Toshkent bozorlaridan qovun-tarvuz “badarg‘a” qilindi – ozodlik.org


Ayni kunlarda qovun-tarvuzlar yuk mashinalaridan sotilmoqda.

12.07.2011

Mehribon

Poliz ekinlarining ayni pishiqchilik paytida Toshkent bozorlarida qovun-tarvuz savdosi taqiqlandi.

Shu kunlarda Toshkent bozorlarini oralab ovora bo‘lmang: ularning birortasidan bir dona ham qovun-tarvuz topa olmaysiz.

Buni 12 iyul kuni Ozodlik telefon orqali bog‘langan Toshkentdagi yigirmadan ziyod bozor xodimlari tasdiqlashdi.

Chorsudagi Eski Jo‘va dehqon bozorida ham poliz pishiqchiligi boshlangandan buyon qovun-tarvuz sotilmayapti.

– Hozir bozorlarda sotilmayaptiyu. Hammasi tashqariga chiqib ketgan betonkaning yo‘llariga. Faqat o‘sha joyda sotiladi qovun-tarvuz. Endi bozorda sotilmaydi, dedi Eski Jo‘va bozori xodimi.

Askiya dehqon bozori xodimasiga ko‘ra, maxsus qaror orqali bozor ichkarisida qovun-tarvuz sotuvi taqiqlangan.

– Qovun-tarvuz bizlarning bozorda ham sotilmayapti. Bozorga qarashli bo‘lmay qoldi hozir. Bozor tashqarisiga joy qilib berdi. Hammasini to‘g‘irlab, joylarini qilib berdi. Shunaqa qaror chiqqan. Bo‘lmasa bozor ichiga qo‘yilardi har yili. Bilmayman bu yil tashqariga chiqarishdi,- dedi Askiya bozori xodimasi.

Toshkentdagi Farhod, Oloy, Yunusobod, Beshyog‘och, Mirobod, Qo‘yliq, Aviasozlar va shahardagi boshqa bozorlarda ham qovun-tarvuz sotuviga ruxsat berilmayapti. Lekin shahar ko‘chalarida xohlaganingizcha qovun-tarvuz xarid qilishingiz mumkin.

Kun davomida bozorlarda qovun-tarvuz sotuviga ruxsat berilmayotgani sabablarini o‘rganishga harakat qildik. Biroq bozor ma’muriyatlarining birortasi taqiq sabablarini izohlab bera olmadi.

Qo‘yliq dehqon bozori xodimasiga ko‘ra, endilikda qovun-tarvuzlarni bozordan tashqarida alohida joylarda sotish tartibi yo‘lga qo‘yiladi.

– Har bitta tumanning poliz mahsulotlari sotadigan bozori ochilayapti-da. Qurilish ishlari ketayapti yonimizda. Har bitta tumanda poliz mahsulotlari sotiladigan bozor bo‘ladi. Ularni alohida laboratoriya tekshirib nima qiladi. Bu yarmarka sifatida bo‘ladida. U erda bino qurilmaydi. Panali joylar qilib, tarvuz-qovunlar o‘sha erda sotiladi. Qo‘yliq bozoriniki pastda, vodiy stoyanka tarafda ochilayapti,- deydi Qo‘yliq bozori xodimasi.

Bozorlarda qovun-tarvuz sotuviga ruxsat berilmayotganini izohlashga uringan Sirg‘ali dehqon bozori mulozimi taqiqning aniq sabablarini bilmasligini yashirmadi.

– Qovun-tarvuzni Toshkent shahar hokimining qarori bo‘yicha dislokatsiya qilingan. Bozorning hamma erida sotish mumkin emas. Bozordan tashqarida ajratilgan joylarda sotish kerak. Masalan, Sergeli 6-kvartalda 13ta joy qilingan. Sergeli 3da 15ta joy qilingan. Sergeli 1da ikkita joy qilingan. Ajratilgan joylarda sotilsin deyapti-da. To‘g‘ri xaridor uchun, misol uchun 7-8-kvartal uchun noqulay. Uni bizlar hech narsa qila olmaymiz. Qaror bor. Dislokatsiyani shahar hokimi tasdiqlagan,- deydi Sirg‘ali bozori mulozimi.

“Toshbozorsavdo” uyushmasi Toshkent shahridagi yigirmadan ziyod bozor uchun ma’sul tashkilot hisoblanadi. Shahar bozorlarida qovun-tarvuz sotuviga ruxsat berilmayotgani sabablariga oydinlik kiritish uchun “Toshbozorsavdo” uyushmasi boshqaruv raisi o‘rinbosari Ravshan Inog‘omovga murojaat qildik.

– Shahar hokimligiga savol berganingiz ma’qulroq. Bu savolingizga men javob bera olmayman. Topshiriq o‘shalar tomonidan bo‘lgan.

Ozodlik: Sizlar so‘ragandirsizlar nima uchun bo‘ldi bu topshiriq deb. Hozir ayni qovun-tarvuz mavsumi bo‘lsa. Nima uchun bozorlarda sotilmayapti?

– Bilmadim. Men bu savolingizga javob bera olmayman, dedi Ravshan Inog‘omov.

Toshkent shahar xokimligiga bog‘langanimizda ayni masala bo‘yicha ma’sul shaxsning telefon raqamini berishdi. Biz bog‘langanimiz hokimlik vakili boshqa telefon raqami orqali savollarimizga javob topishimiz mumkinligini aytdi. Telefon raqamlari besh marta o‘zgargach, bu o‘zbek mulozimlarining jurnalistni “koptok qilish” usuli ekanligini angladik.

Shundan keyin Toshkent bozorlarini qovun-tarvuz sotuviga ruxsat berilmayotgani sabablariga oid taxminlar bilan qiziqdik.

Taxminlardan biriga ko‘ra, qovun-tarvuzning bozor hududida sotilishiga bozordagi sanitariya-epidemiologiya xizmati vakillari ulardagi zaharli ximikatlar miqdori normadagidan bir necha baravar ko‘pligi bois bunday savdoga ruxsat bermaslikni so‘ragan. Aytilishicha, qovun-tarvuz mavsumi boshlangandan beri aholi orasida kuchli zaharlanish hollari nihoyatda ko‘paygan.

Toshkent shahar yuqumli kasalliklar shifoxonasiga murojaat qilganimizda, ular bu ma’lumotni tasdiqladi.

– Qovun-tarvuzdan zaharlanish ko‘p. Tarvuzga qaraganda qovundan ko‘p. Endi bir kunda 40ta kasal tushsa, shundan 20tasi qovun-tarvuzdan,- deydi shifoxonasi shifokori.

Biroq Toshkent shahar Sanitariya-epidemiologiya nazorati boshqarmasi xodimi, qovun-tarvuzdan zaharlanish holatlari har yil kuzatilishini aytib, shahar bozorlarida bu mahsulotlarga ruxsat berilmayotganini bu holat bilan bog‘lash noo‘rinligini ta’kidladi.U yana Toshkent bozorlarida qovun-tarvuzga taqiq qo‘yilishiga sanitariya-epidemiologiya nazoratining aloqasi yo‘qligini aytdi.

– Bu bizlarning ko‘rsatma emas. Bozor boshqarmasi orqali bilishingiz mumkin nima uchun sotilmayotganini. Bizlar taqiqlaganimiz yo‘q uni. Bozorda sotilmayotgani sababini bizlar bilmaymiz. Bizlarning vakolatimizga kirmaydi u,- dedi Toshkent shahar Sanitariya-epidemiologiya nazorati boshqarmasi xodimi.

Mirobod dehqon bozori mulozimiga ko‘ra, bozor ichkarisida qovun-tarvuzning sotilmasligi haqida shaxsan O‘zbekiston Bosh vaziri Shavkat Mirziyoev ko‘rsatma bergan.

– Bosh vazirning topshirig‘i bilan sotilmayotgan narsa bu. Shavkat Mirziyoev ko‘rsatmasi. Hozir tarvuz bozorlar uchun har bir hokimiyatni ma’sul qilib qo‘ydi. Har bitta rayonga, hokimiyatga joy qilib berildi. Bizning Mirobodniki Qo‘yliq 1-massivda joy qilib berganmiz.

Ozodlik: Nima uchun bozordan tashqariga?

– Bilmadik uni. Bu buyruq. Bozorda qovun-tarvuz sotishga ruxsat yo‘q,- dedi Mirobod bozori mulozimi.

Sirg‘ali dehqon bozori mulozimi esa qovun-tarvuz bilan bog‘liq holatni “Mustaqillikning 20 yilligi” tadbirlari bilan bog‘ladi.

– Kabinet ministrda ko‘rilib chiqqanda. Odamlar ilgari ko‘chalarda ham, yo‘lda, u erda, bu erda sotaverdi. Shularni yo‘q qilish uchun, O‘zbekiston mustaqilligining 20 yilligini munosib kutib olish uchun shunaqa qaror chiqdiki, ajratilgan joyda poliz mahsulotlari sotilsin degan. Bozorning ichkarisida sotish mumkin emas,- dedi Sirg‘ali bozori mulozimi.

Toshkent bozorlarida qovun-tarvuz savdosiga taqiq qo‘yilganiga bildirilayotgan taxminiy sabablardan yana biri terrorizm bilan bog‘liq.

Ismi sir qolishini so‘ragan toshkentlikka ko‘ra, huquq-tartibot idoralarida ishlovchi qarindoshi qovun-tarvuz taqiqini terrorizmning oldini olish bilan bog‘lagan, biroq qovun-tarvuzning terrorizmga qanday aloqasi bo‘lishi mumkinligini tushuntirmagan.

Shu bilan kun davomida harakat qilib, Toshkent bozorlarida qovun-tarvuz sotuviga ruxsat berilmayotganining aniq rasmiy sabablarini aniqlay olmadik.

Ayni paytda qovun-tarvuz egisi kelgan toshkentliklar shahardagi ruxsat qilingan maxsus joylardan istaganicha xarid qilishi mumkin. Bitta tarvuzning narxi katta-kichikligiga qarab 1,500 so‘mdan 4000 so‘mgacha, qovun narxi esa sal qimmatroq.

 

http://www.ozodlik.org/content/article/24263606.html

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: