Xotiralarimdan. Munavvar Qori (1) – e-tarix.uz


Munavvar Qori

Siyosiy qatag‘onlik «sotsializm qurish» uchun kommunistik firqa olib borgan kurash jarayonidagi eng ayanchli fojea, bitmas-tuganmas jarohat, mudhish siyosat, umummilliy zulm va zug‘um sifatida tarixda qoldi. Uning mazmunu mohiyati va sir-asrorlari to‘la ochilishi uchun hali ko‘pgina vaqt, ilmiy-ijodiy izlanish, aql-zakovat sarflashga to‘gri keladi.

Muhtaram kitobxon! Qo‘lingizdagi «Xotiralarimdan» nomli risola o‘z vaqtida millatimizning ma’naviy otasi hisoblangan Munavvar Qori Abdurashidxonov qalamiga mansub. Unda 20-yillarda milliy-ozodlik va istiqlol uchun kurash olib borgan «Ittihodi taraqqiy», «Birlik», «Milliy ittihod» va «Milliy istiqlol» kabi oshkora va yashirin tashkilotlar tarixi yoritilgan.

***

Qo‘lingazdagi risola buyuk millatparvar, Vatan istiqpoli yo‘lida shaxid o‘tgan Munavvar Qori Abdurashidxonovdan qolgan meros. U Turkistondagi jadidchilik harakati tarixiga oid kattagina asarning uchinchi qismi bo‘lib, «Xotiralarimdan» deb nomlangan.

Muallifning o‘zi ko‘rsatishicha, xotiraning birinchi qismi jadidchilikning maydonga kelishidan 1917 yil fevral’ inqilobigacha bo‘lgan davrni o‘z ichiga oladi. Ikkinchisi 1917 yil fevral’-oktyabr’, uchinchisi esa sho‘ro davrini (1917—1929 yillar) qamrab olgan. Biz mana shu uchinchi qismining ruschaga tarjima qilingan nusxasini qo‘lga kiritdik va o‘zbekchaga ag‘da-rib hukmingizga havola etishga jazm qildik.

Darhaqiqat, unda jadidchilikning sho‘ro davridagi bizlarga noma’lum bo‘lib kelgan maorif va madaniyat taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi, eng muhimi, MILLIY ISTIQLOL uchun mustabid komfirqa siyosatiga qara-ma-qarshi olib borgan oshkora va nooshkora kurashi tarixi yoritilgan.

Risola sho‘ro davrida ilmiy jamoatchilik ko‘zidan nari saqlangan tarixiy hujjat va voqealarga boy. Ular sho‘ro adabiyotida faqat bir tomonlama maqtov va ulug‘lash bilan ko‘rsatib kelingan kommunistik bosqinning mohiyatini to‘gri ko‘rsatishga yordam beradi.

Kitobning yozilish tarixi va joyi ham o‘zgacha. Munavvar Qori uni 1929—1930 yillarda qamoqxonada boshi ustida siyosiy qatag‘onlik oyboltasi ko‘tarib qo‘yilgan ayanchli bir paytda yozgan.

Bu risola milliy-ozodlik kurashi, milliy uyg‘onishda ma’naviy kuch-quvvat va ilhom manbai bo‘lgan ijtimoiy-siyosiy, madaniy-ma’rifiy, milliy demokratik harakat — jadidchilik va uning yirik namoyandasi Munavvar Qori haqida ancha keng ma’lumot beradi.

Munavvar Qoriga 1915 yildayoq Hamza Hakimzoda Niyoziy o‘z xatlarida «Ma’naviy Qori otamiz… hazratlarina», — deb murojaat qilgan. «Inqilob» yillari-da esa ko‘cha namoyishi va katta miting hamda yig‘ilishlarda «Yashasin Munavvar Qori! Yashasin millat!» degan marsh ohangida ashula aytilgan. Buxoroda Frunze boshchiligida qizil armiya davlat to‘ntarishi yasab, mang‘itlar sulolasi — Amir Olimxon avlodlariga tegishli salkam ikki asrlik oltin xazinasi va shahar aholisining boyliklari talanib, kommunistik mustamlaka zug‘umi boshlangach, Fitrat Munavvar Qorini quchoqlab yig‘laydi: «Biz bunday inqilobni xohlamagan edik. Biz faqat amirni ag‘darib adolatli jamiyat barpo qilmoqchi edik…».

Kitob mustabid sho‘ro tuzumi davrida avval biroz muddat ulug‘langan, keyinroq esa, qatag‘on qilingan buyuk istiqlolchi bobolarimizning armonu hasratlari, biz bilmagan jasoratga to‘la kurash tarixi sahifalariga boydir. Shuningdek, undagi Munavvar Qorining boshqa ma’ruza, she’r va maqolalari hamda zamondoshlarining uning haqdagi fikr-mulohazalari kitobxonlar e’tiborini o‘ziga tortadi, degan umiddamiz.

 

Nashrga tayyorlovchidan.

 

MILLATIMIZNING MA’NAVIY OTASI

«Asossiz tarzda repressiyalarga duchor bo‘lgan kishilarning or-nomusi, qadr-qimmati, pokiza nomini tiklashni, ularga etkazilgan ma’naviy va moddiy zararning o‘rnini qoplashni o‘zimizning birinchi galdagi burchimiz deb bilamiz». I. A. KARIMOV

1878 yili Toshkent shahridagi nufuzli oilalardan birida uchinchi o‘g‘il dunyoga keldi. Unga yaxshi niyat bilan padaribuzrukvori — madrasa mudarrisi, elga taniqli Abdurashidxon va volidai mehriboni Xosiyatxonlar Munavvar, ya’ni nurga to‘lgan va nur bilan yoritilgan degan ma’noni anglatuvchi ism qo‘yadilar. Munavvar etti yoshligida otasi Abdurashidxon hayotdan ko‘z yumadi. Chirqillab qolgan A’zamxon, Muslumxon va Munavvarlarning eb ichishiyu kiyinishi, ta’lim va tarbiyasi Xosiyatxon otin elkasiga tushadi. U o‘z davrining o‘qimishli va fozila ayollaridan bo‘lib, jigargo‘shalariga dastlabki savod va boshlang‘ich ta’limdan saboq beradi. A’zamxon bilan Muslumxon hayotdan o‘z o‘rinlarini ota kasbi — madrasa mudarrisi bo‘lib etishish bilan topadi. Muslumxon (1875—1954) masjidda umr bo‘yi imomlik qiladi. A’zamxon 1919 yilda vafot etadi.

Munavvar yoshligidan o‘tkir zehnli, akalari qatori ilmga chanqoq bo‘ldi. U dastlab Toshkentda Yunusxon madrasasida o‘qiydi. Keyin esa o‘n yoshidayoq, Buxoroga borib, u erdagi madrasalardan birida hadis va fiqh ilmi tahsiliga beriladi. Toshkentga qaytib, Darxon mahalla masjidida imomlik qiladi.

U diniy, dunyoviy va ijtimoiy-siyosiy mazmundagi kitoblarni, jurnal va gazetalarni sevib o‘qiydi. Ayniqsa jadidchilikning «otasi» Ismoilbek Gaspirali Krimda chop etayotgan «Tarjumon» (1881—1914) gazetasi Munavvarning millatchi va xalqchil bo‘lib etishiga katta ta’sir qiladi.

Munavvar Qorining shogirdlaridan biri Laziz Azizzodaning yozib qoldirishicha, inqilob arafasida Turkistonga, jumladan, Toshkentga Urusiya, Turkiya, Misr, Eron va boshqa sharqiy mamlakatlardan yuzlab turli xil ilg‘or ruhdagi jurnal, gazeta va to‘plamlar kelib turgan. Ular ziyoli va yoshlar orasida, madrasa-larda qo‘ldan-qo‘lga o‘tib o‘qilgan. Bulardan Munavvar ham bahramand bo‘lgani shubhasiz. U turkiy tillardan tashqari, rus, fors tillarini ham yaxshi bilgan.

Munavvar yoshligidan Vatan taqdiri, xalqning ijtimoiy turmushi, «oq poshsho» va uning o‘lkadagi mustamlakachilik, ruslashtirish va dini islomni buzish siyosati haqida o‘ylay boshlaydi. U Vatan ozodligi, iqtisodiy va madaniy taraqqiyoti maorifga bog‘liq ekanligini juda erta tushunib etadi. Munavvar Qori o‘tgan asrning 90-yillarida Ismoilbek Gaspirali tomonidan Qrimda asoslangan «usuli jadid» — «usuli savtiya» (tovush usuli)dagi yangi maktabni ochishga bel bog‘laydi. Ammo unga chor harbiy ma’muriyati, rus ziyoli missionerlari, mahalliy musulmon diniy mutaassiblar qarshilik qiladi.

Juda katta mehnat va turli ta’qiblarga bardosh berish evaziga, Munavvar Qori 23 yoshida (1901) Turkis-tonda birinchilar qatori jadid maktabini ochishga muyassar bo‘ladi. Unda bolalar o‘qish-yozishni ikki yilda o‘rganadi. Buning uchun qadim — eski an’anaviy maktablarda esa besh yil vaqt sarflanar edi. O‘z mehnatidan to‘la ma’naviy qoniqish hosil qilgan va ilg‘or usulning mohiyat-oqibatini chuqur his etgan Munavvar Qori butun umrini xalqqa ma’rifat tarqatishga, buyuk davlatchilik shovinizmining xilma-xil nayranglariga qarshi kurashga bag‘ishlaydi. Inqilobdan oldin u bu «qilmishi» uchun bir necha bor chor amaldorlari tomonidan ta’qib qilinadi, surgun qilinishi haqida ogohlantiriladi, ammo bular uni sira cho‘chita olmaydi.

Munavvar Qorining madaniy-ma’rifiy, ijtimoiy-siyosiy faoliyati birinchi (1905—1907 yy.) va ikkinchi (1917 yil fevral’) rus demokratik inqiloblari davrida yanada yuksaklikka ko‘tariladi. Bu davrda u faqat jadid maktablarini tashkil etish va ularda yoshlarni o‘qitish bidan cheklanmay, faol adib, jurnalist, noshir, olim, siyosiy rahbar sifatida Turkistondagina emas, balki O‘rta Osiyo va Rossiya musulmonlari orasida katta obro‘ qozonadi.

Munavvar Qori jadid maktablari uchun yangi tovush usulida darsliklar — «Adibi avval» («Birinchi adib», 1907 yil) alifbe va «Adibi soniy» («Ikkinchi adib», 1907 yil) o‘qish kitoblarini chop ettiradi. Bular o‘lkadagi asosiy darsliklar sifatida oktyabr’ to‘ntarishidan so‘ng ham keng qo‘llaniladi.

Munavvar Qori millatning yuksalish va uyg‘onishi faqat maktabgagina bog‘liq, deb tushunmaydi. U keng xalq ommasini dunyo voqealaridan, o‘z ijtimoiy ahvoli va siyosiy voqealardan xabardor bo‘lishi zarurligini tushunib, gazeta-jurnal va badiiy-ilmiy to‘plamlar nashr etishga katta e’tibor beradi. Dastlab 1906 yilda Ismoil Obid muharrirligi va hamkorligida Toshkentda «Taraqqiy» gazetasini nashr ettirishga muvaffaq bo‘ladi. Ammo bu gazeta tez orada chor hukumati amaldorlari tomonidan man etiladi. Munavvar Qori shu yili harbiy hokimiyatdan o‘zi gazeta chiqarishga ruxsat oladi va oktyabr’ oyining boshlarida «Xurshid»ni nashr etadi. Sakkiz betlik bu gazeta idorasi Toshkentning Zanjirli mahallasida makon topgan edi. Bu gazeta ham o‘z sahifalarida islom dini, ya’ni shariatga oid masalalar bilan bir qatorda xalqning ahvoli, iqtisod va siyosat muammolarini yoritgani uchun musodara qilinadi. Undan so‘ng Munavvar Qori yana o‘z do‘st va maslakdoshlari Abdulla Avloniy, Ahmadjon Bektemir, Muhammadjon Jalil nomlaridan gazetalar chi-qarishga ruxsat oladi. Munavvar Qorining 1908 yili «Er yuzi» geofafiya darsligi, «Tajvid» (Qur’oni karimni o‘qish usulini o‘rgatuvchi) kitoblari bosilib chiqadi. Shu yili u yana jadid shoir va yozuvchilari asarlarini to‘plab «Sabzavor» nomi bilan chop ettiradi. Bular jadid maktablarida darslik sifatida qo‘llanildi. Munavvar Qori boshlagan yangi maktab usuli Turkistonga tez yoyiladi. Uning tashabbuskor jon-kuyarlari «taraqqiyparvarlar» deb nom oladi. Munav-var Qori esa ularni birlashtiruvchi rahbar va yo‘lbosh-chiga aylanadi. Uning maktabi esa jadid maktablari uchun ilmiy-uslubiy va amaliy tajriba markazi bo‘lib xizmat qiladi.

1917 yilda Munavvar Qorining matbuot sohasidagi faoliyati ko‘zga alohida tashlanadi. Uning muhar-rirligida «Xurshid» (1906), «Najot» (1917) va «Kengash» (1917) kabi jadid gazetalari nashr etiladi. Munavvar Qori jadidlarning rus podshosi hukmronligi davridagi gazetchilikdagi xizmatiga baho berib shunday degan edi: «Jadidlar polisaning qo‘rqinchi qattiq bo‘lsa ham, qiyinchiliklarni o‘z ustiga olib, gazet chiqardi va uni xalqqa tarqatdi»[1]. Oktyabr’ to‘ntarishidan so‘ng Munavvar Qori yangi maktab, o‘rta maxsus va oliy ta’lim tashkilotchilaridan biri sifatida fa-oliyat ko‘rsatadi. Bu borada uning o‘zi 1927 yilda Tosh-kent rkrug madaniyatchilari qurultoyida shunday deydi: «O‘ktabrdan keyin jadidlar… maktablarini xuku-matga berib, o‘zlari sho‘ro muassasalarida ishlay boshladilar» [2].

Munavvar Qori hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti poydevorini qo‘ygan kishilardan biri. 1918 yil 9 aprelda uning uyida to‘plangan ziyolilar faqat rus tilliklar o‘qishi mumkin bo‘lgan Turkiston Xalq dorilfununi ochish harakati boshlangach, Musulmon xalq dorilfununini tashkil etish maqsadida 9 kishidan iborat tashkilot komissiyasini tuzadi. Unga Munavvar Qori (rais), Burhon Habib, Iso To‘xtaboev, Sodiq Abdusattorov, Murodbek, Murodxo‘ja, Muxtor Bakir, Abdusami Qori Ziyoboev va boshqalar kirgan edi. Komissiya Musulmon xalq dorilfununini ham ruscha Turkiston Xalq dorilfununi kabi uch bosqichda tashkil etadi: yuqori bosqich — dorilmuallimin (o‘qituvchilar instituti); o‘rta bosqich — o‘rta hunar maktablari; quyi bosqich — boshlang‘ich maktablardan iborat bo‘ladi. 3 may kuni Musulmon xalq dorilfununi rahbariyatiga saylov bo‘lib o‘tadi. Unda Munavvar Qori rais (rektor), Iso To‘xtaboev rektorning birinchi, Burhon Habib ikkinchi o‘rinbosarlari, Abdusami Qori Ziyoboev xazinador, Muxtor Bakir sarkotib etib saylanadi.

1918 yil 12 may kuni esa Eski shahar dahasidagi Vikula Morozovnnig sobiq magazini binosi (hozirgi O‘zbek yosh tomoshabinlar teatri)da Musulmon xalq dorilfununining tantanali ochilish marosimi bo‘ladi. Uni Munavvar Qori qisqacha kirish so‘zi bilan ochib, musulmonlar chorizm davrida rus yo‘qsillari bilan birgalikda yarim asr qullikda yashagani, bugungi ozodlik va tantana katta talofatlar bilan qo‘lga kiritilganligini aytdi. Shundan so‘ng bu kurashda halok bo‘lganlarga bag‘ishlab, Qur’oni karimdan tilovat o‘qilib, fatvo beriladi. Musulmon dorulfununi Munavvar Qori rahbarligida o‘z davrining katta bilim maskaniga ay-lanadi. U 15 demokratik madaniy-ma’rifiy tashkilot vakillaridan uyushgan 45 kishilik kengash tomonidan boshqariladi. Unda ishlovchi muallimlar soni 180 nafarga etadi. Uning 1918 yil 31 maydan boshlab, «Xalq dorilfununi» gazetasi chiqadi. U dastlab haftada bir marta, keyin esa (5-sonidan boshlab) haftada ikki marta chiqadi. «Xalq dorilfununi» butun Turkiston o‘lkasi bo‘ylab tarqatilar edi.

1918 yil 2 iyun’ kuni Musulmon xalq dorilfununining yuqori bosqichi dorilmuallimin (o‘qituvchilar instituti) ishga tushadi. Unda Abdurauf Fitrat ona tilidan, Kamol Shamsi arifmetika va nemis tilidan, Rahimboev arifmetikadan, Abdurahmon Ismoilov san’atdan, Rizaev madaniyat tarixi va siyosiy iqtisoddan, Munavvar Qori (dorilmuallimin mudiri — rektori ham edi) ona tilidan dars beradi.

Ruscha Turkiston xalq dorilfununi va uning bo‘limi Musulmon xalq dorilfununi to‘la ma’nodagi oliy o‘quv yurti bo‘la olmasa-da, bo‘lajak davlat universiteti hozirgi — O‘zbekiston Milliy universiteti uchun moddiy-texnikaviy va ilmiy-pedagogik asos bo‘ldi.

Munavvar Qori mustamlakachilikka qarshi «Chor hukumatini yiqitish jadidlarning tilagida bor edi. Siyosiy vazifamiz va maqsadimiz ham shundan iborat bo‘lishi yashirin emas» [3], deydi. Munavvar Qoriga rus demokratik fevral’ inqilobi zulmatdan yorug‘lik-ka chiqish, jaholat ustidan adolat tantana qilishidek bo‘lib ko‘rinadi. U dastlab oktyabr’ to‘ntarishining nomilliy mohiyatini to‘la tushunib etsa-da, xalqqa berilgan erkinliklar va shiorlarni ma’qullaydi, ijtimoiy-siyosiy faoliyatga beriladi. 1917 yil mart oyining boshlarida Munavvar Qorining katta say’-harakati bilan Toshkentda musulmon xalqlari sho‘rosi — «Sho‘roi islomiya» tashkil topdi. Munavvar Qori uning raisi o‘rinbosari etib saylanadi. Aprelning o‘rtalarida Turkiston musulmonlarining birinchi umummusulmon o‘lka qurultoyi chaqiriladi. Unda 150 nafar eng faol vakillar qatnashadi. Munavvar Qori shu tarixiy anjuman rayosatiga rais etib saylanadi. Uning rahbarligida qurultoy o‘sha davrning 16 ta eng dolzarb masalalarini muhokama qilib, tegishli ijobiy qarorlar qabul qiladi. Bular orasida Turkistonning siyosiy jihatdan o‘zini boshqarishi, bo‘lajak hukumat, urush, mardikorlikka olinganlar, ta’sis qurultoyini chaqirish, Turkistonda «Sho‘roi islomiya»ning Butun Turkiston Milliy markazini tuzish, er, suv va boshqa masalalar bor edi. «Sho‘roi islomiya»ning shu birinchi qurultoyida Turkiston musulmonlarining Milliy markazi saylanadi. Unga Munavvar Qori (rais muovini), Mustafo Cho‘qaev (rais), Mahmudxo‘ja Behbudiy va boshqalar kiradi.

1917 yil yozida Toshkent shahar Dumasiga o‘tkazilgan saylov oldi mavsumida Munavvar Qori musulmonlar mitingi va yig‘ilishlarda otashin nutqlar so‘zlab, ularni siyosiy faollikka chaqiradi, natijada musulmonlar katta yutuqni qo‘lga kiritadi. Dumaga saylangan 112 deputatdan 76 nafarini mahalliy xalq vakillari tashkil etadi. Ular orasida Munavvar Qori ham bor edi.

Munavvar Qori Dumada Toshpo‘latbek Norbo‘tabekov, Miyon Buzruk Solihov, Sultonxo‘ja Saidxo‘jaev va boshqalar bilan hamkorlikda mahalliy xalq manfaati, haq-huquqini himoya qiladi. Uning talabi bilan Duma deputatlaridan tuzilgan Toshkentda universitet tashkil etish komissiyasi tarkibiga Ubaydullaxo‘ja Asadullaxo‘jaev, Sodiq Abdusattorov kiritiladi.

Munavvar Qori xalq ma’orifini evropacha zamonaviy va sharqona islomiy bilimlar majmui asosida boshlang‘ich, o‘rta va oliy ta’limdan iborat uch bosqichli tizimini rivojlantirish tarafdori bo‘ladi. Uning o‘zi ikki bosqichli jadid maktabini tashkil etgan edi. Uning birinchi bosqichi to‘rt yillik bo‘lib, bolalarga umumiy diniy va dunyoviy bilimlar asosini beradi. Ikkinchisi esa etti yillik edi [4]. U o‘sha vaqtda yashirin va rasmiy ruxsat bilan ko‘plab tashkil etilayotgan jadid maktablari uchun ustoz (muallim) va kichik-kichik mahalla maschitlariga imom hamda idoralarda ish yurituvchi xodimlar tayyorlaydi. Shuningdek, bu maktabni tugatganlar oliy ta’lim olish uchun madrasa va evropacha universitetlarda o‘qishni davom ettirishi mumkin bo‘ldi.

Millat erki va Vatan ozodligi fidoyisi bo‘lgan Munavvar Qori faoliyatidagi ko‘zga ko‘rinarli asosiy tomonlardan yana biri uning jadid oliy ta’limiga asos solish va oliy malakali kadrlar tayyorlash uchun kurashdan iborat bo‘ldi. Bu sohada u mustamlaka siyosati va mahalliy mutaassiblik kabi ikki tomonlama qarshilikka to‘g‘ri keladi. Shunga qaramay, Munavvar Qori o‘z maslakdoshlari bilan birgaliqda madrasa sohasidagi islohotda sezilarli o‘zgarish qilolmagach, iqtidorli musulmon farzanddarini Rossiya, hozirgi Ozarbayjon va Tatariston, Turkiya hamda Germaniyaga o‘qishga yuborishda ma’lum yutuqlarni qo‘lga kiritadi.

1909 yilda Toshkentda Munavvar Qori o‘z do‘stlari Toshxo‘ja Tuyoqboev, Nizom Qori Mulla Husanov, Mulla Abdulla Avlonov (Avloniy), Bashirulla Asadullaxo‘jaevlar bilan hamkorlikda «Ko‘mak» nomli musulmon xayriya jamiyatini tashkil etadi. Uning mahalliy rus ma’muriyati tomonidan 1909 yil 26 mayda rasman tasdiqlangan Ustavida ko‘rsatilgan asosiy faoliyat mazmunidan biri ta’lim beradigan muassasalarga yordam berish, oliy va o‘rta o‘quv yurtlarida tahsil oluvchilar uchun stipendiyalar ajratishdan iborat bo‘lgan.

 

Shu yili Buxoro jadidlari ham «Tarbiyai aftol» jamiyatini tashkil etadi. Bu xayriya jamiyatlarining Istambulda maxsus bo‘limi ham bo‘lgan. Uni shu erda o‘qigan Fitrat va boshqalar tashkil etadi.

Bu jamiyatlar, ma’lum hujjatlarning guvohlik berishicha, rasmiy va norasmiy ravishda sho‘ro hokimiyatining dastlabki besh yilligigacha faoliyat ko‘rsatgan. Hozirgacha topilgan yozma manbalarga ko‘ra, 1911 yilda Turkiyada 15 kishi, 1912 yilda 30 kishi, 1923 yilda Germaniyada esa 70 kishidan ortiq Turkiston va Buxorolik hamyurtlarimiz o‘qigani ma’lum.

Munavvar Qori sho‘ro hokimiyati davrida, dastlab, Toshkentdagi eski shahar maorifi bo‘limi mudiri, Turkiston hukumati oliy organi — Turkiston Markaziy Ijroiya Qo‘mitasi a’zosi, Maorif Xalq Komis-sarligi kollegiyasi a’zosi, Bosh Vaqf Boshqarmasida bo‘lim mudiri, oddiy o‘qituvchi, gazeta muharriri bo‘lib ishlaydi. 1919 yil yanvarda Toshkentda sho‘rolarga qar-shi Osipov uyushtirgan isyondan so‘ng juda og‘ir siyosiy vaziyat yuzaga keldi. Shu voqealar munosabati bilan ulamolar taraqqiyparvar jadidlardan o‘ch olish maqsa-dida hatto ularni kaltaklaydilar. Bunga javoban Munavvar Qori o‘z safdoshlari bilan kelishib, «Birlik» uyushmasini tashkil etadi. Bundan maqsad firqali va firqasiz, ziyoli va oddiy fuqaro hamda yoshlarni birlashtirish orqali komfirqa tarkibida ko‘pchilikni tashkil etish edi. Uni tashkil etish marosimida ishtirok etgan Tangriqulxo‘ja Maqsudov shunday yozadi: «Mana shu yig‘ilishda Sa’dullaxo‘ja Munavvar Qorini kutib olish chog‘ida u bilan o‘pishib, o‘zini eser deb tanishtiradi va Vatan uchun ishlashga hamisha tayyor ekanligini aytadi. Bu yig‘ilishda «Izchilar» nomli musiqa orkestri ham bo‘lib, musiqachilar Akmal Ikromov boshqaruvida «Yashasin Munavvar Qori, Yashasin millat!» degan ashulani aytadilar». Munavvar Qori inqilob va sho‘ro hokimiyatining dastlabki yillarida millatning ma’naviy-mafkuraviy otasi, siyosiy rahbari darajasiga ko‘tariladi. Millat va Vatan manfaati yo‘lida 1918 yilda komfirqa safiga kiradi. Musulmon kommunistik tashkiloti tashkil topishida uning ta’siri ham kuchli bo‘ldi. 1919 yil mart oyida RKP(b)

Markaziy Qo‘mitasi roziligi bilan II o‘lka firqa konferentsiyasida RKP(b)ning Musulmon byurosi — «Musbyuro» tuzildi. Unga T. Risqulov rais, Munavvar Qori, N. Xo‘jaev, A. Muhitdinov, Yu. Aliev va Yu. Ibragimovlar a’zo bo‘lib saylandi.

Ularning ta’sirida Musbyuro turkiy va boshqa musulmon xalqlarini birlashtirish va ular manfaatini himoya qilish sohasida qator ishlarni amalga oshiradi. Buning natijasi o‘laroq Turkiston musulmon kommunistlarining III konferentsiyasi va nomusulmon Turkiston kommunistlarining V konferentsiyasi (1920 yil, yanvar’) Musulmon firqa tashkilotini «Turk kommunistik firqasi», Turkiston Muxtor respublikasini esa «Turk muxtor respublikasi» deb nomlash to‘g‘risida qarorlar qabul qiladi.

Biroq bunga mustamlakachilik siyosatini yangicha shaklda davom ettirayotgan Markaziy firqa va hukumatning Turkistondagi ishonch va tayanchi Turkkomissiya rahbarlari, aniqrog‘i, Frunze qarshi chiqadi. Shuning uchun ham Turkkomissiya maxsus tuzilgan komissiya xulosasiga ko‘ra musulmon kommunistlarining xohish-irodasi asosida qabul qilingan yuqoridagi qarorlarni bekor qiladi. T. Risqulov boshliq musulmon kommunistik tashkilot rahbarlari, shu jumladan, Munavvar Qori ham «milliy og‘machilik»da ayblanib badnom qilinadi. Bu esa «lenincha millatlarning o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqi» haqidagi shior kommunistik mustamlakachilikning niqob pardasidan boshqa narsa emasligini isbot qiladi..

Buxoroga qizil armiya bostirib kirib, bosib olgach, Munavvar Qori Turkiston sho‘rolari Markaziy Ijroiya Qo‘mitasi tomonidan Buxoro hukumatiga yordamchi xodim sifatida ishga yuboriladi. Uning bu erga kelishi bilan Buxoro yashirin milliy-ozodlik harakati markaziga aylanadi. Ahmad Zaki Validiy boshchiligida yashirin «Turkiston milliy birligi» qo‘mitasi (O‘rta Osiyo Milliy Musulmon jamiyatlari federatsiyasi) tuziladi. Uning asosiy vazifasi Turkiston, Buxoro va Xorazmni kommunistik bosqindan ozod qilish, «bosmachilik urushi»ga tashkiliy tus berishga qaratiladi.

Munavvar Qori «Turkiston milliy birligi» harakatining asosiy faollaridan biriga aylanadi. Shuning uchunmi, u Buxorodan tez orada Toshkentga chaqirib olinib, 1921 yilda davlat to‘ntarishi yasashda gu¬mon qilinib, bir guruh kishilar qatori qamoqqa olinadi. Oradan biroz vaqt o‘tgach, u Turkiston ASSR Markaziy Ijroiya Qo‘mitasining avf etishi (amnistiyasi) asosida qamoqdan ozod qilinadi.

Mana shundan so‘ng unga firqaviy va ma’muriy tazyiq borgan sayin kuchayib boradi. Nihoyat u Komfirqa safidan chiqishga majbur bo‘lib, shunday deydi: «Men o‘zimni o‘zbek xalqim uchun foydali hisoblaganim uchun kommunistik partiyaga kirdim, agar mening xalqim foydasi uchun qaysi bir partiyaga kirish lozim bo‘lsa, men o‘shanga o‘taveraman»[5].

Munavvar Qori o‘zbek milliy teatri asoschilaridan biri sifatida ham katta obro‘ va e’tibor topgan. U o‘z fikrdoshlari bilan ijodiy xamkorliqda 1914 yildayoq «Turon» truppasini tuzgan edi. Bu truppa besh yil foliyat ko‘rsatadi.

Munavvar Qorining madaniyat va maorif, ijtimoiy-siyosiy hayot sohasidagi xizmatlariga shoir Tavallo bir she’rida baho berib shunday deydi:

Cho‘h munavvar etdi olamni Munavvar Qorimiz, Ko‘rdimiz ravshanlig‘idin fe’limiz, atvorimiz. Ibrat oling yoshlar, deb to‘qtsi ko‘zdin yoshlar, Nutqida tahrir etib, bizlarni yo‘qu borimiz. Chin ko‘ngildan biz eshitduk, chin ekan aytgan so‘zi, Shuncha bid’atlarni bilduk, voy, biz iqrorimiz.

Munavvar Qori ilmiy-ijodiy yoshlarni tarbiyalashga katta e’tibor beradi. Ularga ma’naviy otalik qiladi. Bu o‘rinda Hamza Hakimzoda Niyoziyning 1915 yilda unga yozgan xati diqqatga sazovordir: «Assalomu alaykum! Ma’naviy Qori otamiz hazratlarina!» Ustoz esa o‘z shogirdi Hamzaga mehr ila yozilgan javob xatlaridan birida (1916): «Hurmatli Hamza afandi! Eshon va boylarning mal’un va ablahliklarini ochiqdan-ochiq «mal’un», «johil», «xoin», «palid», «nobakor» kabi so‘zlar ila emas, qilg‘on ishlarining yomonligi ila ko‘rsatilsa yaxshi bo‘lur edi»,— deb maslahat beradi.

Bu o‘rinda Munavvar Qori badiiy ijodiyot sohasida Hamzaga juda to‘g‘ri maslahat berishdan tashqari shu narsa aniq sezilib turubdiki, u dinga emas, balki, dindan o‘z manfaati yo‘lida foydalanayotgan dindorlarga qarshi bo‘lgan. Munavvar Qori butun xalq va ayniqsa yoshlarni imoni but bo‘lish bilan birga o‘ta xavfli dushman — ijtimoiy-siyosiy «yalqovlik» va «nodonlik»dan siyosiy faollik va milliy uyg‘onishga chaqirgan edi. Bunga uning bolalarga qarata yozgan quyidagi she’ri misol bo‘la oladi:

 

YALQOVLIK YOVIMIZDIR

 

Qo‘zg‘olingiz, ey o‘rtoqlar!

Keldi bizga ishlash chog‘i,

Biz barchamiz yosh ishchimiz,

Ishxonamiz maktab bog‘i.

Turing tezroq ish boshlaylik,

Yalqovlikni biz tashlaylik!

Ko‘kdan bulut yomg‘ir sochar,

Suvlar oqar, o‘tlar o‘sar,

Qushlar uchar, oziq izlar,

Butun dunyo tinmay ishlar.

Siz ham turing, ey o‘rtokdar,

Yurt obro‘sin yoshlar saqlar…

Tirik bo‘lsang, qo‘zg‘ol o‘rtoq,

Qo‘lga ishni tez ol, o‘rtoq!

Jannat kabi go‘zal yurting yig‘lab,

Sendan ish kutadir,

Senda ko‘rgach ishsizlikni,

Hasrat chekib, qon yutadir.

Tur o‘rningdan, och ko‘zingni,

Ayt yovingga so‘ng so‘zingni.

Yoving kimdir, bilasanmi?

Nodonlikdir, yalqovlikdir,

Yovga qarshi kurashmaslik —

Qo‘rqokdiqdir, anqovlikdir.

Ish qilichin tur, qo‘lga ol!

Yovga qarshi chindan qo‘zg‘ol!

 

Ming bor afsuski, bu ulug‘ zot sho‘ro tarixida «xalq dushmani», «millatchi» (bir millatni ikkinchisiga qarama-qarshi qo‘yish ma’nosida), «mahalliy burjuaziya ideologi» deb ta’riflab kelindi. Unga nisbatan yosh avlodda nafrat tuyg‘usini tarbiyalashga harakat qilindi.

Munavvar Qori bor-yo‘g‘i 53 bahorni ko‘rdi. Shundan 39 yili «inqilob»dan oldingi chorizm mustamlakachiligi azobi ostidagi bolalik, balog‘at va faollik davri bo‘lsa, qolgan 14 yili qizil imperiya va lenincha qatag‘onlik siyosati tomonidan ma’naviy xo‘rlanish zamoni bo‘ldi. Umrining oxirgi ikki yilida u harbiylashtirilgan siyosiy boshqarma qamoqxonalarida o‘z xalqi ozodligi va mustaqilligi uchun o‘limga qarshi tik turib kurashdi. Bizlarga nasib bo‘lgan siyosiy va milliy mustaqillik nashidasi uning uchun ulkan armon bo‘lib qolsa-da, u bu yorug‘ kunlarning kelishiga komil ishonch bilan shahid o‘tib jannati bo‘ldi.

Aytish mumkinki, Munavvar Qorining sho‘ro davridagi kurashi va hayoti oybolta ostida o‘tdi. Agar dastlabki ikki-uch yili hisobga olinmasa, u kommunis¬tik mustamlaka davrida sira ham ro‘shnolik ko‘rmadi.  Doimo ta’qib va kuzatuv ostida yashadi. Uning o‘zi yozishicha, oktyabr’ to‘ntarishidan so‘ng komfirqa olib borgan siyosatga qo‘shila olmaydi.

Ammo u rus xalqiga nisbatan to‘g‘ri munosabatda bo‘ladi. Uning inqilobdan oldingi rus ma’rifatparpar va demokratlarining g‘oyalaridan voqib bo‘lganligi shubhasiz, albatta. Shuning uchun ham u 1927 yilda jadidchilikni himoya qilib, Toshkent okrugi madaniyatchilari qurultoyi minbaridan turib ushbu otashin va qalb so‘zlarini aytgan edi: «…Bir majlisda rus mustamlakachilari bilan kurashamiz degan edim. Agar bordi-yu, rus o‘rtoqlar shu gapimga araz qilib, «ol mamlakatingni, o‘zing idora qil» desa men ularning oyog‘iga yopishib, eng avval aytar edimki, biz siz bilan emas, Sizning boyingiz, ulomoyingiz va mustamlakachilaringiz bilan kurashamiz, der edim» [7].

Shu erda buyuk rus demokratlari rus hukumatining boshqa qo‘shni xalqlarga nisbatan olib borgan bosqinchilik siyosati haqida aytgan dono fikrlarini eslamoq o‘rinlidir. «Kimlarki, — degan edi A. I. Gertsen, — rus xalqini rus hukumatidan ajrata olmas ekan, ular hech nimani tushunmay o‘tadilar». F. M. Dostoevskiy esa undan ham oshirib, «Haqiqat Rossiyadan ulug‘dir»[8] deydi.

Ko‘rinib turibdiki, Munavvar Qorining dunyoqarashi rus demokratlari bilan hamohang bo‘lgan.

Munavvar Qorining bevosita tashabbusi va rahbarligi bilan 1917 yildan to 1929 yilgacha bir necha ijtimoiy-siyosiy milliy tashkilotlar tashkil topadi. Munavvar Qori sho‘ro hukumati va kommunistik firqa milliy siyosatining yolg‘onchilik, mahalliy manfaatga zid mohiyatini tushinib etadi. Shuning uchun ham u milliy o‘zlikni saqlash va milliy mustaqillik mafkurasini himoya qilish hamda rahbar firqa va hukumat organlarini «milliylashtirish» ishlarini olib boruvchi rasman oshkora va yashirin bir qator ijtimoiy-siyosiy va madaniy-ma’rifiy milliy tashkilotlarga g‘oyaviy rahbarlik qiladi. Masalan: «Ko‘mak» (1909—1923), «Ittihodi taraqqiy» (1917-1920), «Sho‘roi islomiya» (1917—1918), «Milliy ittihod» (1921-1925), «Milliy istiqlol» (1926—1929), «Turkiston milliy birligi» (1920—1923). Bular sho‘ro yozma tarixiga kiritilmasdan yashirin saqlanib kelindi, hujjatlarda «aksilinqilobiy», «aksilsho‘raviy», «no¬xalqchil» tashkilotlar sifatida qayd qilindi. Munavvar Qorining qamoqxonada yozgan «Xotiralarim» asarida shunday so‘zlar bor: «Mening yozgan kitoblarim va mafkuramga nisbatan 1925 yildan boshlab matbuotda juda kuchli hujum boshlandi… Tabiiy ravishda, men ularga toqat qilaolmadim. Shu sababdan Toshkentni butunlay tark etib ketishga, Moskovga borib, u erda qolgan umrimni o‘tkazishga… azmu qaror qildim». Shuni aytish kerakki, Munavvar Qoridek elga tanilgan, xalqning ma’naviy otasi va yo‘lboshchisi bo‘lgan kishining o‘z Vatanidan bezib ketishga «azmu qaror» qilganligi osonlikcha bo‘lmagan, albatta. Darhaqiqat, Munavvar Qori 1926 yili Moskvaga ketadi. U erdagi Sharq xalqlarini o‘rganish institutida o‘qish va ilmiy ishga qolishga harakat qiladi. Ammo uni «rasmiy yo‘llanma bilan qabul qilish» mumkinligini aytib, Toshkentga qaytarishadi. Akmal Ikromov Moskvaning o‘zida yo‘llanma berishga va’da ham beradi. Lekin va’da va’daligicha qoladi. Munavvar Qori Uzbekiston xalq maorifi komissarligidan «Sizning arizangizni rad qilishga qaror qilindi, o‘rningizga boshqa kishi yuboriladi» degan javob olgach, Afg‘onistonning Tosh-kentdagi vakolatxonasi orqali xorijga o‘tib ketishga harakat qiladi. Ammo bu amalga oshmaydi. 1928 yili yoshlarni millatchilik ruhida tarbiyalashda ayblanib Munavvar Qori maktab o‘qituvchiligidan ham haydaladi. Ozgina vaqt Samarqand shahar muzeyida ilmiy xodim bo‘lib ishlaydi. Keyin Toshkentdagi Eskilik va san’at yodgorliklarini saqlash qo‘mitasi vakili lavozimiga o‘tkaziladi. Bu oxirgi ish joyi bo‘lib, unda ham ko‘p ishlash imkoni bo‘lmaydi. Uyda ishsiz o‘tirib qoladi. Uning o‘zi yozishicha, har kuni 9—10 soatlab uyda qo‘lqop va paypoq to‘qiydi. Ularni sotib tirikchilik o‘tkazadi. Bu davrda uning xotini La’zizaxon tibbiyot bilim yurtida o‘qishi sabab, biror joyda ishlamas edi. 1928 yilning boshlarida SSSR Xalq Komissarlari kengashi qoshidagi Birlashgan davlat siyosiy boshqarmasining O‘rta Osiyodagi muxtor vakili Bel’skiy Munavvar Qorini chaqirib, jadidchilik haqida u paydo bo‘lganidan boshlab to hozirgacha yozib kelishni  talab qiladi. Shundan so‘ng u, bir tomondan, «bo‘lib o‘tgan voqealarni tadqiq qilish va tari-xiy material qoldirish» maqsadida, ikkinchi tomondan esa, hukumat oldida o‘z «siyosiy mavqeini yaxshilash» umidida «Xotiralarim»ni yozishga kiri¬shadi. Uning Afg‘onistonga o‘tib ketish maqsadidan qaytganligining sabablaridan biri ham mana shu bo‘lgan edi.

Munavvar Qori jadidchilik haqida paydo bo‘lganidan boshlab fevral’ inqilobi va oktyabr’ to‘ntarishigacha hamda sho‘ro davridan iborat uch qismda yozish rejasini tuzib, Bel’skiy va Agidullin (GPUning kat-ta vakolatli vakillari)ga ko‘rsatadi. Ularga reja ma’qul bo‘ladi. «Xotiralarim»ning birinchi qismi yozi-lib, ikkinchisi ham tugay deb qolgan bir paytda GPU tomonidan Munavvar Qori qamoqqa olinadi.

Ushbu voqea 1929 yil 6 noyabrga to‘g‘ri keldi. Bu kun butun o‘zbek ziyolilari uchun tarixda qora kun bo‘lib qoldi. Chunki shu kuni birdan 26 nafar ziyoli, noyabr’-dekabr’ oylarining o‘zida esa, 38 kishi qamoqqa olinadi. Umuman, 1931 yilning boshlarigacha Munavvar Qori boshchiligidagi «aksilinqilobiy tashkilot» — «Milliy istiqlol» a’zolaridan 87 kishi ozodliqdan mahrum etiladi. Ularning hammasi bir jinoiy ish — RSFSR jinoiy kodeksining 58-moddasi va undagi turli xil bandlarda belgilangan «aksilinqilobiy harakat va faoliyat»da, ya’ni, bizningcha, milliy-ozodlik va istiklol harakati tashkilotchisi va faollari sifatida jinoiy javobgarlikka tortiladi.

Munavvar Qorining qamoqqa olinishi vaqtida uyida o‘tkazilgan tintuv haqida uning jiyani (kichik akasining o‘g‘li) Muhammadxon Muslumxon o‘g‘li Abdurashidov shunday eslaydi: «Uch aka-uka A’zamxon, Muslumxon va Munavvarxon bir hovlida juda inoq yashashgan. Hovlimiz juda katta edi. Amakim uning yarmida yangi usuldagi maktab ochib, bolalarni o‘qitgan. Bu maktab sho‘ro davrida birin-ketin «Muxtoriyat», «Birinchi may» va «Lenin» maktabi deb atalgan. Amakimlarning katta xotini Muborakxon opoqidan ikki o‘g‘li bo‘lib, ular yoshligida vafot etib ketgan ekan. Shundan so‘ng farzand niyatida amakim ikkinchi xotini La’zizaxonga uylanadi. Ulardan farzand bo‘lmagan.

Esimda bor, 1929 yili noyabr’ oylari bo‘lsa kerak, tong otar chog‘ida hovlimizga GPUning qurollangan xodimlari bostirib kirdi. Ularning bir qismi hovlidan hech kimni tashqariga chiqarmay, hatto hojatga borganlar orqasidan ham kuzatib turdi. Boshqalari esa, uyda tintuv o‘tkazib, juda ko‘p kitob, gazeta, qo‘lyozma va rasmlarni qoplab oldi. Tintuv erta tongdan nomozi asrgacha davom etdi. Soqchilardan biri tomga chiqib tintuv o‘tkazish vaqtida chiylampa qilib qo‘yilgan ayvon shipiga osilib qolgani esimda. Uning tanasining beso‘naqayligi hozir ham ko‘z oldimda turibdi» [9].

Bu o‘sha vaqtda o‘n yashar bo‘lgan, keyin esa kommunistik qatag‘onlik mavsumi davrida 8 yil qamalib undan ozod bo‘lganidan keyin ham uzoq yillar o‘z Ona shahri Toshkentda yashash huquqidan mahrum etilgan millatparvar ajoyib bir insonning xotirasi [10].

Munavvar Qoriga qamoqxonada odatdagidan boshqacharoq tergov usuli qo‘llaniladi. Dastlabki paytlarda unga jadidchilik haqidagi «Xotiralarim»ning uchinchi qismini yozib tugatish uchun «qulaylik» yaratiladi.

Munavvar Qori va uning sheriklarini so‘roq qilish bir yildan ortiq davom etadi. Nihoyat Munavvar Qori boshliq 87 kishining «jinoiy ishi» 1931 yil 25 aprelda Moskvada SSSR Xalq Komissarlari huzuridagi Birlashgan siyosiy boshqarmaning (sudlov) kollegiyasi majlisida ko‘riladi. Ayzenberg degan kimsaning 20 minutlik ma’ruzasi bo‘yicha 87 kishidan 15 tasi, shu jumladan, Munavvar Qori ham oliy jazo — otib o‘ldirishga hukm qilinadi. Qolganlari uzoq muddatli surgunga yuborildi. Ularning aksariyati surgundan qaytib kelmay, sovuq o‘lkalarda halok bo‘ddi.

Munavvar Qori qachon va qaerda qatl qilingan? Bu savolga GPU xodimlarining o‘zlari ham keyinchalik aniqjavob topa olmagan. 1957 yili kommunistik qatag‘on davri sirlari ochila boshlagach, 87 kishi haqidagi tergov hujjatlari qayta o‘rganilib, ulardan faqat 26 kishigina O‘zbekiston SSR Oliy sudining Vosiqova raisligida o‘tgan yashirin sudlov kollegiyasida (5 sentyabrda) oqlanadi. Shu kollegiyaga tayyorlangan xulosa (hujjat)da shunday so‘zlar yozilgan: «Abdurashidxonov M. Q., Tillaxonov S, Ikromov G., Karimov M., Musaboev T., Maqsudov T. X., Shorahmedov N. va Ahroriy S. A. haqidagi hukm qachon ijro etilganligini tekshirish jarayonida aniklashning iloji bo‘lmadi». Shuni aytish lozimki, bu hur fikrli zotlarning taqdiru takomili ma’lum. Istiqlol qurboni bo‘ldi. Ammo ularning shahid bo‘lgan kuni, muborak qoni to‘kilgan joy — pok xoklari makon topgan aziz zamin hamon aniq emas.

Shu narsa ma’lumki, «Vechernyaya Moskva» gazetasining 1992 yil 25 may sonida Munavvar Qori va yana to‘rtta vatandoshimiz Moskvada otilgani haqida xabar bosildi. Lekin shunga qaramay, boshqa ma’lumotlar bu to‘g‘rida hali jiddiy ilmiy tadqiqot va izlanish¬lar olib borish zarurligini taqozo etmoqda. Hujjatlardan ma’lumki, ko‘p kishilar qamoqxonadayoq halok bo‘lgan.

Mustabid va shovinizm botqog‘iga botgan kommunistik siyosat o‘z millati, Vatani ozodligi, mustaqil bo‘lishi uchun kurashgan Munavvar Qorini nom-nishonsiz yo‘qotish, tarixdan o‘chirib tashlashga harakat qildi. Ammo buning iloji bo‘lmadi. Chunki, u o‘z xalqi qalbi qa’rida, tarix sahifalarida abadiylikka muhrlangan edi. Boshqacha aytsak, Munavvar Qorining hayotiy faoliyati, tarixiy xizmati haqiqat va adolat misol chopsa chopilmas, ko‘msa ko‘milmas, yoqsa yoqilmasdir.

Biz hozirgi paytda Prezidentimiz Islom Abdug‘anievich Karimovning ulkan sa’y-harakati va jasorati ila tobora mustahkamlanib borayotgan istiqlol, ijtimoiy adolat va demokratiya sharofati bilan Munavvar Qori «Xotiralarim» asarining uchinchi qismini qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘ldik. Asar jadidchilik harakati va uning kurash faoliyati hamda kommunistik firqaning unga qaratilgan siyosatiga bag‘ishlangan. Uning yozilishi haqida Munavvar Qorining o‘zi asarining uchinchi qismidagi «Mening siyosiy boshqarmaga bergan va’dam» bo‘limida to‘la ma’lumot beradi.

Bu erda aziz kitobxonlarni masalaning boshqa bir tomoni haqida oddindan ogoh qilmoqchimiz.

Asarning bizning qo‘limizdagi qismi o‘zbekchadan rus tiliga tarjima. U o‘zbekcha «Xotiralarimdan» deb nomlangan. Shu boisdan biz uning to‘la nomi «Xotiralarim» bo‘lsa kerak degan to‘xtamga keldik.

«Xotiralarimdan»da jadidchilik harakati va ja-didlarning sho‘ro davridagi kurashi haqida, shu vaqtgacha bizlar bilmagan tarixiy voqea va hujjatlar o‘rin olgan. Bu hujjat 1929 yil noyabr’ — 1930 yil iyul’ oylarida qamoqxonada yozilgan va muallifning ustidan qatliom hukmi chiqarilishi uchun asosiy aybnoma bo‘lgan. Uning bosh qismida Munavvar Qori tergovchilarni biroz chalg‘itishga harakat qiladi. Biroq, buning iloji bo‘lmasligini anglagan holda, darhol bor haqiqatni ochiq-oydin yozadi. Buni Munavvar Qori «sirni» ochib, o‘zi va boshqalarning umriga zavol bo‘lgan ekan, degan ma’noda tushunmaslik kerak, albatta. Chunki, u mustabid kommunistik siyosat iskanjasidan hech kim omon qolib, chiqib ketaolmasligini, shuningdek, kommunistik hukmronlik ham uzoqqa bormasligini yaxshi bilgan. Shuning uchun millat va Vatan ozod bo‘lib o‘z istiqlolini qo‘lga kiritishiga ishonch hosil qilgan holda bor haqiqatni tarix uchun, kelajak avlod uchun ongli ravishda to‘g‘ri bayon qiladi.

Qamoqxonadagi mahbuslarni ham maxsus murojaatnoma yozib, ularni bor haqiqatni ochiq-oydin aytishga da’vat qiladi. «Mahbuslarga qarata yozgan murojaatimda, — deydi Munavvar Qori, — ularni mening yo‘limdan borib tergovga to‘g‘ri javob berishiga chaqirdim». «Milliy istiqlol» tashkilotining faollaridan biri Salimxon Tillaxonov esa tergovga bergan ma’lumotida shunday deydi: «Munavvar Qori qamalishidan 2—3 oy oldin tashkilotning har xil kishilar qo‘lida saqlanayotgan arxivini to‘plash zarurligini menga aytib bu arxiv materiallarini e’tibordan chetroqda bo‘lgan qishloqlarga tarix uchun yashirib qo‘yishni uqtirgan edi».

Hozircha, «Xotiralarimdan» millatga ma’naviy ota bo‘lib mustaqillik uchun o‘zini ayamay, xalqim deb haq yo‘lida tik turib shahid bo‘lgan Munavvar Qori ijodiy merosining birdan-bir kattagina parchasi, xolos.

Biz bu jadidchilik harakatining sho‘ro davridagi faoliyatiga oid topildiq hozir haqiqat nuqtai nazaridan qayta tiklanayotgan ona tariximizdagi «oq» va «qora» dog‘larning tugatilishiga biroz bo‘lsa ham hissa qo‘shadi degan umiddamiz. Shuning uchun ham uni o‘z asliyatida bo‘lmasa-da, ruschadan o‘zbekchaga ag‘darib, aziz kitobxonlar bilan birga baham ko‘rishga shoshildik. Shuningdek, kitobni mutolaa qilish paytida u qanday sharoit va siyosiy muhit hamda maqsadda yozilgan-ligini ham unutmaslik kerak.

 

Sotimjon Xolboev

 

 

XOTIRALARIMDAN

MKNING SIYOSIY BOSHQARMAGA BERGAN VA’DAM

Bu 1928 yilning boshlarida bo‘lgan edi. Meni boshliq (SSSR Bosh siyosiy boshqarmasi bo‘limining O‘rta Osiyodagi Muxtor vakilligi boshlig‘i) o‘rtoq Bel’skiy o‘z oldiga chaqirib, jadidimiz paydo bo‘lganidan buyon bo‘lib o‘tgan voqealarni keng va hujjatlar asosida yoritishimni alohida ogohlantirdi. Menga savollar bitilgan blanka berdi. Undagi savollarning bir qismiga o‘zim javob beraolmasamda, ikkinchi qismiga esa boshqalarning yordamisiz javob berish ancha mushkul ko‘rindi.

Uning taklifini men katta quvonch bilan qabul qildim, chunki shu bahonada bo‘lib o‘tgan voqealarni tadqiq qilish va tarixga molik biror narsa qoldirish mumkinligi tug‘ildi. Shu bilan birga bu ishni bajarsam mening hukumat oldidagi siyosiy mavqeim yaxshilanarmikan degan umid ham paydo bo‘ldi. Afg‘onistonga ketmasligimga, birinchidan, Bachi Soqov qo‘zg‘oloni, ikkinchidan esa mana shu taklif sabab bo‘lgan edi.

Yozmoqchi bo‘lganlarimning rejasini tuzib, o‘rtoq Bel’skiyga ko‘rsatdim. Bel’skiy va Agidullin men tuzgan rejani maqsadga muvofiq deb ma’qulladi. Rejada men yoziladigan xotirani uch davrga bo‘lgan edim. Birinchisi jadidizm paydo bo‘lganidan to fevral’ inqilobigacha, ikkinchisi fevral’ inqilobidan oktyabrgacha, uchinchisi esa oktyabr’ inqilobidan ushbu xotiraning tugashigacha edi.

Mana shu rejaga ko‘ra o‘z xotiralarimni yozishga kirishdim. 1929 yilning boshida uning birinchi qismi, ya’ni 1917 yilgacha bo‘lgan xotiralarimni yozib topshirdim. Ikkinchi qismini 1929 yili yozishga ki-rishdim. Ammo menda yozish uchun vaqt juda oz edi, sababi, bu vaqtda men ishsiz edim. Mening oilamda o‘zimdan boshqa birorta ham ishlab pul topadigan kishi yo‘q edi, xotinim esa bu vaqtda (tibbiyot bilim yurtida) o‘qir edi. Har kuni uyda 9—10 soatlab o‘tirib, paypoq va qo‘lpoq to‘qish va shu bilan 2—3 so‘m pul topib oila tebratishga majbur bo‘ldim.

Shunday o‘ta bir cheklangan paytda men xotiralarimni tez orada yozib tugata olmasligim o‘z-o‘zidan ayon edi. Shuning uchun (1929 yilning avgustlarida bo‘lsa kerak) bu to‘g‘rida Siyosiy boshqarmaning Sharq bo‘limi boshlig‘i o‘rtoq Agidullinga murojaat qilib, o‘zimning oilaviy ahvolim haqida ochiq-oydin so‘zlab berdim.

Agar xotira yozishni tez orada tugatish zarur bo‘lsa, menga yordam berishlari kerakligini aytdim. Shunda u «Sizga qanday yordam bermoq kerak?» — deb so‘radi. Unga esa men shunday dedim: «Menga ma’naviy yordam kerak. Men nafaqa olish uchun ariza berganman. Agar sizlar tomondan biroz ta’sir bo‘lsa men nafaqa olaman. Bu bilan mening hayotim birozgina bo‘lsa ham ta’minlanadi».

O‘rtoq boshliq yordam berishga va’da berib, yozganlarimni oz-ozdan bo‘lsa-da, ko‘rsatib turishimni talab qildi. Bu paytda men ikkinchi qismni oxirlashtirib qo‘ygan edim. Boshliqning buyrug‘i bilan men bu qismni tugallanmagan bo‘lmasa ham unga topshirdim.

O‘rtoq boshliqning yordamini kutish bilan birga uchunchi qism uchun material izlay boshladim. Ammo mening qamoqqa olinishim sababli bu amalga oshmay qoldi.

Men oktyabr’ inkilobi arafasida tashkil topgan «Ittihodi taraqqiy» (11) (Taraqqiyparvarlar jamiyati) haqida yodimda qolganlarini oldin yozib bergan edim.

Jamiyat dasturini Usmonbek bilan Haydar Afandilar (12) tuzgan. Men uni (turkchadan) o‘zbek tiliga ag‘darganman. 1917 yil avgustining oxirlarida bo‘lsa kerak, mening uyimda taraqqiyparvarlarning Usmonbek raisligida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida bu dastur qabul qilindi. Yig‘ilishda uch kishidan iborat rayosat ham saylandi. Unga rais qilib Usmonbek, rahbar bo‘lib esa Haydar Afandi saylandi. Uchinchisi mahalliy kishilardan bo‘lishi kerak edi. Uni tanlash Usmonbek bilan Haydar Afandining o‘zlariga topshirildi. Men oktyabr’ inqilobigacha bu jamiyat ishida qatnashib keldim. Ruhoniylar ila bu jamiyat orasida kelishmovchiliklar bo‘lib turar edi.

Davlat (shahar) dumasida bizlar eser va sotsial-demokratlar bilan ittifoq tuzgan bo‘lishimizga qaramay, ruhoniylarning vakillari ko‘pchilikni tashkil etardi. Jamiyat oktyabr’ inqilobidan keyin ham o‘z ishini davom ettirdi. Uning a’zolari, dasturda ko‘rsatilgandek, bizning manfaatlarimizga qarshi bo‘lmaydigan hamma firqalarga kirish huquqiga ega edi. Shuning uchun ba’zi birovlar bol’shevoylar, boshqalar esa eserlar firqalariga kirdi. Men ham biror firqaga kirish istagida Haydar Afandi orqali rayosatdan ijozat so‘radim. Rayosat menga hali hukumat mustahkam emasligi va uning yashab qolish-qolmasligi dargumon bo‘lib turganligini bahona qilib, biroz sabr qilishni maslahat qildi.

Bu vaqtda men maorif sohasida ishlar edim. Shunday qilib, men 1919 yil, ya’ni yanvar voqealarigacha (13) shu jamiyat rahbarligida bo‘ldim. U o‘tgan vaqt davomida sho‘roga qarshi faoliyat ko‘rsatgan emas, aksincha o‘z rejalarini hayotga tadbiq etish uchun Sho‘ro hukuma-tini eng munosib hukumat deb biladi. Jamiyatning rejalari quyidagilardan iborat edi:

1) yoshlarni a’zolikka jalb qilish;

2) ruhoniylar bilan kurash olib borish (14);

3) oqlarni aniqlash va ularni imkoniyati bo‘lganida hukumat qo‘liga topshirish;

4) maktab ishlarini tartibga solish;

5) turk harbiy asirlariga yordam berish va ularni maktablarga ishga joylashtirish.

Boku turklar tomonidan bosib olinganidan keyin bizning «Ittihodi taraqqiyparvar» jamiyatimiz «Ittihodi taraqqiy» deb nomlandi. Oxirgi «parvar» so‘zi olib tashlandi. Endi esa bu uyushma taraqqiyot ma’nosini oladi, oldin taraqqiyparvarlar uyushmasi edi. Shuning uchun ko‘pchilik bunga jiddiy ahamiyat bermaydi, chunki jamiyat nomiga oldin ham «parvar» so‘zi qo‘shib aytilishi kerak bo‘lsa-da, «Ittihodi taraqqiy» deb nomlanar edi.

Men bu o‘zgarishning sababini so‘raganimda Haydar Afandim shunday deb tushuntirdi: «Bokuni «Ittihodi taraqqiy» jamiyatini boshqaruvchi turklar egalladi. Shuning uchun aloqa qilish oson bo‘lishini nazarda tutib, jamiyatni «Ittihodi Taraqqiy» deb nomladik». U yana oldingi rais Usmonbek ketib qolganligi, uning o‘rniga «Ittihodi taraqqiy» tarafdori bo‘lgan Ziyabek kelganligini ham aytdi…

Mening oqlarga qarshi olib borgan ishlarimdan biri: 1918 yilda bir kuni mening oldimga Nazarov S. ismli o‘ris kelib, bir necha kun joy berib turing, deb iltimos qildi. Men rozi bo‘ldim. U menikida ikki kun turdi. Bu orada menga uning sho‘ro hukumatiga qarshi kishi ekanligi ma’lum bo‘ldi.

Hukumatning amaldagi qonuniga asosan, men bu to‘g‘rida sho‘ro vakiliga xabar berdim. Bu paytda Eski shahar qo‘shin (otryadi) boshlig‘i Nizomiddin Xo‘jaev edi. Uni boshqa xonadonga (kvartiraga) ko‘chirish bahonasida bir kuzatuvchi bilan shaharga jo‘natdim. Xadra-da ularni Nizomitdin Xo‘jaevning odamlari kutib turar edi. Shu erga kelganida kuzatuvchi ishorasiga ko‘ra Nazarov qo‘lga olindi.

Bir necha voqealar bo‘lib o‘tganidan keyin, hammada sho‘ro hukumati mustahkamlanishi va yashab qolishiga to‘la ishonch hosil bo‘lgach, jamiyat hayoti va uning kelajaqda ish olib borish-bormasligi masalasi bizlarni qiziqtirmay qo‘ydi. Bunga zaruriyat ham yo‘q edi. Men bol’sheviklar firqasiga kirishga qaror qildim. Jamiyat rayosati bunga qarshilik qilmadi, aksincha quyidagi mazmunda qaror qabul qildi: «Sho‘ro hukumatining yashab qolishiga shubha barham topishi munosabati hamda jamiyatning g‘oyalarini (g‘aflatga qarshi madaniyat uchun kurash) hukumat bilan ittifoqda amalga oshirish oson va maqsadga muvofiq ekanligi tufayli u tugatilsin, uning a’zolari Munavvar Qori va bosh-qalarga boshlangan ishni davom ettirish uchun bol’-shevoylar firqasiga kirishga ruxsat etilsin!» (15).

Shu paytdan boshlab men jamiyatdan chiqib, firqa safiga kirdim. Jamiyatning tarqalib ketishiga quyidagilar ham sabab bo‘ldi:

1) A’zolar o‘rtasida intizomning bo‘shashib ketishi;

2) Turkiya mag‘lubiyatga uch-rashi bilan «Ittihodi Taraqqiy» tarafdorlarining rahbarlik lavozimlaridan olib tashlanishi;

3) Mablag‘ning yo‘qligi;

4) Jamiyat rayosati va a’zolariga nisbatan ishonchsizlik munosabatining kuchayishi.

Hozirda uning dastlabki paytlaridan ish boshlagan kishilardan mendan boshqa birortasi ham qolmadi. Unga keyingi paytlarda kirganlardan quyidagilarni bilaman: Sa’dulla Xo‘ja, Otaxon (16), Ubaydulla Xo‘jaev (17). Jamiyatning Toshkentdagi a’zolari ko‘p emas edi. Ularning soni 50 ga etmasada, obro‘si juda yuqori darajada bo‘lgan. Jamiyat tarqalganidan faqat uning a’zolarigina xabardor edi. Shuning uchun ham undan ko‘pchilik kishilar bexabar bo‘lgan.

 

YaNVAR’ VOQEALARI VA «BIRLIK» UYuShMASI

 

Yanvar’ voqealari munosabati bilan ulamolar fir-qasi bir necha soat hokimiyatni o‘z qo‘llariga olib, g‘alaba qozondi. Bu imkoniyatdan ular butunlay taraqqiyparvarlardan o‘ch olish uchun foydalandilar. Ta¬raqqiyparvar bol’shevoylar firqasiga a’zomi, a’zo emasligi so‘rab surishtirilmay, izlab topilib kal-taklanaverdi.

Bu shuni ko‘rsatdiki, taraqqiyparvarlar bilan bol’shevoylar firqasi a’zolarining manfaatlari bir-biriga yaqin. Shuning uchun «Birlik» uyushmasini tashkil etish lozim deb topildi. Bu taraqqiyparvarlar a’zolaridan firqaga kirgan va kirmaganlarni birlashtirar edi. Eski shahardagi bosmaxona (o‘sha paytda shtab edi) binosida uch yuzga yaqin kishi, firqa a’zolari, firqasiz xizmatchilar va taraqqiyparvarlar to‘planib, «Birlik» jamiyatini tashkil etdilar (18).

Bu yig‘ilishda bir-birimizga yordam berishga keli-shib oldik. Birlashishdan maqsad yoshlarni bol’shevoylar firqasiga jalb qilish va ularni turli kutilmagan voqealarga tayyorlashdan iborat edi…

Jamiyat 2—3 yil yashadi. Yoshlarning ko‘pchiligi firqaga kirganidan keyin, u o‘z-o‘zidan tugab ketdi. Endi uning uchun zaruriyat ham qolmagan edi. Shu vaqtda Moskvadan Mustafo Subhiy, Mavlaviy va Gabirovlar ke-ladi. Ular Shayhontohurda katta miting chaqirib, «Sharq ozodligi» uyushmasini tashkil etadi. Bunga firqa va firqasizlar a’zo bo‘ladi. Bu jamiyat sho‘ro hukumatini qo‘llab-quvvatlovchi ruhda tashviqot olib borib, uni omma bilan yaqinlashtirish va musulmonlarni Eron, Afg‘oniston, Hindiston oldida obro‘sini ko‘tarishga harakat qiladi.

Jamiyat dasturini o‘qigan emasman, shuning uchun unda nima yozilganini bilmayman. Jamiyatga Mustafo Subhiy boshchilik qilgan.

 

VIII QURULTOY VA «MILLIY GURUH»

 

«Ittihodi taraqqiy» tarqatilganidan keyin taraqqiyparvarlarning ko‘pchiligi firqaga kirib sidqidildan ishlay boshladi. Bu vaktda hozirgidek sinfiy ong uncha rivojlanmagan edi. O‘rislarning o‘zi ma’lum darajada mustamlakachilik kayfiyatida bo‘ldilar.

Mahalliy kommunistlarga markazdan yuborilgan Kobozev (19) rahbarlik qildi. Shu paytda VIII qurultoy chaqirildi (20). Unda mahalliylar bilan ovrupoliklar o‘rtasida dushmanlik munosabati paydo bo‘ldi. Faollar va «milliy»lardan iborat ikki guruh yuzaga keldi. Birinchi guruhni Kazakov, ikkinchisini esa Ko¬bozev boshqardi. Har bir guruhning o‘zi alohida-alohida majlis chaqirdi. Kobozev mahalliylarga, Kazakov ovrupaliklarga rahbarlik qildi. Bu paytda Orenburg temir yo‘li tozalanib, hukumat vakillari kela boshladi. Kobozev g‘alaba qozonib, jumhuriyat raisi bo‘ldi. Markazdan Eliava boshchiligida Turkkomissiya keldi. Mahalliy kommunistlarning ruhi ancha ko‘tarilib, ishga kirishib ketdi. Ammo bu ko‘rsatilgan milliy guro‘hning «milliy» nomi Moskvaga yangi hukumat tarkibi millatchilardan iborat degan xulosa chiqarishga bahona bo‘ldi. Shuning uchun ham birozdan keyin unga hujum boshlanib, oqibat natijada tarqatib yuborildi. Bir guruh kommunistlar «Risqulovchilar» deb nomlanib, quvg‘in qilina boshlandi. Komandirovkaga yuborish bahonasida ishdan bo‘shatish kuchaydi. Men bu vaqtda Maorif Xalq Komissarligi a’zosi va turk bo‘limi raisi bo‘lib ishlardim. Boshqalar qatori men ham ishdan olindim.

Menimcha, «rahbarlikdagi tashkilotlar» degan falsafaning ma’nosi mana shundan iborat. Aslida esa, bu paytda kommunist va kommunist bo‘lmagan xizmatchilar orasida hech qanday «tashkilot» yo‘q edi. Hamma sofdillik bilan xizmat qilardi. Yuqorida ko‘rsatilgan hukumat tarkibidagilar tarqatib yuborilganidan keyin mahalliy kommunistlarning o‘rislarga nisbatan munosabati yomonlashdi. Endi ularning hamma orzu-umidlari markazdan keladigan Turkkomissiyaga qaratilishidan boshqa iloji yo‘q edi.

SHARQ XALQLARI QURULTOYI VA ANVAR POHhO BILAN BO‘LGAN VOQEA

Bu vaqtda Sharq xalqlarining Qurultoyi (21) chaqirildi. Unga turli millatlardan firqali va firqasiz delegatlar saylanib, Bokuga Giller rahbarligida yuborildi.

Giller yo‘lda o‘zini yomon tutdi. U o‘z kotibasi bilan alohida kupeni egallab, o‘zlariga 3—4 xil taomdan iborat yaxshigina nonushta va tushliklar buyurar edi. Boshqa delegatlarga esa bu vaqtda faqat bittadan taom berilardi. Shu tufayli hamma delegatlar unga nafrat bilan qaraydigan bo‘ldilar. Bokuda qurultoy ochilishiga tayyorgarlik ko‘rila boshladi. Har qaysi davlat delegatlariga o‘z oralaridan rayosat va fraktsiya a’zolarini saylash topshirildi.

Ikkinchi kuni Zinov’ev (22) qurultoyga o‘zi bilan birga Anvar poshoni (23) olib keldi. Kurultoyda Turkiya, Eron, Afg‘oniston, Hindiston va boshqa davlatlarning vakillari ham qatnashadi.

Delegatlarning kayfiyati juda yuqori edi. Eron, Afg‘oniston va Turkiyada sho‘ro hokimiyati o‘rnatiladi, deb ishonardi hamma. Zinov’evni kutib olish uchun chet el delegatlaridan boshqa hamma vokzalga chiqdi. Uning poezdi musiqalar ostida, tantanavor kutib olinadi, hamma u bilan uchrashish va fikr almashish umidida edi. Ammo u uzoqdan turib salomlashgach, avtomobilga o‘tirib shaharga jo‘nab ketadi. Bundan ko‘pchilik norozi bo‘lib qoldi.

Ikkinchi kuni fraktsiyalar majlisi bo‘ldi. Kurultoy rayosatiga Risqulov (24) va men kirdim. Shu sababli qurultoy oxirigacha Zinov’ev bilan tez-tez uchrashib turishga to‘g‘ri keldi. Qurultoyning birinchi majlisi jonli o‘tdi. Delegatlar nomidan Angliyaga norozilik e’lon qilindi. Anvar poshoning qurultoyda qatnashishi albatta sezilib turdi. Qurultoyda ma’ruza vaqtida ham delegatlar navbat bilan uning lojasiga kirib, qo‘llarini o‘pib, tavof qildilar. Anvar rayosatga murojaat qilib, so‘z so‘radi. Bu masala ikki kun muhokama qilindi. Qurultoy va fraktsiyalar kengashlarida Anvar posho iltimosiga rad javob qilindi. Shundan so‘ng u yozma ravishda iltimos qildi. Afandi Zoda Anvar poshoning iltimosini qurultoy ahliga o‘qib eshittirdi. Shu tufayli Zinov’ev bilan rayosat o‘rtasida sezilarli ixtilof yuzaga keldi. Zinov’ev o‘zi Anvarni kurultoyga boshlab kelib, unga so‘z bermay, juda katta xatoga yo‘l qo‘ydi. Shundan so‘ng delegatlar bilan uchrashuv vaqtida ham Zinov’ev ular bilan do‘stona munosabatda bo‘lmadi. Bu holat esa chet el va sho‘ro hukumati delegatlarining unga bo‘lgan munosabatini o‘zgartirib yubordi. Hurmat-ehtirom va samimiyat butunlay yo‘qoldi. Turkiston delegatlari ham Zinov’evdan norozi bo‘ldilar. Qurultoy o‘z ishini Sharq xalqlari kengashiga vakillar saylash bilan tugatdi. Men ham bu kengash tarkibiga kirdim. Qurultoy yopilgandan so‘ng Turkiston kommunistlari Risqulovdan nima uchun ishni tashlaganligi to‘g‘risida bayonot berishni talab etdi. Risqulov bu to‘g‘rida Zinov’ev ishtirokida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda ma’ruza qildi, u aytilgan so‘zlarni asosli deb tan oldi. Shu yig‘ilishda Moskvaga delegatsiya yuboriladigan bo‘ldi. Delegatsiya tarkibiga Risqulovning o‘zi va Jo‘raboev kirdi.

Ular Moskvaga jo‘nab ketdi, bizlar esa Toshkentga qaytdik.

Bokudaligimda Anvar posho bilan ikki marta uchrashdim (25). Birinchi marta kurultoy majlisida men rayosatda ikki-uch kishi bilan o‘tirgan edim, Anvar indamay kelib, o‘z iltimosnomasini menga berdi. Oramizda hech qanday so‘zlashuv bo‘lmadi. Uning xatini men Zinov’evga berdim. Ikkinchi marta uni Dog‘iston vakillari va bir necha turkistonliklar joylashgan dengiz qirg‘og‘idagi uyda ko‘rdim. Bir kuni Anvar posho kelib arab tilida suhbat o‘tkazadi, degan xabarni eshitib, uni ikkinchi qavatda kutib turdik. Birozdan so‘ng Anvar posho kelib, bizlar bilan 15 daqiqa suhbatlashdi. U aytdiki, sho‘ro hukumati Sharq xalqlarining foydasiga katta ishlarni qilmoqda. Shuning uchun ham uni qadrlash va qo‘llab-quvvatlamoq lozimdir. Yana u sho‘ro hukumatidan foydalanib, o‘z bolalaringizni o‘qitingiz deb bizga maslahat berdi.

Zaki Validiy bilan men bir marta uchrashdim. U qurultoyga qo‘yilishi to‘g‘risidagi o‘z arizasini Zinov’evga berishimni mendan iltimos qildi. Men rad etdim, keyin u buni Jonuzoqov orqali amalga oshirdi. Eshitishimcha, Zinov’ev xatni javobsiz qoldirgan. Bizlar Toshkentga qaytib keldik. Bu paytda firqa qurultoyi (26) bo‘layotgan edi. Men bu qurultoyga Sharq xalqlari kengashidan delegat qilib belgilangan edim. Bu to‘g‘rida firqa qurultoyiga telegraf orqali xabar berilgan.

Firqa qurultoyida bizning vakil Giller Sharq xalqlari qurultoyi yakunlari to‘g‘risida ma’ruza qildi. U Boku yo‘lida delegatlar bilan o‘zi o‘rtasida bo‘lgan kelishmovchiliklarga ham to‘xtaldi. Hamma aybni delegatlarga ag‘darib, ularni milliy og‘machilikda aybladi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, firqa qurultoyi ishi davomida menga Sharq xalqlari kengashi yuborgan telegramma to‘g‘risida xabar berilmadi. Telegrammani men qurultoydan keyin Buxoroda oldim.

BUXORO VOQEALARI

Biz Bokudaligimizda Buxoroda inqilob bo‘ldi. Amir qochib ketdi. Hokimiyat yosh buxoroliklar qo‘liga o‘tdi. Bu vaqtda Turkistonda guruhbozlik kuchli edi. Goh ulardan biri, goh ikkinchisi g‘alaba qilardi. Mag‘lub bo‘lganlarni g‘oliblar Xorazm va boshqa shu kabi o‘lkalarga yuborishardi. Buni bizlar «faxrli badarg‘a» deb atardik.

IX qurultoydan (27) so‘ng Risqulov guruhi butunlay engildi. To‘raqulov (28) guruhi g‘alaba qildi. Bizlar (Risqulov tarafdorlari) mag‘lublar qatorida «komandirovka» olishimiz kerak edi. Shu sababli Bokudan qaytganimdan keyin meni Shohid Ahmadiev Maorif Xalq Komissarligiga chakirib Buxoro Xalq Maorifiga, Qori Yo‘ldosh ixtiyoriga yubordi. Meni u kollegiya a’zosi qilib tayinladi. Shu bilan birga menga Buxoroni oziq-ovqat bilan ta’minlash vazifasini ham yukladi. Vazifam aniq bo‘lgach, men Toshkentdan oilamni ko‘chirib kelib ishga kirishib ketdim. Oradan to‘rt oy o‘tgach, adashmasam 20 mart bo‘lsa kerak, Turkiston MIQ meni Toshkentga qayta chaqirib olib, ilmiy kengash a’zosi qilib tayinladi. Bir necha kundan keyin, 31 mart kuni Toshkentda boshqalar qatori meni ham qamoqqa olishdi.

BUXORO VOQEALARI XUSUSIDA

1920 yili Buxoro arki oldidagi maydonda oktyabr’ bayramiga bag‘ishlangan katta miting bo‘lib o‘tdi. Markaz vakili (Kuybishev bo‘lsa kerak) nutq so‘zlab, Moskva mustaqil Buxoro Xalq jumhuriyatini tan olganligini tantana bilan e’lon qiladi. Undan so‘ng so‘zga chiqqan Mirza Qori Muhiddinov miting bo‘lib turgan maydon «Buxoro mustaqilligi maydoni» deb nomlanganligini e’lon qiladi.

Fayzulla Xo‘jaev oktyabr’ bayrami va Buxoro mustaqil bo‘lganligi bilan tabriklab nutq so‘zlaydi. Shu kundan boshlab yosh buxoroliklar «mustaqillik» so‘zini tez-tez qo‘llaydigan bo‘ldilar va unga erishishga harakat qila boshladilar.

Buxoroliklar orasida norozilik kuchayishi tufayli Turkkomissiya Buxoro ichki ishiga aralashmaydigan bo‘ldi. Buxoroliklar «bu inqilobmi yoki bosib olishmi?» deb so‘rardilar. Bu norozilik tobora avj oladi. Birmuncha vaqt o‘tgach, Buxoroga Turkkomissiya a’zosi Safarov keladi (29). U meni Revkomga chaqirib, Buxoro xodimlari orasidagi vaziyat haqida so‘radi. Bu erda bosh qo‘mondon Zinov’ev va tarjimon Enikeev ham bor edi.

Safarov mendan buxoroliklar inqilobga qanday munosabatda ekanliklari va Sharqiy Buxorolyklar nima uchun amirni qo‘llab-quvvatlayotganliklari sababini ham so‘radi. Men hech nimani yashirmay, buxoroliklar mustaqillikka intilayotganliklari va ular hozirgi ahvoldan norozi ekanliklari, shuning uchun ular «bu inqilobmi, yoki bosib olishmi?» degan savolni o‘rtaga tashlayotganliklarini aytdim. Men yana shuni ham ta’kidladimki, Sharqiy Buxoroda (Qizil Armiya) bo‘linmalari otlarni masjidlarga bog‘lab qo‘yib, o‘zlari esa uyma-uy yurib talonchilik bilan shug‘ullanmoqda. Shundan so‘ng Safarov Revkom majlisini chaqirib, hukumat vakillarini qattiq haqorat qiladi.

Safarov jo‘nab ketganidan so‘ng hukumat vakillari o‘zaro yig‘ilish o‘tkazib, Moskvaga xat yozadi. Unda agar Safarov o‘z munosabatini o‘zgartirmasa, bizlar hammamiz ishlashdan bosh tortamiz, deb ogohlantiriladi. Moskva bu ogohlantiruvni olganidan so‘ng Safarovga Buxoro ichki ishlariga aralashmaslikni tavsiya etadi. Mazkur voqealardan so‘ng Buxoroda turklar rahbarligida «Buxoro istiqloli» jamiyati tashkil topadi.

Bu jamiyatning asosiy maqsadi uning arboblaridan biri Hoshim Shoiqning so‘zlariga ko‘ra, quyidagilardan iborat bo‘lgan: Buxoro mustaqilligi va inqilobchiligini himoya qilish, ikkinchidan esa, Sharqiy Buxoro va qishloqlar ommasini jamiyat nomidan inqilobiy harakat bilan bog‘lash, chunki bu vaqtda Buxoroda kommunizm nomidan ish olib borishi mumkin emas edi. Men Hoshimdan jamiyat orqasidan kim ergashadi, deb so‘raganimda, u shunday deb javob berdi: «Buxoro mustaqilligi va inqilobchiligiga mehr-muhabbati bor bo‘lgan barcha buxoroliklar».

1929 yil 18 dekabr’

Mening yozgan kitoblarim va mafkuramga nisbatan 1925 yildan boshlab matbuotda juda kuchli hujum boshlandi. Bularning ayrimlarida bir oz haqiqat bo‘lsa-da, ko‘pchiligi hech qanday asosga ega emas edi. Tabiiy ravishda, men ularga toqat qilolmadim. Shu sababdan Toshkentni butunlay tark etishga, Moskvaga borib, u erda qolgan umrimni o‘tkazishga, rus tilini o‘rganib, biror ish bilan shug‘ullanishga azmu qaror qildim.

1926 yilning oxirida o‘z oilam bilan rasman aloqani uzib, Moskvaga jo‘nab ketdim. Yo‘l-yo‘lakay, Qizil O‘rdada to‘xtadim. U erda o‘rtoq Risqulovni uchratib, unga o‘z maqsadimni aytdim. U mening maqsadim¬ni ma’qullab, yordam berishga va’da qildi. Shundan so‘ng Qozon va Nijniy Novgorod orqali Moskvaga keldim. Bu erda To‘raqulov bilan uchrashdim. U ham mening Moskvada yashab qolishimni ma’qulladi. Shu orada (Turkiston) Xalq Komissarlari Kengashi raisining o‘rinbosari Risqulov Moskvaga keldi.

Ularning yordamida men Sharq xalqlarini o‘rganish qo‘mitasida ishlash va uning institutida o‘qishga qaror qildim. Ko‘mita rayosati meni yaxshi qabul qildi. Meni O‘zbekistonga ajratilgan uchta joydan birida rasmiy yo‘llanma bilan qabul qilishmoqchi bo‘ldi. Qo‘mita raisi bu paytda Moskvada bo‘lgan Akmal Ikromovga xat yozib, menga maxsus yo‘llanma berishini iltimos qildi. O‘zim ham Akmal bilan shaxsan uchrashib, yordam berishni iltimos qildim. Men Akmal Ikromovga Vatandan tashqarida yashashga qat’iy qaror qilganligimni va endi hech ham O‘zbekiston tuprog‘iga qadam qo‘ymasligimni aytdim. A. Ikromov esa, shunday dedi: «Agar Sizning O‘zbekistondan badarg‘a bo‘lishingizga zaruriyat bo‘lganida buni biz o‘zimiz amalga oshirgan bo‘lar edik. Siz O‘zbekistonga qayting. Men o‘zim Sizga yo‘llanma topaman».

Bu vaqtda mening «millatchi» sifatida badnom qilgan o‘sha vatan va o‘sha millatdan butun umrga aloqani uzib, sho‘ro hukumati poytaxtida yashash, qo‘limdan kelganicha ilmiy ish bilan mashg‘ul bo‘lishga va nihoyat shu erda qazo topishga qaror qilganligim qat’iy va uzil kesil edi (30). Shu maqsad uchun rasmiy ravishda o‘z oilam bilan aloqani uzgan, hovlimni oila a’zolarimga bo‘lib bergan, shuningdek, uning bir qismini esa maorif uchun xayru ehson qilgan edim.

Ikromov bergan va’da bo‘iicha Toshkentga qaytib, u erdan Samarqandga o‘tdim. Sharq xalqlarini o‘rganish qo‘mitasi bergan xatni maorif xalq komissariyatida qoldirdim-da, yana Toshkentga borib, o‘z ishlarim bilan mashg‘ul bo‘ldim. Bir oydan so‘ng maorif xalq komissarligidan xabarnoma oldim, unda mana bu so‘zlar yozilgan edi: «Sizning arizangizni rad qilishta qaror qilindi, o‘rningizga boshqa kishi yuboriladi». Kutilmagan bu javob meni butunlay umidsizlantirib qo‘ydi. Bu paytda o‘quv mavsumi boshlangan edi. Men yana o‘qituvchi bo‘lib ishga kirishga majbur bo‘ldim. Biroq men uchun hayot Toshkentda kundan-kunga og‘irlashib bordi, menga bo‘lgan tajovuzlar to‘lqini oldingi jabr-zulm va ruhiy ezilishlardan ham ortib ketdi. Bularga javoban men maqolalar yozsam, ular matbuotga etib bormas edi. Bu malomatlar mening mafkuram chegarasidan chiqib, oilaviy hayotimni ham oyoq osti qila boshladi. Mening o‘z mafkuram va shaxsiy oilaviy turmushimga nisbatan bo‘lgan hujum haddan tashqari salbiy edi. Manangular, nihoyat, menda qanday yo‘l bilan bo‘lsa-da, O‘zbekistondan chiqib ketish fikrini uyg‘otdi. Bu fikr menda tobora ortib bordi. Mening butun vujudimni esa, qaergadir ketib, o‘sha erda ishda qolish masalasi qamrab oldi. Agar men yo‘llanmasiz Moskvaga ketganimda yashash juda qiyin bo‘lar edi. Bordiyu, Qozog‘iston yoki Turkmanistonga ketganimda ham baribir menga tinchlik berishmasdi. Tatariston va Ozarbayjonda esa men kabi odamlarga ish topilishi amri mahol edi.

Men juda ko‘p o‘ylay-o‘ylay, yuz bergan ahvoldan chiqishning eng maqbul yo‘li Afg‘onistonga chiqib ketish va u erdagi afg‘on o‘zbeklarining qoloq maorifi tarkibidagi maktablarda ishlash birdan-bir to‘g‘ri yo‘l degan fikrga keldim. Men uchun eng sevimli ishim, bu — o‘qituvchilik edi. Afg‘onistonda men kabi o‘qituvchilarga talab kuchli ekanligini bilganim uchun u erda yashashni maqsadga muvofiq deb topdim. Lekin u erga qanday qilib borish mumkin edi? Qochib ketish noto‘g‘ri edi, chunki bu erda bo‘lganidek, u yoqda ham ushlab olish ehtimoldan holi emas edi. Bundan tashqari, men qochoqlikni istamas edim. Shuning uchun afg‘on konsuli bilan tanishishga, agar imkoniyat bo‘lsa uning iltimosiga ko‘ra rasmiy ravishda Afg‘onistonga ketishga qaror kildim. 1927 yilning noyabri yoki dekabrida ko‘chada tasodifan Mozori Shariflik Mansur Xon degan bir afg‘onni uchratib qoldim, uning afg‘on konsuli bilan yaqindan aloqasi bor edi. Mahalliy savdogarlarning ko‘pchiligi bilan oldindan aloqasi bo‘lgan bu yosh afg‘on yigiti menga ham tanish edi. Undan men afg‘on konsuli bilan tanishtirib qo‘yishni iltimos qildim. 10—15 kundan keyin men yana Mansur Xonni O‘rdadagi Qizil choyxonada uchratib qoldim. Uni bir piyola choyga taklif kilib, o‘z iltimosimning natijasini so‘radim. Mansur Xon mening iltimosimni konsulga etkazgani, u esa men bilan gaplashishga rozi bo‘lganligini aytdi. Shu bilan birga u konsul bilan meni uyiga chaqirib, o‘sha erda tanishtirish rejasi borligini ham aytdi. 3—4 kundan so‘ng Mansur Xon mening yo‘qligimda uyimga kelib xat qoldirib ketib¬di. Xatda u qaysidir kun (anig‘i esimda yo‘q) kech soat 7—8 larda uyda kutib turishimni ko‘rsatibdi. Belgilangan vaqtda men uyda Mansur Xonni kutib turdim. U taxminan soat 8 da kelib, meni 1-Qiyot ko‘chasidagi uyga olib bordi. Bu erda kichkinagina xonada juda oriq bir kishi o‘tirar edi. Mansur Xon meni u bilan tanishtirdi. Sog‘liq-salomatlik to‘g‘risida gaplashib o‘tirdik. Keyin men unga o‘z maqsadimni bildirdim. U menga hozirgi paytda Afg‘onistonda o‘zbek o‘qituvchilariga talab katta bo‘lganligi, yaqinda Kobuldan xat olganligi, unda o‘qituvchilar topish iltimos qilinganligi, agar topilsa, bir emas, bir nechasini Afg‘onistonga yuborishga tayyor ekanligini aytdi. Shundan so‘ng u mendan bu erdan u yoqqa boradigan o‘qituvchilar topiladimi, deb so‘radi. Men unga, agar tegishli davlat tashkilotlarining rasmiy ruxsati orqali bo‘lsa, bir necha o‘qituvchi topish mumkin, norasmiy yo‘l bilan hech kim rozi bo‘lmaydi, chunki ularning bu erda oilasi bor, baribir uni yo‘qlab turishlari kerak, norasmiy yo‘l bilan ketsa, ular qaytib kelolmasligini aytdim. U mendan bu erdagi madaniy rivojlanish haqida so‘radi. Madaniyat kutilganidan ortiqroq darajada, juda tez rivojlanayotganligini aytdim. U mening fikrimni tasdiqlash bilan birga amir boshqarayotgan Afg‘onistonda ham maorifga katta e’tibor berilmoqda deb aytdi. Afg‘onistonga o‘qituvchilarni yuborish masalasida u avval, Kobulga xat yozishi, javob olganidan keyin esa maxsus ruxsatnoma olish uchun harakat qilishini bildirdi. Mening to‘g‘rimda esa, agar men norasmiy ketishga rozi bo‘lsam yordam berajagini tushuntirdi. Men ruxsat olmay turib keta olmayman va qo‘rqaman dedim…

Shunday qilib, meni va o‘qituvchilarni (Afg‘onis-tonga) yuborish masalasi Kobuldan javob kelgunicha ochiq qoldirildi. Keyin esa ikkinchi marta Bachi Soqov qo‘zg‘oloni bostirilguncha kechiktiriladi. Bachi Soqov g‘alaba qozonganidan keyin esa bu masaladan butunlay voz kechib, nafaqa olishga harakat qila boshladim. Men nafaqa olganimdan kyoyin, uydan hech qayoqqa chiqmay, ommadan ajralgan holda o‘z xotiralarimni yozib tugataman deb o‘ylagan edim. Ammo mening bu rejam amalga oshmadi.

Namangan tashkiloti vakili ikkinchi marta kelganida mahalliy erlik va ovrupoliklardan tashkil topgan qandaydir tashkilot kishilari Farg‘onada tashviqot olib borayotganligini aytdi va ular bilan bog‘lanish kerakmi deb so‘radi. Men quyidagilarni hisobga olib ular bilan aloqa qilmasligini maslahat berdim: agar bu tashkilotda ovrupoliklar qatnashayotgan bo‘lsa, bu oq gvardiyachi tashkilot bo‘ladi. Tub joyliklarning soddaligidan foydalanib, bu tashkilot ularning pulini o‘marishga harakat qiladi yoki ularni aldab, biror qo‘zg‘olonga tortishi mumkin edi.

Farg‘ona xalqi juda qiziqqon bo‘ladi, jahli tez, shuning uchun osongina qarmoqqa ilinishi va endigina tiklanayotgan Farg‘ona xo‘jaligini vayron qilishi va uni qon bilan qorishi mumkin. Mana shu dahshatlarni hisobga olib men unga yuqoridagi maslahatni berdim. Uni yana qo‘rqitish maqsadida GPU (Bosh Siyosiy boshqarma) degan tashkilot borligi va u bundan bexabar bo‘lmasligini ham aytdim. Balkim, omma kayfiyatini sinash uchun bu xabarni tajriba sifatida GPUning o‘zi ham tarqatgan bo‘lishi mumkin. Shuning uchun ehtiyot bo‘lish kerakligini ta’kidladim…

1917—1918 yillarda mavjud bo‘lgan «Ittihodi taraqqiy» jamiyatining ayrim tarmoqlari joylarda, masalan, Namanganda ham tashkil topgan edi. Uning a’zolari kimlar bo‘lganligini bilmayman, ammo ularning orasida Zaynuddin Qori va G‘ofurjonov borligini bilardim. Esimda, o‘sha paytda Toshkent, Farg‘ona va Namangan o‘rtasidagi aloqa Sirojiddin Xon va Nabi orqali amalga oshirilgan edi. Lekin «Milliy ittihod» jamiyati davrida kim orqali aloqa olib borilgani esimda yo‘q, ammo jamiyat mavjud bo‘lib, Toshkent bilan aloqada bo‘lganligini eshitganman. O‘zim esa 1917 yildagi qurultoyda muxtoriyat e’lon qilinganidan keyin Farg‘onada bo‘lmadim. Zaynuddin Qorini oxirgi marta 1920 yilda Bokudagi Qurultoyda uchratgan edim. Oradan 6—7 yil o‘tgach, bir kishi Zaynuddin Qorining xati bilan oldimga keldi. U menga quyidagi savollar bilan murojaat qildi: «Eski tashkilot ishlayaptimi, uning markazi qaerda? Afg‘oniston orqali hajga boradigan kishilarga afg‘on konsulidan ijozatnoma (viza) olishga yordam bera olasizmi?» va hokazo. Umuman u tashkilotga tegishli savollarni berdi. Men bu savollar kimdan, bir Qori akamdan emasmi deb so‘radim.

U bu savollarga birgina Qori nomidan emas, balki butun bir tashkilot 5—6 kishidan deb aytdi. Shunda men undan Hoji akaning maqsad va niyati to‘g‘risi¬da so‘radim (31). Hoji aka Hindistonda, so‘ng Makkada hajda bo‘lgan ekan. Hindistonda yashab, o‘qituvchi bo‘lib ishlagan olim kishilardan, hozir esa u ish masalasida juda qiyin ahvolda, shuning uchun ham chetga ketish harakatida ekan.

Bu vaqtda men o‘qituvchilar masalasida Afg‘oniston konsuli bilan gaplashib olgan edim. Shuning uchun Afg‘oniston hozir o‘qituvchilarga muhtoj, ijozatnoma olish mumkin, hoji mening oldimga kelsa yordam beraman deb va’da berdim. Tashkilot masalasida men u bilan allaqachon aloqani uzganman, shunga qaramay, agar juda zarur bo‘lsa, bu to‘g‘rida keyingi uchrashganimizda biror narsa aytish mumkin dedim. Men ularni umidsizlantirmaslik va quyidagi sabablarga ko‘ra tashkilot tugatilganligini aytmadim:

Uning gapidan aniq bo‘ldiki, Namangan tashkiloti hali mavjud, u ishlab turibdi. Agar men bu er (Toshkent)dagi tashkilot tugatilgan deb aytsam ham, baribir Namangan tashkiloti faoliyatini tugatmay, o‘z iflos ishini davom ettiraverishi, unga yangi-yangi kishilarni jalb etaverishi mumkin edi [32]. Bu tashkilot menga yoqmadi. U eshon, mulla va savdogarlardan tuzilgan bo‘lishi mumkin, chunki uning boshida Zaynuddin Qori turibdi. Men ular bilan, bu tashkilot bilan yaqinroq tanishish, uning tarkibidagi ziyolilarni turli baxtsizliklardan asrash va uni GPU oldida fosh qilish, shu bilan GPU ishonchini qozonish maqsadini ko‘nglimga tukkan edim… [33].

Men 1904 yildan 1921 yilgacha, ya’ni qamoqqa olingan kunga qadar, mahalliy xalq orasidagi tashkilotlar ishida faol qatnashdim. Ularning ko‘pchiligida rahbar bo‘ldim, 1921 yildan to O‘rta Osiyoda milliy chegaralanish o‘tkazilguncha tashkilotlarning birortasida ham qatnashmadim. Tashkilotlarning borligi va ishidan xabardor bo‘lsam-da, ularning ishiga aralashmadim. Shuningdek, tashkilotlarning ishida qatnashish hech kimga ham man qilinmagan edi. Umuman, tashkilotlar masalasida mening qulog‘im kar, ko‘zim ko‘r edi.

Milliy qayta chegaralanishdan keyin men har qanday sovetlarga qarshi xufiya harakatga murosasiz bo‘ldim [34]. Menimcha, o‘sha paytda qandaydir yashirin tashkilot tuzishning hech iloji bo‘lmagan, chunki birorta ham yashirin tashkilot GPU e’tiboridan chetda qolishi mumkin emas edi.

1929 yil 20 dekabr’

Men Buxorodaligimda Toshkentda oldingi «Ittihodi taraqqiy» o‘rniga «Ittihodi milliy» [35] tashkiloti barpo etilganligi to‘g‘risida xabarnoma oldim. U turk tilida yozilgan bo‘lib, Haydar Afandiga tegishli emas edi, chunki menga uning dastxati juda yaxshi tanish. Bu xabarni men Sa’dulla Xo‘ja, Qushbegiev va Ali Rasulovlarga berdim, ular ham bundan xabari borligini aytdilar. Bu tashkilotning rahbarlari kim, u qanday dastur asosida ishlashini, o‘z nizomiga ega yoki sobiq «Ittihodi taraqqiy» nizomi bo‘yicha ishlaydimi, menga yuborilgan xatni turk tilida kim yozgan — bularni birortamiz bilmas edik.

Men bu tashkilot boshida Haydar Afandi va Sadriddinxon turgan bo‘lsa kerak deb gumon qildim va Haydarga «Ittihodi milliy»ning dasturi va nizomini yuborishni, uning markaziy qo‘mitasiga kimlar kirganligi to‘g‘risida xabar berishni iltimos qilib xat yozdim. Haydar Afandi javob xatida haqiqatdan ham Toshkentda bunday tashkilot tashkil etganligi, lekin uning markaziy qo‘mitasiga kimlar kirganligini aniq bilmasligini, ammo bu tashkilot atrofida sobiq «Ittihod va taraqqiy»ning a’zolari uymalanishayotganligi sabab, uning markaziy qo‘mitaeiga Sadriddinxon va Musa Begiev kirgan bo‘lishini taxmin qilib, xabar berdi. Bu vaqtda Buxorodagi turkistonliklar «Ittihodi milliy» tashkilotining markazi haqida majlis o‘tkazib, unda markazni Toshkentdan Buxoroga ko‘chirish kerakmi yoki Toshkentga bo‘ysinib, bu erda uning filialini tashkil qilish kerakmi degan masalani muhokama qildi. Uzoq tortishuvlar natijasida Markaziy qo‘mitani Toshkentdan Buxoroga ko‘chirishga, Toshkentda esa uning faqat viloyat bo‘limini qoldirishga qaror qilindi. Buxoroda Markaziy qo‘mita tashkil etiladi. Unga Sa’dulla Xo‘ja va Qushbegiev kiradi. Men Sadriddinxonga xat yozib, bizning qarorimizni bajarishni va tashkilotning muhri, nizo-mini yuborishni taklif qildim. Sadriddindan javob bo‘lmadi, Buxoro Markaziy qo‘mitasi muhrni ham, ni-zomni ham ololmadi. Bu holat bizda Toshkent markaziga nisbatan ishonchsizlikni uyg‘otdi. Buxoro Markaziy qo‘mitasi ikki-uch marta majlis o‘tkazib, tashkilotning dasturi va nizomini ishlab chiqish masalasini muhokama qiladi. Bu vaqtda buxoroliklar bilan toshkentliklar munosabati ancha taranglashadi: buxoroliklar «Buxoro mustaqilligi» («Buxoro istiqloli») bayrog‘i, turkistonliklar esa «Ittihodi milliy» («Milliy uyushma») bayrog‘i, ostida harakat qiladi, shu bilan birga ikki tomonda ham ko‘pchilikni kommunistik firqa a’zolari tashkil etadi. O‘sha vaqt-da bizlar firqaga mansublik hech vaqt milliy-ozodlik harakatiga to‘sqinlik qilmaydi deb o‘ylar edik. Bir kuni meni Hoshim Shoiq uyiga chaqirdi, Zaki Validov shu erda ekan. Men Zaki bilan so‘rashdim. Odatdagi salom-alik va hol-ahvol so‘ralgandan so‘ng, u Buxoroga bundan 20 kun oldin kelgani, bu vaqt ichida ko‘pchilik (Buxoro davlat arboblari) bilan tanishib ulgurgani, ichki ishlar Komissari Hamid Oripov uni turar joy va zaruriy oziq-ovqat bilan ta’minlagani haqida so‘zlab berdi. U mendan Boku shahridagi Sharq xalqlari qurultoyida arizasini o‘rtoq Zinov’evga berib qo‘ymaganim uchun xafa bo‘lganligini ham aytdi. Gap shundan so‘ng tashkilot masalasiga ko‘chdi. Zaki Hoshim Shoiq orqali «Buxoro istiqloli» haqidagi mukammal ma’lumotga ega bo‘lganligini aytdi. Menga esa «Milliy ittihod» haqida to‘laroq axborot olishga chaqirtirilganimni ham bildirdi. Men «Milliy ittihod» yaqinda Buxoroda tashkil topganligini, hozir Buxoro bilan Toshkent o‘rtasida Markaz uchun kurash ketayotganligini, bizga Toshkent markaziga kim rah-barlik qilayotganligi, nizom va muhr yuborilmagan-ligi sabab bu ish bilan band ekanligimizni aytdim. Toshkentliklar bilan buxoroliklar o‘rtasidagi munosabat yaxshi emasligini Hoshim Shoiq ham tasdiqladi. Shundan so‘ng Zaki Buxoroda bir oz muddatga qolishi, agar Buxoro hukumati Moskvadan uni avf etishni iltimos qilsa, u o‘z xatti-harakati uchun tavba-tazarru qilib, ochiq ishlashga o‘tishi, aks holda esa chet elga ketishini aytdi. U yana «Milliy ittihod» va «Buxoro istiqloli» markazlarining har ikkalasidan vakil kiradigan «Markazlar markazi»ni tuzib, hamma mav-jud tashkilotlarni birlashtirishi, buxoroliklar bilan toshkentliklar o‘rtasidagi munosabatni yaxshilash niyati borligini ham bildirdi. Uning so‘ziga qaragan-da, bu tadbir buxoroliklar bilan turkistonliklarni murosaga keltirish va ikki tashkilot faoliyatini uyg‘unlashtirishi mumkin edi.

Hoshim Shoiq Zaki Validovning bu fikrini bu-xoroliklar butunlay qo‘llab-quvvatlaydi degan fikr¬ni bildirdi. Men ham o‘z roziligimni bayon qildim va shu bilan Zaki Validov bilan bo‘lgan birinchi suhbat tugadi. Shundan so‘ng «Milliy itgihod» uchun maxsus dastur tuzishga ehtiyoj qolmadi. Bir hafta, 10 kundan keyinmi, Zaki buxorliklar bilan turkistonliklar-ning birlashgan yig‘ilishini chaqiradi. Unda qatnash-ganlar: Fayzulla Xo‘jaev, Sa’dulla Xo‘ja, Tursun Xo‘jaev, Mirzo Qodir, men, Hoshim Shoiq, Zaki Validov va Qushbegiev bo‘ldi, boshqalarni hozir eslay olmadim. Oripov chaqirilmagan edi, chunki unga Zaki Validovdan boshqa hech kim ishonmas edi. Mana shu yig‘ilishda Zaki Validov o‘zi tuzgan dasturni o‘qib berdi. Uning to‘la mazmuni hozir esimda yo‘q, lekin unda Moskvadan Buxoro mustaqilligi, Turkiston esa haqiqiy muxtoriyatga ega bo‘lishi, omma bilan aloqa masalasi kommunistik ruxda ko‘rsatilgan edi. Biroq, Zaki Validovning dasturini yig‘ilish qabul qilmadi. Hamma bu umumiy mazmunga ega bo‘lgan dastur bilan ishlash uchun hali vaqt borligini aytdi. Validovga Turkiston va Buxoroning real madaniy imkoniyati va ikki mamlakat xalqlari kayfiyati va ahvolini qat’iy hisobga oluvchi boshqa dastur tuzish taklif etildi. Ikki-uch kundan keyin Zaki va Hoshim Shoiq meni Mirza Qori Muhitdinovning uyiga taklif qildi. Ziyofatda bizlardan tashqari yana ikki-uch kishi bor edi. Ziyofat tugagach, ular va Mirza Qodir ketadi. Hoshim Shoiq va Zaki Validov bilan qoldik. Zaki o‘z dasturi haqida gapirib, uni qabul qilinmaganligiga noroziligini bildirdi. Keyin u Jamol Poshodan «Xalosi Islom» jamiyati tomonidan tuzilgan dasturni so‘rab olish niyati borligini aytdi. Jamol Posho bu paytda Afg‘onistonda edi. Dastur Sharqning madaniy qoloq mamlakatlari Arabiston va Hindistonga mo‘ljallab tuzilgan edi. Zaki bu dastur asosida «Markazlar markazi» dasturini tuzishni rejalashtiradi. Uning fikricha, Buxoro va Turkiston Arabiston va Hindiston mamlakatlari darajasida. Shuning uchun dastur Turkiston va Buxoroga to‘g‘ri keladi. Bizlar uning fikrini ma’qulladik. Bo‘lib o‘tgan mana shu yig‘ilishda Hoshim Shoiqga Jamol Poshoga xat jo‘natish uchun Afg‘onistonning Buxorodagi konsulligi bilan kelishish vazifasi topshiriddi. Validov xatni raqamlar yordamida yozishini aytdi. Keyin men Hoshim Shoiq bilan uyga ketdik. Zaki esa bu erda tunash uchun qoldi.

Keyingi kuni kechqurun Hoshim Shoiq Zaki qo‘li bilan sonlar yordamida yozilgan  xatni olib kelib shunday dedi: «Bu xatda Jamol Poshoga «Xalosi Islom» tashkiloti dasturini yuborishi iltimos qilib yozilgan, unga Siz ham imzo cheking». Xatga Zaki Validov imzo qo‘ygan edi. Men ham uni imzolab Hoshim Shoiqga qaytardim. U xatga qo‘l qo‘yganmi yo‘qmi bilmadim, men qo‘l qo‘yganda uning imzosi yo‘q edi. Bugun, dedi Hoshim Shoiq ketish oldidan, u yoqqa (Afg‘onistonga) bir kishi ketadi, xatni unga beraman. Meni 10—15 kundan keyin Turkiston markaziy ijroqo‘mi chaqirib qoldi. Buxoroni tashlab ketdim. Buxoroda bo‘lgan chog‘imda, yuqorida ko‘rsatilganidan gashqari, «Milliy ittihod» markazi deb nomlangan gashkilotning yana 2—3 ta majlisi bo‘ldi. Bularda umumiy gaplardan tashqari birorta jiddiy masala ko‘rilmadi.

«Milliy ittihod» markaziy qo‘mitasiga men yuqorida ko‘rsatgan uch kishi kirgan bo‘lsa-da, uning majlislarida doimiy ravishda Sa’dulla Xo‘ja, Qushbegiev, Yusupaliev, Otaxon va Ali Rasulov qatnashar edi. Majlis rasmiy xarakterga ega emas, balki tushlik, kechki ovqat va boshqa shu kabi ko‘rinishda o‘tardi. Qarorlar ham yozma ravishda qabul qilinmas edi. Tashkilotga yangi a’zolar ham qabul qilinmagan, uning a’zolari Buxoroga kelgan oldingi «Ittihod va Taraqqiy»ning a’zolaridan iborat edi…

1929 yil 22 dekabr’

 

davomi bor…

 

(Nashrga tayyorlovchi va izohlar muallifi: tarix fanlari nomzodi, dotsent S. Xolboev

Taqrizchilar:    tarix fanlari doktori, professor K. Oqilov, tarix fanlari doktori H. Bobobekov, filologiya fanlari nomzodi, dotsent M. Olimov)

 

http://e-tarix.uz/milliyat-insholari/maqolalar/373-xotiralarimdan.html

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: