Xotiralarimdan. Munavvar Qori (3) – e-tarix.uz


QANDAY HUKUMAT TASHKIL ETISH HAQIDAGI MASALA

Turkiston jadidlari orasida fevg.al’ inqilobigacha quyidagi birlashmalar bor edi: Uqituvchilar jamiyati; harbiy xizmatchilar jamiyati; «Turon» nomidagi san’at jamiyati va boshqa «gap» nomi bilan yuritilgan jamiyatlar. Ular haqida oldingi o‘z xotiralarimda aytganman. Ularning birortasi ham siyosiy qiyofaga ega bo‘lmagan. Fevral’ inqilobidan keyin bu birlashmalar ishchi va askar deputatlari sho‘rosiga hatto o‘z vakillarini yubora olmadilar. Bular haqida ham oldin yozgan edim.

Jadidlarning bu guruhi siyosiy va madaniy jihatdan qoloq bo‘lganligi uchun ham fevral inqilobigacha Turkistonda muxtor boshqaruv masalasini ko‘tarib chiqa olmagan edi. Bu to‘g‘rida ular o‘ylagan ham emas. Ularning butun umidi Rossiyadagi inqilob jarayonida maxalliy aholini milliy, diniy cheklash va jabrlanishdan ozod qilish, ularning haq-huquqlarini ovrupoliklar bilan tenglashtirish, xilma-xil maktab va matbuot ishlari hamda turli-tuman jamiyatlar tashkil ztishga keng imkoniyat yaratib berishga qaratilgan edi.

U (jadid)larning eng yaxshi ko‘rgan shiori: Ozodlik, Tenglik va Adolat bo‘lgan. Fevral inqilobidan keyin jadidlar o‘rislar bilan birgalikda bir qancha siyosiy masalada yig‘ilish va qurultoylar o‘tkazishadi. Bundan tashqari, ular Kavkaz va Tataristondan kelgan ziyolilar bilan turkistonliklarga madaniy yordam berish masalasida bir necha marta suhbatlar tashkil qiladi. Shu jarayonda mahalliy ziyolilar milliy muxtoriyat, mahalliy muxtoriyat, federativ va demokratik jumhuriyat va boshqa muxtoriyatlar haqida bahs yurita boshlaydi.

Nihoyat, bu masala Turkiston musulmonlari qurultoyida muhokama qilinadi [46]. Esimda bor, uzoq muhokama va tortishuvlardan keyin delegatlar demokratik federativ jumhuriyat uchun qo‘l ko‘taradi. Shuni ham aytish kerakki, muhokamada qatnashganlarning ko‘pchiligi, shu jumladan, mening o‘zim ham jumhuriyat bilan muxtoriyat o‘rtasidagi farqni tushunmagan edik [47]. Fevral inqilobining oxirlarigacha mahalliy ziyolilar shu qurultoy qarori echimini talab qiladi. Agar mahalliy ziyolilarning bu talabi ta’sis majlisi tomonidan qoniqarli hal qilinadigan bo‘lsa, ular jumhuriyatni boshqarish usulini tanlash haqidagi masalada ovrupolik sotsialistlar yordamiga umid qilar edi. Ular (ovrupolik sotsialistlar — S.X)ning yordami mahalliy ziyolilar qaramog‘ida katta madaniy kuch bo‘lmagani uchun ham zarur edi. Boshqa yordam so‘rab turk va tatarlarga murojaat qilish haqida ham fikrlar bor edi. Inqilob boshlarida mahalliylarning o‘zaro munosabati sotsialistlar bilan uncha yaqin bo‘lmagan, qachonki ulamolar g‘alabaga erishganidan keyin ularning aloqasi sezilarli darajada o‘zgaradi.

Oktyabr inqilobidan keyin ahvol birdan o‘zgarib ketdi, sotsialistlar (men’sheviklar) inqilobining boshida mahalliy aholidan shahar sho‘rosiga delegat yuborishga qarshi edi. Endi esa, Turkiston muxtoriyati foydasiga tashviqotni boshlab yubordi. Bu paytda Markaziy ijroiya qo‘mitasi Qo‘qonda qurultoy chaqiradi.

Qurultoy vaqtida men o‘zim shuning guvohi bo‘ldim-ki, bir necha men’sheviklar Cho‘qaev, Xo‘jaev, Tinishpaevga Leninning Sharq xalqlariga, ular o‘z hukumatini boshqarishni qo‘llariga olish haqida yozma ravishda yuborgan murojaatini ko‘rsatib, mana Lenin ham muxtoriyat e’lon qilinishiga qarshi emas, shuning uchun bu qurultoyda muxtoriyat e’lon qilinishiga hamma kuch sarflanishi zarur deb aytadi. Natijada qurultoy muxtoriyat e’lon qiladi. Shaxsan men bunga qarshi edim… [49] Mening fikrimcha, muxtoriyatning e’lon qilinishi bevaqt bo‘ldi. Men men’sheviklar bu muxtoriyat jarayonida mahalliy aholidan qurol sifatida bol’sheviklarga qarshi foydalanib, hukumat yuqori lavozimlarini egallashga harakat qiladi deb o‘ylagan edim. Haqiqatdan ham shunday bo‘ldi. Bu muxtoriyat ko‘pgina qonli voqealarga sabab bo‘ldi. Muxtoriyat tufayli Toshkentda dekabr namoyishi bo‘lib, u bir necha kishining qurbon bo‘lishi bilan tugadi. Bu erda men Eski shahar aholisini Yangi shaharga o‘tkazmaslikka harakat qildim. Ammo Shayhontohurdan O‘rdagacha cho‘zilgan namoyish rahbari Nizomiddin Xo‘jaevni ko‘ndirishning iloji bo‘lmadi… Muxtoriyatning faoliyati va dasturi Sizga ma’lum. Shuning uchun men uni qoldirib, yana («Ittihodi taraqqiyparvar») tashkilotiga to‘xtalmoqchiman. Biroq, undan oldin bol’sheviklarning muxtoriyat muvaqqat hukumatini burjuaziya va men’sheviklar hukumati deb baholashiga qo‘shila olmasligimni ham yashirmay aytib qo‘ymoqchiman. Negaki, buning uchun juda ko‘p faktorlar bor. «Ittihodi taraqqiyparvar» tashkiloti o‘z oldiga asosiy maqsad qilib Turkiston aholisini jaholat va qullikdan qutqarishni qo‘ygan bo‘lsa-da, u qanday hukumat tuzish va uni qanday usulda boshqarish masalasi bilan shug‘ullanmagan. Uning dasturi ham, hatto loyihasi ham yo‘q edi. Ular (taraqqiyparvar) hamma kuchni esqi turmush illatlariga qarshi kurashish va maktablarni yaxshilash va ko‘paytirishga qaratadi.

Rais Ziyabekning muhim masalalarni hal qilish uchun tashkilot rahbarlari kengashini chaqirish odati bor edi. Boku turklar tomonidan ishg‘ol qilingandan keyin Ziyabek meni, Sa’dullaxo‘ja va boshqa bir necha kishilarni chaqirib, Turkiya qo‘shini Turkiston ostonasida turibdi, Ozarboyjon Turkiyaga qo‘shildi, tez Orada turk qo‘shini Turkistonga kirishi kutilmoqda, Turkiston Turkiyaga qo‘shiladi, shu munosabat bilan tashkilot nomidan qaror qilishimiz kerak, deb aytdi.

Bu vaqtda mahalliy xalq orasida panturkistik kayfiyat shu darajada kuchli rivojlangan edi. Ziyabek quyidagi qarorni qabul qilishni taklif etadi: «Itthodi taraqqiy» tashkiloti Turkistonning Turkiyaga qo‘shilishiga qarshilik bildirmaydi. Qaror ushbu qo‘shimcha bilan qabul qilinadi: «Maboda Turkistonni turk qo‘shini egallab olsa». Bu qaror qabul qilinganidan 3—4 oy o‘tgach, turk qo‘shini chekinadi. Ozarboyjonda mussovatchilar hukumati tuziladi va turkistonliklar turklar haqidagi o‘z orzularini unutadi. Endi Angliya tomonidan xavf paydo bo‘ladi. «Ittihodi taraqqiy» tashkiloti bol’sheviklar bilan birgalikda unga qarshi targ‘ibot olib boradi va (quyidagi) shiorni olg‘a suradilar: «Kurashamiz, qon to‘kamiz, ammo Angliya qarmog‘iga ilinmaymiz va unga o‘z Vatanimizni berib qo‘ymaymiz!..»

Turklar Bokudan ketganidan keyin ularni hech kim eslamaydi. Shundan so‘ng «Ittihodi taraqqiy» o‘z oldiga sho‘ro hukumati yaratib bergan quyidagi imtiyoz va yordamdan foydalanish maqsadini ko‘zlaydi:

a)    o‘quv yurtlari sonini ko‘paytirish;

b)    maktablar qoshida kattalar uchun savodsizlikni tugatish kurslari ochish hamda to‘garak va jamiyatlar tashkil etish.

v)    mazkur sho‘ro hukumati muxtoriyatini mustahamlash.

g)    sho‘ro hukumati ag‘darilgan takdirda Turkiston muxtoriyatini saqlab qolish maqsadida taraqqiyparvarlarning yangi kuchini tayyorlash.

Sho‘ro hukumati yashab qolishiga ishonch paydo bo‘lganidan keyin taraqqiyparvar tashkiloti tarqatib yubo-riladi, uning ba’zi bir a’zolari kommunistik firqaga kirib muxtoriyatni mustahkamlash va (sho‘ro) apparatlarini mahalliylashtirish bo‘yicha asosiy ishni davom ettiradi.

Qachonki, markazdan Kobozev kelib, rahbarlik qila boshlagach, bu g‘oya yanada kuchayadi, shu bilan birga Moskva yordam berishiga umid paydo bo‘ladi. Bunga (milliylashtirishga) qarshilik ko‘rsatganlarga mustamlakachi deb qaraladi.

Bu mustamlakachilar qurultoy va konferentsiyalar yordamida g‘alaba qozonishga o‘tdilar. Moskvaga yo‘l ochilganidan keyin (50) ular to‘g‘risida markazga shikoyat qilish va u erdan yordam olish yo‘li bilan Turkistonda to‘la huquqli muxtoriyat boshqaruvini o‘rnatish mumkinligiga ishonch paydo bo‘ladi. Bu ishonch VIII qurultoy [51] dan keyin yanada kuchayadi. Chunki, Markaziy ijroiya qo‘mita, o‘lka komissariati va boshqa ba’zi bir komissariatlarda rahbarlar mahalliy xodimlardan tayinlana boshlaydi. Bu tadbirlar mahalliylarning talablarini eng ko‘p darajada qondiradi deb aytsa bo‘lar edi. Bu talablar rasmiylashtirilmagan bo‘lsa ham, Moskva bilan qisman yoki bevosita bog‘lanmagan komissariatlari, masalan, harbiy komissariat, moliya komissariati, chet el ishlari komissariati mustaqilligini bildirar edi…

Gapning qisqasi, o‘sha vaqtlarda mahalliy xodimlar ham, «Taraqqiyparvar» a’zolari ham markazning milliy, sinfiy va firqaviy siyosati haqida aniq tasavvurga ega emas edi…

1930 yil 12 iyun’

Bizlarning sinfiy dunyoqarashimiz negizida sinflarni inkor etish yotadi. Bizlar sinflarni bilmas edik, agar yirik burjuaziya deb hisoblayotgan katta er egalari va savdogarlarning juda ozgina guruhi hisobga olinmasa, bizlarning ko‘z o‘ngimizda hamma teng edi. Burjuaziya to‘g‘risida gapirganda bizlar yirik savdogar va katta er egalarinigina nazarda tutar edik. Bizlar sho‘ro hukumatining mana shularga emas, balki mayda va o‘rta hol burjuaziyaga nisbatan olib borgan tadbirlariga qarshi bo‘ldik. Binobarin, bizlar asosan mayda burjuaziya manfaatlarini himoya qildik: mana shundan bizlarning oktyabr inqilobidan keyin mamlakat siyosiy hayotida tutgan rolimiz, sho‘ro hukumati, yo‘qsil diktaturasiga qarshi olib borgan kurashimiz tushunarli bo‘lsa kerak. Bizlarning mustaqillik haqidagi shiorimiz, avval burjua-demokratik Turkistonni, undan so‘ng esa O‘zbekistonni tashkil etish, hokimiyatni mayda va o‘rta burjuaziya qo‘liga berish to‘g‘risida harakatimiz ana shundan kelib chiqadi. Panturkistik intilishlar ham o‘z o‘rniga ega edi. Bizningcha, bularning ommaviy ko‘rinishi O‘rta Osiyodagi turkiy xalqlarning hammasi uchun umumiy bo‘lgan til yaratishdan iborat bo‘lishi kerak edi. Bizlar shu umumiy til orqali bu xalqlarning birligini osongina mustahkamlaymiz deb o‘ylaganmiz. Bizlarning panturkizm O‘rta Osiyo doirasidan chetga chiqmas edi, chunki bizlar uni bugungi kunning ommaviy vazifasi deb tushunganmiz. Panturkizm g‘oyasini butun turkiy xalqlarga nisbatan amalga oshirishga («Buyuk Turon» g‘oyasiga) bizlar ishonmas edik. Faqat turk harbiy asirlari kelib ishlay boshlagan paytda bizlarda bu intilish biroz jonlandi.

O‘zbek va qozoq qishloq tillarida o‘xshashlik borligini hisobga olib, ular asosida umumiy til yaratmoqchi bo‘lgan edik. Mana shu umumiy til asosida umumiy adabiyot yaratishni ham o‘ylagan edik.

Bizning panturkizmning tub siyosiy mazmuni shundan iborat ediki, asosiy maqsad bo‘lgan mustaqillikka butun O‘rta Osiyo xalqlarining yagona harakati bilan tezroq erishish mumkin deb o‘ylagandik…

«Chig‘atoy gurungi»ga birlashib Fitratga ergashgan yoshlar yangi o‘zbek adabiy tiliga asos qilib Navoiy, Chig‘atoy turklari tilini oldi, eski atamalar (arabizm va forsizm aralashmasi) barcha turkiy tillardan, hatto o‘lik Chig‘atoy tilidan olingan yangi atamalar bilan almashtirildi. Mana shular asosida va o‘z navbatida esa, alifbo masalasida bizlar bilan fitratchilar o‘rtasida kelishmovchilik paydo bo‘ldi. Ammo buning siyosiy g‘oyalarga dahli yo‘q edi.

Men afg‘on konsuli G‘ulom Jayloniy oldiga borganim va u bilan o‘zimning Afg‘onistonga ketishim haqida gaplashganimni Miyon Buzruk Solihovga aytgan edim. Miyon O‘zbekistonga qaytib kelganidan afsuslanib gapirdi va imkoniyat bo‘lsa yana Afg‘onistonga o‘tib ketish xohishi borligini aytdi. Uning o‘zi aytishicha, u afg‘on hukumati ruxsati bilan Hindistonga borib, keyin u erdan Turkiyaga, Istambulga o‘tadi… [52].

Afg‘on konsuli bilan gaplashishdan maqsadim o‘zim va menga yaqin bo‘lgan kishilar, masalan, Salimxon, Miyon Buzruk, Murotxo‘ja, Saidkamolxon, Mirsoat Mirzokirov, Muhammadrasul domla, umuman, 10—15 kishining Afg‘onistonga o‘tib ketish xohishini amalga oshirish bo‘lgan edi. Konsul bilan gaplashganimda faqat Salimxon bilan Miyon Buzrukni tilga olgan edim. Boshqalar haqida esa hech nima demadim, chunki bular ertami kech u yoqqa ketishga majbur bo‘lar edi. Konsul Kobulga xat yozib, xat olishga hatto Afg‘onis¬tonda o‘qituvchi bo‘la oladiganlarga maxfiy ravishda ruxsatnoma (viza) berishga va’da berdi. Konsul bilan bo‘lgan muzokara natijasini men faqat Miyongagina aytdim. Kobuldan javob kelishini kutishga qaror qildik. Bachi Soqov isyon ko‘tarishi munosabati bilan bizda Afg‘onistonga ketish orzusi yo‘qoldi, ammo Omonulla hukumati qayta tiklansagina o‘z niyatimizni amalga oshirish umidida bo‘ldik…

Konsulning moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlashi to‘g‘risida: oxirgi paytlarda hech qanday ko‘mak bo‘lmaydi. Faqat shuni aytish kerakki, konsullik xodimi Mansurxon meni tanishtirgan konsul o‘rniga kelgan yangi konsul 1923 yilning oxirlarida mendan milliy faoliyat ahvoli haqida so‘radi va Afg‘onistondan moddiy yordam kelishi mumkinligini ma’lum qildi. Men unga faoliyat davom etishi uchun endi odamlar ham, mablag‘ ham yo‘q. Qo‘shni davlatlardan birortasi ham bizga yordam berishni xayoliga keltirmaydi, deya kulim-sirab qo‘shib ham qo‘ydim. Shundan keyin u agar iltimos qilinsa, Kobuldan moddiy yordam kelishi mumkinligini bayon qildi.

Bu suhbat hamda afg‘onlarning yordam berish va’dasi to‘g‘risida men Saidnosir Mirjalilovga (nazarim-da Tolibjon Musoboevga ham) aytdim, shuningdek Sayidvali semizning uyida 1924 yilida Ubaydulla Xo‘jaev, Saidnosir, Tolibjon, Shahob Nishon va boshqalar ishtirokida bo‘lgan yig‘ilishida ham gapirdim, qatnashganlar ro‘yxati sizlarda ham bor…

1930 yil 4 yanvar’

«ITTIHODI MILLIY» TASHKILOTI

1) 1919 yil yanvar’ voqeasidan keyin mahalliy ziyolilarning bir qismida sho‘ro hukumatining mustahkamlanib yashab qolishiga ishonch hosil bo‘ldi. Ular Turkiston xalqini qullik va jaholatdan faqat kommunistik tashkilot yordamidagina ozod qilish mumkin degan fikrga keladi. Ziyolilar orasida mana shunday ishonch bo‘lganligi sabab «Ittihod va taraqqiy» («Ittihodi taraqqiy») va uning o‘rnini bosgan «Birlik» ham tarqalib ketadi.

Shu bilan bir qatorda mahalliy ziyolilar orasida yuqoridagi ishonchga qo‘shilmay, birorta qandaydir yashirin tashkilot tuzish ishtiyoqida yurganlar ham bor edi. Ziyolilarning bu guruhi boshida Sadritdinxon va bir necha turk ofitserlari bo‘lib, ular bir necha bor menga komfirqaga kirganligimni tana qilgan holda meni yangi tashkilot tuzilishida qatnashishga taklif qildilar.

Men bu paytda komfirqada juda ham berilib ishlayotgan edim. Shuning uchun ham men ularning taklifiga taxminan quyidagi ruxda rad javobini berdim: «Agar sizlar meni millatchi deb tan olsalaringiz, sizlarga shunday deb aytamanki, kommunizm menimcha millat va xalqning ehtiyojiga to‘la javob beradi. Men endi millat va xalqning ko‘pchiligini tashkil etuvchi kambag‘al va mehnatkashlar manfaati uchun ishlashni afzal ko‘raman. Mana shu maqsadni deb men komfirqa-ga kirdim. Boshqa hech qanday tashkilotga ehtiyoj yo‘q deb bilaman».

Ularga men shu mazmunda javob berdim va bir necha mitinglarda shu ma’noda nutq so‘zladim. O‘sha vaqtda «Sharqni ozod qilish» jamiyatida ham unchalik faol bo‘lmadim, faqat uning bir ikki umumiy yig‘ilishidagina qatnashdim xolos.

U paytda mening muhim xizmatim Xalq maorifi komissarligida edi. Shuningdek, Musulmon byurosi (RKP(b) Musbyurosi) va o‘lka qo‘mitasi (kraykom) majlislarida faol qatnashardim. Mahalliy kommunistlarga P. A. Kobozev rahbarlik qiladi. U har doim bizga (mahalliy aholi kommunistlariga) shunday deb aytardi: Turkiston Sharq darvozasi, u orqali boshqa sharqiy mamlakatlarga inqilobiy kayfiyat olib kirish mumkin bo‘ladi. Shuning uchun ham Markaz Turkistonda alohida sharqiy siyosat deb nomlanuvchi siyosat olib borishni o‘ylamoqtsa va hatto u zaruriyat bo‘lsa, bu erda Ta’sis qurultoyini chaqirishi ham mumkin. Bu to‘g‘rida Kobozev VIII qurultoyda mahalliy aholi vakillaridan milliy guruh deb nomlangan guruhni tuzib, uni o‘zi boshqargan edi. O‘rt. Kobozevning bu rahbarligi sabab mahalliy ziyolilarda Turkistonda muxtor davlat tuzilishi va uni boshqa sharqiy mamlakatlarga namuna bo‘lishiga ma’lum darajada ishonch uyg‘onadi. Bunga qarshi bo‘lgan (Kazakov va Uspenskiy kabi) ovrupoliklarni mahalliy ziyolilar mustamlakachilar deb ataydi.

Qurultoydan so‘ng Risqulov va Sa’dullaxo‘ja Tursunxo‘jaev hukumat rahbari bo‘lib qoladi. Markazdan o‘rt. Eliava raisligida Turkiston ishi bo‘yicha maxsus komissiya (Turkkomissiya) keldi.

Bizlarning faoliyatimiz keyinchalik Turkistonni Turk jumhuriyati deb nomlab, muxtoriyatni kengaytirishga, davlatni mahalliylashtirishga, boshqacha aytganda Kobozev ko‘rsatma (direktiva)larini to‘laligicha hayotga tadbiq etishga qaratildi.

Biroq Risqulovchilarga hujum boshlanishi bilan bu siyosatning umri juda qisqa bo‘ldi. Hujum Kazakov, Uspenskiy kabi mustamlakachilik kayfiyatidagi kishilarning faoliyati bilan bog‘liq edi. Natijada Risqulov o‘z lovozimini tashlab, Markazga arz qilishga qaror qildi.

Risqulov va Nizomiddin Xo‘jaev Moskvaga borib, u erdan butunlay engilib qaytdi. Bokudagi Sharq xalqlari qurultoyida Risqulov bu masala to‘g‘risida Zinov’evga murojaat qiladi. U esa bu ishni ko‘rib chiqishni Moskva ixtiyoriga tashlaydi. Risqulovlar o‘z lovozimlaridan ketgach, men ham Bokudan kelishim bilan ishdan bo‘shatilib, Buxoroga komandirovka qilindim. Bu xatti-harakatni esa mahalliy ziyolilar mustamlakachilik kayfiyatidagi ovrupoliklarning g‘alabasi deb baholadi. Mana shu munosabat bilan mahalliy ziyolilar kun sayin «Ittihod va taraqqiy» tashkilotini tuzib, ovrupoliklarning mustamlakachilikka intilishlariga qarshi kurashish zarurligini his eta boshlaydi.

Biz Bokuda bo‘lgan paytda Toshkentga Turkkomissiyaning yangi raisi Safarov keldi. U ham Risqulov va uning tarafdorlariga bo‘lgan oldingi (salbiy) munosabatni o‘zgartirmadi. Bu holat mahalliy ziyoli va kommunistlarning kommunizmdan ko‘nglini sovutdi. Xuddi mana shu paytda Buxoroda, Toshkentda «Ittihodi milliy» tashkilot tashkil topganligi to‘g‘risida gap tarqaldi. Bu to‘g‘risida Toshkent markazidan ko‘pgina xatlar olindi. Bizlar, ya’ni Buxorodagi turkistonliklar tashkilot markazini Toshkentdan Buxoroga ko‘chirishga harakat qildik. Shu sababdan Toshkent bilan murosamiz kelishmay qoldi (Bu to‘g‘rida men oldinroq batafsil yozganman). Men «Ittihodi milliy» (ba’zan «Milliy ittihod» deb ham ataladi) qachon qanday paydo bo‘lganligi to‘g‘risida qamoqqa olinganim (1921 yil) va undan ozod bo‘lganimdan keyingi paytda ba’zi bir ma’lumotlarga ega bo‘ldim.

«Ittihodi taraqqiy» va «Birlik» tarqalib ketgach, ularning rahbarlari bizlardan ajralib qoladi. Bizlar 8-qurultoyda milliy guruhni tuzib, Kazakov va boshqalar bilan kurash olib borayotganimizda ular¬ning o‘zlari «Ittihodi milliy»ni tashkil etdi. Uning markazida dastlab Muhammadbey, Sulaymon Sami va Sadritdinxon bo‘lgan. Bu tashkilot ustavi oldingi «Ittihodi taraqqiy» ustavining aynan o‘zi edi. Faqat uning nomigina o‘zgargan xolos (sobiq «Ittihodi taraqqiy»ning ustavi, qarorlari va ro‘yxati Sadritdinxonda edi).

Ular yangitdan qabul qilinayottan kishilarga, tashkilot tarkibiga «Ittihodi taraqqiy»ning hamma sobiq a’zolari, 8-qurultoyda milliy guruhga kirgan delegatlar, hatto Risqulov va Kobozev ham kiradi deb aytar edi. Tashkilot a’zolarining tartib soni mingdan ortib ketdi. Risqulov hukumatdan ketganicha tashkilot shu holatda ish olib boradi. Uning faoliyati asosan a’zolar sonini ko‘paytirishdan iborat bo‘ddi.

Risqulovdan keyin ular tashkilot ustaviga biroz o‘zgartirish kiritdi. Markaziy qo‘mita a’zolarining soni 5 tagacha, viloyatlarda esa 7 tagacha ko‘paytirildi. A’zolik safiga faqat taraqqiyparvarlargina emas, hamma xoxdovchilar qabul qilindi.

Bizlar Buxoroga safarbar (komandirovka) qilingandan keyin ular tashkilot haqida xabar berishni lozim deb topadi va bizlarning yordamimizda uning Buxoro bo‘limini tashkil etishga harakat qiladi.

Ma’lumki, bu erdagilar bo‘limni ochish o‘rniga tashkilot markazini Toshkentdan Buxoroga ko‘chirish ishtiyoqida bo‘ladi, muhr, ustav haqida shov-shuv ko‘taradi.

Bizning tashkilot markazini Buxoroga ko‘chirish to‘g‘risidagi taklifimiz asosida Toshkent markazchilari orasida qarama-qarshilik paydo bo‘ladi. Turklar markazni Buxoroga ko‘chirish tarafdori bo‘lsa, Sadritdinxon bunga qarshi bo‘ladi. Oxir-oqibatda bu ajralishga olib keladi. Sulaymon Sami va Muhammadbey tashkilotdan chiqadi.

Shundan so‘ng tashkilot boshida birgina Sadrit-dinxonning o‘zi qoladi va o‘zicha ish olib boradi.

Bosmachilar bilan aloqani tiklaydi, Karimov bilan birga o‘sha mashhur xatni yozadi. Boshqacha aytganda kontrrevolyutsion yo‘lga kiradi. Atrofidagi kishilar masalalar muhokamasida ishtirok etmasdan, uning buyrug‘ini to‘g‘ridan-to‘g‘ri bajarar edi. Buni u Moskva va Buxorodagi markaziy organlar nomidan amalga oshiradi. Buxoroda (Turkiston milliy birligi —- Markazlar markazi) markaziy qo‘mita tashkil topgach, u Toshkent markazini Buxoroga ko‘chirish tak¬lifi bilan chiqadi. Biroq u bunga ham bo‘isinmaydi, ustav va muhrni tashkilot ishi fosh bo‘lib, yarim yo‘lda qolib ketishidan xavfsirab, Buxoroga yubormaydi…

1921 yildagi bostirma (oblava) paytida u (Sadritdinxon) o‘zi tashkil etgan bosmachilarga qochib ketadi. Sud bo‘lganidan so‘ng u qamoqda bo‘ldi. U erdan yana bosmachilarga, undan so‘ng esa xorijga, Eronga o‘tib ketadi. Hozir hech kim uning to‘g‘risida hech qanday, tirik yoki o‘lik ekanligi haqida aniq ma’lumotga ega emas.

«Ittihodi taraqqiy»ning faqat ustavi bo‘lib, dasturi yo‘q edi. «Ittihodi milliy»ning alohida dasturi bo‘lmasa-da, faqat ustavga suyangan. Uning markaziy qo‘mitasida turklar ham bo‘lgan. Alohida maxsus daftarda berilgan topshiriklar qayd qilinsa, ikkinchi daftarda esa tashkilot a’zolarining ismlari yozilib, ular nomerlar bilan belgilanadi.

Turklar ketganidan keyin hamma ish uning (Sadritdinxon) qo‘liga o‘tadi. Shundan keyin u daftarni to‘ldirib borgan, bormaganini hech kim bilmaydi. Shuningdek, u qochoqli davrida tashkilotning daftari va muhrini nima qilganligi hozirgacha ham aniq emas.

«Ittihodi taraqqiy» nima uchun «Ittihodi milliy» deb nomlanganini men shu vaqtgacha o‘ylab ko‘rmagan ekanman. Endi o‘ylasam uning sabablari quyidagilardan bo‘lgan bo‘lsa kerak:

1.    O‘sha tashkilot paydo bo‘layotgan paytda qurultoyda milliy guruh tashkil topgan edi. Shu guruh nomi ostida niqoblanish va o‘zlarida ularga tashkilotning kurultoydagi vakillari degan tushunchani bildirish maqsadida «Ittihodi milliy» nomini olgan bo‘lishlari mumkin.

2.    Sadritdinxon din va islomparasat bo‘lgan. Balkim, uning ta’sirida bo‘lgan o‘zbek, qozoq, qirg‘iz, turkman va tojiklarni birlashtirish maqsadida tashkilot nomi «Ittihodi milliy» («Millatlar uyushmasi») deb atalganligi ham ehtimoldan xoli emas.

3.    Muhammadbey Turkiyadagi usmonparastlik oqimi tarafdori bo‘lgan. Menim eshitishimcha, u turkparastlar va turanparastlar norozi bo‘lib, bir necha turkiy bo‘lmagan, ya’ni yahudiy, arman, arab va grek millatlarini birlashtiruvchi usmonlilar davlatini Turkiya nomi bilan atash to‘g‘ri bo‘lmaydi deb aytgan. Shu sababdan ham, u kishining ta’sirida Turkistonda yashovchi qozoq, qirg‘iz, o‘zbek, turkman, tojik, rus va yahudiylarni birlashtirish maqsadida tashkilot «Ittihodi milliy» deb nomlangan bo‘lishi mumkin.

Umuman, «Ittihodiy milliy»ni «Ittihodiy taraqqiy»ga aynan o‘xshash, faqat mahalliy taraqqiyparvarlardan iborat bo‘lgan, eski maishiy turmush va mustamlakachilikka qarshi maqsadda bo‘lgan tashkilot deb atash ham uncha to‘g‘ri emas. Aslida u juda keng maqsadni ko‘zlagan…

 

davomi bor…

 

http://e-tarix.uz/milliyat-insholari/maqolalar/404-xotiralar-munavvar-qori-.html

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: