Fitnachi kim?! – yangidunyo.com


July 13, 2011

yoki, MEN TARAFKASHLIK TARAFDORIMAN

Abdulla Abduqodir o‘g‘li

(Abdujalil Boymatovning “Tolib aka qanday qilib fitnachiga aylandi?” degan mazmundagi maqolasiga munosabat)

Bilim bu ezgulikdir, deb tushunadi ba’zilar. Bunday tushunish xatodir. Bilim — bu buyuk bir imkoniyat xolos. Bilim yaxshi odamning ezgulik imkoniyatlarini qanchalik oshirsa, zolimning yovuzlik imkoniyatlarini xam shunchalik kengaytiradi. Dunyoda yaxshi odamlar ko‘proq bo‘lgani uchun, bilimning zarariga nisbatan foydasi ko‘proqdir.

Shu ma’noda yondoshilsa, demokratiya va u haqidagi bilimlar ham aqlli insonga ezgulik imkoniyatlarini; ayyor odamga esa fitnalar uyushtirish va o‘z fitnalarini “qonunlashtirish” imkoniyatlarini kengaytiradi. Dunyoda ayyor, nopok odamlarga nisbatan aqlli, vijdonli odamlar ko‘p ekani bois, demokratiyaning foydasi uning zararidan juda yuqoridir. Abdujalil Boymatovning qator maqolalari ko‘pchilikni o‘ziga jalb etolmaganining sababi shundaki, muallif bu maqolalarni teskari gipoteza asosida yozgan. Ya’ni, maqolalardan chiqadigan xulosa shuki, demokratiya adolatga emas, aksincha, adolat o‘zini qurbon qilib bo‘lsa ham, demokratiyaga xizmat qilishi kerak. Bunday usulni O‘zbekistonda ko‘pchilik “o‘zbekcha”, yoki “karimovcha” demokratiya deyishadi.

Ta’bir joiz bo‘lsa, men I. Karimovni demokrat emas, ammo, demokratiya tamoyillarining katta bilimdonlaridan biri degan bo‘lardim. Lekin, u o‘zining bu bilimidan o‘z fitnalarini “qonunlashtirish” yo‘lida foydalanadi. Bu iddaoimning yuzlab dalillariga ko‘pchilik guvoh bo‘lgan. Ulardan bir tomchisi:

1. “Yangi” Ittifoqning 1 – Qurultoyiga M. Solihning nomzodi qo‘yilgandagi fitnani eslang.

2. Birinchi prezidentlik saylovining o‘zida Karimov tomonidan uyushtirilgan o‘nlab fitnalar muxolifat matbuotida fosh qilingan.

3. 1993 yilgi “ERK” qurultoyidagi sharmandali fitnani eslang.

4. So‘zim quruq bo‘lmasligi uchun, izningiz bilan, iddaolarimdan bittasini ochiqlayman: 1997 yili qamoqdan yangi chiqqan kunlarimning birida O‘z. Tv. da “Yuzma – yuz” degan ko‘rsatuvni ko‘rib, hayratdan yoqamni ushladim. Unda, bir oddiy tadbirkor bir viloyat hokimi bilan dadil bahslashib, “demokratik tamoyillar” asosida hokimni ayovsiz fosh qilayotgandi. Bir haftadan keyin, o‘sha oddiy tadbirkorning iddaolari asosli deb topilib, hokim ishdan olindi.

Oradan bir oycha vaqt o‘tgach, o‘sha tadbirkorning katta bir fel’etoni matbuotda e’lon qilindi. Unda yana bir katta amaldor nishonga olingan edi. Ko‘p o‘tmay, o‘sha amaldor ham lavozimidan ayrildi.

Shu va shunga o‘xshash voqealarni ko‘rib, men O‘zbekistonda demokratiya tantana qilayotganiga ishona boshladim. Shu ishonchda universitetga borib, meni avvalgi ishimga qayta tiklashlarini talab qila boshladim. Hokimlarni ag‘darayotgan o‘sha tadbirkorga ustingdan shikoyat qilaman deb, hatto rektorni qo‘rqitmoqchi ham bo‘ldim. Ne ko‘z bilan ko‘rayki, uch kundan keyin o‘sha tadbirkorning o‘zi o‘z oyog‘i bilan uyimga kirib keldi. O‘zining ashaddiy “Birlik”chi ekanini, men haqimda ko‘p yaxshi gaplar eshitganini, hozirgi muammolarimdan xabardor ekanini, yordamga tayyor ekanini aytdi. Ko‘nglim tog‘dek ko‘tarildi. –”Sizga hozirchalik auditoriyani ishonishmasa kerak. Lekin mening tanishlarim ko‘p. Pora olmaganingizdan keyin, o‘sha nomi ulug‘, suprasi quruq ishni nima qilasiz? O‘zim sizga zo‘r ish topib beraman”– deb, biri – biridan “yog‘li” ishlarni taklif eta boshladi. Bu takliflarni qabul etmasamda, u bilan sirdosh do‘stlardek bo‘lib qoldik.

Bir kuni u meni qandaydir amaldorning to‘yiga birga borishga taklif etdi. Yo‘q deyolmadim. Eshikbon bizni ta’voze bilan kutib olib, “hamrohlaringiz kutishyapti” deya, bir stol tomon boshladi. Bir vaqt qarasam, Toshkent shahrining sobiq hokimi Fozilbekovning ro‘baro‘sida o‘tiribman. Nigohlardan mendan shubhalanishayotganini sezdim. –”Bu kishi mening eng ishonchli do‘stlarimdan Abdulla aka bo‘ladilar. Menga qanday ishonsangiz, bu kishiga ham shunday ishonishlaringiz mumkin, kafoloti mendan”– dedi tadbirkor.

Soqiy may uzatdi. “Ruldaman”– dedim. “Pravadan xavotir olmang, biz bor” — deyishdi. “Men nomozxonman”– dedim. Ulardan biri tadbirkorga ta’nali boqib: “Buning jarimasini bilasiz-a?” — dedi. “Roziman. “Do‘sting uchun zahar yut” deganlar. Shu vaqtgacha menga ro‘baro‘ bo‘lgan hamma butilkalarni yiqitganman, bu gal ham faqat yiqitaman” deb maqtandi tadbirkor. Sezdimki, u jarima sifatida mening hissamni ham ichishga rozi bo‘lgandi.

Davradagilar negadir shu oddiy tadbirkorga xushomad qilishardi. Tadbirkor kayfi oshib, gap orasida: “Men so‘z berdimmi, albatta bajaraman! Fozilbekovni o‘z joylariga qayta tiklamasam, otimni boshqa qo‘yaman!..” deb yubordi.

Xullas, qaytayotganimizda tadbirkor, kayfning avji maqtantiradigan pallasida edi. Uning mast holda maqtanib aytishicha, tadbirkorlik uning uchun bir niqob emish. O‘zi MXXning polkovnigi bo‘lib, Karimov bilan bevosita bog‘lanadigan telefoni bormish. Karimov qaysi amaldorni ishdan olmoqchi bo‘lsa, bu “demokratiya” yo‘li bilan, fitna uyushtirib, tuhmat qilib bo‘lsa ham, uni xalq oldida obro‘sizlantirib berar emish. Mening haqiqatning ko‘ziga tik boqib yashayotganimga havasi kelayotganmish. Vijdoni qiynalayotganmish. Lekin bunga majburmish. Endilikda, gunohlari evaziga ishlari orqaga ketayotganmish. Kecha Bo‘stonliqdagi dachasi yonganmish (ertasiga meni olib borib ko‘rsatdi, dachasi chindan ham yongan edi). Bitta ministrning singlisiga uylangan ekan, kirdikorlaridan xabardor bo‘libmi, xotini ketib qolganmish. Bir hafta avval avariyaga uchrab, qimmatbaxo mashinasi mutlaqo yaroqsiz holga kelganmish… va hokazo, va hokazo… Ismini ham esladim. Bu bechora tadbirkor menga o‘zini Chig‘aytoy Bahodir deb tanishtirgandi.

Xullas, bitta iddaoimni bir oz ochiqlab, vaqtingizni olganim uchun uzr. Boshqalarini ham ochiqlasam, bitta kitob bo‘ladi.

Na faqat demokratiya, hatto, o‘zbek xalq maqol va matallari ham betaraf emas. Kambag‘allar: “Boy — boyga boqar, suv — soyga oqar” desa; boylar: “Etim qo‘zi asrasang, og‘zi burning moy etar, etim bola asrasang, og‘zi burning qon etar”; yoki: “Qazisan, qartasan, asli naslingga tortasan” deydi.

Shu ma’noda demokratiyada xolis, betaraf bo‘lish kerak degan fikrlar ham u qadar to‘g‘ri emas. Karimov — hukumat. Hukumatning esa mafkuraviy kurash bilan shug‘ullanadigan, ishontirish san’atini puxta egallagan, demokratiya haqidagi bilimlarni suv qilib ichib yuborgan “zakunchi” professional mutaxasislarga boy institutlari bo‘ladi va bu tabiiy. Karimov yurtboshi bo‘lgandan beri uning vazifador mutaxasislari muxolifatga qarshi turli fitnalar qo‘zg‘ash bilan uzluksiz shug‘ullanib kelyapti. Ayniqsa, O‘XH tuzilganidan beri ularning faoliyati bir necha barobar kuchaygani yaqqol kuzatilmoqda. Bu vazifador mutaxasislar muxolifatning ichki ziddiyatlaridan foydalanishda ma’lum natijalarga erishmoqdalar ham.

Men tarafkashlik tarafdoriman. Shunday vazifador professional kuchlar Karimov manfaatlari yo‘lida “hiylai sha’riy” bilan shug‘ullanayotgan bir kezda nega muxolifat tarafkashlik qilmasligi kerak?! Xo‘sh, yaloqxo‘rlar Karimovning tarafini olayotgan bo‘lsa, muxolifat demokratik bahslarda kimning, yoki nimaning tarafini olishi kerak?

Muhammad Solixningmi? Tolib akaningmi? Biz birinchi galda ADOLATning tarafini olishimiz kerak.

Bu kurashda mablag‘ jihatidan ham, professional kuchlar jihatidan ham Karimov biz bilan qiyoslab bo‘lmas darajada ustun. Lekin, inshaALLOH biz engamiz. Chunki, adolat, haqiqat biz tomonda.

Karimovning zolim diktator ekani butun dunyoga ayon. Demak, adolat zulmga qarshi kurashayotganlar tarafida bo‘lishi ham kunday ravshan. Biz engamiz, qachonki, adolat tarafida turib, shu adolatga sodiq tarafkash bo‘lolsak. Intellektual kuchimizni ham, demokratiya tamoyillariga oid bilimlarimizni ham shu tarafkashlik maqsadiga yo‘naltira olsak.

Mafkuraviy kurashda Karimov qo‘llaydigan taktika menga yaxshi ma’lum. Bu o‘sha: “Kimda kim internetning yo‘lini to‘saman desa, qip qizil axmoq” deb, o‘zi uzluksiz shu ish bilan shug‘ullanayotgan Karimov-da. U o‘z yaloqxo‘rlariga bot – bot aytadi: “Avomning ishonchini qozonish uchun meni har qancha haqorat qilsalaring ham mayli. Faqat hal qiluvchi damlarda Muhammad Solihga, Tolib Yoqubovga o‘xshagan etakchi liderlarga qarshi fitna qo‘zg‘ab, ularning obro‘sini to‘kishga erishsalaring bo‘ldi.” Chunki bular muxolifatning eng sinalgan ustunlari, bular bizning javharimizdir. Uni asray bilishimiz shart. O‘IHJ ni Tolib akasiz bugungi kunga xozirgi holatda etib kela olishiga mening gumonim bor. Masalan, hech bo‘lmaganda Jmiyatga M. Zohidovlarning ta’siri kuchaygan bo‘lardi. Shu vajdan ular bugun jazavaga tushib, ochiq haqorat qilish yo‘liga o‘tishga majbur bo‘lmoqdalar. Shuningdek, Muhammad Solih bo‘lmasa, “ERK”ning bugun hozirgiday holatda bo‘la olishiga mening ko‘zim etmaydi. Menimcha “ERK”da allaqachonlar Samad Murodga o‘xshaganlarning qo‘li baland kelishi mumkin bo‘lardi.

Bugun Tolib aka bilan u kishining shogirdlari bir birlarini fitnachilikda ayblashyapti. Kim haq?!

Tolib akaning butun faoliyatlari suvrati bilan ham, siyrati (ya’ni mohiyati bilan ham Karimov zulmiga qarshi qaratilgan va u to‘laligicha muxolifat manfaatlariga xizmat qiladi.

Boymatovning faoliyati esa, zohiran demokratiyani himoya qilgani holda, botinan Karimovning manfaatlariga juda – juda mos tushadi. Karimov 15,5 yilga hukm qilib, qamay olmagan; boshiga 2 million dollar tikib, o‘ldira olmagan; Chexiyada interpol orqali qo‘lga tushirib, ishongan generallari vositasida ham O‘zbekistonga olib ketishni uddalay olmagan Muhammad Solihni Boymatov demokratik tamoyillar asosida yiqitmoq istadi. Lekin eplolmadi. Bu o‘yin menga Chig‘atoy Bahodirning o‘yinini eslatdi. Farqi: Chig‘atoy kuchi etadigan odamga osilib, ishini epladi, Boymatov eplolmadi. Kim fitnachi?!.. Lekin, men Boymatovni fitnachi deyishdan tiyilgan bo‘lardim. Chunki u kuchi etmaydigan odamga osilib, fitnani eplolmay, hammaga kulgi bo‘ldi.

Boymatovning demokratik mantiqi bunday: “Karimov ham, Muxammad Solih xam shuncha yildan beri demokratik qilmay, o‘rnini hech kimga bermay, o‘z lavozimida o‘tiribdi. Demak, ularning har ikkalasi — diktator.”

Qiyosdagi mantiqni qarang! Karimovda yuksak lavozim, katta maosh, huzur – halovat, tuganmas boylik. Va muhimi, demokratik saylov bo‘lsa, uning o‘rniga o‘nlab da’vogarlar topilishi aniq.

Solihning lavozimi — mashaqqat!; Maoshi — xatar!, suiqasd!; Huzur halovati — bedorlik!; Evaziga oladigan mukofoti — ta’na-yu dashnom!..

Shuncha yillardan beri etsa molini, etmasa jonini garovga qo‘yib, qilayotgan jihodlari evaziga Boymatovlardan olayotgani fitna-yu, fasod! Muhammad Solihning bu yo‘lda shu vaqtga qadar sarflagan xususiy mablag‘i, o‘z huzurini o‘ylasa, na faqat o‘ziga, uning farzandlariga ham bir umrga etgan bo‘lardi. Mana shu mashaqqatli mas’uliyatni zimmasiga olishga rozi bo‘lib, Solih bilan bellashishga ko‘zi etgan mardi – maydon da’vogar demokratlar bo‘lsa, marhamat, maydonga chiqsin, biz tayyormiz demokratik saylovlar o‘tkazishga.

O‘XH tashkil bo‘lishi ayni paytda muxolifatning yuziga tutilgan bir oyna vazifasini ham o‘tadi. Kimning kimligi oydinlashdi. Muxolifatni birlashishga da’vat qilib yurganlarning ba’zilari aslida bunga tish – tirnog‘i bilan qarshi ekani ham ma’lum bo‘lib qoldi. Men sherman deb o‘kirib yurgan ba’zilarning aslida oddiy mushuk kabi miyovlab, so‘z o‘yini qilishlari ham ko‘zga tashlandi.

Tolib aka bilan Abdujalil Boymatov orasidagi ziddiyatning keskinlashuviga asosan birodarimiz Hazratqul Xudoyberdining Tolib aka tashabbusi va qo‘llab – quvvatlashi bilan O‘XH qurultoyiga vakil bo‘lib borishi sabab bo‘ldi. Agar, Abdujalil Boymatovning shu vaqtga qadar muxolifatning birlashuviga qilayotgan da’vatlari chin va samimiy bo‘lsa, Karimov rejimiga chindan ham qarshi bo‘lsa, nechun bu ishdan mamnun bo‘lmasligi kerak?! Hazratqulning qurultoyga borishi katta ish. Bu diktatorlikdan qutulish va demokratiya ravnaqiga hissa qo‘shish istagida qo‘yilgan dadil qadam. Boymatov esa bu yo‘lga demokratik emas, aslida byurokratik to‘siqlar qo‘yish; O‘IHJ ni ichdan parchalashga urinish orqali Karimovning manfaatlariga xizmat qilayotgani yo‘qmi?! Kim fitnachi?! Yoki, Boymatov amaliy ishlar qilish o‘rniga yana uzoq yillar suxandonlik va “zakunchilik” bilan umr o‘tkazmoqchimi? Xalqimiz qonun bilan jiddiy shug‘ullanadigan qonunshunoslarni va qonundan xalq manfaati yo‘lida foydalanuvchilarni “zakunchi” demaydi. Qonun qoidalarni o‘z manfaatiga burib, janjallashib yuradiganlarni shunday ataydi. Ustoz va shogird ixtilofida ustoz xalq dardini aytib yig‘lasa, shogird o‘z dardini aytib, janjallashmoqda va bu janjallar Karimov uchun ayni muddao bo‘lmoqda. Fitnachi kim?!

“Hech kim meni erga urmasa, ko‘kka qanday sakray olardim” deb yozgandi Muhammad Solih. Qarigan chog‘ida andishasizlarcha bunday erga urishlardan Tolib aka yanada yuksalayotganlarini ko‘pchilik ko‘rib turibdi.

Zero, almisoqdan hozirga qadar, doimo buyuk o‘zgarishlar oldidan shunday murakkab vaziyatlar vujudga kelgan. Bunisi ham buyuk o‘zgarishlar oldidan bir darak sifatida tarixga kirishini bizga nasib etsin ALLOXIM. Omin!

 

http://yangidunyo.com/?p=20859

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: