Abdulla Xo‘ja: “Milliy g‘oya uchun barcha o‘zbek jamiyatlari birlashishi kerak!” – vatandosh.uz


July 14, 2011

Abdulloh Xo’ja: “Vatan mustaqilligi biz uchun ham aziz!”

Taqdir taqozosi bilan o‘tgan asrning 20-30-yillarida ikki millionga yaqin o‘zbek oilalari qizil imperiya changalidan qochib, o‘z vatanlarini tashlab ketishga majbur bo‘ldilar. Afg‘oniston, Pokiston, Hindiston, Eron, Turkiya, Saudiya Arabistoni va boshqa mamlakatlarda o‘zbek oilalari paydo bo‘la boshladi.

O‘tgan asr 50-yillarining oxiridan boshlab AQShga ko‘pchilik o‘zbeklar ko‘chib kela boshladilar. Ular kim? U yerda nima bilan mashg‘ul? O‘zlarining milliy urf-odatlari va ona tillarini saqlay oldilarmi? Shu va shunga o‘xshash savollarga javobni biz mustaqillik sharofati bilangina bilish imkoniga ega bo‘ldik. Yaqinda Amerika Qo‘shma Shtatlariga qilgan navbatdagi tashrifim chog‘ida o‘zbek vatandoshlarimiz bilan yana bir bor uchrashib, mazkur savollarga javob izlashga urinib ko‘rdim. Bugungi suhbatdoshim «Turkiston-Amerika» o‘zbek jamiyati prezidenti Abdulloh Xo‘ja Akbarxo‘ja o‘g‘illaridir. O‘zbekona yasatilgan dasturxon atrofidagi Iliq va samimiy suhbatimiz Nyu-Jersi shtatining Parsippany shahrida joylashgan shinamgina hovlida bo‘lib o‘tdi.

– Muhtaram Abdulloh Xo‘ja janoblari, suhbatimizni turkistonliklarning yaqin o‘tmishidan boshlasak …

– Avval, nima uchun o‘zbeklar xorijga chiqib ketganlar, degan savolga javob izlaylik. XX asrning 20-30-yillarida 2 millionga yaqin o‘zbekning o‘z vatanidan chiqib ketishiga sabab bo‘lgan asosiy omil shuki, Turkiston yerlari Chor Rossiyasi va keyinroq bolsheviklar tomonidan bosib olindi. Turkistonda Qo‘qon Muxtoriyati va milliy istiqol harakati bostirildi. O‘zbek xalqining yer-suv va boyliklari bolsheviklar tomonidan tortib olinib, talandi. Qadimiy Turkiston toptaldi. O‘zbekiston majburan SSSRga qo‘shib olindi. O‘zbek xalqi bolshevik stalinchilar tomonidan genotsid qilindi va ishonchli malumotlarga qaraganda 1917-1938-yillar orasida 6 million xalq qirildi.

II Jahon urushi davrida Stalinchilarning qo‘pol xatolari sababli frontning old chiziqlarida va fashist konslagerlarida yarim million o‘zbekning qirib tashlanishi hamda boshqa voqealar XX asrda o‘zbeklarning dunyo mamlakatlariga migratsiya qilinishiga asosiy sabablardan biri bo‘ldi. Ular Afg‘oniston va Sharqiy Turkiston orqali Saudiya Arabistoni, Turkiya, Eron, Suriya va keyinchalik Yevropa hamda Osiyoning boshqa mamlakatlariga o‘ta boshladilar.

– Amerikaga birinchi o‘zbeklar qachon kirib kelgan?

– 1917-yili AQSh Kongressi immigratsiya to‘g‘risida birinchi qonunni chiqaradi. Mazkur qonunga muvofiq, osiyoliklarga umuman kvota ayratilmaydi. Faqat ramziy ma’noda Xitoy va Usmonli imperiyasidan (Turkiya) 3-4 oilaning kirishiga ruxsat berilgan, xolos. O‘zbeklar Amerikaga I Jahon urushidan keyin kirib kela boshladilar. Shunday o‘zbeklardan biri rus xotini orqasidan (oila a’zosi sifatida) Kaliforniyaga kelib qolgan. Lekin u turkistonlik sifatida emas, rus xotini qaramog‘idagi shaxs o‘laroq bu yerga kelgan. U o‘zi yakka holda kela olmas edi, chunki Turkiston umuman kvotaga (ro‘yxatga) kiritilmagan o‘lka hisoblangan. U kishi ancha yil Kaliforniyada yashadi va bundan 15 yil avval vafot etdi.

II Jahon urushi va undan keyin AQShga kelib qolgan 9 ta turkistonlik bo‘lgan, ularning orasida ko‘pchiligi o‘zbeklar. Ulardan yettitasi Nyu York shahrida va ikkitasi Pensilvaniya shtatida yashaganlar. Ularning ham xotinlari rus, latish, ukrain va boshqa Yevropa millatiga mansub bo‘lganidan rafiqalari soyasida Amerikaga kirib kelishgan. Ma’lumki, 1945 yildan keyin G‘arbiy Germaniyada xalqaro siyosiy tashkilot ABN (Antibolshevik Block Nations –bolshevizmga qarshi millatlar birlik bloki) siyosiy tashkiloti, undan keyin nosiyosiy INKOPOR (International Committee for Political Refugees – Ikkinch Jahon urushidan so‘ng G‘arbiy Germaniyaning Bavariya hududida tashkil qilingan siyosiy qochoqlarning baynalmilal ijtimoiy tashkiloti) tashkilotining tuzilishida turkistonlik muhojirlar Vali Qayumxon, Boymirza Hayit, Ro‘zi Nazar, Ergash Shermat, Husayn Ikrom va boshqalar faol ishtirok etdilar va ularning faoliyatini yurgizishda o‘z hissalarini qo‘shishdi. Aynan ana shu faollarning sa’y-harakatlari tufayli 1951 yilning dekabrida Kongress turkistonliklarni AQShga kiritish bo‘yicha maxsus rezolyutsiya chiqaradi. Unga ko‘ra, har yili O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmanistondan 15 oilaga AQShga ko‘chib kelishiga ruxsat beriladigan bo‘ldi.

– O‘zbeklarning AQShga ko‘chib o‘tish bosqichlari haqida ham ma’lumot bersangiz.

-AQShda bugungi kunda 20 mingdan ortiq etnik amerikalik o‘zbeklar istiqomat qilishadi. Ularning aksariyati bundan 30-40 yil ilgari Osiyo va Yevropadan ko‘chib o‘tishgan. O‘zbek oilalarining Amerikaga ko‘chib o‘tishini to‘rt bosqichga bo‘lsa bo‘ladi:

O‘zbek emigrantlarining birinchi to‘lqini:II Jahon urushidan so‘ng Yevropada ma’lum sabablarga ko‘ra qolishga majbur bo‘lgan o‘zbeklar. 40-yillar oxiri va 50-yillarida Amerikaga kelgan dastlabki o‘zbeklar guruhini tashkil qilishdi. Aynan shu vaqtda Amerikada «Turkiston-Amerika» assotsiasiyasiga asos solindi. Birinchi o‘zbeklar asosan Vashington, New York shahri hamda Virginiya, Kaliforniya, Pensilvaniya shtatlariga ko‘chib o‘tishdi. Birinchi o‘zbeklar orasida ko‘proq ziyoli, o‘qimishli, intellektual qobiliyati yuqori kishilar bo‘lgan. Ular asosan o‘quv yurtlarida, universitetlarda va xalqaro ommaviy axborot vositalari tizimida faoliyat yurgizishgan. Ularning ko‘pchiligi xalqaro ilmiy-siyosiy konferensiyalarda ishtirok etib, kitob va maqolalar chop etishgan, Turkistonni sovetlar changalidan ozod etish uchun harakat qilganlar. Bugungi kunda Amerikada ularning ikkinchi va uchinchi avlodi yashamoqda.

O‘zbek emigrantlarining ikkinchi to‘lqini: 1960 yildan boshlab Turkiyadagi o‘zbeklar ham Amerikaga ko‘chib o‘ta boshladilar va AQShdagi emigrant o‘zbeklarning asosiy qismini tashkil qilishdi. O‘zbeklarning Amerikaga ko‘chib o‘tishiga AQShdagi mavjud bir qancha jamoat tashkilotlari, jumladan Nyu Yorkda joylashgan Tolstoy Fondi (Tolstoy Foundation, located at Valley Cottage, New York) yordamlarini ayamadilar. Bundan tashqari o‘sha davrda biznes sohasida ishlari yurishgan vatandoshimiz Isoqjon Narziqul ham o‘zbek muhojirlarining AQShga ko‘chib kelishi, ishga joylashuvi va boshqa ijtimoiy masalalarini hal etishga beg‘araz yordam ko‘rsatgan. Bu masalada u rafiqasi (Merry Narziqul) yordami bilan yuzdan ortiq o‘zbekka yordam berdi. Ko‘chib kelgan vatandoshlarimiz asosan Nyu York shahrida, shuningdek Nyu-Jersi, Florida, Pensilvaniya, Virjiniya, Illinoys shtatlarida joylashadilar. «Turkiston-Amerika» jamiyati orqali amerikaliklar turkistonliklarning kimligi, tarixi va madaniyati bilan tanishdilar. Ikkinchi to‘lqinda kelgan o‘zbeklarning ko‘pchiligi biznes, tijorat, qurilish, transport, tibbiyot, advokatura va xalq xo‘jaligining boshqa sohalarida faoliyat yurgizib, keyinchalik katta muvaffaqiyatlarga erisha boshlashdi. Bugungi kunga kelib ularning ko‘pchiligi biznes va boshqa sohalarda yetarli tajriba yig‘ib, jamiyatda o‘z o‘rinlarini egallashgan. Aksariyati o‘z xususiy korxonasiga, advokatura, tibbiy poliklinika, supermarket, kafe, restoranlariga ega.

O‘zbek emigrantlarining uchinchi to‘lqini: 1979 sovet armiyasi kuchlari Afg‘onistonga bostirib kirishi oqibatida ko‘p o‘zbeklar Afg‘onistondagi yashab turgan joylarini tashlab AQShga ko‘chib o‘tishlariga majbur bo‘ldilar. Ular asosan Nyu York, Chikago, Indianapolis, Blumington shaharlarida hamda Indiana, Luiziana, Merilend va boshqa shtatlarga ko‘chib o‘tishdi. Uchinchi to‘lqin bilan Amerikaga ilm-fan sohasida, Islom dini bo‘yicha kuchli mutaxassislar kirib keldi. Tijorat-biznes sohasida Afg‘onistonda yetakchilik qilgan bir qancha o‘zbeklar AQShga ko‘chib o‘tib, o‘z sohalarini davom ettirdilar.

O‘zbek emigrantlarining to‘rtinchi to‘lqini: O‘zbekiston 1991 yili mustaqillikka erishganidan so‘ng AQShga o‘zbeklarning ko‘chib o‘tishi ancha yengillashdi. “Green Card” lotereyasi bo‘yicha 1992 yildan boshlab har yili minglab oilalar AQShda yashab, ishlash uchun ko‘chmoqda. Bundan tashqari, «Umid» jamg‘armasi bo‘yicha yuzlab yoshlar AQShning turli shtatlarida joylashgan universitetlarda ta’lim olishdi. Har yili O‘zbekistondan AQShning “Fulbright”, “AKSELS”, “AYREKS” va boshqa dasturlari bo‘yicha minglab vatandoshlarimiz Amerikada malaka oshirib kelishmoqda. Shuningdek, kontrakt bo‘yicha ham har yili minglab vatandoshlarimiz Amerikaga borib ishlab kelishmoqda. To‘rtinchi to‘lqinda borgan o‘zbeklarimizni barcha shtatlarda uchratsa bo‘ladi. Xullas, har yili minglab o‘zbeklar AQShda o‘qish, ishlash va yashash uchun ko‘chib o‘tmoqdalar. Misol uchun, AQSh Davlat Departamentiga qarashli Vashington ProFile Axborot-tahlil agentligining 2003-yil tarqatgan xabarga ko‘ra shu yili 1480 o‘zbek AQSh fuqaroligini qabul qildi va 1445 kishi “Green Card” sohibi bo‘lib, Amerikada yashash uchun ko‘chib o‘tganlar. 2004-yili esa 1800 o‘zbekistonlik “Green Card” sohibi bo‘lishdi.

– O‘zbekistonning dunyo sivilizatsiyasiga, ta’lim, fan, adabiyot, islom dini rivojlanishiga qo‘shgan hissasi to‘g‘risida nimalar deya olasiz?

– Biz o‘zimizning ajdodlarimiz bilan juda faxrlanamiz. Arab mamlakatlarida bizlarni Imom Al-Buxoriy avlodlari deb bilishadi, Yevropada bizni Buyuk munajjim, astronom Ulug‘bek, algebra fani asoschisi Al-Xorazmiy, dunyo fan olamida buyuk kashfiyotlar ochgan Al-Farg‘oniy, Beruniy ajdodlari deya siylashadi. Tib fanlarining buyuk olimi Ibn Sino, nafis adabiyot namoyondasi Mir Alisher Navoiy avlodlari deb hurmatlashadi. Bularning hammasini o‘zbeklarning dunyo sivilizatsiyasiga qo‘shgan katta hissasi deb qarash kerak. Bu insonlarning noyob kitoblari Vashington, Nyu Yorkdagi eng katta kutubxonalarda saqlanishi aytgan gaplarimga dalil bo‘la oladi.


– Ilgari O‘zbekistonni qanday tasavvur qilgan edingiz? Tashrif chog‘ida sizni nima hayratlantirdi?

– Ilgari O‘zbekiston to‘g‘risida ota-bobolarimiz juda ko‘p narsalarni gapirganlar. Toshkentni sharqona uslubda qurilgan o‘rtamiyona shahar deb o‘ylardim. Lekin uning go‘zalligi va basavlatligini ko‘rib juda hayratlandim. Keng va ravon ko‘chalar, zamonaviy mehmonxonalar, oliygohlar, savdo markazlari, bir qancha teatr va muzeylar meni hayratga soldi. Viloyatlarga tashrif buyurganimda har bir viloyatning boshqasidan tubdan farq qiluvchi jihatlari meni hayratlantirdi. Men birinchi navbatda Marg‘ilonga borib, uyimizni topdim, u yerdagi oddiy va mehmondo‘st o‘zbeklar bilan suhbatlashdim. O‘tgan ajdodlarimga fotiha qilib, ko‘p joylarni ziyorat qildim… Nahordagi oshlarda, to‘y-ma’rakalarda ishtirok etib, bu yerlardagi urf-odatlarni o‘rgandim. Buvam va otamning vasiyatlarini amalga oshirganimga ichimdan xursand bo‘ldim. Xalqimizning mehnatkashligi, mehmondo‘stligi, bir-birlariga hurmati, urf-odatlarimizni bugungi kungacha saqlab kelayotganligining shohidi bo‘ldim.

– Hurmatli Abdulloh aka, endi suhbatimizni «Turkiston-Amerika» o‘zbek jamiyati to‘g‘risida davom ettirsak. Mazkur tashkilot tarixi haqida bizga qisqacha ma’lumot bersangiz.

– «Turkiston-Amerika» jamiyati o‘tgan asrning 50-yillari so‘nggida Amerikaga ko‘chib o‘tgan o‘zbeklar tashabbusi bilan tashkil qilingan. Bu nodavlat notijorat tashkiloti maqomiga ega bo‘lib, barcha turkistonlik vatandoshlarni birlashtiradi. Uning faoliyati vatandoshlarimizga ko‘maklashish, ona tilimiz, milliy urf-odatlarimizni saqlash, joylarda marifiy-madaniy, mehr-muruvvat tadbirlarini tashkil qilishga yo‘naltirilgan. Mazkur g‘oyani amalga oshirish maqsadida oldin Nyu-Yorkda, keyinchalik esa Pensilvaniya shtatidagi Filadelfiya shahrida Isoqjon Narziqul, Ergash Shermat, Maqsud Bek, Ro‘zi Nazar, Husayn Ikrom Xon va Sharafjon Alibek tashabbusi bilan «Turkiston-Amerika» assotsiatsiyasiga (TAA) asos solinadi. Ular tashabbus guruhi tuzib, mazkur nohukumat tashkilotining Nizomi va boshqa dasturiy hujjatlarini tayyorlashadi. Barcha hujjatlar Pensilvaniya shtati qonunlari asosida tayyorlanib, Filadelfiya shahri ma’muriyati tomonidan 1958-yil 13-dekabrda ro‘yxatga olinadi.

1960-yilning oxirida TAA jamiyati AQShning boshqa shtatlardagi yashab turgan Turkiston zaminidan chiqqan barcha millat vakillarini birlashtirish masalasini o‘rtaga qo‘ydi. Nyu Yorkka AQShning barcha shtatlarida yashovchi turkistonliklarning 300 nafar vakili yetib kelishdi. Bu yerda o‘tkazilgan konferensiyada TAAning yangi Nizomi va dasturiy hujjatlari tasdiqlandi. Mazkur anjuman Isoqjon Narziqulni TAAning birinchi prezidenti etib tasdiqlaydi. TAA Konferensiyasi tomonidan tasdiqlangan Nizom va dasturiy hujjatlar mazkur jamiyatni umum federal statusiga o‘tkazish maqsadida Nyu-York shahri ma’muriyati tomonidan qayta ro‘yxatdan o‘tkaziladi. Bugungi kunda bizning jamiyatimiz Amerikada o‘z nufuzi va obro‘-e’tiborga ega yirik nodavlat tashkilotlardan hisoblanadi. Biz AQSh hukumati bilan keng qamrovli aloqalarni o‘rnatganmiz. Mamlakatning siyosiy hayotida faol ishtirok etmoqdamiz.

O‘tkazayotgan barcha tadbirlarimiz rang-barangligi bilan bir-biridan ajralib turadi. Ayniqsa, Navro‘z, O‘zbekiston va AQSh mamlakatlarining mustaqillik kunlari, ro‘za-ramazon, hayit va boshqa bayramlar bizlarda keng nishonlanadi. Biz barcha tadbirlarga turkistonlik do‘stlarimiz qozoq, qirg‘iz, uyg‘ur, tojik, turkman va boshqa millat vakillarini ham taklif qilib, ular bilan og‘a-inidek yashamoqdamiz. Tashkilotimiz nizomiga ko‘ra, har ikki yilda jamiyatimiz prezidentligi uchun saylov o‘tkaziladi, men birinchi bor 28 yoshimda mazkur tashkilot rahbari etib saylanib, yana mazkur lavozimga sakkiz bor saylanganman. Barcha ishlarni tashkil qilish uchun jamiyatning boshqaruv hay’ati saylanadi. Jamiyatimiz tizimida oqsoqollar kengashi, ayollar va alohida yoshlar qanoti ham mavjud. Bugungi kunda Nyu-Jersida jamiyatimizning katta bir Milliy madaniy markazini barpo etganmiz.

– «Turkiston-Amerika» jamiyati faqat madaniy-ma’rifiy tadbirlar bilan shug‘ullandigan tashkilotmi yoki jiddiy siyosiy maqsadlarni ham o‘z oldiga qo‘yganmi?

Aslida, «Turkiston-Amerika» jamiyati siyosiy maqsadda ta’sis etilgan edi. G‘oya – Turkistonni sovetlar changalidan ozod etish, xalqqa erk berish va mustaqil davlat qurilishiga yo‘l ochish bo‘lgan. Ular «Turkiston-Amerika» jamiyati nizomida ham asosiy talablar sifatida ko‘rsatilgan. Turkiston xalqi ham jahondagi boshqa xalqlar kabi hur, erkin, ozod bo‘lishga haqli edi. O‘zbekiston mustaqillikka erishguncha jamiyatimiz faoliyatida aynan shu narsalarga ko‘proq e’tibor berib kelindi. O‘tkazgan barcha tadbirlarimizning asosiy mazmuni va maqsadi ham Sovet tuzumiga chek qo‘yish edi. Bu g‘oyani amalga oshirishda biz turli siyosiy tadbirlar tashkil qildik.

– Bu borada «Turkiston-Amerika» jamiyatining o‘tkazilgan tadbirlari xususida aniq misollar keltirsangiz.

– Bu borada yirik siyosiy tadbirlarimizdan biri bu “Asir millatlar haftaligi” doirasida har yili 13-dekabr – «Turkiston kuni» tadbirimizni o‘tkazilishidir. 1958-yilning iyulidan boshlab AQShda «Asir millatlar haftaligi» o‘tkazilib kelinmoqda. AQSh Kongressining ikkala Palatasi tomonidan qo‘llab-quvvatlangan va qabul qilingan 86–90-sonli «Asir millatlar to‘g‘risida»gi Qonunni 1958-yil 17-iyul kuni AQSh sobiq Prezidenti D. Eyzenxauer imzolagan. Ushbu tadbir 50 yildan beri o‘tkazilib kelinmoqda. Mazkur Qonunga muvofiq, «Asir millatlar haftaligi» har yili iyul oyining uchinchi haftasida o‘tkaziladi. Har yili AQSh prezidentlari mazkur tadbirni o‘tkazish uchun yangi qonunga imzo chekadilar. «Asir millatlar haftaligi» ro‘yxatiga kommunistlar g‘oyasi asoratidan ziyon ko‘rgan 45 ta davlat kiradi. Qonun ushbu davlatlarni kommunizm g‘oyasidan ozod etishni ko‘zda tutadi. «Turkiston–Amerika» assotsiatsiyasi ham ushbu haftalikda ishtirok etish uchun qo‘shildi. Turkistonliklar taklifiga binoan «Asir millatlar haftaligi» turkistonliklar uchun 13-dekabr kunini «Turkiston kuni» deb belgiladi. Amerikada bu g‘oyani birinchi bo‘lib ilgari surgan va mazkur qonun tashabbuskori Vashington universiteti professori Lev Dobryanskiy degan bir inson bo‘lgan.

– Nima sababdan aynan 13-dekabr “Turkiston kuni” deb tanlangan?

– Tarixdan ma’lumki, 1917-yilning 13-dekabr kuni yuz mingga yaqin Toshkent mehnatkashlari, ziyolilari, din ulamolari hurriyat, ozodlik va Qo‘qon muxtoriyatini bayram qilib uni qo‘llab-quvvatlash maqsadida ko‘chalarga tinchlik va birdamlik namoyishiga chiqadilar. Lekin, bolsheviklar armiyasi ularga qarshi tashlanib zambarak va pulemotlardan o‘qqa tutadi. Tinch namoyishda ishtirok etgan minglarcha begunoh odamlar shahid bo‘ladilar, shahar qonga botiriladi… Shuning uchun biz, har yili bu tadbirga jiddiy tayyorgarlik qilib unga siyosiy tus berib Turkiston milliy ozodligi uchun jon bergan shahidlarni yod olib, qur’on o‘qiymiz, eslaymiz, yoshlarga tariximizning og‘ir kunlari haqida gapirib beramiz. Vashington va Nyu York ko‘chalarida minglab turkistonliklar manifestatsiya va mitinglarda ishtirok etishib, dunyo jamoatchiligi e’tiborini Turkiston milliy ozodligiga qaratishga harakat qilganmiz. Bundan tashqari, “Turkiston kechalari”, “Jahon o‘zbeklari forumi” va boshqa siyosiy tadbirlar, turli ilmiy va ommabop konferetsiyalar o‘tkazilib turiladi.

– Siz boshqarayotgan jamiyat Amerika davlat idoralari bilan yaxshi aloqalar o‘rnatibdi, bu aloqalar O‘zbekiston bilan qanday kechmoqda?

– Bizning jamiyat birinchi navbatda O‘zbekistonning AQShdagi elchixonasi, BMT(UN)dagi vakolatxonasi va Nyu Yorkdagi Bosh Konsulligi bilan 1991 yildan beri yaqin hamkorlik aloqalarini o‘rnatib, birgalikda madaniy-ma’rifiy va boshqa tadbirlarni tashkil etib kelmoqda. O‘zbekiston bilan yaqin aloqalar asosan mustaqillik davrida boshlandi. Bizning vakillarimiz Vatanga tashrif buyurib, u erda davlat idoralari rahbarlari bilan uchrashib, ikki taraflama aloqalarni o‘rnatdik. Markaziy saylov komissiyasi, O‘zbekiston diniy ishlar qo‘mitasi, O‘zbekiston miliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Xoriyiy mamlakatlar bilan do‘stlik va madaniy-ma’rifiy aloqalar jamiyatlari kengashi, O‘zbekiston–Amerika do‘stlik jamiyati, «O‘zbekturizm» kompaniyasi, «Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyi», «Shahidlar xotirasi» xayriya jamg‘armasi va boshqa davlat idoralari va nodavlat tashkilotlari bilan uzviy aloqalar o‘rnatdik. 2010 yildagi O‘zbekistonga tashrifim chog‘ida Sharqshunoslik instituti, Toshkent Islom universiteti rahbarlari, shuningdek, muftiy hazratlari, qator vazirlik va idoralari rahbarlari bilan 20 dan ortiq qiziqarli va foydali uchrashuvlarni o‘tkazib qaytdim.

Elchixonada va Bosh konsullikda tashkil qilinadigan barcha madaniy-ma’rifiy tadbirlarda amerikalik o‘zbeklar ham muntazam ravishda faol ishtirok etishadi. Bundan tashqari, O‘zbekistondan tashrif buyurgan san’at, adabiyot, ilm-fan arboblari, jurnalist va yozuvchilar bilan doimiy ravishda uchrashib turibmiz. Bizlar hurmatli adiblar Said Ahmad aka, Erkin Vohidov va boshqalar bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvni hanuzgacha katta hurmat va ehtirom bilan eslaymiz. Shuningdek, bir qator o‘zbek estrada xonandalari bilan uchrashuvlar xotiramizda muqim o‘rin egalladi. Bundan tashqari O‘zbekistonda o‘tadigan saylovlarda va referendumlarda jamiyatimiz vakillari doimo xalqaro kuzatuvchi maqomida ishtirok etmoqdalar. Navro‘z, O‘zbekiston Mustaqilligi kuni va boshqa bayramlarda ishtirok etish maqsadida vakillarimiz doimo Vatanga tashrif buyuradilar. Nasib qilsa, bu yil 1-sentabrda O‘zbekiston Mustaqilligini 20 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlariga ham bir qator amerikalik o‘zbeklarni yuborish niyatimiz bor.

– Janob Abdulloh Xo‘ja, siz mustaqil O‘zbekistonga birinchi bor 1996 yil tashrif buyurgan ekansiz. Birinchi bor Vatan ostona­siga qadam qo‘yganingizda xayolingizdan nimalar kechdi?

– Bilasizmi, buni ikki og‘iz so‘z bilan ta’riflash qiyin. O‘shanda men Moskvaga zarur ish bilan borgan edim, lekin nimagadir xayolimda O‘zbekistonga borish aylanaverdi. Hamma ishni tashlab u yerdagi Bosh konsulga murojaat etdim. Ular bir zumda menga viza berishdi va men ona Vatanim tomon otlandim… Samolotimiz Toshkent aeroportiga yaqinlashgach meni kuchli hayajon bosa boshladi, xuddi joyim torlik qilayotganday, nafasim bo‘g‘zimga kelib tiqilib qolganday bo‘ldi. Yuqoridan go‘zal Toshkentning manzarasi meni o‘ziga maxliyo qildi. Shu payt dadam va buvalarimning vasiyatlari esimga tushdi va ko‘zimga yosh keldi… Samolot trapidan tushgach, men hech narsaga qaramasdan ona zaminga peshonamni tegizib uni o‘pdim va Ollohga shukrlar keltirdim, buni ko‘rib turgan bir-ikki fuqarolar hayron bo‘lib, bu manzarani kuzatib turdilar.

– Ma’lumingizkim, Nyu Yorkda yaqinda o‘zbek tilida chop etiladigan “Vatandosh” gazetasi ta’sis etildi. Iltimos, bunga o‘z munosabatingizni bildirsangiz?

– Amerikada turli millat vakillari o‘z ona tillarida gazetalar olib o‘qishadi, ammo bugungi kungacha o‘zbek tilida bironta gazeta chop etilgan emas. O‘zbek tilida Amerikada chop etiladigan gazetaning ilk soni Amerikadagi o‘zbek jamoatchiligi uchun muhim tarixiy voqeaga aylandi deb ayta olaman. Gazeta amerikalik o‘zbeklarning tafakkurini oshirish uchun muhim manbaga aylanishi kerak. Albatta, gazeta sahifalarida beriladigan materiallarni o‘qigan vatandoshlarimiz Ona zamin, O‘zbekistonga bo‘lgan muhabbati, mehrini oshirishga yordam berishi kerak. Gazeta, amerikalik o‘zbeklar uchun millatimiz tarixi, milliy-madaniy va ma’rifiy merosimizni yaqindan tanishishga imkon yaratadi, deb o‘ylayman. Bu esa, bugungi kunda biz uchun o‘ta muhim masala.

«Vatandosh» gazetasi amerikalik o‘zbeklarning do‘stiga aylanib, muhim ahborot va yangiliklar manbasiga aylanishiga umid qilaman.

Mavlon SHUKURZODA suhbatlashdi.


TAHRIRIYAT MA’LUMOTNOMASI:

Abdulloh Xo‘ja Turkiston–Amerika Assotsiatsiyasining (TAA) Prezidenti. Abdulloh Xo‘ja TAAning prezidentlari orasida eng ko‘p, ya’ni 6 marta qayta saylangan bo‘lib, (1981–1987, 1993–1995, 2004-yildan) umumiy hisobda 15 yil davomida ushbu jamiyatga prezidentlik qilib kelmoqda. U Kobul shahrida 1951 yili tug‘ilgan. Buyuk Britaniyaning Dunstabl kollejida ta’lim olgan. 1974-yildan AQShda yashaydi. 12 yil davomida AQSh «Asir millatlar haftaligi» xalqaro nufuzli tashkilotining butun Amerika boshqaruvi rahbari o‘rinbosari lavozimida faoliyat yurgizgan.1984-yili esa mazkur xalqaro nufuzli tashkilotga rahbarlik qilgan.

Abdulloh Xo‘janing TAA oldidagi eng katta xizmati: 1982-yili Nyu-York shahrining Bruklin hududida joylashgan TAA sobiq milliy-madaniy markazi barcha ipoteka qarzlaridan qutuldi, buning natijasida TAAning moliyaviy masalalarda oldinga siljishi va o‘sishi ta’minlandi. 2006-yili Nyu-Jersida turkistonliklar qabristoni uchun yangi maydon ajratildi. Abdulloh Xo‘ja 2008-yili Doverda TAA ning yangi Milliy-madaniy markazini barpo etishda barcha tashkiliy masalalarga shaxsan rahbarlik qildi.

http://www.youtube.com/watch?feature=player_embedded&v=mIN0VY–T_I

 

http://vatandosh.uz/?p=47

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: