“Qora niqobli”lar kimlar? – ozodlik.org


18.07.2011

Sadriddin Ashur

So‘nggi paytlarda O‘zbekistonning turli joylaridagi savdo shahobchalariga uyushtirilgan reydlarning asosiy ijrochisi qora niqobli shaxslar bo‘lmoqda.

Qora niqobli “sirli kuchlarning” so‘nggi reydi Urganch shahridagi savdo uyiga bo‘ldi.

Tayyor kiyim-kechak, poyabzal va zargarlik buyumlari bilan savdo qiluvchi, markaziy aholi tilida “TsUM” deb ataluvchi savdo uyi 16 iyul’ kuni ertalab soat o‘nda militsiya xodimlari tomonidan qurshab olindi. Voqea guvohlaridan biriga ko‘ra, qurollangan qora niqoblilar bir zumda savdo uyiga bostirib kirgan:

– Kecha TsUM magazinida “oltinchi”larni (zargarlik buyumlari bilan savdo qiluvchi tadbirkorlar – tahr.) bosishadi. Soat 8 ertalab niqob kiygan kishilar borib, shturmovat qilib, soat 6 gacha xalqni o‘sha erga qamab, hech narsa edirmaydi. Ikki qiz yomon bo‘lib, kasalxonaga tushib qoladi. Hozir shu ikki odam yomon bo‘lib, bolnitsada og‘ir ahvolda yotibdi. U qizlar “terroristlar kelib, bosdi” deb qo‘rqib, yomon bo‘lib qoladi. Bu O‘zbekiston organlarining qilgan ishi,- deydi urganchlik suhbatdosh.

Shu yilning 2 mart kuni Toshkentda qora niqoblilar Bojxona, Soliq qo‘mitasi, O‘zstandart agentligi bilan birga, “Turkuaz” shirkatiga qarashli do‘konlar joylashgan savdo uyini bosgan edi. Toshkentlik Abdulla Xoshimovning qizi o‘sha do‘konlardan birida ishlagan:

– Avvalambor maskachilar kirgan ekan avtomatlarda. Odamlarni bir chekkaga  qo‘yishgan. Narsalarni taxlashgan korobkalarga. Maskachilar nima xohlashsa, shuni qilishgan. U erda ko‘p ayollar bo‘lgan-ku. 80-90 foizi ayollar bo‘lgan u erda. Ular qo‘rqqan-da. Ko‘rmagan-ku bunaqa narsani. Kinoda bo‘ladigan narsa bularning o‘ngida bo‘lgan,- deydi Abdulla Xoshimov.

Yangiyo‘llik Parpi Sohibov ham qora niqoblilar 16-17 iyun kunlari shahardagi restoranlar va buyum bozorini bosganini aytadi:

– Kechasi qora “Jip” mashinalarida kelishgan. Kechasi bular restoran-kafelarni “bombit” qilishni boshlagan. Mening ukam bozor oldida turadi-da. Bozordan 50-60 metr. Bular “spetsnazmiz” deb, maskada, yuzi tanimaydigan holatda, tolko ko‘zi ko‘rinadi, kunduzi ertalabdan bozorda uyushtirib, hamma bozorni tashlab qochib, magazinlarga kirib urib, shunaqa ishlar bo‘lgan,- deydi yangiyo‘llik Parpi Sohibov.

Qora niqobli maxsus guruhlardan viloyatlarda tadbirkorlarning norozilik aktsiyalarini bostirish uchun ham foydalanilayapti.

23 iyun’ kuni Samarqand viloyati Urgut shahar buyum bozoridagi tadbirkorlarning o‘zlarining yangi bozorga ko‘chirilishiga qarshi bildirgan noroziligi ham qora niqobli maxsus kuchlarning yordami bilan bostirilgan edi.

Qora niqobli maxsus guruhlarning qaysi kuch ishlatar idorasiga qarashli ekani sir bo‘lib qolmoqda.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi, Ichki ishlar vazirligi va Milliy xavfsizlik xizmatidan bu haqda ma’lumot olishning imkoni bo‘lmadi.

Lekin mustaqil kuzatuvchilarning bu borada bir necha taxminlari bor.

Toshkentlik tadbirkor Jahongir Shosalimov fikricha, qora niqobli maxsus guruhlar milliy xavfsizlik xizmatiga tegishli:

– Bu odamlarning kimligi milliy xavfsizlikka borib taqaladi. Men chinni bozorni bosganda o‘sha erdagi o‘zimga eng yaqim odamlardan bildim. Ular asosan viloyat xavfsizlik boshqarmasining maxsus bo‘limlarini aytishgan. Men mana shu gaplardan kelib chiqib aytamanki, Urganchda Xorazm viloyati MXXning maxsus qo‘shinlari, Toshkent shahrida bozorlarda ham  milliy xavfsizlikning maxsus qo‘shinlari qilayapti degan fikrga to‘la asosim bor,- deydi Jahongir Shosalimov.

2005 yil Andijon voqealaridan keyin Ichki ishlar vazirligi tarkibidagi ichki qo‘shinlar Milliy xavfsizlik xizmati tasarrufiga o‘tkazilgani tadbirkorning taxminlarida jon bor deyishga asos bo‘la oladi.

Biroq O‘zbekiston Ekspertlar ishchi guruhi rahbari Suhrob Ismoilov bu taxminlarga qo‘shilmaydi. Huquqshunosga ko‘ra, bu guruhlar O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligining maxsus otryadlari bo‘lib, ular Bosh prokuraturaning Soliq va valyutaga oid jinoyatlarga qarshi kurash bo‘limi boshqaruvi ostida faoliyat olib boradi:

– Bu erda asosiy bo‘ysunish prokuratura organlariga tegishli bo‘ladi. Prokuratura organlari shu harakatlarni boshqarib turishadi. Qora maskadagi guruhlar bular IIVga tegishli guruhlar hisoblanadi,- deydi Suhrob Ismoilov.

Huquqshunos qora niqobli guruhlar o‘tkazayotgan amaliyotlar tadbirkorlarning huquqlarini poymol qilmoqda deydi:

– Buni bitta narsa bilan bog‘lasa bo‘ladi. O‘zbekistonda boshqa ko‘pgina sobiq SSSR mamlakatlaridagi kabi jinoyat huquqi va jinoyat ishlari doirasidagi hamma harakatlar bitta qonun bilan boshqariladi. Bu ham bo‘lsa Jinoyat kodeksi va Jinoyat-protsessual kodekslari. Mana shu kodekslarda harakatlar qanaqa amalga oshirilishi, xususan gumonlanuvchining ob’ekti yoki uyida turli xil harakatlarni olib borish, undan tashqari, qiduruv ishlarini olib borish harakatlari ham etarlicha yoritilgan.

Agar mana shu holatlarda maska kiygan guruhlar bilan bosib olib, kuch ham ishlatib, majburlab ushlab turilish holatlari bo‘layotgan bo‘lsa, biz uni bemalol qonunchilikka, xususan, jinoyat-protsessual qonunchiligiga qarshi bo‘layotgan harakatlar, deb hisoblashimiz mumkin. Chunki bu erdagi eng asosiy printsiplardan biri – har qanaqa kuch ishlatish proportsional ravishda amalga oshirilishi kerak. Agar maska bilan qurollangan shaxslar orqali ushlashni ta’minlash proportsional hisoblanmasa, demak, bu qonunlarda belgilangan me’yorlarning buzilishiga bemalol kiritilishi mumkin.

Shuning uchun biz hozir Urganchda, Yangiyo‘lda bo‘lgan holatlarni nazarda tutsak, o‘sha ob’ektlarga bog‘liq shaxslar, tadbirkorlarni baribir jinoyatchi, o‘ta xavfli jinoyatchi emasligini organ xodimlari ham yaxshi bilishadi. Albatta me’yordan ortiq kuch ishlatayotgan bo‘lsa, demak, O‘zbekistonda o‘rnatilgan qonunlar buzilayapti, deb xulosa qilishimiz mumkin,- deydi O‘zbekiston Ekspertlar ishchi guruhi rahbari Suhrob Ismoilov.

 

http://www.ozodlik.org/content/article/24269232.html

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: