Sh.Mirziyoevning parlamentdagi ilk hisoboti tanqid qilindi – ozodlik.org


O‘zbekiston Bosh vaziri Shavkat Mirziyoevni qariyb yolg‘on hisobot berganlikda tanqid qilgani aytilayotgan deputat ayolning ismi hozircha oshkor qilinmadi.

17.07.2011

Barno Anvar

Bu tanqid ortidan Bosh vazirning siyosiy sahnadan olib tashlanishi ustidagi bahslar yanada qizib ketdi.

O‘zbekiston rasmiy axborot vositalari 15 iyul kuni Oliy Majlisning ikki palatasi a’zolari ishtirokida o‘tgan qo‘shma yig‘ilishda Bosh vazir Shavkat Mirziyoevning hisobot bergani va bu hisobot mamlakatda olib borilayotgan demokratik bozor islohotlari, iqtisodni liberallashtirish kabi masalalarda bo‘lganini xabar qilgan edi.

Rasmiy xabarlarda hukumatning yutuqlari sanalgan ushbu hisobot depuptatlar tomonidan tanqid qilingani yoki Bosh vazir Mirziyoev savolga tutilgani haqida aytilmagan edi.

Ammo, shu kunlarda ayrim internet nashrlari, jumladan, Uzmetronom sayti qo‘shma majlisda deputat ayollardan biri Bosh vazir hisobotidan so‘ng minbarga chiqib, bir necha jiddiy muammolardan gap ochgani va Bosh vazirga savollar bilan yuzlanganini yozmoqda.

Uzmetronomning aytishicha, deputat ayol bir qator konkret masalalar, jumladan, har yili 1 millionga yaqin odamning ish bilan ta’minlanishi rasman aytilsada, aslida ishsizlik ko‘rsatkichining yuqori ekani; ilg‘or, deya rasmiy hisobotlarda nomi keltirilayotgan fermerlarning tekshiruv jarayonida aslida hayotda mavjud emasligi aniqlangani; viloyatlarda maktablarning kompyuterlashtirilgani haqidagi rasmiy ma’lumotlar ham haqiqatdan yiroq ekanini tilga olgan.

Buni xabar qilar ekan Uzmetronom sayti ham, boshqa manbalar ham deputat ayolning ismini keltirmayapti.

O‘zbekistonlik jurnalistlardan biri ham bu xabarni tasdiqlar ekan, bu ayolning O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi a’zosi ekani haqidagi norasmiy ma’lumotlarni qo‘shimcha qildi.

Ma’lumki, O‘zbekiston Bosh vazirining parlament ikki palastasi oldida hisob berishi ilk bor sodir bo‘lmoqda va bu tartib 2010 yilning noyabr oyida prezident Islom Karimov kiritgan tashabbus natijasida joriy etilgan.

Hisobot arafasida Ozodlikka so‘zlagan siyosiy tahlilchi Kamoliddin Rabbimov qo‘shma majlisda Bosh vazirning shu vaqtga qadar bu minbarda prezident o‘qigan ma’ruzalar ruhini davom ettiradigan kontekstda nutq so‘zlashi va unga rasmiyatchilik uchungina savollar berilishi mumkinligini taxmin qilgan edi.

Siyosatshunosning endigi taxminicha, 15 iyul kungi qo‘shma yig‘ilishda aks etgan manzara Bosh vazir Shavkat Mirziyoevning O‘zbekistonda nufuzini oshirishga qaratilgan va bu prezident Islom Karimov nazorati ostida amalga oshirilgan.

– Chunki, O‘zbekiston parlamentarizmida ijroiya hokimiyatga savol berish va undan javob talab qilish tajribasi mavjud emas. Menimcha, bu prezident yoki boshqa amaldorlar tomonidan aytilganmi, shu yo‘l bilan XDPdan bir deputat tanlangan va u orqali imitatsiya qilingan, deb o‘ylayman.

O‘zbekiston siyosiy elitasida Karimov o‘ziga o‘rindosh tanlab bo‘lgan va bu Shavkat Mirziyoev, degan fikr shakllangani aytiladi. Zero, keyingi paytlarda Shavkat Mirziyoevning o‘ziga kadr, komanda va moliyaviy resurslar yig‘ishi uchun sharoit yaratib berildi, – der ekan o‘zbekistonlik siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov parlamentda go‘yoki demokratik muhit mavjudligini ko‘rsatish orqali Bosh vazirning nufuzini oshirish ham aslida uni parda ortidan boshqarib turadigan prezident Karimov manfaatlariga xizmat qilishini urg‘ulaydi.

Ozodlikka mikrofonsiz so‘zlagan o‘zbekistonlik jurnalistlardan birining aytishicha, Rabbimov tilga olgan taxminda jon bor.

– Bosh vazirning nufuzi tushib borayotgani haqidagi gaplar asossiz, deb hisoblayman. Tashqaridan uning nufuzi tushib borayotgandek, go‘yoki, u lavzimidan olinadigandek manzara tashkil qilinayotgan bo‘lsa-da, aslida uning roli mustahkamlanib borayapti. Respublika ijro strukturasi uning mutloq nazorati ostida, – deydi mahalliy jurnalistlardan biri.

Bosh vazir Shavkat Mirziyoevning bugungi nufuzi va uning tegrasidagi muhitni kuzatib borayotgan muxolifat etakchilaridan biri, “Erk” demokratik partiyasi etakchisi Muhammad Solih esa bu fikrlarni quvvatlamaydi.

Uning fikricha, bu Shavkat Mirziyoevni siyosiy sahnadan olib tashlash uchun tashlangan birinchi jiddiy qadam.

– Bu narsa bugungi O‘zbekiston parlamentida g‘aroyib bir narsa. O‘zbekiston parlamenti hech qachon bahs-munozaraga sahna bo‘lmaydigan parlament. Ayniqsa, Mirziyoev darajasidagi shaxsga qarshi gapirish bu jasorat va bu ham izn olib qilinadigan jasoratdir.

O‘ylaymanki, bu Mirziyoevga qarshi birinchi zarba va Mustaqillik bayramidan keyin uning ketishi uchun tayyorlanayotgan zaminning birinchi g‘ishti o‘sha ayolning chiqishi, deb o‘ylayman, – deydi Muhammad Solih.

Shu tariqa, 15 iyul kuni O‘zbekiston Oliy Majlisi ikki palatasi qo‘shma yig‘ilishida sodir bo‘lgan, ammo rasmiy xabarlarda aks etmagan manzara – Bosh vazirning hisob berishi-yu, keyin uning deputat tomonidan tanqid qilinishi ushbu vaziyatni kuzatayotganlar o‘rtasida tuzukkina bahs bo‘lmoqda.

Bu bahsda ishtirok qilayotganlar orasida, shuningdek, bu — O‘zbekistonda hukumatning demokratiyaviy ekanini iddao qilish uchun uyushtirilgan bir manzara, xolos va uning oqibatlari, misol uchun, Shavkat Mirziyoevning ishdan olinishi yoki uning prezidentga voris sifatida tanlangani haqida gapirishga mutlaqo asos yo‘q, degan fikrni ta’kidlayotganlar ham bo‘lmoqda.

 

http://www.ozodlik.org/content/article/24268262.html

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: