Ozariy ofitserlari korruptsiyadan shikoyat qildi – ozodlik.org


Ozariy armiyasining bir yillik byudjeti 3 milliard dollardan oshiqroqdir.

19.07.2011

Ozarbayjon armiyasining uch ofitseri Youtube.com portali orqali prezident Ilhom Alievga videomurojaat yo‘llashdi.

Ozarbayjon armiyasining uch ofitseri – kapitan Ramin Qosimov, leytenant Asgar Asgarov va uorrent-ofitser Shahlar Rizaev Youtube.com portali orqali o‘tgan oy mamlakat prezidenti Ilhom Alievga videomurojaat yo‘lladilar.

O‘z murojaatida ofitserlar Ozarbayjon qurolli kuchlari ichidagi korruptsiya va davlat mulkini talon-taroj qilishlik hollariga alohida e’tibor qaratilishini so‘radilar. O‘z da’volariga dalil sifatida ular harbiy baraklarning ofitserlar mablag‘i hisobidan ta’mirlanayotgani, harbiy transport vositalari uchun ehtiyot qismlar sotib olishga ham ofitserlardan pul talab qilinayotganini keltirdilar.

Bu videomurojaatga munosabat bildirgan Ozarbayjon Mudofaa vazirligi, hozirda unda qo‘yilgan ayblarning taftish qilinayotganini bildirish bilan cheklandi, xolos.

Ayni paytda, Ozarbayjon jamotchiligi va mustaqil kuzatuvchilarni armiyadagi korruptsiya haqida prezidentga murojaat qilishga botingan uch oddiy ofitser taqdiri xavotirga solmoqda.

Bakudagi Doktrina harbiy tadqiqot markazi rahbari Jasur Sumerenlining Ozodlikka aytishicha, ofitserlar shikoyatida keltirilgan holatlar qolib, ularning o‘ziga qarshi jinoiy ish ochilish ehtimoli balandroqdir.

Zotan, Mudofaa vazirligi matbuot xizmati rahbari Vagif Mammadov, prezidentga murojaat qilgan ofitserlardan biri Ramin Qosimovga qarshi o‘z nazoratidagi ikki askarga jismoniy shikast etkizganlik aybi bilan tergov jarayoni boshlanganini bildirdi.

O‘z bayonotida Mudofaa vazirligi rasmiysi, kapitan Qosimovni o‘z qo‘l ostidagilarni prezidentga murojaatga qo‘shilishga majburlaganlikda ham aybladi.

– Leytenant Asgar Asgarov va uorrent-ofitser Shahlar Rizaevlar faqat Qosimovning buyrug‘iga bo‘ysunishgan. Ular nima bo‘layotganini tushunib ham etmagan, dedi Mudofaa vazirligi rasmiysi jurnalistlar bilan uchrashuv chog‘ida.

Ozarbayjondagi mustaqil nashrlarning bildirishicha, prezident Ilhom Alievga murojaat qilgan uchala ofitser yaqinlariga nisbatan tazyiqlar boshlangan, ammo Mudofaa vazirligi bunday xabarlarni inkor etdi.

Uch ozariy ofitserining videomurojaati, tahlilchilarga ko‘ra, Ozarbayjon armiyasida surunkali kasalga aylangan korruptsiya va noqonuniy hatti-harakatlarning naqadar keng ko‘lamli hodisaga aylanganidan berilgan jiddiy ogohlantiruvdir.

Yillik byudjeti 3 milliard 300 million AQSh dollari bo‘lgan ozariy armiyasida hukumat sarf-xarajatlarining 20 foizidan ko‘prog‘ini tashkil qiluvchi shuncha pulning qayga ketayotgani ustidan risoladagiday nazorat yo‘q, deydi ozarbayjonlik harbiy tahlilchi Jasur Sumerinli Ozodlik bilan suhbatda.

– Mamlakat harbiy xarajatlari yildan-yilga oshib bormoqda, ammo ular mutlaqo ijtimoiy sohaga yo‘naltirilmasdan qolmoqda. Xalqaro standartlarga ko‘ra, harbiy xarajatlarning kamida 30 foizi askarlarning kiyim-kechagi, ovqati va oyligiga sarflanishi lozim. Ijtimoiy muhofazaga asoslangan armiyalarda, bu xarajatlar 40-50 foizgacha boradi. Ammo ozariy armiyasida bu bor-yo‘q 10 foizga etar-etmasdir, deydi Sumerinli.

Joriy yil boshida prezident Ilhom Aliev davlat tizimlaridagi poraxo‘rlikka qarshi keng ko‘lamli kurash boshlanganini e’lon qildi; bu tashabbusdan so‘ng mamlakatdagi har bir idora korruptsiyaga qarshi kurash yo‘riqnomalarini ishlab chiqdi. Mudofaa vazirligi esa, bu tashabbusga qo‘shilmadi ham.

Bugun Ozarbayjon armiyasiga ajratilayotgan ulkan mablag‘ning qayga ketayotganini nazorat qiluvchi biror tizim yo‘q va shu bois hukumat uch ofitser videomurojaatidan katta miqdordagi talon-tarojlikni to‘xtatish uchun asos sifatida foydalanishi lozim, deydi Doktrina harbiy tadqiqot markazi rahbari.

Markazi Berlinda joylashgan Transprency International tashkilotinign 2010 yilgi xulosasiga ko‘ra, korruptsiya darajasi jihatdan Ozarbayjon dunyodagi 178 davlat ro‘yxatining 134-pog‘onasiga, ya’ni korruptsiya keng ildiz otgan mamlakatlar safiga qo‘yildi.

 

http://www.ozodlik.org/content/article/24269602.html

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: