Bosh vazir ilk bor parlamentga hisobot beradi – ozodlik.org


Shavkat Mirziyoev, guvohlarga ko‘ra, faqat xorijiy mehmonlar huzuridagina tishining oqini ko‘rsatadigan rahbarlardan biri…

13.07.2011

Sadriddin Ashur

O‘zbekiston Bosh Vaziri 15 iyul kuni ilk bor Oliy Majlis qonunchilik palatasi va Senatining qo‘shma majlisida hisobot beradi.

O‘zbekiston Bosh vaziri Shavkat Mirziyoev ilk bor parlamentga qilingan ishlar hisobotini taqdim etadi. Bosh vazir 15 iyul kuni deputatlar oldida chiqish qilib, demokratik bozor islohotlari va iqtisodiyotni yanada liberallashtirish uchun hukumat tomonidan qanday choralar ko‘rilayotgani, shuningdek, “Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik yili”da davlat dasturlari qanday amalga oshirilayotgani to‘g‘risida hisobot berishi kerak.

Joriy yilning 19 aprel kuni O‘zbekistonda Konstitutsiyaning 78-moddasiga qo‘shimchalar kiritish haqidagi qonun kuchga kirgan edi.

Mazkur o‘zgartishlarga muvofiq, O‘zbekiston parlamentining quyi va yuqori palatalariga mamlakatdagi ijtimoiy-iqtisodiy dolzarb masalalar bo‘yicha Bosh vazir hisobotini eshitish va uni muhokama qilish vakolati berilgan.

O‘zbekiston telekanallarida deyarli ko‘rinmaydigan, biror marta Bosh vazir sifatida jurnalistlar savollariga javob bermagan Shavkat Mirziyoev endi kamida bir-ikki soat davomida hisobot taqdim qilishi va deputatlar savollariga javob berishi kerak. (Agar savollar bo‘lsa, albatta.)

Parlament qonunchilik palatasi va Senatining qo‘shma majlisi oldidan, Ozodlik O‘zbekiston Liberal demokratik, Xalq demokratik partiyalarining parlamentdagi fraktsiyalari deputatlari va senatorlar bilan bog‘lanib, Bosh vazirning ilk bor parlamentga hisobot berishi yuzasidan fikr so‘radi. Biroq ulardan, hisobot tinglangandan so‘nggina bu haqda bir narsa aytish mumkin, degan javob olindi.

Xo‘sh, Bosh vazirning parlamentga hisoboti mamlakat iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy hayotida bir o‘zgarish yaratadimi?

Mustaqil siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov fikricha, Bosh vazirning parlamentga hisobot berishi xaqida konstitutsiyaga o‘zgartish kiritish bilan Islom Karimov arqonni yana uzunroq tashlab qo‘ydi:

– Umuman uning oldiga qo‘ygan vazifalari shundan iboratki, bir tomondan u o‘ziga, ya’ni Karimovga bo‘layotgan bir bosim ya’ni ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatga ya’ni faqat Karimov mas’ul degan fikrdan imkon qadar o‘zini engillatish, boshqa tomondan esa Bosh vazirga ijtimoiy-iqtisodiy blokni yuklash va uni masalan, nafaqat Karimov o‘z qo‘li bilan balki parlament orqali ham boshqarishga intilish deyish mumkin.

Bu murakkab bo‘lgan siyosiy texnologiya. Bu texnologiyaning vazifasi “O‘zbekistonda ijtimoiy-iqtisodiy vaziyat uchun prezident emas, Bosh vazir mas’ul, jumladan parlamentga ham u hisobot beradi, degan fikrni ommaga singdirishdir. Barcha savollar unga qaratilishi kerak. Agarki, ijtimoiy-iqtisodiy vaziyat qoniqarsiz bo‘lsa, bu vaziyatni parlament kuzatishi kerak va agarki vaziyat haddan tashqari achinarli bo‘ladigan bo‘lsa, u iste’foga berish kerak” degan ma’noda jamiyatga bir signal yubormoqchi nazarimda, – deydi siyosatshunos.

Kuzatuvchilar, O‘zbekiston parlamenti deputalarini mo‘min-qobil xalq vakillari sirasidan ekanligini aytar ekan, parlament hech qachon hukumat qarorlarini qattiq tanqid ostiga olmaganligi, deyarli barcha qonunlar ortiqcha tortishuvlarsiz aksariyat ovoz bilan qabul qilinishini ta’kidlashadi.

Shunday bir sharoitda parlament deputatlari yoki senatorlar Bosh vazirga hisobot yuzasidan tanqidiy fikr bildira oladimi?

Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov fikricha bunday bo‘lmaydi:

– Yo‘q, bilasizmi bu erda birinchidan asosiy omil O‘zbekiston parlamentidagi, ya’ni Qonunchilik palatasidagi asosiy partiya O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi. Eng katta joyni bu partiya egallagan. Qolgan partiyalar ham masalan ikkita-uchta partiya u bilan bitta blokka kiradi, demokratik blok deyishadi. Bu o‘tgan chaqiriqda bo‘lgan edi, lekin haligacha mana shu format qandaydir siyosiy ahamiyatini yo‘qotgani yo‘q.

Ikkinchidan,  mana shu partiya siyosiy kengashning a’zosi Shavkat Mirziyoev. Umuman vaziyat shundayki, liberallar partiyasining asosiy sponsori va asosiy patroni bu O‘zbekistondagi Bosh vazir Shavkat Mirziyoev. Haligacha ham partiyaning g‘aznasiga pul tushishini shaxsan uning o‘zi nazorat qiladi,- deydi Kamoliddin Rabbimov.

Shuning uchun ham, deb so‘zida davom etadi siyosatshunos, partiya faqat prezidentning buyrug‘i bilangina unga bosim o‘tkazishi mumkin:

– Shu nuqtai nazardan, menimcha, partiya faqatgina Karimovning buyrug‘i bilan unga bosim o‘tkazishi mumkin, agar shunday buyruq bo‘ladigan bo‘lsa. Lekin men o‘ylaymanki, hali O‘zbekistonda parlamentarizmning ahvoli juda ham abgor. Juda ham qo‘lidan kelganida boshqa bir partiyalar, ayniqsa Xalq demokratik partiyasi nisbatan liberallardan ko‘ra mustaqil partiya hisoblanadi. Mana shu partiya Shavkat Mirziyoevga unchalik yoqimli bo‘lmagan savollar berishi mumkin, xolos, – deydi siyosatshunos.

Uning fikricha, so‘nggi yillarda Shavkat Mirziyoevning Bosh vazirlik lavozimidan bo‘shatilishi haqida ko‘paygan mish-mishlarga qaramay, hozircha Karimovning yagona ishongan odam Shavkat Mirziyoev bo‘lib turibdi:

– Bilasizmi, bu fikr anchadan beri bor. Adashmasam, 2007 yilda birinchi marta katta shov-shuv tarqatilgan edi. Bu aynan O‘zbekiston hukumati doiralaridan turib tarqatilgan ediki, yaqinda Shavkat Mirziyoev ishdan ketadi, deb. Lekin undan beri, adashmasam, ikki-uch marta mana shunday juda ham jiddiy bo‘lgan, hamma ishongan shov-shuvlar tarqatildi. Lekin har safar Shavkat Mirziyoev amalida qolayapti.

Bugungi kunda O‘zbekistonda Karimovdan keyingi eng qudratli shaxs bu Shavkat Mirziyoev. Kuch ishlatar tizimlarni nazoratga olmaganda, kadrlar tayinlashda, ijtimoiy-iqtisodiy sohaga ta’sir qilishda eng qudratli shaxs bu Shavkat Mirziyoev bo‘lib qolayapti. Yillar o‘tib Karimovning atrofidagi kadrlar, ya’ni Karimovda o‘rindosh bo‘lishi mumkin bo‘lgan kadrlar soni salmog‘i torayib borayapti. O‘sha nomzodlardan bittasi, mening nazarimda, Shavkat Mirziyoev.

O‘zbekiston ichkarisidagi vaziyatni kuzatayotgan va hukumat bilan bir qadar aloqador bo‘lgan shaxslarning ishonchi komilki, keyingi bo‘lajak prezident, ularning aytishi bo‘yicha Shavkat Mirziyoev. Karimov Shavkat Mirziyoevga stavka qilib bo‘lgan. Har xil mana shunga o‘xshagan siyosiy texnologiyalar, mish-mishlar orqali Shavkat Mirziyoevga bo‘lishi mumkin bo‘lgan xavf-xatarlarning oldi olib turiladi. Undan e’tiborni qochirish uchun, unga bosimlarni to‘xtatish uchun shunday gaplar tarqatiladi, degan fikr siyosiy elitada keng tarqalgan, – deydi siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov.

 

http://www.ozodlik.org/content/article/24264694.html

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: