O‘zbekiston tarixidagi ilk mustaqil nashr – ponauz.com


Yanv 15th, 2011

Bundan 20 yil muqaddam O‘zbekistonda ilk erkin matbuot nashri o‘laroq “Munosabat” gazetasi tashkil etilgan edi. Mazkur gazeta asoschisi Faxriddin Xudoyqulovdan Ponauz.com sayti uchun eksklyuziv interv’yu oldik.

Ponauz.com: Saytimiz o‘quvchilari 90 yillarning boshlaridagi erkin matbaachilik harakatlar haqida juda kam narsa bilishadi. Hammasi qanday boshlangan edi, bu g‘oya nimadan iborat edi?

Faxriddin Xudoyqulov: 90-yillarda hammamizni xabarimiz bor butun eski Sovet ittifoqida demokratik harakatlar, matbuotlar rivojlanishni boshladi. Ammo O‘rta Osiyo davlatlarida ushbu jarayon sustlik bilan borar edi. 1987 yildan 1990 yilgacha men “Birlik” gazetasini o‘sha paytda “samizdat” qo‘lda nashr etib turganman. Keyin esa, 1989 yilda “Birlik” bo‘lingan bizda erkin matbuot yaratish fikri paydo bo‘ldi. Bu ilgaridan fikrimizda, hayolimizda bor narsa edi, lekin uzoq bo‘lib qo‘rinar edi. Bunda bizga eski Sovetlar xukumatini o‘zi yordam berdi. “Matbuot erkinligi haqida” qonun qabul qilishdi. Qonun 90-yilning boshlarida Oliy kengashga kelib tushdi. Bu qonun ko‘mita, komissiyalardan o‘tib, avgust oyida kuchga kirdi. Avgust oyining boshida men Moskvadan “Munosabat” gazetasini erkin nashr sifatida ro‘yxatdan o‘tkazib keldim.

Bu vaqtlarda shu “Birlik” gazetasida biz bilan yaqin hamkorlik kilgan do‘stlarimiz, ukalarimiz tabiyiki bu “Munosabat”da ham o‘zlarini xissalarini qo‘shishdi.

Misol keltiradigan bo‘lsak, birinchi o‘rinda Qudrat Bobojonov. “Birlik” gazetasida ham birga ishlab, gazetani birga chiqarganmiz. Keyinchalik “Munosabat” gazetasi uchun men qanchalik jon kuydirgan bo‘lsam Qudrat Bobojonov ham shunchalik jon kuydirdi. Quramjon Matmurodov ismli Xorazmlik rassom yigitimiz bor edi. Gazetamizni birinchi sonida chiqqan bo‘rini rasmi ham Quramboyni qalamiga oid.

Asosan birgalikda uch kishi gazetani ro‘yxatdan o‘tgandan keyin suyagini tuzishga kirishdik. Hozir butun tafsilotlari yodimda bo‘lmasa kerak. Ammo o‘shanda Moskvadan ro‘yxatdan o‘tgandan keyin gazetani O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tkazish uchun yuridik shaxs maqomi lozim edi. U paytda gazetani alohida yuridik maqomi qilib ochish uchun qonun yo‘q edi. Natijada do‘stimiz O‘sarbekdan yordam so‘radim. Chunki “O‘sarfil’m” nomi o‘sha paytda juda mashxur edi. O‘sarbek bizga yordam qo‘lini cho‘zib, gazetani hujjatlarini rasmilashtirishda yaqindan yordam berdi.

Gazetaning birinchi yuridik maqomini olgan joyimiz “O‘sarfil’m”dir. Undan keyin ishlarimiz ancha yurishib ketdi. Yugir-yugirlar ko‘payib ketdi. Gazetani Moskvadan ro‘yxatdan o‘tkazgandan keyin boshqa xal etilishi kerak bo‘lgan yuridik tomonlar ham mavjud edi. Butun Sovetlar ittifoqining matbuot katalogiga kiritish uchun Moskvada ancha sarson bo‘ldik. “Soyuzpechat’” degan tashkilot bor edi.

Butunittifoq matbuot nashrlarini sotish bilan shug‘ullanar edi. Keyin esa SSSR pochta boshqarmasi bilan ham shartnoma tuzdik. Obuna kataloglarining ro‘yxatigacha gazetamizni kiritganmiz. Keyin O‘zbekistonga kelib mahalliy “Soyuzpechat’” va “Pochta” bilan ham shartnoma tuzdik. Komp’yuterlar sotib olish uchun bankdan kredik olishga majbur bo‘lganmiz. 500 ming so‘m kreditni “Osiyo” bankidan olganmiz. Sobiq ittifoq matbuot sistemasi juda og‘ir va sekin qimillar edi. Biz birinchi bo‘lib gazetaning sahifalarini komp’yuterda to‘liq verstka qilishni boshladik.

Eng qizig‘i gazetamiz chiqishiga yaqin sentyabr’ oyini oxirlari oktyabr’ oyi boshlarida “Soyuzpechat’”dan va “Pochta”dan ko‘ng‘iroq qilib, biz bilan tuzilgan shartnomani bekor qilishliklari to‘g‘risida aytishdi. Xullas Pochta bila Soyuzpechat’ shartnomani bekor qilganidan keyin o‘z kuchimiz bilan ro‘znomani tarqatishga majbur bo‘ldik. Xotirlasangiz o‘sha paytda tarqatish bo‘yicha gruppamizni shakllantirganmiz. Shuxratni, Safarni gazeta tarqatishga ishga olganmiz. Soyuzpechat’ va Pochta shartnomani bekor qilganidan keyin arosatda qolib ketdik. Xattoki bosmaxona ham gazetamizni bosmaymiz dedi. Natijada do‘stimizni tavsiyasi bilan Chimkent viloyat bosmoxonasi bilan borib sharnoma tuzib keldim. 40 tonnadan ziyod qog‘oz sotib olinib hammasi Chimkentga olib borildi. Chunki ko‘ngil sezib turgan edi, bizni xokimiyat jilovlashni boshladimi, demak oxirgacha ular borishga tayyor.

Gazetamizni birinchi soniga material tayyorlash ishlari boshlanib ketdi. Bizga katta yordam berganlardan Shuxrat Bobojonov birinchilar qatorida edi. Kechayu-kunduz 3-4 kun yotib qolib ishlardik. Shunday qilib, birinchi sonini tayyorlab Chimkentda 200 ming nusxada chop etdirdik. 100 ming o‘zbek va 100 mingta rus tilida. Tabiyiki, gazetaning birinchi sonida biz o‘zimizni nomimizga munosib bo‘lish uchun kuchli maqolalar berganmiz. Xali O‘zbekistonning gazetachilik tarixida bu qadar ochiq axborot berilmagan. Sovetlar davrida oshkoralik va erkin fikr g‘oyasi O‘zbekiston matbuotida xali bo‘lmagan edi. Keyin esa, gazetani tarqatishni boshladik. Tarqatuvchilarimizni militsiya xodimlari qamab, kechqurun chikarib olardik. Bir amallab shu tariqa tarqatar edik. Bu ishlarni boshlashimizdan maqsadimiz O‘zbekistonda erkin matbuot g‘oyasiga tayangan bir gazetani tashkil etish edi. Odamlar erkin fikrlashga o‘rganishini hamda xolis informatsiya olishini istar edik.

Ponauz.com:Gazetada qanday maqolalar chop etilgan edi o‘shanda?

Faxriddin Xudoyqulov: Ro‘znomaning birinchi sahifasida Muhammad Solixning “Vatan” nomli juda bir kuchli analitik maqolasi chop etilgan edi.

O‘sha davrlarda bizda yangilikka bo‘lgan chanqoqligimiz sababli o‘ziga xos bir “Munosabat” gazetasini mustaqqillik deklaradiyasini e’lon qilgan edik. Ikkinchi betida esa “Mutlaqo mahfiy” degan maqolamiz bosildi. Bu maqolada Rossiyani mustamlakachilik siyosatini bir ko‘rinish o‘z aksini topgan edi, ya’ni bosib olingan joylarda o‘zga millatlarni va xalqlarni nazoratda ushlash hamda o‘ziga qaram qilish haqida bir instruktsiya shaklida huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga berilgan mutlaqo mahfiy buyruqni e’lon qilganmiz. Maqola juda katta sensatsiya bo‘lgan edi. Mazkur hujjat chor Rossiyasi davrida “oxranka”ga yuklatilgan vazifalarni KGBda keyin takomillashtirilgan varianti edi.

Bundan tashqari usha vaqtlarda Turmanistonni boshqa respublikalarga qaraganda avtoritar tuzimga moyilligi ko‘rinib turgan edi. Shunga ko‘ra, “Prezident Niyozovga savollar”, degan do‘stimiz Oq Muxamadning maqolasi chop etildi.

Shuningdek, “Men Vatanda emasman, Vatan mening ichimda”, nomli Temurxo‘ja Usmonxo‘ja o‘g‘li maqolasi chop etilgan. Usmonxo‘ja eski Buxoro jumxuriyatini Vazirlar mahkamasining deymizmi, usha paytdagi Buxoro xukumatining raisi bo‘lgan. Uning o‘g‘li professor Temurxo‘ja hozir Stambuldagi universitetda ta’lim beradi.

Birinchi sonli gazetamiz shunday maqolalar bilan chiqqan edi. Juda katta shov-shuv bo‘lgan. O‘zbekistonda faqat rasmiy matbuot bor edi. Mustaqil matbuotdan birinchi “Birlik” chiqdi va keyin “Munosabat” chiqdi. Ikkalasini ham o‘zimiz chiqarganmiz.  Oxiri buni yakuni dramatik tugadi. Bizni urib, so‘kib tugatishdi.

Ponauz.com:Biz yuqorida ta’kidlaganimizdek “Munosabat” gazetasi O‘zbekistonda SSSR parchalanishi arafasida nashr qilingan ilk mustaqil gazeta bo‘lgan, ayni paytda u Islom Karimov rejimi tomonidan yopilgan ilk matbuot nashridir. Keyingi barcha mustaqil nashrlarga qatag‘on ayni shu gazetaning yopilishidan ancha keyin boshlandi. Shu haqda ham ma’lumot berangiz, gazetani qanday yopishgan edi?

Faxriddin Xudoyqulov: Raxmat sovolingiz uchun. Gazetamiz yopilishi ham qiziq bo‘lgan. Dastlab bizga har-xil kanallar orqali “ey, qo‘yinglar”, deyishdi. Yozuvchilar soyuziga suhbatga chaqirib, “hozir sizga bunday narsalar kerak emas, g‘ala-g‘uvur bo‘lib turgan zamon hozir, to‘xtatib turinglar, keyin 1 yildan keyin davom etasizlar”, deb aytishdi. Lekin biz boshlagan narsamizni endi to‘xtatib qo‘ya olmaymiz dedik. Qarashsa biz bosh egmayapmiz va bizni qonuniy yo‘l bilan bizni yopib qo‘yishni iloji yo‘q. Shunda Karimov bir kunda yangi farmon chiqardi. Unga ko‘ra, SSSRdan ro‘yxatdan o‘tgan barcha matbuotlar O‘zbekistonda qayta ro‘yxatdan o‘tishi kerak edi.

Avvalo xokimiyatdan tomonidan bizni gazetamizni yopish borasidagi ishlar yumshoq ogohlantirishlardan boshlangan. Har xil ko‘rnishdagi beozor tazyiqlarndan boshlandi. Elektr energiyasini uzib qo‘yishadigan bo‘lishdi. Keyin kreditni kaytarishmagan ekan degan baxona bilan xokimiyat prokuratura va sud organlarni bizga qarshi qaratdi. Oktyabr’ tuman sudiga qatnovlar boshlandi. Yunusobod tumani prokuraturasiga chaqiruvlar boshlandi. Ammo xali kreditni tulash vaqti kelmagan edi. Moliyaviy tomondan ham bizni siqish Karimov xokimiyatining say-harakatlari ham muvaffaqiyatsiz tugadi. Chunki bizni gazetamizni buxalteriya hisob-kitoblari joyida edi. Shu 1991 yilning mart oyiga qadar unchalik keskin bo‘lmagan mashmashalar bilan biz ovora bo‘lib turgan edik.

1991 yilning 17 martida Ittifoq sharnomasiga referendum o‘tkazilgan edi. Shunga qarshi biz gazetamizni ikkinchi sonida “Ittifoq shartnomasi navbatdagi katta aldov” nomli maqola tayyorlagan edik. Gazetani birinchi betida SSSR xaritasi atrofida zanjir chizilgan bo‘lib katta qulf yopilgan, har bir respublikalarni yonida singan kalit rasmini do‘stimiz Kuramboy tasvirlab bergan edi.

9 mart kuni komp’yuterda gazetamizni tayyorlayotgan paytda to‘satdan 10 ta “Niva” rusumli avtomashinada 50 nafar maxsus kiyimboshli avtomatlar bilan qurollangan niqoblangan spetsnaz bostirib kelib, atrofni o‘rab oldi. Biz ishlayotgan binoning qariya qorovuli qo‘rqib ketdi. Sarosama katta bo‘ldi. Hammamizni qishanlab, komp’yuterlar bilan Toshkent shahar IIBBga olib ketishdi. So‘roqlar boshlandi. Bizni do‘q-po‘pisa bilan “Sizlar xukumatga qarshi misizlar”, deb so‘roq qilganlar. Men ularni so‘roq protokollariga qo‘l qo‘ymaganman. Qo‘rqitib, siqib nixoyat kechasi bizni, ortimizga kuzatuv qo‘ytb, chiqarib yuborishdi. Gazetamiz Karimov xokimiyati tomonidan shunday yopilgan edi. Keyin esa Karimovning topshirig‘i bilan Chimkentdagi bosmaxonamizga chiqishdi va natijada u ham biz bilan hamkorlikni tugatdi.

Ponauz.com: Biz shunday ulug‘ kunda, ilk mustaqil nashrning 20 yillik to‘yiga qarata, http://www.munosabat.com cayti yangi qiyofa va yangi mazmun kasb etayotganidan ham xabar topdik. Yangi saytda “Munosabat” o‘quvchilarini nimalar kutmoqda?

Faxriddin Xudoyqulov: Avallombor yuqorida ta’kidlab o‘tganimdek, http://www.munosabat.com sayti ilk O‘zbekistonning mustaqil va erkin matbuotining nomoyondasi bo‘lmish “Munosabat” gazetasi an’analariga sodiq qolib, uni davom etirishdadir. Bunda biz erkin fikr, voqealarga xolis yondashish va axborotlarni haqqoniyligi printsiplarini ta’minlashga qaratilgan faoliyatimizni davom ettirmoqdamiz.

Ponauz.com: Qimmatli vaqtingizni ayamay savollarimizga javob berganingzidan hursandmiz.

Fazliddin

Ponauz.com moderatori

 

http://ponauz.com/

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: