Yopilgan Turkuaz binosi taqsimlandi- ozodlik.org


Sobiq Turkuazning 2001 yil 13 iyul kungi ko‘rinishi.

13.07.2011

Abdulla Iskandar

Toshkent markazidagi Turkuaz savdo markazi (sobiq GUM) ta’mirlanib, poytaxtlik tadbirkorlar orasida “taqsimlangan”.

Bu haqda ma’lum qilgan “Toshkent oqshomi” gazetasiga ko‘ra, savdo markazining birinchi qavati oziq-ovqat mollari uchun ajratilgan. Ikkinchi qavatda kiyim kechak, uchinchi qavatda esa elektr jihozlari sotilishi kerak, degan farmoyish berilgan.

Turkuaz savdo markazini “taqsimlash” ishlarini Toshkent shahar hokimiyati Savdo, maishiy xizmat va xalq iste’moli mollarini ishlab chiqarish departamenti amalga oshirmoqda.

Toshkent shahar hokimiyati nashri bo‘lgan Toshkent oqshomi gazetasiga ko‘ra, sobiq Turkuaz binosining 4 va 5 qavatlarida hozir tikuvchilik tsexlari ish boshlagan. Bu tsexlarda 350 kishining oyiga 7000 dollarlik mahsulot ishlab chiqargani ham ayni maqolada tilga olinadi.

Bundan oldin millionlagan dollarda savdo  aylanmasi qilgan Turkuaz (“Chorsu savdo markazi”)  40 ga yaqin qonunbuzarliikda ayblanib yopib qo‘yilgan edi.

Qora niqoblilar hujumi

O‘zbekiston Davlat bojxona qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, Turkuaz taftish qilinib 5 mlrd so‘mlik mollar musodara qilingan.

Bojxona axborotnomasida Turkuazaning qanaqa qilib bosilgani tafsilotlari aytilmaydi.

Voqea guvohlariga ko‘ra, sobiq GUM binosini  qora maska kiyganlar mo‘r-malaxday bosishgan.  Ular orqasidan esa maxsus avtobusda mufattishlar guruhi va O‘zbekiston telekanali xodimlari  kelgan.

Taftishni Bojxona va Soliq qo‘mitasi, O‘zstandart agentligi, O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi maxsus otryadi bilan birga 2 mart kuni o‘tkazgan edi, deydi bu taftishda qatnashgan monopoliyaga qarshi qo‘mita mulozimi.

O‘z ismi aytilmasligi sharti bilan Ozodlikka gapirgan qo‘mita mulozimiga ko‘ra, taftishga hozirlik 28 fevral kuni boshlangan.

-Bu taftish bir haftacha davom etdi. 6 mart kuni Turkuaz binosining 5 qavatidagi Turkiya fuqarosi Emro Qozono‘g‘liga oid tikuv tsexi tekshirilib 80 million so‘mlik kiyim kechak musodara qilindi.

Tekshiruv mobaynida Turkuaz binosida maxsus nomoz o‘qiydigan xonalar borligi aniqlanib suratga olindi, deydi mulozim.

“Ko‘rnamaklar” O‘z TVda

Taftishdan so‘ng O‘zbekiston telekanalida namoyish qilingan film O‘zbekistonga kelgan turk ishbilarmonlarini “tuz ichib tuzlikka tupurgan ko‘rnamaklar” deb atadi. Filmda, Turkuaz binosida xodimlarning diniy targ‘ibot olib borgani, millatchilik g‘oyalarini targ‘ib qilgani va shirkat boshqaruvchilari jamoa  nomozlarida imomlik qilganini aytiladi.

Ayni filmda turk ishbilarmonlarining mahalliy fohishalar bilan jinsiy aloqa qilgani ham tanqid qilinadi.

Turkuaz yong‘in xavfsizligiga rioya qilmaganlik, sanitariya me’yorlarini buzganlik, o‘zi ishlab chiqarayotgan mahsulotlarda davlat standartlaridan chekinganlikda ham ayblandi.

Taftish niqobidagi talonchilik

O‘zbekistonga turk sarmoyalarini  birinchilardan bo‘lib kirgizgan  Turkiyadagi moliyaviy guruh vakili Ismoyil Chingiz bu holatni qaroqchilik yo‘li bilan sarmoyadorlarni talash, deb baholadi.

– Birovning molini olib qo‘yish O‘zbekiston qonunlarida ham, xalqaro qonunlarda ham mumkin emas. Men sud qaroriga ko‘ra konfiskatsiyani aytmayapman. Aynan talonchilik haqida gapiryapman. O‘zbekiston maxsus kuchlarining talonchilik bilan shug‘ullangani aniq fakt. Yo‘liga ular bir qism mol-mulkni sud hukmiga ko‘ra musodara qilishadi, xolos, deydi O‘zbekistonda og‘zi kuygan turk tadbirkorlaridan biri.

Keyingi  besh oy ichida O‘zbekistondagi turklarga oid o‘nlar shirkatlar yopildi. Shaxar markazidagi ko‘chadan Mustafo Ota Turk nomi olib tashlandi. Ayni paytda Ismoyil Chingiz bu voqealarni turklarga qarshi ma’raka emasligini urg‘ulaydi:

– Ochko‘z mulozimlar  Toshkentdagi turk shirkatlari qo‘lida to‘plangan  mol-mulkni o‘zaro bo‘lishib olishmoqchi. Bu erda boshqa narsa ko‘rmayapman, deydi Chingiz.

Sog‘in sigirlar almashmoqda…

“Shirkatlar yopilguniga qadar turk sarmoyadorlari shahar prokuraturasi, MXX va hokimiyat mulozimlari uchun elini katta sog‘in sigirlar edi.”

Bu gapni Ozodlikka gapirgan turk tadbirkori Rajabboy Shirin o‘zining O‘zbekistonda 17 yil tadbirkorlik qilib chiqargan xulosasi shu bo‘lganinini aytadi.

– Biz ham 17 yildan ko‘p yashaganmiz, ko‘rganmiz. Pul bersangiz, yaxshi. Pul bermasangiz, siz fathullohchi, siz tolibonsiz.  Pora bermagan bormi O‘zbekistonda? Har yil shuncha pul so‘rayapti, uni berasan, buni berasan. Puling kelmadi, shtraf. Mana shuncha bersang, shtrafni yo‘q qilamiz. Hammasining hikoyasi bor. Ozgina tekshirsa, haqiqatni topadi. Pora topib bermagan tadbirkorlar mulozimlar g‘azabiga duchor bo‘lishadi, deydi tadbirkor.

Turklarga qarshi g‘azab daraxtining ildizlari

Mustafo Ota Turk nomini  Toshkent markazidagi ko‘chadan yulib solgan turklarga qarshi g‘azab ildizlarining rus mafkurasiga asoslangan sovet targ‘iboti davriga borib taqalishi aytiladi.

O‘zbekiston mustaqilligining ilk kunlarida mamlakatga Turkiyada ishlab chiqarilgan qandolat mahsulotlari mamlakatga kirib keldi. Bu qandolatlar sifatsiz, masalan “Hulkar” pechen’esi olovda yonadi, deb yozdi o‘shanda jurnalist Nazrillo Oxunjonov.

Oxunjonov aytgan gap sal o‘tmay O‘zbekiston prezidenti tilidan ham yangradi. Karimov turk pechen’esini tanqid qilish bilan birgalikda uni ishlab chiqargan mamlakatning Muhammad Solihga boshpana berganini ham qistirib o‘tdi. Bir kun oldin “abadiy do‘st” deganimiz  Turkiya  dushman bo‘lmasa ham, “dushman”ga joy bergan mamlakatga aylandi.

Karimov gapidan so‘ng O‘zTV sharhlovchisi Bobur Alixonov Turkiyaning iqtisodiy –ijtimoiy muammolari haqida turkum eshittirishlar tayyorladi.

“O‘zbek-turk qardoshligi” deb aytilgan munosabatlar qumdan bo‘lgan uy kabi to‘zonga aylana boshladi. “Zamon-O‘zbekiston “ gazetasi yopildi. Turkiya telekanalining O‘zbekistonga translyatsiyasi to‘xtatildi.  O‘zbek-turk litseylari birin-ketin tugatildi. Toshkent markazidagi “Demir” savdo markazi yopildi…..

Ammo boshlanishda O‘zbekiston prezidentinig Turkiyaga sevgi izhori otashin edi. Hatto Karimov mustaqillik maydonidagi muhtasham Lenin muzeyi binosini Turkiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi uchun berish kerak, degan taklifni ilgari surgan edi. Turkiya rahbari Sulaymon Demiralni “og‘am” deb atadi. Ammo bu sevgining umri qisqa bo‘ldi.

Ko‘r hassasini necha marta oldiradi?

-O‘nlab turk ishbilarmonlari  O‘zbekistonda bor-yo‘g‘idan ajralib Turkiyaga qaytib kelayotgan bir davrda yana o‘nlab turk tadbirkorlari tujjorlik qilaman, deb  Toshkentga bormoqda.

Bu gaplarni oshig‘ich dard bilan aytayotgan Ismoyil Chingiz  nazarida, rasmiy Anqaraning sassizligi, turk matbuotining O‘zbekistondagi sarmoya muhiti haqida tahlil yozmagani bois turkiyalik ishbilarmonlarda yanglish tasavvur paydo bo‘lgan.

-O‘zbek hukumati mehmonhonalarida o‘zbek mulozimlari qo‘lidan osh eb o‘tirgan turk diplomatlari voqealarni ko‘rib ko‘rmaganlikka olmoqda. Ular faqat tomoshabin bo‘lib o‘tirishibdi. Qarangki, bugun boshiga ish tushgan turk tijoratchilari ham kecha tomoshabin edilar. Tomosha esa bugun boshlangani yo‘q va ertaga ham tugamaydi, deydi Ismoyil Chingiz.

 

http://www.ozodlik.org/content/article/24264606.html

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: