qisqacha tafsiloti

Abdujalil Boymatov tashkilot ustavini qo‘pol buzgan holda 2-Kongressni tashkil qilishdan bosh tortgach, barcha tayyorgarlik ishlarini o‘zim qilishimga to‘g‘ri keldi. Ular quyidagilardan iborat bo‘ldi: (1) taklifnomalar tayyorlash va tarqatish; (2) Kongress o‘tadigan konferents-zalni gaplashish; (3) konferents-zalda skayp aloqasini o‘rnatish va uni ekranga proektsiyalashni tashkil qiladigan mutaxassisni topish; (4) Gulshan Qaraeva va Abduhamid Po‘latovning vizalarini to‘g‘rilash uchun Frantsiyaning O‘zbekiston va Sankt-Peterburgdagi Konsulliklariga hujjatlar tayyorlash; (5) bu ikki a’zomiz va kuzatuvchi sifatida kelayotgan Abdusalom Karimov hamda Shamsutdin Atamatovga mehmonxonadan joy bron’ qilish (va boshqalar).

Hazratqul Xudoyberdi, Gulshan Qaraeva va Shamsutdin Atamatovlar mashinada ikki soatga yaqin kechikib kelganlari sababli Kongress soat 12 da boshlandi. Konferents-zalga o‘rnatilgan internet-kabel’ kuchsizligi va shuning uchun skayp-aloqa konferentsiyani ko‘tara olmasligi tufayli onlayn-konferentsiya o‘tkazish imkonsiz bo‘ldi. Ba’zi a’zolarimiz, xususan Nasrullo Sayidov, Mamir Azimov, Bahodir Namozov, To‘lqin Qaraev, Tursunboy O‘tamurodov, Abdujalil Boymatov va boshqalar bilan telefon orqali bog‘lanib, har bir masalada ularning fikrini aniqladik.

Yig‘ilish boshida men Nodir Axatovning prezidentlikka Abdujalil Boymatovning nomzodini qo‘yish taklifini inobatga olish zarurligini aytib o‘tdim. Biroq, biz Abdujalil Boymatov bilan telefon orqali ulanib, undan hisobot berishni talab qilganimizda, u jahl bilan: “Sizlar uyushtirgan Kongress noqonuniy, men sizlarga hisobot bermayman” deb aloqani uzdi. Bu hatti-harakati bilan u: 1) tashkilotdan o‘zini o‘zi chiqardi (ruscha: samootstranenie); 2) ikki yillik faoliyati tamoman qoniqarsiz bo‘lganini tan oldi; 3) Kongress ishtiroqchilariga hurmatsizlik ko‘rsatdi; 4) nega Kongress noqonuniy deb hisoblashiga tushuntirish bermadi.

3-Xulosa: Abdujalil Boymatov o‘zini-o‘zi tashkilotdan chiqarib yuborish (ruscha: isklyuchenie) darajasiga olib bordi [Ustavning 6.6-moddasi: Chiqarish: Jamiyat Ustavini qo‘pol ravishda buzgan (… Jamiyat ustavi va ichki qoidalarini buzish, Jamiyatda aksilvijdon ishlash) har qanday a’zo O‘IHJdan chiqarilishi mumkin].

Abdujalil Boymatov amal uchun kurashda

2-Kongressdan keyin O‘IHJning 11 a’zosining ismi-sharifi qo‘yilgan va Abdujalil Boymatovni qo‘llab-quvvatlab yozilgan bir bayonot tarqatildi. Bir kun o‘tgach ularning uchtasi – Mamir Azimov, Lutfullo Shamsutdinov va To‘lqin Qaraev – bilan gaplashdim va ularning har biriga bitta savol bilan murojaat qildim: “Familiyangiz qo‘yilgan shu bayonotdan xabaringiz bormi?”. Ularning har biri “YO‘Q” deb javob berishdi. O‘z-o‘zidan ko‘rinadi-ki, amal uchun kurashda Abdujalil Boymatov o‘zi targ‘ibot qilayotgan printsipi – demokratik usullar bilan kurashishni emas, soxtakorlik, insonlar va safdoshlarga nisbatan hurmatsizlik yo‘lini tanlabdi.

Ikki yil Abdujalil Boymatov uchun bekorga o‘tmabdi – u Muhammad Solih, Abdurahim Po‘latov va Islom Karimov kabilarni “AMAL” deb ataluvchi kasalga chalingan deb tinimsiz tanqid qilib kelgan bo‘lsa-da, shu ikki yil ichida o‘zi ayni kasalga yo‘liqibdi. Amal, qurg‘ur, yomon narsa-da! Amal har qanday demokratik ustavning har qanday moddasini unutishga, unga har zamonda bo‘lsa ham bir qarab qo‘yishga to‘sqinlik qiladigan, unga amal qilmaslikka undaydigan narkotik moddadir. Buni Abdujalil Boymatov o‘zida sinab ko‘rdi.

Ba’zilar: “Abdujalil Boymatov O‘IHJni bo‘lib yuboradi, boshqa tashkilot tuzadi va Nosir Zokirga o‘xshaganlarni o‘z tomoniga tortadi” deyishmoqda. Aytishim kerak-ki, Islom Karimov hukumati O‘IHJning ko‘plab a’zolarini qamoqqa tashladi, Shavriq Ro‘zimurodovni o‘ldirdi, biroq O‘IHJni yo‘q qila olmadi. O‘IHJni yo‘q qilishga o‘z vaqtida Marat Zohidov, Mixail Ardzinov, Vasila Inoyatova, Surat Ikromov, Suxrob Ismoilov, Samad Mallaevlar urinishgan va hatto “O‘IHJ yo‘q bo‘lib ketdi” deb qayta va qayta yozishdi. Abdujalil Boymatov shu shaxslar qatoridan o‘ziga joy qidirayotgan bo‘lsa, marhamat, boshlayversin bo‘lishni!

 

http://yangidunyo.com/?p=21135

One Comment to “Amal, qurg‘ur, yomon ekan – yangidunyo.com”

  1. ASSALOMU ALAYKUM! “YANGIDUNYO” SAYTI KIMLARGADIR IZOH QOLDIRISHNI CHEGARALAGAN KO`RINADI, NECHA KUNDAN BUYON SHUNING UDDASIDAN CHIQA OLMADIM. ILTIMOS, KIMDIR “YANGIDUNYO” SAYTIGA KIRIB, MENING QUYIDAGI YOZMAMNI, “Абдужалил Бойматовнинг навбатдаги тутуруқсиз мақоласи” QUYISIGA IZOH SIFATIDA JOYLASA… JONKUYARLIGINGIZ UCHUN OLDINDAN RAHMATLAR AYTIB, MUHRIDDIN

    Bir podsho tush ko`ribdi. Tushida o`ttiz ikki tishi to`kilib ketgan ekan. Kayfiyati buzilib ulamolarini chaqiribdi. Podshoh gapini tugatar- tugatmas, bir ulamo shartta: “Shohim, hamma qarindoshlaringiz o`lib ketib, faqat siz tirik qolar ekansiz!” debdi. Jahli chiqqan podsho: “Jallod!!!” deya baqiribdi va ulamoning boshini tanidan judo qilishga buyuribdi. Oqilroq ulamo joyidan turibdi va debdi” “Shohim, Siz barcha qarindoshlaringizga nisbatan uzoqroq umr ko`rarkansiz!” Hursand bo`lgan shoh g`aznachini chaqiribdi. Bir xil ta`birni ikki xilda aytgan ikki ulamoning biri o`lim topibdi. Ikkinchisi esa ham mukofot olibdi, ham mazhabdoshlarini podshoh qahridan qutqaribdi…
    Tolib aka rahbarlikka qobiliyatli, ajoyib tashviqotchi yahshi notiq va ajoyib suhbatdosh: — Gapni topib so`zlaydi. Men uning boshqa ko`p jihatlariga qoyil qolganman.
    Bir voqea hech yodimdan chiqmaydi. Smarqand viloyatida bir boyvachchaning tuhmati tufayli qamatilgan va uning buyrug`i bilan mirshablar tomonidan kaltaklab o`ldirilgan yosh yigitning monitoringida hamroh bo`ldim. Tolib aka marhumning ota-onasi, qarindoshlari, do`stlari bilan suhbatlashdi, lekin birontasining gapini yozib olmadi, qog`oz qoralamadi. Qaytayotganimda men buning sababini so`radim. U savolimga kuldida, mendan marhumning akasining ismini so`radi. Eslolmadim. Yigitning asosiy raqibining ismini so`radi. Yana aytolmadim. U esa barcha suhbatlashgan odamlarning ismi-sha`riflarini gapirgan gaplarigacha aytib berdi…
    Tolib akaning insonga baho berishda layoqatli ekanligini Vasila Inoyatova, Mixail Arzinov, Marat Zohidov,…lar bilan uchrashganimda bilganman. Lekin, u,jamiyat rahbarligini topshirishda A. Boymatovning ojiz jihatlari bilan hizoblashmagan. A. Boymatov kurashchan, dovyurak huquqbon. Lekin, yaxshi suhbatdosh emas va ochig`i yomon tashviqotchi. U o`z g`oyasini suhbatdoshiga singdirishni ma`qul ko`radi. Lekin, bir mavzuni bir kun, ikki kun, uch kun… takrorlayverib odamni zeriktirayotganini his qilmaydi. U agar minbardan gapirsa, nutqi Karimovnikidanda zerikarli bo`lardi. U agar biron shohning ulamosi bo`lganida allaqachon boshidan ayrilardi. (Jinday hazil aralashtirganim uchun uzr so`rayman).
    Abdumannop Po`latov asos solgan O`zbekiston IHJning mavqei Tolib Yoqubov miqyosida yuksak bo`lib keldi. Jaydariroq tabir etsak O`IHJ T. Yoqubov rahbarligida hukumatnining paytavasiga qurt solgan pallalar ko`p bo`ldi. Shular va ustozning bu jarayondagi salmoqli ishlari hurmati (menimcha uni ko`p huquqbonlar o`ziga ustoz sanaydi). A. Boymatov vaziyatni bunchalik chigallashtirib yubormasligi kerak edi. Tolib akani suhbati mavzusi zeriktirayotganini sezmy, uni jig`ibiyron qilishgacha olib kelgan ekan, uning tanqididan arazlab qolmasligi kerak edi. Afsuski, A. Boymatovni “dol” qila olgan bu bir og`iz o`rinli dashnom katta ko`ngilsizlikka sabab bo`ldi.
    Tolib Yoqubov bir vaqtlar Jizzax viloyati, shahri va tumanlari rahbarlari, deputatlari, mirshablar va SNBichniklar qurshovidan, ularning fitnasini pisand qilmay aytadigan gapini ayta olib, g`olib chiqqani voqelikka ustoz tomonidan bo`lgan shu birgina dashnomni qurbon qilivorsa arzirdi. Bu erda Abdujalil Boymatov mard bolib “Men: “Ol lavozimingni”,-deb aytgandim!” devorsa hali ham olam guliston.
    Amaldagi president chekingach Tolib aka O`IHJ taqdirida nimadir qilgan ekan, buni uning jamiyatga nisbatan jonkuyarligida, deb qarash lozim.
    Yangi tashkil etilgan O`XH esa muholifatning uzoq yillik armoni edi. Tolib aka o`z izdoshlarini yangi harakatni qo`llab-quvatlashga chaqiribdi. U O`IHJ ning vitse presidenti sifatida amaldagi prezidentning harakatsizligi ortidan , bu erda nimadir qilishga haddi sig`ibdi, shu inson sha`nini `ag`dar-to`ntar qilishga arzigulik voqeami?!!!
    OXH bobida A. Boymatov katta voqelik salmog`ini o`jarlikdan ustunroq qo`ysa yaxshi bo`lardi, chunki, o`zbek muholifatining birlashishi uning ham armoni edi. Tag`in u muholifat rahbariyatining tanqidga chidolmaslik, kechirimli emasligi nuqsonlari bobida ham doimo gapirardi, endiu o`sha gaplarga o`zi amal qilish vaziyati tug`ildi: Buning uchun u Tolib aka bilan uzoq yillik qadrdon ekanligini, boshga ish tushganda bir-biriga suyanch bo`lganligini, musofirlik nonini birga yeganligini, ustozi ekanligini, yohud ko`p jarayonlarda Tolib aka eng yaqin maslahatlar berganligini eslashning o`zi kifoya. G`imirlab qolgan g`alamislarning ko`zini kuydirib, yarashivorsangizlar, Yarash oshining masallig`I bizdan.

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: