Internet olabo‘jimi? – yangidunyo


July 18, 2011

Yurakdagi gaplar

Men bu odamni ko‘p yillardan beri taniyman. Har bir gapida jurnalistligimga alohida urg‘u berib, ismi-sharifimga “vich” qo‘shib murojaat qiladi. Yaqinda uning lavozimi ko‘tarildi. Bir galgi suhbatimizda gap aylanib uning otasiga borib taqaldi. Otasi sho‘ro davrida katta rahbar bo‘lgan obro‘li insonlardan biri ekan. U otasi haqida qaysi bir jurnalda chop etilgan maqolani ko‘rsatdi. Maqolada otasining turli davrlarda tushgan rasmlari ham berilgan edi.

Suhbadoshim mening jurnalistligimga ishora etib, otasi haqida yana maqolalar yozilsa yaxshi bo‘lardi degan gapni qildi.

O‘ylanib qoldim. Gazetada ishlab turgan paytlarimda, maqola chiqarish oson edi. Hozir esa… Pensiyadagi bekorchi odam bo‘lsam. Suhbatdoshim esa meni zo‘r jurnalist deb biladi, yozganlari xoxlagan gazetada g‘irillab chiqib ketaveradi deb o‘ylaydi. Kallamga bir fikr kelib qoldi.

Maqola yaxshi yozilgan ekan. Uni yangi tafsilotlar bilan boyitib, agar ruxsat bersangiz, internetda chiqarib yuborsak nima deysiz, butun dunyo o‘qirdi,- dedim men “Yangi dunyo”ni nazarda tutib.

Tanishim joyidan sakrab turib ketdi.

Xudo saqlasin, unday qila ko‘rmang, meni sharmanda qilasiz.

Mening internet ham nashr, ya’ni gazeta yoki jurnalning bir xili ekanligini, vaqti kelib bu soha o‘quvchilarning haqiqiy axborot manbaiga aylanajagini unga tushuntirishga harakat qilganlarim bekor ketdi.

U endi menga hadiskirab qaray boshladi. Keyin tupugini lo‘q etkazib yutib, xalqumini qimirlatib, – dedi:

-Sizda kompyuter bormi?

-Bor, albatta, nima edi?

-Internetga ulanganmisiz?

– Ha, ulanganman, nima edi?

-Hech nima!

Ko‘rgan joyida hurmatlab, quyuq so‘rashadigan tanishim bir zumda savdoyining filidek o‘zgarib qolgandi. U mening yozganlarim internetda chiqib turishini bildi, rahbarlik lavozimini egallab turgan bu odam uchun shuning o‘zi etarli edi. U nimadir qidirayotgandek, shkaf tortmalarini ochib titkilay ketdi. Ilgarilari katta ko‘chagacha kuzatib chiqadigan tanishim hozir xayrlashishga ham yaramadi, hatto “men ketdim,”- deganimga javoban boshini ham ko‘tarmay, nimadir deb, ming‘irlab qo‘ydi.

Bir ayol davlat mulkini talon-tarojlik qilayotganlarni internetda chiqarish mumkinmi? –dedi.

-Nega mumkin emas, mumkin, albatta,- dedim.- Bu sizning huquqingiz. – Buning uchun o‘zingiz haqingizda to‘liq ma’lumot talab qilinadi. Rasmingiz ham kerak. Xullas, javobgarlikni bo‘yningizga olib, ismi-familiyangizni ko‘rsatgan holda internetda chiqish qilaversangiz bo‘ladi.

-Bunday qilish bizga to‘g‘ri kelmas ekan,- dedi ayol.

Ayol javobgarlikdan qochayotgandi. Unga qolsa davlat mulkini kalamushdek kemirayotganlarni internetda avra-astarini ag‘darib fosh qilsa-yu, o‘zi panada qolsa. Chunki dushman orttirish kimga ham kerak.

Ba’zan internet tahdidi bilan qun ko‘rayotganlar ham topiladi. Huquq himoyachilaridan bittasi advokat yollab, sud-tergov ishlariga aralasha boshladi. Lekin barcha harakatlari chippakka chiqib, himoya ostiga olganlar qamalib ketdi. O‘lardan mo‘maygina “xizmat haqi” olib qo‘ygan huquq himoyachisiga pullarni qaytarib berish o‘limdan ham og‘ir bo‘lganligi sababli, internet tahdidi bilan mijozlarining quloqlariga lag‘mon ila boshladi.

-Bir marta internetga ursam bo‘ldi, bari vazifalaridan koptokdek uchib ketadi.

U tergovchi va sud’yaga sha’ma qilardi.

Vaqt esa o‘tib borardi.

Jinoyat qilganlar jazosini o‘tashardi.

Hamma narsani ag‘dar-to‘ntar qiladigan “internet qudrati”dan esa darak yo‘q edi.

Jinoyat sodir qilganlar amnistiya qarori bilan avf etildi.

Huquq himoyachisi shosha-pisha olgan pullarini egalariga qaytarishga majbur bo‘ldi.

Kasbini tirikchilikka aylantirgan bunday kimsalar hamma davrlarda ham bo‘lgan. Ularni odamlar tovlamachi va firibgarlar deb ataganlar. Hozir ularning ko‘pchiligi tirikchiliklarini dunyo miqyosida olib borishga harakat qilmoqdalar.

Atom quvvatidan o‘tin yorishda ham foydalansa bo‘ladi.

Insoniyatni qaro erga tiqishda ham…

Faqat undan qay tarzda foydalanish insonning tafakkuriga bog‘liq.

Shu jumladan, internetdan ham.

2010 yilda ham xuddi shu dardisar Kvota masalasida tuman hamda viloyat hokimiga, respublika prokuroriga, muhtaram Prezidentimizga shikoyat yo‘lagan edim. Shikoyatim yuzasidan viloyat “Markazgazta’minot” unitar korxonasidan kelgan vakillar, “ 2007 yildagi Prezident Farmoni bilan joriy qilingan Kvota imtiyozlarning 2003 yildagi Prezidentimiz Farmoni bilan bekor qilinganini isbotlab beramiz va sizga bu haqda albatta yozma ravishda javob qaytaramiz,”- deb, shu ketganlaricha gum bo‘lishdi.

Ammo men biron idoradan Kvota masalasiga aniq javob ololmayotgan edim. 2010 yilda kvota haqida “Yangi dunyoda” “Axmad bir kilo sabzi tramvay ketdi,” “Birdamlik”da esa, “Kambag‘alni tuyaning ustida ham it qopaveradi,”- maqolalarim e’lon qilindi.

Intiernetda e’lon qilingan bu maqolalardan gazchilar juda yaxshi xabardor bo‘lishgan. Shu jumladan nazoratchi Shushaeva Maxfiri ham. Lekin nazoratchi internetdagi maqolalarimdagi gaplarga tushunmagan shekilli, har ko‘rganida, “gaz haqini qachon to‘laysiz?”- deb xarxasha qilishni davom etardi.

Kvotangiz haqida sizga yozma ravishda javob qaytaramiz deb, va’da bergan viloyat “Markazgazta’minot” unitar korxonasining vakillar esa Prezidentimizning 2007 yildagi Farmonidagi kvota imtiyozlarining 2003 yildagi Prezident Farmoni bilan bekor qilinganiga asos topa olmaganlar shekilli, boshqa qorasini ko‘rsatishmadi.

2011 yilning iyul’ oyi boshida “Zarbdortumangaz” filiali rahbari Asqar G‘ayirovga dardimni aytib turganimda, nazoratchi Shashaeva Maxfiri ko‘pchilik oldida,

-Baratov SNB nazoratida turadi. Chunki u internetda chiqishlar qiladi, davlatimiz uchun xavfli odam qabilida gap qildi.

Kvota masalasida internetda dardimni aytganim menga shunday zarba bo‘lib qaytdi.

Hech bir asossiz plitam gaz tarmog‘idan uzib tashlandi, “Dom” oldidagi tosh o‘choqda ovqat qilib tirikchiligimizni o‘tkazib kelayapmiz.

Kvota nusxasini ilova qilib, muhtaram Prezidentimizga va “Uztransgaz” aktsiyadorlik kompaniyasi raisiga shikoyat yo‘lladim.

Lekin yana tinch o‘tira olmay, 2011 yilning iyul’ oyi boshlarida, Kvota haqida “Yangi dunyo”da muxtaram Prezidentimizga hamda Respublika Bosh prokuroriga ikki marta “OChIQ XAT” yo‘lladim.

Endi bu yog‘i nima bo‘larkin?

Agar biron mo‘’jiza yuz bermasa, bu yog‘i yomon bo‘lishi mumkin.

Bo‘ynimga millionlab so‘m jarima va qrzdorlikni qo‘yib, ishimni sudga oshirib yuborish ehtimoli ham yo‘q emas.

Chunki mening maqolalarim internetda chiqib turibdi-da.

Prezidentimiz Farmoni bilan joriy etilgan Kvota imtiyoziga ega bo‘ldim, endi

kommunal to‘lovlardan butunlay ozodman deb kerilganlarimni “Zarbdortumangaz”ning nazoratchisi Shushaeva Maxfiri va “Uztransgaz”ning maxfiy vakili Dilshodlar er bilan bitta qilib t ashladi.

Nahotki internet shunchalar olabo‘ji bo‘lsa?

Yurakda esa hamon umid uchqunlari miltiraydi.

Chunki Prezidentimiz 2007 yilni aholini ijtimoiy himoya qilish yili deb e’lon qilib, himoyaga muxtoj, kam ta’minlangan pensioner va nogironlarni kommunal to‘lovlardan ozod qilish haqida imtiyozlari bor narsa-ku.

2007 yilning iyun’ oyida Zarbdor tuman hokimligi mutaxassisi Shoxdor Ortiqov uyimga kelib, Zarbdor tuman gazetasining muharriri Ne’mat Zayniddinov hamda “Shodlik” mahallasi- Mustaqillik dahasi oqsoqoli Abdurahmon Umurzoqovlar guvohligida,

-Sizga ikkita imtiyoz variantini tavsiya etaman. –Gaz va energiya to‘lovlaridan doimiy ozoj bo‘lishni istaysizmi yoki 500 ming so‘mlik bolali sigir olasizmi?-deganlari ham rost gap-ku.

Men o‘shanda kommunal to‘lovlar imtiyozini tanlagandim.

Shoxdor Ortiqov Kvotaga kerakli hujjatlarni olib ketayotganida, har narsadan shubhalanaveradigan daha oqsoqoli unga shunday degandi:

-Siz gazchi va svetchilarni yaxshi bilmaysiz, aka. Ertaga bu kvotangizning biron ishkali chiqib, ustozni (Abdurahmon meni shunday deb hurmatlaydi) tashvishga qo‘ymang tag‘in.

Sariqdan kelgan Shoxdor Ortiqovning yuzi Abdurahmonning gapidan keyin qizarib ketdi.

-Gapingizni o‘ylab gapirayapsizmi? -dedi u aftini burishtirib.-Kvota (o‘rin) yuqoridan ajratilgan. Men yana takror aytaman, “Abulfayz Barotov, gaz va energiya to‘lovlaridan abadiy ozod etiladi”.

O‘shanda Abdurahmonning gaplariga farishtalar omin degan ekan shekilli, bugunga kelib “abadiy tashvish”dan boshim chiqmay qoldi.

Hozirgi kunda bu masalaga tuman hokimi Ergash G‘aybullaev va hokimlik mutaxassisi Shoxdor Ortiqov aniqlik kiritishni paysalga solayotgani tushunarsiz bo‘lib qolmoqda.

Qo‘limda tuman hokimligi tomonidan tuzilgan va tasdiqlab berilgan Kvota bor. Shushaevaga o‘xshaganlar Prezident Farmonidagi imtiyozlarni shubha ostiga qo‘yib, uni yo‘q qilishga qanchalik urinmasin, o‘zining haq so‘zini aytadigan idora Jizzaxda topilishiga ishonaman.

Chunki ushbu Kvota muhtaram Prezidentimizning Farmoniga ko‘ra joriy etilgan.

Uni oyoq osti qilganlar bugun bo‘lmasa ertaga qonun oldida albatta javob berishi kerak.

Shu umid qalbimga taskin beradi.

 

Abulfayz BAROTOV.

 

http://yangidunyo.com/?p=21032

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: