Xotiralarimdan. Munavvar Qori (2) – e-tarix.uz


Toshkentga (Buxorodan) 1921 yil martining yo 17, yo 20 kunida qaytib keldim. Keyingi kuniyoq, Turkiston Markaziy Ijroiya Qo‘mitasi rayosa-tiga bordim. U erda meni Xalq Maorifi Komissariyati huzuridagi Ilmiy kengashga ishga tayinlashdi.

Uch-to‘rt kun o‘tgach, Muso Begiev bilan Sadritdinxonni uchratib qoldim, Sadritdinxoi Buxoroga tashkilot nizomi va muhrining yuborilmaganligini eslatib, shunday dedi: «Menda tashkilotning muhri va nizomi yo‘q. Ular boshqa kishida edi. Shuning uchun ularni Sizga yuborolmadim». Keyin u Muso Begievga qarab kulib qo‘ydi. Bu menga shubhali tuyuldi. Men unga shunday deb maslahat berdim: «Hali ham kech emas, ularni topib, Buxoroga, Sa’dulla Xo‘jaga jo‘natish kerak. Toshkent o‘z ishini tashkilotning viloyat filiali sifatida davom ettiraveradi». Sadritdinxon bunga rozi bo‘ldi. Sadritdinxonning atrofida shubhali kishilar — ChK (favqulodda komissiya — S. X.) ayg‘oqchilari uymalashib qolganligi sabab, u bilan uchrashishning iloji bo‘lmadi. Uning oldiga borishga cho‘chidim. Bir necha kundan so‘ng 30 mart bo‘lsa kerak, meni qamoqqa olishdi. Qamalishimning sababini men bir yarim oydan keyin Yusufbek Kurmanbaev va Orif Karimovdan bildim. 1921 yil 1 dekabrda meni ozod qilishdi. 23 dekabrda boshqalar (Yu. Kurmanbaev, O. Karimov, Sadritdinxon) ustidan sud ishi ko‘rildi.

Qamoqdan chiqqanimdan keyin Xalq maorifining Eski shahar bo‘limida kollegiya a’zosi va Ijtimoiy tarbiya bo‘limi mudiri bo‘lib ishladim.

3—4 oy davomida menga tashkilot to‘g‘risida hech kim hech nima demadi. 1922 yilning aprel yoki mayida Akbar Shomansur mening oldimga kelib, tashkilot hali ham o‘z ishini davom ettirayotganligi, men ham uning safida bo‘lishim zarurligini aytdi. Men unga shunday dedim: «Bo‘lib o‘tgan voqeadan (qamalganligini nazarda tutmoqda) keyin menda hech qanday hafsala qolmadi, shuning uchun meni tashkilot ishiga aralashtirmasligingizni iltimos qilaman» [36].

Keyinroq xuddi shu taklif bilan Saidnosir Mirjalilov ham menga murojaat qildi. Unga ham rad javob berdim. Undan bildimki, tashkilot Akbar Shomansur rahbarligida ishlayotgan ekan. Uning faoliyati ishlaydigan kishilar va mablag‘ etishmasligi sabab, faqat jabrlangan tashkilot a’zolari oilalariga ba’zi yordamlar berish bilangina cheklanib qolibdi. Shunday qilib, to milliy chegaralanish o‘tkazilguncha tashkilot ishida bevosita ishtirok etmadim. Shu sababli tashkilotning bu davridagi ish faoliyati to‘g‘risida biror narsa deya olmayman. Men uning faoliyatidagi o‘zim ishtirok etgan ba’zi bir holatlargagina to‘xtalishim mumkin.

1) 1922 yilda ziyolilar orasida alifbo va imlo to‘g‘risidagi masala ko‘tarildi, ularning bir qismi o‘sha davrda muomalada bo‘lgan alifbo imlosini isloh qilish, boshqalari o‘rtaliq nuqtai nazarda bo‘lsa, qolganlari lotin alifbosiga o‘tish tarafdori bo‘ldilar. Nihoyat bu uch guruh o‘zaro shartnoma tuzishi bilan alifbo va imlo to‘g‘risidagi kelishmovchilik hal qilindi. O‘sha paytda oqsoqlanib turgan maorif sohasidagi ishlarni umumiy hamkorlik bilan yaxshilash yo‘lida hamma guruhlar birlashdi (shartnomaning nusxasi menda saqlanardi, u tintuv vaqtida musodara qilingan qog‘ozlar orasida bo‘lishi kerak). Mavjud muammolarimizni oshkora qilmay, uydagi gapni ko‘chaga chiqarmay «Noshri maorif» jamiyatini [37] tuzdik. Oldin tashkil topgan «Ko‘mak» bu jamiyatning bo‘limiga aylantirildi. O‘z o‘rtamizda biroz miqdorda pul yig‘ib, uni ko‘paytirish maqsadida «Turkiston» shirkatiga berdik. Keyinchalik ham tushgan barcha mablag‘ unga o‘tkazilib turildi. Shokirjon Rahimiy «Noshri maorif»ning raisi bo‘ldi. Men o‘rinbosar edim. Saidnosir Mirjalilov xazinador, Komil Aliev kotib edi. Jamiyat a’zolarining ko‘pchiligi Eshon Xo‘jaev, Mannon Ramzi, Oxunov kabi kommunistlar bo‘lgan, Muhitdin Usmonov, Saidnosir Mirjalilov va Tolibjon Musaboev jamiyatga moliyaviy sohada ish olib borish uchun qabul qilinadi. Ozgina vaqt o‘tgach, bu jamiyatga shubhalanish bilan qarash boshlandi va bu kun sayin ortib bordi. Bu jamiyat nomi ostida qandaydir maxfiy tashkilot yashiringan degan ovoza tarqatildi. Mana bu tazyiq tufayli «Noshri maorif»ni tarqatib yuborishga to‘g‘ri keldi. Haqiqatda esa «Noshri maorif»ning eski, umri tugab qolgan tashkilot bilan hech qanday aloqasi bo‘lmagan. Menimcha, uning birgina Saidnosir Mirjalilovdan boshqa birorta ham a’zosi «Noshri maorif» ishida qatnashmagan. Xullas, «Noshri maorif» o‘zining birinchi kunidan boshlab mahalliy aholi orasida madaniy-ma’rifiy faoliyat ko‘rsatish uchun tashkil topgan bo‘lishiga qaramay, eski tashkilot tufayli qurbon bo‘ldi.

2) 1922—1923 yillarda o‘quvchilar orasida Moskva, Turkiya va Germaniyaga o‘qishga borishni xohlovchilarning soni juda tez ortib ketdi. Ularning bir qismi Turk MIQ taklifi bilan turli o‘quv yurtlariga yuboriladi, qolganlari esa o‘z ota-onalari bag‘riga qaytadi. O‘z mablag‘i va davlat xazinasi hisobiga o‘qishga ketolmaganlar yordam so‘rab, turli xil shaxs va tashkilotlarga murojaat qila boshlaydi. Bu vaqtda ularga yordam berishi mumkin bo‘lgan «Noshri maorif» va «Ko‘mak» jamiyatlari tarqatib yuborilgan edi. Bir qancha o‘quvchilar yordam berishimni so‘rab menga murojaat qildi. Buhorodaligimda Turkiston va Buxoro o‘quvchilariga yordam beruvchi jamiyat tashkil etilgan edi. Shu maqsad uchun uning ixtiyorida kattagina mablag‘ to‘plangan edi. O‘quvchilar mendan yordam so‘raganidan keyin 1922 yoki 1923 yili bu jamiyat orqali bir necha o‘quvchilarga moddiy yordam berish umidida Usmon Afandiga xat yozib, pul berishini iltimos qildim. Xatni unga Laziz Azizzoda orqali yubordim. Uni yo‘dda qamoqqa olishadi, xat Usmon Afandiga etib bormaydi.

3) 1923 yili may yoki iyun’ oyida men Toshkentga o‘rtoq Orjonikidze va Eliavaning kelishi va ularning men bilan ko‘rishish istagi borligi to‘g‘risida xabarnoma oldim. Belgilangan vaqtda ko‘rsatilgan makonga etib bordim. U erda o‘rtoq Orjonikidze, Eliava, Obidjon Mahmudov, Saidnosir Mirjalilov gaplashib o‘tirishgan ekan, men ham suhbatga aralashdim. Obidjon Mahmudov taniqli qiziqchi edi. U o‘z hazillari bilan Orjonikidze, Eliava ko‘nglini xushlar, ular esa tinimsiz kulishardi. O‘rtoq Orjonikidze shunday deb savol berdi: «Gaplarga qaraganda Toshkentda milliy tashkilot bor, shu to‘g‘rimi?» Mahmudov javob berdi: «GPU (Bosh siyosiy boshqarma — S.X.)ning ta’qiblari bizlarni yo‘q va bo‘lmagan narsalarni ham tan olishga majbur etdi. Hozirgi paytda milliy tashkilot yo‘q, faqat milliy guruh bor, xolos».

—    «Uning qancha a’zolari bor?» — deb so‘radi Orjonikidze.

—    «Unda tub aholi va hukumat a’zolarining hammasi a’zo bo‘lib hisoblanadi» — deb javob berdi Mahmudov. Bunday javobga albatta hamma kuldi. Suhbatda hamma savollarga Mahmudov javob berdi. Shuning uchun butun suhbat hazil-mutoyiba tarzida o‘tdi.

Uyga ketish oldidan, moskvalik o‘rtoqlarni Toshkent shahri chetidagi bog‘lardan biriga mehmon bo‘lishga taklif qildik. Bunga ular faqat bir shart bilan, ya’ni ularni bu erda milliy guruh a’zolari bilan tanishtirishimiz evazigagina rozi bo‘ldilar. Uchrashuv kuni va soati belgilandi. Bu vaqtda men mehnat ta’ti-lida bo‘lib, Qibraydagi sobiq Kurinov bog‘ida oilam bilan dam olayotgan edim. Bu bog‘ «Turkiston» shirkati tomonidan sotib olingan edi. O‘rtoqlarni shu boqqa taklif etdik. Ko‘rsatilganlardan tashqari To‘raqulov bilan Rahimboev ham taklif etildi. Birinchi bo‘lib, Mahmudov va Mirjalilov keldi. Mehmonlarga xizmat qilish uchun Asadilla Hoji Xoniy, Najmiddin Sh., Mirahmadboy Ubaydulla Qori Erg‘oziev va Salimxon Tillaxonov chaqirilgan edi…

Orjonikidze va To‘raqulov bizga notanish yana bir kishi bilan keldi. Orjonikidze avtomobildan tusha soliboq Mahmudovdan «milliy guruh a’zolari to‘plan¬dimi?» — deb so‘radi. Mahmudov «ha, yig‘ilishmoqda», — dedi. «Raisni siz o‘zingiz olib keldingiz», deya To‘raqulovni ko‘rsatdi. Bir ozdan so‘ng Rahimboev keddi, uni Mahmudov «milliy guruhning kotibi» deya tanishtirdi. Shunday qilib bu gal ham suhbat hazil-mutoyiba bilan o‘tdi. Orjonikidzening «guruhning hamma a’zolari yig‘ildimi?» degan savoliga Mahmudov, «mana bular eng faollari» deb, o‘zini, To‘raqulovni, Rahimboevni, Mirjalilovni va meni ko‘rsatib javob berdi. Umuman, hazil bilan boshlangan suhbat shu ruhda besh soatlarcha davom etdi. Mahmudov bilan Orjonikidze o‘rtasidagi quyidagi suhbat bo‘ldi:

Orjonikidze: — «Siz Farg‘onada bosmachilik qachon tugaydi deb o‘ylaysiz?» Mahmudov: — «Siz meni vazir qilib tayinlagan kuni, aks holda hech qachon tutamay-di». Orjonikidze: — «Agar tugamasa, biz u yoqqa bir diviziya yuboramiz, u butun Farg‘onani tekis qiladi-qo‘yadi». Mahmudov: — «Siz bir diviziya yuborsangiz, men bosmachilar sonini ikki diviziyaga etkazaman». Orjonikidze ketish oldidan minnatdorchilik bildir-di. Mahmudov shunday dedi: — Bizda mana shunday maqol bor: «Birovdan tuya so‘rasang, u qo‘rqqanidan biya beradi», biz ham sizdan ko‘p so‘raymiz, ozginagi-na bersangiz shunga ham xursand bo‘laveramiz. Orjonikidze uning elkasiga qoqib: «Nima kerak o‘zi. Qancha kerak bo‘lsa, tortinmay so‘rayver», — dedi.

Shundan so‘ng mehmonlar ketdi. Bog‘da To‘raqulov, Rahimboev, Mahmudov va Saidnosir qoldi.

Ular birgalikda talabnoma yozishdi. Uni Rahimboev yozdi, To‘raqulov tahrir qildi. Keyingi kuni xatni Mahmudov milliy guruh nomidan o‘rtoq Eliavaga berganini bildim. Uning mazmuni hozir esimda yo‘q. Umuman, talabnoma yaxshi o‘ylanmay, o‘sha uchrashuv taassuroti ostida shosha-pisha, Obid Mahmudov aytib turib yozdirgan edi. Bu vaqtda Mahmudog‘ bilan Saidnosirning («Milliy ittihod») tashkilot faoliyatidan ko‘ngli sovib, u bilan aloqani uza boshlagan edi, shuning uchun ham suhbat chog‘ida tashkilot haqida biror narsa deyilmadi.

1929 yil 24 dekabr’

* * *

…5. 1923 yilning oxirlari bo‘lsa kerak, bir kuni Bosh vaqf boshqarmasidan shaharga ketayotganimda bir past bo‘yli yosh yigit kuzatuvida Mansurxon Afg‘oniston konsulxonasidan chiqib qoldi. Men Mansurxon bilan so‘rashdim. U menga yosh yigitni afg‘on bosh konsulining vaktinchalik o‘rinbosari deb tanishtirdi. Yosh yigitning aytishicha, u bu erda (afg‘on) konsuli ketmasidan oldin kotib yoki o‘rinbosar bo‘lib ishlagan.

Ular bilan birgalikda O‘rda tomonga qarab keta boshladim. Yo‘l-yo‘lakay men u yigit bilan faqat maorif ishlari va vaqf bo‘limi haqida gaplashib ketdim. U menga Afg‘onistondagi ahvol, yaqin orada u erda Miyon Buzruk va Jamol Posho bilan tanishgani haqida so‘zlab berdi. Shu bilan birga u mendan mahalliy ziyolilarning milliy tashkilotlari haqida so‘radi. Bu paytda bizda bu ish qariyb tugatilgan edi. U buning sababi bilan qiziqdi. Men, birinchidan, sarmoya, ikkinchidan, qobiliyatli faol kishilar yo‘kdigini tushuntirdim. Shuningdek, bu sohada bizga yordam beradigan birorta ham qo‘shni davlat yo‘qligini qo‘shib qo‘ydim. Shunda u juda ham o‘pkalandi-da, biroz qizarib, shunday dedi: «Agar mahalliy ziyolilar milliy tashkilot ishlarini davom ettirish maqsadida konsulxonaga moddiy yordam so‘rab murojaat qilsalar, ularning iltimosini Qobulga yuborgan bo‘lur edik, shunda u erdan moddiy yordam kelishi mumkin. Hozirgacha konsulxonaga bu to‘g‘rida birorta ham ariza yozishganicha yo‘q. Bu erda qo‘shni davlatlar emas, balki hammasiga o‘zlaringiz aybdor, siz ulardan noo‘rin gina qilyapsiz».

Shundan keyin men u yigitni uchratmadim (davo-mini o‘qib bo‘lmadi). Qat’iy shuni aytamanki, tashkilot o‘z faoliyatining boshidan to oxirigacha afg‘on hukumatidan biror tanga ham yordam olgani yo‘q.

6. 1924 yili Ubaydullaxo‘ja kelganidan keyin ikki marta yig‘ilish chaqirildi… Bu yig‘ilishlarda Ubaydullaxo‘ja Rossiyada qanday hayot kechirganligini so‘zlab berdi. Shundan so‘ng qatag‘onga uchraganlarga yordam berish uchun fond tashkil etish bo‘iicha komissiya tuziladi. Bu komissiya savdogarlardan hayriya yig‘adi. Muhitdinovlardan tuzukkina yordam tushadi [38].

Yig‘ilgan pullar, ulardan tushgan foyda evazidan qatag‘onlikka uchraganlarga yordam berib turishi sharti bilan «Turkiston» matlubot jamiyatiga topshiriladi. Biroq menga jami to‘plangan pulning miqdori, undan jabrlanganlar uchun qancha ajratilgani ma’lum emas. Xuddi shuningdek, men Sodirxon yoki boshqa qochoqlarga qancha pul ajratilganligi haqida ham hech nima eshitmaganman [39]. Ammo Sodirxon va Laziz Azizzodaga to‘plangan puldan bir qismi yuborilganligini aniq bilaman.

1924 yilda bo‘lib o‘tgan yig‘ilishlarga eski «Taraqqiyparvar» tashkilotida bo‘lgan juda ham ishonchli kishilargina chaqirilgan edi. Sodirxon tomonidan «Milliy ittihod» tashkilotiga jalb qilinganlardan birortasi ham taklif etilmadi, chunki ularning ko‘pchiligiga ishonch yo‘q edi. Bu yig‘ilishlarda menimcha, tashkilotni qayta tuzish va ishni davom ettirish masalasi muhokama qilinmadi, sababi, to‘planganlarning hammasi tashkilot o‘z ishida muvaffaqiyat qozonishga ishonchi qolmagan, hafsalasi pir bo‘lib, tushkunlikka uchragan kishilar edi.

7. 1924 yili gazetalarda milliy qayta chegaralanish haqida xabarlar paydo bo‘lishi bilan bu siyosatdan xabari bo‘lgan va bo‘lmagan hamma kishilar orasida muhokama predmetiga aylanadi. Ikki-uch kishidan guruh-guruh bo‘lib, qayta chegaralanish masalasi qizg‘in muhokama qilindi. Ular o‘z fikr, mulohaza va xulosalarini bayon qila boshlaydilar.

Mahalliy ziyolilarning ko‘pchiligi, ular firqa a’zosi bo‘lish bo‘lmasligidan qat’i nazar qayta chegaralanishga ijobiy munosabatda bo‘lmadilar. Ba’zi birovlar bu Moskvaning siyosati bo‘lib, bizdan Buxoro va Xorazmni ajratish maqsadini ko‘zlamoqda desa, boshqalar esa bu siyosat bilan Angliya Hindistonni boshqarish uchun uning aholisini kichik milliy bo‘laklarga bo‘lib tashlagan siyosat o‘rtasida aynan o‘xshashlik borligini aytdilar.

Buxoro ziyolilari orasida Buxoro va Xorazm mustaqilligini yo‘qotishidan qayg‘urganlar ko‘p bo‘ldi. Qozoq ziyolilari ham kelajakda Qozog‘iston va Qirg‘izistondagi bo‘sh erlarga rus ko‘chmanchilari olib kelib joylashtirilishidan tashvishga tushdilar. O‘zbek ziyolilari mahalliy hunarmandlar zavod va fabrikalarga bardosh berolmay, hunarmandchilikni tashlab, dehqonchilikka o‘tishga majbur bo‘lishi, Turkistondagi xamma dehqonlarni hosildor erlar bilan ta’min etib bo‘lmasligi va ishsizlik paydo bo‘lishi muqarrarligidan xavfsiraganligini bildirdi. Bundan tashqari, ular savdogarlar uchun bozor kerakligini ham aytadilar. Sug‘orish ishini rivojlantirish, yangi zavod va fabrikalarni qurish yo‘li bilan ishsizlikning tugatilishiga rozi bo‘lsa-da, ular bu rejani yaqin orada amal¬ga oshishiga ishonmadilar. Shu bilan birga ular (o‘zbek ziyolilari, jadidlar) ning ba’zi birlari qayta chegaralanish paxtachilik bilan band bo‘lgan va o‘troq hayot tarziga ega O‘zbekiston dehqonlarining Turkmaniston va Qozog‘istonga nisbatan iqtisodiy va markaziy jihatdan tezroq rivojlanishini aytib, bir-birlarini tinchlantira boshladilar ham, chunki MQ milliy chegaralanishni zarur deb bilgan ekan, u buni har qanday qarshilikka qaramay amalga oshirishi aniq edi. Shuning uchun bunga qarshi bo‘lish foydasiz hisoblanardi. Yaxshisi, bu masalaning ijobiy tomoni bilan mashg‘ul bo‘lish va uni amalga oshirishga intilishdan boshqa yo‘l yo‘q edi. Ziyolilarning ko‘pchiligi xuddi shu fikrda bo‘ldi. Shuning uchun ham bu shu masaladagi boshqa fikrlardan ustunlikka ega bo‘ldi.

Xuddi shu paytda bir kuni meni Bel’skiy (OGPU boshlig‘i) chaqirib bir necha savollarni berdi. Hech narsani yashirmay turib, unga ziyolilar qayta chegaralanish haqidagi masalani ma’qullamayotganligi va uning sabablarini tushuntirdim. Shunda u mendan ziyolilar qayta chegaralanishga qarshi norozilik chiqishini uyushtirmaydimi, deb so‘radi. Men qat’iy ravishda norozilik chiqishi mumkin emas, deb aytdim. Men o‘z javobimni ziyolilarning yuqoridagi ko‘pchiligi fikriga suyangan holda aytdim. O‘zim ham aynan shu fikrda edim. Mening fikrim isbotlandi: ziyolilar hech qanday qarshilik ko‘rsatmadi, hukumat shunday katta ishni juda xotirjamlik bilan amalga oshirishga muvaffaq bo‘ldi.

Suhbat vaqtida o‘rt. Bel’skiy menga er etishmasligi masalasini sug‘orish ishlarini rivojlantirish, ishsizlikni tugatish masalasini esa, yangi zavod va fabrikalarni tashkil etish yo‘li bilan hal qilinishini aytgan edi. Ochig‘ini aytganda, men bu fikrga faktlar asosida ishonch hosil qildim.

Mana shu 1924 yildan men o‘zimning siyosiy va tashkilotchilik ishlariga qobiliyatim yo‘qligini sezgan holda, bu ishlardan voz kechib, o‘qituvchilikka va kitoblar yozishga kirishdim [40].

Tashkilotning tuzilganligi, uning maqsadi va vazifalari

1. «Taraqqiyparvarlar ittihodi» tashkiloti o‘z oldiga mahalliy aholining qulligi va nodonligiga qarshi kurashish maqsadida fevral inqilobidan so‘ng jabrlangan taraqqiyparvarlarni birlashtirish vazifasini qo‘ygan edi.

Bokuni turklar egallab olishi bilan tashkilot nomidan «parvar» so‘zi olib tashlanadi. U «Ittihodi taraqqiy» deb nomlana boshlandi. 1919 yildagi yanvar voqeasidan [41] keyin bu tashkilot uchun hojat qolmadi va tarqatildi. Bu to‘g‘rida sizga [42] o‘zimning oldingi yozishlarimda ma’lumot bergan edim…

Agar bu sizni qoniqtirmagan bo‘lsa, unga qo‘shimcha quyidagilarni ko‘rsatishim mumkin: 1) «Ittihodi taraqqiy» tashkiloti tuzilishida unga 7 kishi kirgan edi. Shundan ikkitasi Usmonbek va Haydar Afandilardan iborat turklar, ikkitasi toshkentliklardan men va Sodirxon, bittasi samarqandliklardan Behbudiy, bittasi turkman ziyolilaridan Xon Yavmudskiy, bittasi qozoqlardan «Alash» nomli qozoq gazetasiiing muharriri (familiyasi esimdan chiqibdi) edi…

2) Tashkilot («Ittihodi taraqqiy»)ning tuzilishi to‘g‘risida: Nizomga ko‘ra tashkilot quyidagi qo‘mitalardan iborat: Toshkentda Markaziy Qo‘mita, viloyatlarda viloyat qo‘mitalari, uncha katta bo‘lmagan shaharlarda bo‘limlar, qishloqlarda — bo‘limcha (podotdel)-lar. Hamma qo‘mita, bo‘lim va bo‘limchalarning har biri uch kishi — rais, rahbar va xazinabonlardan iborat bo‘lgan. Rais hamma ishlarga javobgar bo‘lgan. U o‘z xohishi bo‘yicha o‘ziga rahbar xazinabon belgilaydi. A’zolarning hammasi faqat rahbar bilangina muomalada bo‘lgan. Ularga rais va xazinabonning ism-shariflari ham bildirilmagan. Umuman, qo‘mitada rais qilib Usmonbek va rahbar bo‘lib Haydar Afandi saylangan.

Ish bilan juda band bo‘lganligimni bahona qilib, xazinabonlikka rozi bo‘lmadim. Keyin raisdan o‘z xohishiga ko‘ra majburiy ravishda bizlardan birimiz meni yoki Sadritdinxonni xazinabon qilib tanlashi iltimos qilindi. U Sadritdinxonni tanladi.

Uyushma (tashkilot) tuzishni Samarqandda Behbudiyga, Farg‘onada Mirzohidga, Turkmanistonda Xon Yavmudskiyga, Ettisuvda («Alash») qozoq gazetasining muharririga topshiriladi. Bu vaqtda (Fayzulla) Xo‘jaev Leningradda edi. Bu yig‘ilishdan bir oz vaqt o‘tgach oktyabr inqilobi yuz berdi.

Keyin muxtoriyat («Turkiston muxtoriyati») bilan bog‘liq voqealar boshlandi, oqibatda o‘z xodimlarimizdan ajralib qoldik. Shu sababli Usmonbek yig‘ilish chaqirdi, unda Ubaydulla Xo‘jaev, Sa’dulla Xo‘ja, Otaxon Sodirxon, men, Haydar va yana uch kishi qatnashdi. Hamma nomma-nom tashkilot a’zosi bo‘lib yoziladi. Bu yo 17, yo 18 yilning oxirlarida bo‘lib o‘tadi. Shundan keyin tashkilot jonlana boshlaydi va son jihatidan o‘sa boradi.

3. Tashkilotga kiruvchilardan «Taraqqiyparvar»ga ishonch bo‘lishi hamda hech qanday ikkilanmasdan, joni va molini ham ayamasdan topshiriqni bajarish talab etiladi. (Tashkilotga) a’zo bo‘luvchilar qo‘lida Qur’oni Karim va revol’verni ushlab turib qasamyod qiladi.

Oradan 3—4 oy o‘tgach, Usmonbek qamoqqa olinadi, uning o‘rniga rais etib Yusuf Ziyabek tayinlanadi. Shu vaqtda ruhoniylar o‘zlarining ikki vakili — Nuritdinbek va Xudoyorxonovni Turkiyaga yuborayapti, degan gap tarqaladi. Bu xabarning ovozasi Yusuf Ziyabekka etib borishi bilan, u shoshilinch ravishda majlis chaqiradi. Unda men, Sa’dullaxo‘ja va boshqa bir necha kishilar qatnashdik. Majlisda Yusuf Ziyabek o‘z taxminlarini aytdi. Uningcha, ruhoniylarning Angliya bilan aloqasi bor. Agar oldin bo‘lmagan bo‘lsa, ular endi o‘z delegatlari orqali aloqa bog‘lamoqchi. Angliya esa Turkistonga ko‘z qirini tashlab turibdi. Shuning uchun ham delegatlar tarkibiga eski xon urug‘idan Nuritdinbekni kiritganlar.

Yusuf Ziyabek tushuntirdiki, agar Turkiston Angliya qo‘liga o‘tib qolsa, unda ozod bo‘lish uchun hech qanday umid qolmaydi. Shuning uchun u tezlikda ruhoniylarning delegatlariga qarshi «Taraqqiyparvar» nomidan Turkiyaga o‘z delegatlarimizni yuborishni taklif etadi. Buni u juda jadallik bilan amalga oshirishni, aks holda esa vaqtdan yutqazib qo‘yilishini ta’kidlaydi.

Sodirxon va Saidnosir (Mirjalilov) vakil qilib tanlanadi. Rais maslahatlashib olganidan keyin ruhoniylar delegatlariga qarshi harakat rejasini e’lon qilishga va’da beradi. Shu bilan birga raisga Turkiston muxtoriyatiga yordam berish, Turkistonga o‘qituvchilar yuborish haqida Turkiya hukumatiga qanday qilib murojaat qilish masalasini ham o‘ylab ko‘rish topshi-riladi.

Shundan so‘ng, oradan ko‘p vaqt o‘tmay, ruhoniylar delegatlari orqasidan «Taraqqiypavar» delegatlari ham yo‘lga chiqadi. Usha vaqtda haqiqatdan ham Turkistonga Angliya ta’sirining xavfi kuchli edi.

Delegatlar Istambulga «Taraqqiyparvarlar» huku-mati ag‘darilgan va Istambul ovrupolik imperialistlar tomonidan ishg‘ol qilingan bir paytda etib keladi. (Bu erdagi) «Taraqqiyparvar» boshliqlari esa qochib ketgan edi. Shu sababli bizning delegatlar Yusuf Ziyabek nazarda tutgan odamlarni topa olmasdan, hech qanday natijasiz qaytib keladi [44]. Ruxoniylarning delegatlari haqida biror xabar olganim yo‘q.

4. «Taraqqiyparvar» tashkilotining asosiy vazifasi Turkiston aholisini qullik va nodonlikdan ozod qilishdan iborat bo‘lgan. Umuman, tashkilot va uning boshliqpari bu vazifani sho‘ro hukumati yashab qolsa, u orqali amalga oshirilishiga shubhalanmas edi. Shuning uchun ham uning yashab qolishini chin yurakdan xohlaydi. Hatto tashkilot a’zolarining vazifylariga sho‘ro hukumatini himoya qilish kiritilgan edi. Unga nisbatan o‘sha vaqtda ikkilanish ham bor edi, chunki u har tomonlama dushmanlar qurshovida bo‘lgan. Sho‘ro hukumati tugatilib, uning o‘rniga oklar yoki men’sheviklar hukumati keladi, Turkiston yana oldingidek nodonlik qo‘lida qoladi, degan shubhalar ham bor edi. Turkiston Angliya qo‘liga tushib qolish xavfi ham yo‘q emas edi.

Bular bizni tashvishlantiradi, shuning uchun ham tashkilot faoliyatini kuchaytirish, sho‘ro hukumatidan foydalanib qolishga qaror qildik. Sho‘ro hukumati milliy muxtoriyat tarafdori, Turkistonni keng muxgoriyat boshqaruv apparati bilan ta’minlaydi va buni qo‘shni davlatlar tomonidan tan oldirishga muvaffaq bo‘ladi, degan umidda edik. Bordiyu, sho‘ro hukumati yiqiladigan bo‘lsa, uning o‘rniga chiqadi deb taxmin qilingan men’sheviklar yoki oqlar bilan kurashishga tayyor bo‘lish, Turkiston muxtoriyatini qutqarish kerak edi. Agar sho‘ro xukumati o‘zini tutib qololsa, tashkilotning maqsadi Turkistonni madaniy taraqqiyotga olib chiqish, Turkiston aholisi huquqini ovrupoliklarniki bilan tenglashtirish, shu bilan birga mustamlakachilik unsurlari qoldiqlari va ularning tarafdorlari bo‘lgan eski boy va ruhoniylar bilan kurash olib borishdan iborat bo‘lmog‘i kerak edi.

Kelajakda aholining madaniy taraqqiyotiga qarab, sho‘ro hukumati bergan o‘sha muxtoriyatni kengaytirishga, (boshqaruv) apparatini mahalliylashtirishga harakat kilish. «Ittihodi taraqqiy»ning maqsad va vazifasi mana shulardan iborat edi. Menimcha, buni «Ittihodi taraqqiy»ning hamma firqali va fir-qasiz a’zolari tasdiqlaydi.

5. Sodirxon hech qanday natijasiz qaytib kelganidan keyin Ziyabek o‘sha oldingi maqsad bo‘yicha endi Istambulga o‘ta kuchli missiya (maxsus topshiriqqa ega bo‘lgan vakillarni) yuborish masalasini ko‘tardi. Unga toshkentliklardan Ubaydullaxo‘ja (Asadullaxo‘jaev), Saidnosir (Mirjalilov), samarqandliklardan Behbudiy, Mardonqul va yana bir kishi kiradi. Oxirgi uch samarqandlik yo‘lda Buxoro amiri (odamlari.) tomonidan ushlab olib o‘ldiriladi [45]. Ubaydulla Moskvada, Saidnosir esa Tiflisda yashirinishga muvaffaq bo‘ldi. Keyin ularning ikkalasi ham qaytib keladi. Ko‘rsatilganlardan birortasi ham Turkiyaga etib borolmaydi. 1919 yil yanvar’ voqeasidan so‘ng bol’shevoy firqasi mustahkamlanib olgach, tashkilotning ko‘pchilik a’zolarida qo‘mitaga bo‘ysunish pasaya boshlaydi. Firqa (bol’shevoy) hamma ishni o‘z qo‘liga ola boshlaydi, tashkilot qo‘lida esa hech nima qolmaydi. Mahalliy ziyolilarning qariyb hammasi sho‘ro ishi bilan mashg‘ul bo‘ladi, natijada tashkilot o‘z xodimlaridan ajralib qoladi. Buning ustiga Turkiyadagi «Ittihodi taraqqiy» tashkiloti ham tarqatib yuboriladi.

Bularning hammasi Ziyabekni tashkilotni tarqatib yuborishga majbur qiladi. Bu tashkilotning o‘rniga boshqa, «Birlik» tashkiloti tuziladi. Uning maqsadi yoshlarni firqaga jalb etishdan iborat bo‘ldi.

 

davomi bor

 

http://e-tarix.uz/milliyat-insholari/maqolalar/401-xotiralar-munavvar-qori.html

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: