KARIMOVNING O‘RNIGA KIM DAVLAT RAHBARI BO‘LADI? – uzxalqharakati.com


Jul 16th, 2011

Haqiqatan ham Islom Karimovning o‘rnini kim egallashi o‘zbek xalqi uchun o‘ta muhim va dolzarb masala hisoblanadi. Va bu masala bugun kun tartibiga keltirilishi va muhokama qilinishi lozim, deb hisoblaymiz. Ba’zilar hali Karimov taxtida o‘tiribdi va bu masala dolzarb emas, deya e’tiroz etishlari mumkin, albatta. Ammo har bir insonning va har bir tuzumning bir umri bor. Va tabiiyki bu umr bir kun so‘ngiga etadi. Bu haqiqat O‘zbekiston Prezidenti uchungina emas, balki hammamiz uchun o‘zgarmas haqiqatdir. Masalan, mening ota-onam bundan 10-15 yil oldin vafot etishdi. O‘zim ham Alloh taolo belgilagan muddatda bu dunyo hayotiga alvido aylab, oxirat hayotiga yo‘l olaman. Ya’ni, ilohiy qadarga ko‘ra hech bir jon o‘limdan qutulib qololmaydi.

“Har bir jon o‘limni totguvchidir” ((Oli Imron 185)

“Qaerda bo‘lsangiz ham, hattoki mustahkam qal’alarda bo‘lsangiz ham, o‘lim sizni topadir”. (Niso surasi 78)

“Hech bir jon Allohning iznisiz o‘lmas. Bu yozilgan ajaldir” (Oli Imron 145)

Demak, Islom Karimov ham bir inson sifatida Alloh taolo taqdiriga yozgan kun vafot etadi. Bu bir oy, bir yil ichida yoki bir necha yil ichida mutlaqo sodir bo‘ladigan voqeadir. Faqat bu oddiy insonning emas, deyarli 30 million O‘zbekiston xalqini asir olgan bir davlat rahbari, to‘g‘rirog‘i diktatorning o‘limi bo‘ladi.

Prezident sifatida Islom Karimovga e’tirozlar, tanqidlar, qarshi chiqishlar va o‘limidan keyin tarixning unga qo‘yadigan ayblovi uning 20 yildan ko‘proq muddat ichida O‘zbekistonda yangi jamiyat qurish uchun zaruriy bo‘lgan islohotlarni amalga oshirmaganligidir. Islom Karimov O‘zbekistonni bir podshoh kabi boshqardi, ammo afsuski bu podshohning o‘z xalqini boshqarish uchun biror aqidaviy (ideologik) va ijtimoiy-siyosiy yo‘li yo‘q edi. Bu ma’noda Islom Karimovni haydovchilik guvohnomasi bo‘lmagan, haydovchilik maktabining darvozasiga ham borib ko‘rmagan avtobus haydovchisiga o‘xshatish mumkin. Karimovning oddiy avtobus haydovchisidan farqi uning tish-tirnog‘igacha qurollangani va o‘zi haydab borayotgan “avtobus” yo‘lchilarini garovga olganligi edi. Shuning uchun bu bechora yo‘lchilar, (O‘zbekiston xalqi) haydovchi avtobusni goh o‘ng goh chap tomondagi jarlarga burishi va qayta-qayta yo‘l halokatiga duchor qilishiga qaramay, bu guvohnomasiz haydovchini avtobusning rulidan uzoqlashtira olmadilar. To ki tabiiy o‘lim bu bebosh haydovchining yoqasiga kelib yopishguncha hanuz buni uddalay olmayaptilar…

Kuzatuvchilar Islom Karimovning zulm va qatog‘on siyosatini asosli ravishda Iosif Stalinning dahshatli siyosatiga o‘xshatadilar. Stalin davrining eng mashhur siymolaridan marshal Jukov o‘z xotiralarida o‘limi yaqinlashib qolgan Stalinning o‘ziga shunday deganini aytadi:

-Men hech kimga ishonmayman…

Islom Karimovning Iosif Stalindan farqi shuki, u nafaqat hech kimga, hech narsaga ham ishonmagan holda o‘n yillar davomida O‘zbekistonga rahbarlik qilishga urinib keldi. Stalin kommunist edi va ustozi Lenin tarafidan qurilgan sotsialistik jamiyatning ideologiyasiga e’tiqod qilardi. Ammo Islom Karimovning ishongan e’tiqodi ham, u ishonadigan va o‘z vazifasini bajarishga unga yordam beradigan safdoshlari ham yo‘qdir. Ya’ni, Karimov na “o‘rtoq” nada “janob” dir. U aslida insoniy nuqtai nazardan atrofidagilar uchun hech kim emas va uning uchun xizmatchilari ham hech kim sanalmaydi. Bu ma’noda Islom Karimovning yakkahokimligi asossiz hisoblanmaydi. Faqat bu asos haqiqiy baxtsizlikdin iboratdir. Ya’ni, hech narsaga va hech kimga ishonmaslik baxtsizligidir bu. Karimovni o‘zbek xalqidan ajratib qo‘ygan, umri davomida insonlarning undan nafratlanishiga va o‘limidan keyin oxiratga qadar uning shaxsiga qilinadigan malomotlarga sabab bo‘ladigan uning mana shu shaxsiy va siyosiy xudbinligidir..

Bunday yolg‘izlik sindromining dahshatli oqibatlarini O‘zbekiston Prezidentining ichki va tashqi siyosatida ham ko‘rishimiz mumkin. Hech kimga va hech narsaga ishonmaslik natijasida Islom Karimov o‘z siyosatida O‘zbekiston xalqining milliy va ma’naviy qadriyatlarini hisobga olmadi. Shuning uchun ham xalqimizning butun qatlamlari, ya’ni siyosiy va diniy muxolifat, katta va kichik tabdirkorlar, ilm va san’at arbobi O‘zbekiston Prezidentining qatog‘oniga uchradi va uning dushmaniga aylandi. Buning dalili O‘zbekistondagi umumiy qatog‘ondir. Prezidentning ichki siyosatidan zulm ko‘rmagan biror tabaqa qolmaganligi isbot talab qilmaydigan haqiqatdir. Ajabki, Islom Karimov bu siyosatni barqarorlik, deya atab kelmoqda. Unga ko‘ra bu barqarorlik (aslida umumiy qatog‘on va zulm) mamlakatda tinchlik va xotirjamlikni ta’minlagan emish. Buning natijasida O‘zbekistonda Tojikistondagi kabi fojeali ahvol o‘rtaga chiqmagan emish. Aslida esa mavjud hukumatning qatog‘on siyosati natijasida O‘zbekiston xalqning chekkan azob-uqubatlari Tojikistondagi fojealar sababli bu mamlakat insonlarining chekkan jafolaridan aslo kam emas. Rejim tarafidan o‘ldirilgan minglab begunoh insonlar, umri qamoqda chirigan o‘ngminglarcha mahbuslar va bir parcha non topish uchun mamlakatdan qochib chiqishga majbur bo‘lgan millionlar…Va yana bu dahshatli rejimdan qanday qutulishini bilmay honavayron vaziyatga tushgan O‘zbekiston xalqining tamomi…

(O‘zbekiston va Tojikiston voqealigini bunday qiyoslashimiz, bizning asloTojikistondagi fojeani qo‘llab-quvvatlashimizni bildirmaydi. Bunga dalil sifatida http://www.islomshuro.com saytidagi “DIKTATURA TUGASIN, AMMO TOJIKISTON VA QIRG‘IZISTON TAJRIBALARI HAM TAKRORLANMASIN” nomli maqolani o‘qish mumkin. Qarang: http://www.islomshuro.com/index.php?option=com_content&view=article&id=80:2011-02-19-13-13-23&catid=2:2010-03-10-20-14-23&Itemid=3)

Ayni manzarani O‘zbekiston hukumatining tashqi siyosatida ham ko‘rishimiz mumkin. Faqatgina Islom Karimovning siyosiy xudbinligi natijasida milliy va e’tiqodiy jihatdan bir butun bo‘lgan Markaziy Osiyo davlatlarining Ittifoqi amalga oshmay kelmoqda. Buning o‘rniga mintaqa xalqlarining birodarligini buzadigan va mintaqani iqtisodiy bo‘hronga etaklagan va ijtimoiy-siyosiy portlash nuqtasiga olib kelgan vaziyat o‘rtaga chiqdi. Xuddi shunday sabab bilan O‘zbekistonning Islom yoki Turk dunyosi bilan birlashishi u yoqda tursin yaqin hamkorlik qilishi ham imkonsiz holga kelgan. Islom Karimov hukumatining AQSh, Ovrupo Ittifoqi, Rusiya va Xitoy bilan munosabatlarida ham ayni manzarani ko‘rishimiz mumkin. Ya’ni, uning bir yoqlama siyosati natijasida ushbu davlatlar bilan bo‘lgan munosabatlarda ham samimiyat va o‘zaro yaqinlik o‘rnini shubha va masofali “hamkorlik” egalladi. Ahvol shu darajaga etdiki, yaqinda bo‘lib o‘tgan Shanhay Hamkorligi Tashkilotining uchrashuvida ommaviy axborot vositalari uchun suratga tushish paytida Islom Karimov Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmonov bilan yonma-yon suratga tushmaslik uchun O‘zbekiston bayrog‘ini ham bir tomonga otib, boshqa davlatning bayrog‘i ostida turishni o‘ziga ep ko‘rdi. Ya’ni, na o‘zining nada boshqalarning obro‘yi haqida o‘ylab ham o‘tirmadi…

Bunday zulm siyosati natijasida avvalo O‘zbekiston xalqining butun sohalardagi iste’dodi bo‘g‘ib qo‘yildi. Holbuki qayta qurishning so‘ngi va mustaqillikning ilk yillarida, hali Islom Karimov mamlakatda o‘z diktaturasini o‘rnatmay turib, xalqimizning butun ijtimoiy sohalardagi qobiliyatlari yaqqol ko‘zga tashlana boshlagan edi. Insonlarimizda dinu diyonatga bo‘lgan e’tiqod qaytadan o‘rtaga chiqqan, minglab yangi masjidlar ochilgandi. Kommunistik davrdan meros qolgan yolg‘onchilik, ya’ni munofiqano ishlar insonlarimiz orasida kamaya boshlagandi. Siyosiy sohada yangi harakatlar va firqalar o‘rtaga chiqqandi. Muxolif nashrlarining soni yuz minglarni oshgandi. Insonlarimiz erkin tadbirkorlik va tijorat bilan shug‘ullanishni yo‘lga qo‘ya boshlagan edilar. Xalqimizning butun bu yaxshi tashabbuslari Islom Karimov diktuturasiga qurbon qilindi. Yakkahokimlik usuli bilan otilgan iqtisodiy qadamlar esa byurokratiya va poraxo‘rlik botqog‘iga botib ketdi. Natijada moddiy va ma’naviy imkoniyatlari yo‘qqa chiqarilgan O‘zbekiston dunyoning eng qashshoq o‘lkalaridan biriga aylandi. Bunday holatda xalqning ommaviy shaklda mamlakatdan qochishi albatta bejiz emasdir. Xullas, bugun O‘zbekiston vabo yoki o‘lat tarqalgan va insonlar o‘limdan qochgan kabi o‘z mamlakatlaridan qochib ketishni orzu qilayotgan bir o‘lkadir…

2

Biz mana shunday vaziyatda Islom Karimovning o‘rniga kim mamlakat rahbari bo‘ladi, degan masalani muhokama qilmoqdamiz. Chunki yuqorida aytilgani kabi har bir insonning va har bir tuzumning o‘z ajali bor. Islom Karimov rejimining ham umri nihoyasiga etib qolgani o‘z-o‘zidan ayon. Xalqimiz ham pichoq suyakga etganligini yaxshi bilib turibdi. Bunday vaziyatda nima qilish kerak, degan savolga barchamiz foydali ilm, sahih imon, aql va vatanimiz yashagan yaqin tajribani vosita qilib javob berishim kerak bo‘ladi. O‘zbekistonning taqdiriga befarq bo‘lmagan va mamlakatimizning taraqqiy qilgan davlatlar orasida o‘zining munosib o‘rnini olishini istagan barcha insonlarimiz avvalo o‘z shaxsiy hayotlarida, keyin oilalarida va mahallalarida yaxshilikning yoyilishi va yomonlikning tugatilishi uchun o‘z hissalarini qo‘shishlari kerak bo‘ladi. Yaxshilikning asosi esa imon va diyonatdir. Alhamdullilah xalqimizning aksariyati o‘zini musulmon hisoblaydi. Demak, avval qilinadigan ish insonlarimizning dinu diyonatni o‘rganib, uning hukmlarini o‘z hayotlariga tadbiq qilishdan iborat bo‘lishi kerak. Ammo bu masalada aslo va aslo shoshma-shosharlikga, talashib-tortishuvlarga, hizbchilik, dinda haddan oshish, xurofot va bid’atlarga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Islom dini masalasida yo‘l qo‘yiladigan xatolardan biri ba’zilarning darrov Islomiy jamiyat, Islomiy davlat yoki xalifalik qurish kabi shiorlarni o‘rtaga otishlaridir. Holbuki, Islom dini avvalo shaxslarning so‘ngra jamiyatning islohini nazarda tutadi. Shunday ekan, daraxt o‘tqazmasdan meva to‘plash va hali yo‘q mevani bo‘lib olish uchun janjal ko‘tarish aqlli kishilarning ishi bo‘lmasa kerak. Islom dini masalasida avval qilinadigan ish insonlarimizning dinimizni sahih asoslarga ko‘ra o‘rganishlaridir. Ya’ni, islomiy ma’rifat va da’vatdir. Chunki bunday ma’rifat va da’vat amalga oshmay turib, Islomga asoslangan jamiyat qurish, xalifalik qurish kabi iddoalar quruq so‘zlardangina iborat bo‘lib qolishi mumkin. Va bunday quruq iddoalar musulmonlar orasida o‘zaro tushunmovchilik, firqachilik, nizo va janjallarga sabab bo‘lishi ham mumkin.

O‘tish davrida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan muhim ishlardan biri insonlarga e’tiqod va fikr erkinligi, rahbarlarni saylash, tanqid qilish, erkin tadbirkorlik va shunga o‘xshash xalqimizni taraqqiyotga etaklaydigan haq-huquqlarning ta’minlanishidir. Qaysi yo‘ldan borish va nihoiy maqsad qanday bo‘lishini tanlash esa hech shubhasiz O‘zbekiston xalqining eng tabiiy haqqidir.

Iqtisodiy sohada esa insonlarga mol mulkga ega bo‘lish, erkin tijorat va tadbirkorlik bilan shug‘ullanish erkinliklari berilishi kerak bo‘ladi. Chunki mamlakatning boy –badavlat bo‘lishi bir tomondan tabiiy zahiralarga, ikkinchi tomondan insonlarning iqtisodiy tadbirkorliklari va tashabbuslariga bog‘liqdir.

O‘zbekistonda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan eng ulkan islohot shubhasiz ta’lim tarbiya, ya’ni maktab islohotidir. Yosh avlodlar maktablarda dunyo hayotiga oid hamda oxirat qadriyatlariga oid ilmlarni va bu ilmlarni hayotga tadbiq qilishni o‘rganishlari kerak bo‘ladi. Chunki agar maktablarda faqat dunyo hayotiga oid imlar o‘rgatiladigan bo‘lsa, bunday maktablardan matematika, algebra, fizika, ximiya, botanika kabi fanlarni yaxshi biladigan, ammo axloqan shaytonsifat nasllar etishib chiqishi tajribadan yaxshi ma’lumdir. Aksincha maktablarda faqat oxirat qadriyatlariga oid ilmlar o‘rgatiladigan bo‘lsa, ikki karra ikkining natijasini bilmaydigan, tasavvuri tor, velosipedni ham shayton aravasi, deya baholaydigan, tushunchalari davr va taraqqiyotdan uzoq nasllar etishib chiqishi mumkin. Bu erda Islom dinining asosiy xususiyatini, ya’ni dunyo va oxirat qadriyatlarining dinimizda ayni darajada o‘rin olishini yana bir marta eslab o‘tish foydadan xoli bo‘lmasa kerak.

O‘zbekistonning yaxshilik tarafga taraqqiyot qilishini istaganlar albatta bekorchi, isrof va ma’nosiz ishlardan uzoq turishlari kerak bo‘ladi. Buning misoli riyokorlik bilan minglab kishilarni chaqirib, qarzga botib bo‘lsa ham, aroqxo‘rlik, bema’ni qo‘shiq va raqsbozlik bilan o‘tkaziladigan to‘y-tomosholardir. Shuningdek, yana isrof va nom tarqatish uchun qilinadigan ma’rakalardir. Sunnat va nikoh tuylarini, aza va ma’rakalarni sodda va isrofsiz o‘tkazishni butun xalqimizning odat qilishi maqsadga muvofiqdir.

Xullas, yaxshilikni yoyish va yomonlikdan qaytarish hammamizning vazifamiz hisoblanishi kerak. Yomonlikning eng ko‘p tarqalgan shakllari esa imon yo‘lidan yurmaslik, yolg‘onchilik, riyokorlik, poraxo‘rlik, kibr, boshqalarga zulm qilish, aroqxo‘rlik, g‘iybat va tuhmat gaplarni gapirish, isrof va manmanlik, zulmga beparvo (tarafsiz) bo‘lish, pul orqasidan quvib oxirat hisobini unutishdir. O‘zbekiston va uning xalqiga yaxshilik qilishni istaganlar avvalo o‘zlari mana shunday yomonliklardan voz kechishlari kerak bo‘ladi. Bunday salbiy xislatlarning o‘rnini foydali ilm o‘rganish, sahih imonga ergashish, to‘g‘riso‘zlilik, kamtarinlik, ixlosli bo‘lish, adolat tarafida turish, harom narsalardan va ishlardan uzoq turish, faqat moddiy qadriyatlarni emas, ma’naviy qadriyatlarni ham hayotiga joriy qilib, oxirat hayotiga tayyorgarlik ko‘rish kabi ijobiy xususiyatlar olishi zaruriydir.. Unutmaslik kerakki Islom Karimov rejimining ildizlari insonlarimiz hayotiga singib ketgan yuqorida sanalgan salbiy xususiyatlardir. Agar har bir kishi o‘z hayotida salbiy sifatlar o‘rniga ijobiy sifatlarga o‘rin beradigan bo‘lsa, mavjud diktaturaning tugatilishining muqarrarligi o‘z o‘zidan ayon bo‘lsa kerak.

Bunday holatda Islom Karimovning o‘rniga kim Davlat Rahbari bo‘ladi, degan savolga javob berish ham murakkab masala hisoblanmaydi. Chunki foydali ilm, sahih imon, ularga asoslangan yaxshi amallar va axloqni tanlagan insonlarga Alloh taolo zolim kimsani rahbar qilib qo‘ymaydi, inshoOlloh…

 

ABDURRAHMON MUHAMMAD

 

http://uzxalqharakati.com/?p=1181

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: