Rossiyada noqonuniy muhojirlarga qarshi qonun imzolandi – ozodlik.org


Rossiyadagi mardikorlarning katta qismini o‘zbekistonliklar tashkil qiladi va ularning millionlari yangi qonundan tashqarida qolishlari mumkin.

19.07.2011

Umidbek

18 iyul kuni Rossiya Prezidenti Dmitriy Medvedev noqonuniy migratsiyaga qarshi qonunni imzoladi. Markaziy Osiyo mamlakatlaridan kelayotgan mehnat muhojirlari oqimini nazorat ostiga olishga qaratilgan bu qonun Bojxona ittifoqi mamlakatlari doirasida ichki migratsiyani rag‘batlantirishga qaratilganligi aytilmoqda.

“Uchinchi mamlakatlardan noqonuniy mehnat migratsiyasi oqimiga qarshi kurash bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risidagi Kelishuv ratifikatsiyasi to‘g‘risida” deb nomlangan qonun Rossiya Federatsiyasi, Qozog‘iston va Belarus o‘rtasida kuchga kirgan Bojxona ittifoqi doirasida uchinchi mamlakatlardan kelayotgan noqonuniy mehnat muhojirligiga qarshi kurashning huquqiy asoslarini yaratishga qaratilgan, deyiladi Kreml matbuot xabarida.

Qonunga binoan, qisqa muddat ichida Rossiyadan noqonuniy mehnat muhojirlarini deportatsiya qilishning yangi sxemalari ishlab chiqiladi, Bojxona ittifoqiga a’zo davlatlarda barcha migrantlar ro‘yxatga olinadi va noqonuniylari deportatsiya qilinadi, deydi Ozodlik bilan suhbatda “Migratsiya – 21 asr“ tashkiloti eksperti Natal’ya Vlasova.

– Bu kelishuv doirasida turli mamlakatlarning migratsiya tizimlari o‘rtasida aloqalar kuchaytiriladi va noqonuniy migrantlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni operativ tarzda almashish, ularni qaydga olish imkoniyati vujudga keladi. So‘zsiz, buning barchasi noqonuniy muhojirlar sonini kamaytirishga qaratilgan va bundan buyon bu hodisaga qarshi kurash avj olib boradi. Lekin migratsiya xizmatlarining asosiy maqsadi noqonuniy tarzda mehnat qilgani kelayotganlarni Bojxona ittifoqi chegarasidan o‘tkazmaslikdan iborat bo‘lishi kerak, deb o‘ylayman,- deydi Natal’ya Vlasova.

“Rossiyada rasman 5 million noqonuniy mehnat muhojiri borligi aytilayotgan bir damda bunday qonunlar juda zarur”, deya qo‘shimcha qiladi u.

Prezident Medvedev Rossiya, Belarus va Qozog‘iston mamlakatlari fuqarolarining Bojxona ittifoqi doirasida erkin ko‘chib yurish va mehnat qilish huquqini ta’minlovchi “Mehnat muhojirlari va oila a’zolarining huquqiy maqomi to‘g‘risidagi kelishuv ratifikatsiyasi to‘g‘risida”, deb nomlangan yana bir qonunni ham imzoladi.

Shu tariqa Bojxona ittifoqi mamlakatlari mehnat migratsiyasini legallashtirishga va noqonuniy mehnatdan foydalanuvchi shirkatlarga qarshi qaratilgan huquqiy chora-tadbirlarni amalga oshirishga kirishganga o‘xshaydi.

Rossiya prezidenti rasmiy saytidan olingan ma’lumotga ko‘ra, “Uchinchi mamlakatlardan noqonuniy mehnat migratsiyasi oqimiga qarshi kurash bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risidagi Kelishuv ratifikatsiyasi to‘g‘risida”gi qonunda “noqonuniy mehnat migratsiyasiga oid statistik, ilmiy-amaliy va boshqa ma’lumotlar almashinuvi ko‘zda tutilgan”. Kelishuv doirasidagi amaliyotlar Bojxona ittifoqi byudjeti hisobiga amalga oshirilishi belgilangan.

Shuningdek, Bojxona ittifoqining maxsus xizmatlari tomonidan noqonuniy mehnat muhojirlari ma’lumotlar bazasi yaratiladi.

Bu choralar etarli darajada samara berishiga ishonmasligini aytgan Rossiya Migrantlari federatsiyasi prezidenti Muhammad Amin Ma’jumdor birinchi navbatda migratsiyani nazorat qiluvchi tizimni isloh qilish zarurligini ta’kidlaydi.

– Bunday hujjatlar va bayonotlarga qaramasdan, Rossiyada mehnat muhojirlariga ehtiyoj bor. Migratsiya oqimi faqat oshib boradi. Migrantlarni legallashtirish, ya’ni ularga amnistiya e’lon qilish zarur. Eng avvalo korruptsiyaga qarshi kurashni kuchaytirish kerak. Bugungi kunda muhojirlar allaqanday firmalar orqaligina rasmiy xujjatlarga ega bo‘lmoqda. Shu sababli Migratsiya xizmati va militsiya tomonidan boshqarilayotgan qalbaki xujjat tayyorlovchi shirkatlar ko‘paymoqda. Hukumatlar byurokratik tizimga qarshi kurashni kuchaytirishi kerak, deb o‘ylayman. Migrant aslida legal tarzda ishlashga tayyor, unga sharoit yaratish kerak, xolos,- deydi Ozodlik bilan suhbatda Rossiya Migrantlari federatsiyasi rahbari Muhammad Amin Ma’jumdor.

Bojxona ittifoqi ishtirokchilari uchinchi mamlakatlardan noqonuniy mehnat migratsiyasi oqimiga qarshi kurash bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risidagi kelishuvni 2010 yilning noyabrida Sankt-Peterburgda imzolagan.

28 iyun kuni Rossiya Davlat Dumasida bunga oid Federal qonun qabul qilgan, 6 iyul kuni esa bu qonun Federatsiya Kengashi tasdig‘idan o‘tgan edi.

 

http://www.ozodlik.org/content/article/24270273.html

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: