Xalqaro huquq shirkati O‘zbek hukumatini Oxus Goldga noqonuniy munosabatda bo‘lishda aybladi – bbc uzbek


11 iyul 2011

Amsterdam&Peroff xalqaro huquq shirkati O‘zbekiston hukumatini Britaniyaning Oxus Gold shirkatiga noqonuniy munosabatda bo‘lishda aybladi.

Ushbu yuridik shirkatning hamasoschilaridan bo‘lgan Robert Amsterdam taniqli xalqaro huquqshunoslardan sanaladi.

Janob Amsterdam o‘z vaqtida rossiyalik neft’ korchaloni Mixail Xodorkovskiyning huquqlarini himoya etgan.

Amantaytaudagi oltin qazib chiqaruvchi qo‘shma korxona hissalarining yarmi tegishli Oxus Gold shirkati o‘tgan mart oyidan buyon o‘zbekistonlik mas’ullar bilan tortishib keladi.

Shirkatning aytishicha, qo‘shma korxonani likvidatsiya etishga majbur qilish uchun adolatsiz soliq tekshiruvlariga duchor etilishgan.

Oltin qazib chiqarish ishlari to‘xtab qolgani uchun, Oxus halokatli yo‘qotishlarga uchrayotgani va iyul oyidan boshlab, Londondagi hissalari savdosini to‘xtatishga majbur bo‘layotganini aytmoqda.

Oxus Gold vujudga kelgan vaziyatga echim topish uchun muzokaralar olib borishga harakat qilmoqda.

Biroq, shirkatning da’vo qilishicha, o‘zbekistonlik rasmiylar buning o‘rniga noto‘g‘ri axborot tarqatish yo‘liga o‘tib olishgan.

Bugunga kelib, Oxus Gold shirkati himoyachilarining aytishlaricha, qo‘shma korxona hamkorlaridan biri bo‘lgan Goskomgeologiya shirkatni nochor texnologik va ekologik me’yorlar asosda ishlaganlikda ayblagan.

Biz Robert Amsterdam bilan bog‘lanib, voqealarning so‘nggi rivoji bilan qiziqdik:

Robert Amsterdam: Biz ommaviy bayonot bilan chiqishga majbur bo‘ldik, chunki O‘zbek hukumati bizga soxta ayblovlar bilan hujum qilmoqda. Bu ayblar mutlaqo yolg‘on. Bu ayblar “Oksus”ning mol-mulkini o‘g‘irlashlari uchun bahona bo‘layapti, xolos. O‘zbekistonda umuman qonun ustivorligiga hurmat yo‘q.

Bi-bi-si: “Oksus”ning sobiq bosh texnologi Said Ashurov shpionajda, ya’ni josuslikda ayblanmoqda. Sizga nima ma’lum bu borada?

Robert Amsterdam: Uning mahkama ishi bugun boshlandi. Bu ish yopiq rusumda, harbiy mahkamada bo‘lib o‘tayapti. Bu O‘zbek xukumati tomonidan “Oksus”ga va Ashurovning o‘ziga bosim o‘tkazish yo‘lidagi butkul noqonuniy harakatdir. Ashurovning tojik ekani ham bunga aloqador bo‘lishi mumkin. Ularda hech qanday dalil-isbot yo‘q, chunki Ashurov tijoriy maqsadlardagi geologik faoliyat olib borgan shaxs. Bu mahkama ishi yashirincha tarzda harbiy mahkamada olib borilayapti va biz uning sog‘lig‘idan juda xavotirdamiz. Chunki O‘zbek qamoqxona tizimi muntazam qiynoqlari va tahqirlashlari bilan yaxshi tanilgan.

Bi-bi-si: “Oksus”ning kelgusi qadami nima bo‘ladi? Chunki “Oksus” xalqaro majburiyatlar haqida ham gapirayapti, O‘zbekiston bilan ikki tomonlama kelishuvlar haqida ham gapirayapti…

Robert Amsterdam: Biz O‘zbekiston bilan erishilgan ikki tomonlama sarmoya kelishuvi asosida amal qilamiz. Biz O‘zbek tarafi bilan muzokara qilishga urindik, biroq ular bizga qarshi soxta press- relizlar tarqatish bilan ovora. Shunday ekan, biz ularga xuddi shu tarzda javob qaytarayapmiz.

Bi-bi-si: Ha, lekin keyin nima bo‘ladi, bu dahanaki jangning keyingi bosqichi nima bo‘ladi?

Robert Amsterdam: U xalqaro mahkama ishi bilan yakun topadi. Bu O‘zbekistondan tashqarida bo‘lib o‘tadi. Hali uning barcha shartlari ishlab chiqilmagan.

Bi-bi-si: Bugun matbuot bayonotini chiqarish bilan siz bu ish mahkamaga etib bormasligi uchun O‘zbekistonga bosim o‘tkazmoqchisiz, to‘g‘rimi?

Robert Amsterdam: Ha, lekin bugun O‘zbekistonda “Oksus”ning sobiq xodimi jalb qilingan mahkama ishi ham ochilgan va biz uning xavfsizligi va sog‘lig‘i uchun qayg‘urayapmiz. Undan tashqari, biz o‘zimiga qarshi tuhmatlar tarqatayotgan hukumatning so‘zlarini to‘g‘irlab qo‘ymoqchimiz.

Bi-bi-si: “Oksus” advokatlari O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimovga maktub yo‘llagani aytiladi, bu maktub muzokaralarga biron yordam berdimi?

Robert Amsterdam: Ha, biz janob Karimov bilan bevosita muloqotga kirishga harakat qildik, chunki biz qarshi chiqayotgan barcha idoralarning faoliyatlarini aynan Karimov nazorat etadi. O‘zbekiston Islom Karimovning butkul nazorati ostida va uning nazoratisiz hech nima yuz bermaydi. Lekin hali hech qanday javob olganimiz yo‘q.

Bi-bi-si: Agar bu mojaroning boshlanishiga qaytadigan bo‘lsak, xabarlarga ko‘ra, Amantaytau konida zahiralar tugab qolayotgan bo‘lgan va konlarni chuqurroq qazish uchun yangi sarmoyadorlarni jalb qilish kerak bo‘lgan hamda “Oksus” shunday sarmoyadorlarni topa olmagan ekan…

Robert Amsterdam: Bu noto‘g‘ri ma’lumot. Biz sarmoyador ham, moliyani ham topganmiz. O‘zbek hukumati esa uni to‘sib qo‘ygan. Bir necha bor sarmoyadorlarni taklif qilganmiz, lekin O‘zbek tarafi har safar unga to‘siq qo‘ygan. Biz guvohi bo‘layotganimiz shuki, O‘zbekiston jinoiy bir fitnani amalga oshirib keladi, unga binoan, O‘zbekiston avvaliga horijiy sarmoyadorlarni jalb qiladi, barcha ishlarni qildirib oladi va so‘ngra sarmoyador biron foydaga erishmoqchi bo‘lganida, hukumat uning mulkini tortib oladi. Bu faqat “Oksus”ning boshiga tushgan muammo emas, qanchadan-qancha boshqa shirkatlarning qismati ham shunday bo‘lgan.

 

http://www.bbc.co.uk/uzbek/uzbekistan/2011/07/110711_cy_uzbek_oxus_gold.shtml

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: