Samarqandni ko‘rishga orzumandlar ko‘p, ammo… – ozodlik.org


Samarqand, Buxoro va Xiva dunyoni tanigan G‘arb sayyohlari ko‘rishni orzu qiladigan shaharlar ro‘yxatidadir, deydi britaniyalik sayohat uyushtiruvchi.

14.07.2011

Qog‘ozbozlik, rasmiylarning ta’magirligi g‘arblik potentsial sayyohni O‘zbekistonga borishdan cho‘chitmoqda.

O‘zbekistondagi rasmiy axborot agentliklarining bildirishicha, 2010 yil ichida O‘zbekistonga 1 million 300 ming xorijiy sayyoh safar qilgan va bu raqam 2009 yilga nisbatan 6,9 foizga ko‘pdir. O‘zbekistonga kelayotgan sayyohlarning 60 foizga yaqini evropaliklar, qolganlari esa Uzoq va Yaqin Sharq mintaqasi, musulmon davlatlari va MDH da yashovchilardir, deyiladi rasmiy statistikada.

O‘zbekiston hukumati mamlakatga kelayotgan xorij sayyohlari oqimining kuchayganini mamlakatda sayyohlikni rivojlantirish borasida amalga oshirilgan islohotlar mahsuli sifatida talqin etmoqda.

Bu raqamlarni sharhlagan O‘zbekiston parlamenti deputati Guljon Xolmurotovaning http://www.12.uz internet nashriga aytishicha, “O‘zbekiston iqtisodining barqaror o‘sib borayotgani, mamlakatda tinchlik va barqarorlik hukm surayotgani” xorij sayyohlarini mamlakatga jalb qilayotgan asosiy omillardandir.

Aslidachi,  xorij, xususan evropaliklarni O‘zbekistonga sayohat qilishga undayotgan asl omillar nima?

Gordon Stair 1975 yildan beri dunyoning deyarli barcha burchagiga sayyohat ushtirib kelayotgan World Expeditions sayohlik shirkatining London idorasi xizmatchisi. Gordon 10 yildan beri shirkat Buyuk ipak yo‘li, xususan O‘zbekiston bo‘ylab taklif etib kelayotgan sayohatlarni uyushtirish bilan shug‘ullanadi. O‘zi ham O‘zbekistonga safar qilgan.

O‘zbekistonga borishga ishtiyoqmand g‘arbliklar soni ko‘pmi-oz, deb so‘raymiz Gordondan:

– Etarli. O‘zbekistonga boruvchilar soni hech qachon u qadar ko‘p bo‘lmagan. O‘zbekiston evropaliklar borishga chanqoq davlatlar ro‘yxatiga kirmaydi. Ammo bu mamlakatni ko‘rishga ishqibozlar oz bo‘lsa-da bor, deydi britaniyalik sayohlik operatori.

O‘zbekistonga sayohatning bu mamlakat mustaqil bo‘lganidan 20 yil o‘tib ham G‘arb, xususan Britaniyada u qadar ommaviylashmagani sabablari haqida so‘raymiz suhbatdoshimizdan.

– Ko‘pchilik O‘zbekistonni bilmaydi ham. Ko‘chaga chiqib odamlardan so‘rasangiz, ko‘pchilik O‘zbekiston qaerda desangiz, javob bera olmasa kerak. Bu mamlakat tilga tez-tez tushadigan yurtlardan emas. O‘zbekistonga borishga faqat dunyoni aylanib chiqqan, ko‘rmaganim shu O‘zbekiston qoldi, deguvchilar qiziqadi. Ular O‘zbekiston degan bugungi mamlakatni ko‘rishdan ko‘ra ko‘proq, Samarqand, Buxoro va Xiva degan Buyuk ipak yo‘lidagi qadim shaharlarni ko‘rishga ishtiyoqmand, deydi dunyo bo‘ylab faoliyat yurgizayotgan World Expeditions sayohlik shirkatining London idorasi xizmatchisi Gordon Stair Ozodlik bilan suhbatda.

O‘zbekistonga kelayotgan xorijiy sayohlarning aksarini Frantsiya, Germaniya, Avstriya va Yaponiyadan keladigan pensionerlar guruhi tashkil qilishini aytgan Xivadagi “Malika” mehmonxonasi xodimi, 2010 yil, qolaversa joriy yildagi sayyohlar sonining hali 2009 yildagi darajaga etmaganini aytadi.

– To‘g‘risini aytsak, menimcha, bizlarda 2009 da ko‘proq edi. Bizlarda 72 o‘rinli 39ta xona bor. Sezon payti to‘lamiz. Hozir sezon payti emas. Sezon mart oyining 20 laridan yoki aprel boshidan to iyun oyining boshigacha. Ikki oy yaxshi sezon bo‘ladi. Keyingi sezon avgustning o‘rtalaridan oktyabrning oxirigacha. Unda mehmonxonalarimiz to‘liq bo‘ladi. Chet ellik turfirmalar klimatga e’tibor berishadi-da. Bu yil ham kamroq. Jahon krizisiku bilasiz. Evropa ham qiynalayapti, boshqa davlatlar ham. Krizisning oqibatida baribir, deydi aksar xorij sayyohlik shirkatlari yo‘riqnomalarida tavsiya qilinadigan “Malika” mehmonxonasi xodimi.

“O‘zbekistonda sayohlik uchun muhim infratuzilma yaxshi rivojlanmagan, sanitariya-gigiena sharoitlari Evropanikidan ancha orqada bo‘lsa-da, bizning shirkat orqali Samarqand, Buxoro va Xivadagi go‘zal tarixiy obidalarni borib ko‘rganlar o‘z sayohatlaridan xursand bo‘lib qaytishadi”, deydi Ozodlik bilan suhbatda odatda o‘z mijozlarini “Malika” kabi o‘zbekcha uslubda qurilgan kichik xususiy mehmonxonalarga yo‘llaydigan World Expeditions shirkati xizmatchisi Gordon Stair.

Jim Eagles World Expeditions shirkati orqali O‘zbekistonga borgan g‘arblik sayyoh va jurnalist. Buyuk Ipak yo‘li bo‘ylab sayohatining kulminatsiyasi Samarqandni ko‘rish bo‘lganini aytgan bu sayyoh O‘zbekistonga safari haqida qator maqolalar yozib kelmoqda.

“O‘zbekistonga birinchi marta kelayapsizmi? deya qisqa savol berdi menga Toshkent aeroportidagi bojxona xizmatchisi. “Men bilan yuring.”

Bular muncha xushmuomala ekan, deyishga ulgurmay, o‘zimni kichkinagina xonada uchta forma kiygan baquvvat o‘zbek orasida ko‘rdim – ular mening pulimning rangini ko‘rishmoqchi ekan.

O‘zbekiston valyutani nazorat qilishga mukkasidan ketgan mamlakat – sababini Xudo biladi, xolos. O‘zlarining puli mamlakat tashqarisida bir pulga qimmat bo‘lgani uchunmi, bu erga kirganlar yonida bor naqd puli haqida deklaratsiya to‘ldirishi kerak. Bu erdan ketar ekansiz, aeroportda kirish vizasi kopiyasidan boshlab, qaysi joyga qachon borganingiz haqida qog‘oz to‘ldirishingiz kerak(har bir mehmonxona bu erda falon kuni turdi, degan tasdiqnoma berganiga qaramay!)

Rasmiylarning nazoratga o‘chligiga qaramay, O‘zbekiston do‘stona odamlar va hayratga loyiq obidalarga boy ajoyib yurt . Men bu yurtga yana qaytishni xohlayman”, deb yozadi  Jim Eagles o‘z maqolalaridan birida.

Bu maqola ostida sharh qoldirganlardan biri O‘zbekistonga o‘z sayohatini xulosalar ekan:

“O‘zbekistonga safar davomida Toshkent-Samarqand-Buxoro-Xiva bo‘ylab sayohat qildim va ayniqsa, keyingi uch shaharda kutganimdan-da go‘zalroq joylarni ko‘rdim. Garchi men ham Jim tasvirlagan kabi ochko‘z va poraxo‘r rasmiylarga uchragan bo‘lsam-da, O‘zbekiston xalqini nihoyatda xushmuomala va mehmondo‘st deb topdim. Bu rasmiylar O‘zbekiston bo‘ylab ko‘rganim hayratlanarlik go‘zallik va nihoyatda iliq muomalaga solishtirganda arzimas ko‘ngilxiralik bo‘ldi, xolos”, deb sharh qoldirgan O‘zbekistonga borgan yangi zelandiyalik sayohlardan biri.

Samarqand, Buxoro va Xiva  qadim Sharqning afsonaviy go‘zal shaharlari sifatida g‘arblik sayohatchi orzu qiladigan ro‘yxatga kiritilgan bo‘lsa-da, O‘zbekiston hukumatining bu sohani tubdan isloh qilmayotgani sayohlar oqimi kuchayishiga g‘ov bo‘lmoqda, deydi Gordon Stair.

– O‘zbekistonga kirish vizasi asosiy to‘siqlardan biri. Viza olishning cho‘zilishi, viza olish uchun maxsus xat jo‘natishlaru olishlar turgan bitgani bosh og‘riq va bema’nilikdir. Bilasiz, g‘arbliklar dunyoning aksar davlatiga istagan payti vizasiz sayohat qila oladi. Ular ko‘pincha so‘ng daqiqada “ketdik u erga, ketdik bu erga” deb, qaror beradiyu, shundoq samolyotga chiqadi-ketadi. O‘zbek vizasini olish uchun haftalab kutishlar, bu vizaning qimmatligi, har xil qog‘ozbozliklar qulaylikka o‘rgangan g‘arbliklarni O‘zbekistonga safar qilish shashtidan qaytaradigan omillardir, deydi Gordon Stair.

Suhbat bahonasida Britaniya sayyohlik shirkati mutaxassisi O‘zbekiston hukumatiga o‘z tavsiyasini beradi:

– Sayyohatni osonlashtiring, kirish-chiqishni soddalashtiring. Gidlarni yaxshilab treyningdan o‘tkazing, sayyohlik infratuzilmasidagilarni olinadigan pulga yarasha xizmat ko‘rsatishga o‘rgating, mahalliy transport vositalari, ayniqsa shaharlararo parvozlarni arzonlashtiring. Bu borada sayyohning ilk va so‘nggi tasavvurini shakllantiruvchi aeroport xizmatchilarini alohida treyningdan o‘tkazish muhimdir, deydi World Expeditions shirkatining London idorasi xizmatchisi Gordon Stair.

 

http://www.ozodlik.org/content/article/24265715.html

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: