Tolib Yoqubov: Sobirjon To‘laganov maqolasi yuzasidan – ponauz.com


Iyul’ 11th, 2011

Frantsiyaning 1901 yildagi qonuniga asosan nodavlat tashkiloti (uyushmasi) tuzish uchun kamida uch odam uyushishi, tashkilot ustavini ishlab chiqishi va uni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish maqsadida hujjatlarni mahalliy prefekturaga topshirishi lozim. Agar uch odamga boshqa odamlar qo‘shilmasa, ya’ni tashkilotga yangi a’zolar kirmasa ham, shu uch odam registratsiyadan keyin bir yil ichida tashkilotning ta’sis Kongressini o‘tkazishi, unda ustavni tasdiqlashi va rahbariyatni saylashi lozim. Bir yil ichida Kongress o‘tkazilmasa, prefektura tashkilotni bekitar ekan.

Men mahalliy huquqbonlik tashkiloti “Inson huquqlari ligasi” rahbarlariga 2008 yil mayida: “Men O‘zbekiston Inson Huquqlari Jamiyati nomli tashkilotning raisi bo‘lganman. Bu tashkilotni hukumat O‘zbekistonda davlat ro‘yxatidan o‘tkazmadi. Shu tashkilotni Frantsiyada davlat ro‘yxatidan o‘tkazsam bo‘ladimi?” deb so‘raganimda, ular: “Yo‘q, shu nom bilan yangi tashkilot tuzish kerak va shu tashkilotni ro‘yxatdan o‘tkazish kerak. Frantsiyaning Afrikadagi Marokash, Jazoyir kabi sobiq koloniyalaridan kelgan odamlar ham o‘z yurtlarida siyosiy partiya yoki boshqa tashkilotlar tuza olmaydilar, shu sababli ular tashkilotlarini buerda tuzishadi” deb tushuntirishdi. Liganing prezidenti Jak Asseroy, uning muovini Kristin Lassal’ va men shu ishni qildik. Davlat ro‘yxatidan o‘tganda bu tashkilotda faqat uchta a’zo bor edi. Tashkilot 2008 yil 21 oktyabrda ro‘yxatdan o‘tdi. Keyinchalik tashkilotimizga eru-xotin Rubtsovlar (Vladimir va Ol’ga), Larisa Michkina, Daniel’ Materon va boshqalar a’zo bo‘lishdi. Mening axvolim juda og‘ir edi, biror ish qila olmadim. 2009 yil may yaqinlashdi, may o‘tgach sentyabrgacha kanikullar boshlanadi. Kongress o‘tkazilmasa shuncha qilgan mehnatimiz chippakka chiqishi aniq edi. Men 6 mayni tanladim. Kongressni uch odam: men, Asseroy va Lassal’, o‘tkazsak ham bo‘lar edi, biroq ular: “Biz rahbarlikka o‘tmaymiz, bizning o‘zimizning tashkilotimiz bor” deyishdi. Men o‘zbekistonlik odamlarni chaqira boshladim: Umida Niyozova, Abdujalil Boymatov, Yusuf Rasulov va To‘lqin Qaraevlar kelishdi. Ular mening uyimda a’zolik blankini to‘ldirishdi. Frantsiya qonuniga asosan a’zolar to‘ldirgan va imzo chekkan blanklar tashkilotni ro‘yxatga olgan prefekturada saqlanar ekan.

Tug‘ilishi mumkin bo‘lgan asosiy savol ushbudir: «O‘zbekistonda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmagan O‘IHJ Frantsiyada xuddi shu nom ostida tuzilgan tashkilotga qanday aloqasi bor?». O‘zbekistonda «qolgan» O‘IHJ bilan Frantsiyada tuzilgan O‘IHJ orasida nomini demasangiz hech qanday bog‘liqlik yo‘q. Lekin men demokratik davlatda tashkilotni yarim soatda davlat ro‘yxatidan o‘tkazish mumkinligini ko‘rsatmoqchi edim va shunga erishdim. Haqiqatan, mening oldimda, Angers shahar prefekturasida tashkilot yarim soatda davlat ro‘yxatidan o‘tdi.

Ikkinchi asosiy savol esa – bu ikki O‘IHJni qanday qilib birlashtirish mumkin? degan savoldir. Buning ikkita yo‘li bor ekan (yana Frantsiya qonuniga asosan):

1) O‘zbekistondagi O‘IHJning har bir a’zosi Frantsiyadagi O‘IHJning ustaviga asoslanib unga a’zo bo‘lib kirishi yo‘li (bizning maxsus tayyorlangan a’zolik blank-byulletenimiz borligini yuqorida aytib o‘tdim), chunki 2009 yilda qabul qilingan ustavda «boshqa davlatlar fuqarolari ham a’zo bo‘lishi mumkin» deyilgan;

2) O‘zbekiston qonunlari asosida O‘zbekistonda Frantsiyadagi O‘IHJning filialini tuzish va uni xalqaro tashkilot sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazish yo‘li bo‘lib, O‘zbekistondagi O‘IHJ a’zolari (xohishlariga qarab) tashkil etilgan filialga a’zo bo‘lishlari mumkin.

Birinchi variantni amalga oshirib bo‘lmaydi, chunki tashkilotning arxivi O‘zbekistonda qolib ketgan, viloyat, shahar va tuman tashkilotlarimiz arxivlari saqlanganmi-yo‘qmi, menga qorong‘u. Ikkinchi variantni amalga oshirish qiyin emas – bunda masala yana o‘sha oldingi g‘ovga duch kelmasa, albatta, ya’ni huqumat turli nayranglar bilan filialni davlat ro‘yxatidan o‘tishiga to‘sqinlik qilmasa.

Ba’zi odamlar O‘IHJning 1-Kongressi qonuniy kuchga ega emas, deya iddao qilishmoqda. Ularning fikricha men bu Kongressning o‘tishini e’lon qilishim va unga O‘zbekistondagi O‘IHJ a’zolarini taklif etishim kerak ekan. Bu mutlavo noto‘g‘ri fikr, chunki, yana takrorlayman, 1-Kongress Frantsiyada tashkil etilgan O‘IHJ (faqat nom birxil, xolos!)ning ta’sis yig‘ilishi edi. 2009 yil 6 maygacha Frantsiya fuqaroviy jamiyatiga tegishli bo‘lgan O‘IHJda 10 tacha a’zo bor edi (o‘zbeklardan uchta – men, o‘g‘lim va kelinim, – ruslardan uchta, frantsuzlardan 4-5 ta). 1-Kongressni o‘tkazish uchun esa shu 10-11 odam etarli edi. Biroq mening oldimda turgan asosiy masala tashkilotning rahbariyatini shakllantirish edi. Rahbariyat masalasida frantsuzlarning pozitsiyasini men yuqorida aytib o‘tdim. Rahbarlar, tabiiy, O‘zbekistondan bo‘lishi kerak edi. 1-Kongress paytida men Umida va Abdujalilni ko‘rsatib: «Mana bu do‘stlarimiz mendan yosh va sog‘lom, bular ingliz tilini bilishadi va tashkilotni boshqarib keta oladi» dedim. Umida Germaniyada yangi huquqbonlik tashkilotini tuzayotganini va uzrini aytdi. Kongress bir ovozdan Abdujalilni prezident qilib sayladi.

Shunday qilib, Frantsiya fuqaroviy jamiyatiga tegishli O‘IHJning 1-Kongressi qonuniy tashkil etilib, u bu erdagi a’zolarimizga e’lon qilingan va ularning deyarli hammasi qatnashgan. O‘zbekistondagi O‘IHJ uchun 1-Kongressning aloqasi bo‘lmaganligi sababli uni O‘IHJning 5-Qurultoyi deyish noto‘g‘ri va boshida ba’zilar 5-Qurultoy deb odamlarni chalg‘itishdi. Rahmatlik Abdumannob ham 1-Kongressni noqonuniy deb atagan odamlarning biri bo‘lib, o‘zi Kongressdan bexabar ekanini aytgan edi. Biroq u ham Frantsiyada tuzilgan O‘IHJ va O‘zbekistonda «qolgan» O‘IHJlar turli tashkilotlar ekanini tushunmagan.

Abdujalilning vazifasi yuqorida aytilgan 2-chi yo‘l bilan bu ikki tashkilotni birlashtirish ustida ishlashidan iborat edi, biroq u bu ish bilan shug‘ullanmadi. U internetda chiqqan yuzlab maqolalarni o‘qib, o‘zbeklar uchun eng muhimlarini tarqatishga vaqt topdi, biroq tashkilotning asosiy ishiga vaqt topa olmadi. U muxolifatni birlashtirish, uning oldida turgan asosiy vazifalarini aniqlash, uning liderini saylash va rotatsiya qilish, mablag‘ini shakllantirish kabi masalalarga vaqt topdi, biroq o‘zimizning ishimizga vaqti etishmadi.

Yosh prezidentning oldida yana bir muhim vazifa – sekin-asta O‘zbekistondagi a’zolarimizni Frantsiyada tuzilgan O‘IHJga jalb qilish edi, biroq uning vaqti bo‘lmadi. Istagi bo‘lganmi-yo‘qmi men bilmayman. Men O‘zbekistondagi 10 tacha a’zomiz bilan bog‘lanib, ularga a’zolik blankini yuborib, bu tashkilotga tortishga erishdim. Mening kuchim shunga etdi, xolos.

Sobirjon To‘laganov o‘z maqolasida «Tushinishimcha, Frantsiyada tashkil topgan “tashkilot”ning, 5 kishi ishtirok etgan “1-Kongressi”da qabul qilingan, “Nizomi”da “vitse-prezident”lik lavozimi nazarda tutilmagan ekan» deb yozadilar. Sobirjon, chamasi, tashkilot ustavini yaxshilab o‘qimagan ko‘rinadilar. Ustavning 7.10. moddasi (Kotibiyat vakolatlari)ning 2-qismida «- u O‘IHJ Prezidenti o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi Kotibni saylaydi» deyilgan. O‘zbekcha «rais» so‘zi frantsuzchada «prezident», uning muovini «vitse-prezident» deyilar ekan. Men yagona Kotib edim, chunki Frantsiyadagi a’zolarimiz Kotib bo‘lishi uchun ularga maosh to‘lash lozim ekan va ular bu lavozimlarda ishlashni istashmadi. Kongressda meni prezident muovini, ya’ni vitse-prezident etib saylashdi.

Shunday qilib, ushbu tushuntirishlarim bilan men «O‘IHJning 2009 yil 6 mayda o‘tkazilgan 1-Kongressi O‘IHJning Nizomiga zid», «uning qabul qilgan qarorlari kuchga ega emas», «O‘IXJda xech qanday Qurultoy yoki konferentsiya o‘tkazilmay prezident tayinlanganini tasdiqlagan» kabi bir qator iddaolar asossiz ekanini ko‘rsatib, bu baxsga chek qo‘yganman deb hisoblayman. Frantsiyaning 1901 yilda qabul qilingan «Nodavlat tashkilotlari haqida»gi dekret (qonun)ini bilgan va uni hurmat qilgan odam bu masalani boshqa ko‘tarmaydi, deb umid qilaman.

Sobirjon ko‘p jumlalarida men, Umida, Abdujalil, To‘lqin va Yusuflarni nazarda tutgan holda “Besh qadrdon do‘st” deya istehzomi, yoki zaharxandalik bilanmi, tilga oladilar. Sobirjon uchun alohida yana bir marta aytib o‘tay: bu qadrdon do‘stlar kelishmaganda ham 2009 yil 6 mayda o‘tgan 1-Kongress Frantsiyada tuzilgan O‘IHJning ta’sis Kongressi hisoblanadi. Uni 17 odam bilan emas, UCh odam (J.Asseroy, K.Lassal’ va men) o‘tkazganimizda ham Kongress legitim bo‘laverar edi.

Shunday qilib, hurmatli Sobirjon To‘laganovning maqolasi sarlavhasidagi savolga javob ushbudir: «O‘zbekiston Inson Huquqlari Jamiyati» nomi ostida ikki tashkilot bor: biri Frantsiyada davlat ro‘yxatidan o‘tgan va o‘zining 1-chi ta’sis Kongressini o‘tkazgan tashkilot (uning a’zolari soni hozircha ko‘p emas), ikkinchisi O‘zbekistonda hukumat tomonidan tan olinmagan, ya’ni davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmagan noformal tashkilotdir.

Men hozir ham noformal tashkilotning, 2003 yilda o‘tkazilgan 4-Qurultoyi qaroriga asosan, raisiman. Biroq uning 11 a’zosi qamoqqa tashlandi, 15 dan ortiq faollari esa, shu jumladan men ham, vatanni tashlab, chet elga chiqib ketishdi, tashkilotning O‘zbekistondagi jo‘shqin faoliyati deyarli so‘ndi. Bunday paytda men o‘zimni rais sifatida ko‘ra olmayman. Qarilik va nogironlik meni engayotgan bo‘lsa-da, men tashkilot ishini tiklashga harakat qildim. Uni Frantsiya sharoitida qanday amalga oshirish mumkinligi haqida men yuqorida aytib o‘tdim. Mening rejam bo‘yicha O‘zbekiston, Evropaning bir qator mamlakatlari, AQSh, Kanada, Rossiya, Qozog‘iston va Qirg‘izistonda O‘IHJning filiallarini ochish lozim edi. Bu filiallar uchun men alohida o‘zbek va rus tillarida ustavlar tayyorladim. Biroq mazkur filiallarni ochish uchun mablag‘ va odamlar topilmadi. Tashkilot tuzilgandan beri 1 evro ham grant olgan emas, uning bankdagi hisob-raqamida 360 evro pul bor, xolos. Uni ham bo‘lsa men va o‘g‘lim o‘z yonimizdan qo‘yganmiz. Men o‘z orzu va rejamdan qaytgan emasman. O‘lmay yursam, har ikki – formal va noformal – O‘IHJlarni birlashtirish yo‘lida kuchim etgancha ishlayman.

Xorijda legal, biroq vatanda noformal bo‘lgan tashkilot faqat bitta O‘IHJmi yoki u yolg‘iz emasmi? Yolg‘iz emas! Mas., «Birdamlik» xalq harakati ham ayni shu maqomda, chunki bu tashkilot AQShda tuzilgan va AQSh fuqaroviy jamiyatining vakili hisoblanadi, biroq O‘zbekistonda noformal holatda faoliyat olib bormoqda. Mazkur tashkilot o‘z Qurultoyini nafaqat O‘zbekistonda, hanuzgacha hatto xorijda ham o‘tkazgan emas. Lekin toshbo‘ronga negadir O‘IHJ duchor bo‘lmoqda.

O‘zbekiston hukumatining O‘IHJga nisbatan olib borayotgan siyosatini tushunish mumkin va buni muhtaram Sobirjon To‘laganov o‘z boshidan o‘tkazib amin bo‘lganlar. Biroq bu hurmatli zot nega bunchalik O‘IHJ va menga nisbatan jon-jahdi bilan kurash olib borayotganlarini men hech ham tushuna olmayapman. Gap shunda-ki, bundan 2-3 kun oldin men Sobirjonga yuqorida aytilgan gaplarni etarlicha batafsil yozgan edim. Sobirjonday yuqori intellektual inson masala mohiyatini darrov ilg‘ab olishi kerak edi. Biroq Sobirjon o‘zlarining «O‘IHJ nomli nechta tashkilot bor?» maqolalarida yana o‘sha eski ashulani takrorlaganlar.

Abdumannob haqida. Abdumannob ziddiyatli shaxs bo‘lsa-da, biroq u tabiatan yumshoq odam edi. Uning o‘ziga xos kamchilik va xatolari bor edi, albatta. Biroq u O‘IHJ tarixida uning tashkilotchisi sifatida qoladi. Abdumannobning nomini tashkilot nomiga qo‘shish mening tashabbusim va uni qabul qilishni men hech kimga majbo‘r qilayotganim yo‘q. Bu masala kun tartibiga kiritilgan va Kongress qanday qaror qabul qilsa o‘sha bo‘ladi.

Ba’zi odamlar Abdumannob Frantsiyada tuzilgan O‘IHJga hech qanday aloqasi yo‘q-ku, deyishmoqda. Bu to‘g‘ri fikr. Ammo vaqti kelib har ikki O‘IHJni bir tashkilotga yig‘sak yoki O‘zbekistonda uning filialini tuzsak, u holda bu ziddiyat o‘z-o‘zidan yo‘qoladi. O‘IHJning 2001 yil 5 oktyabrda o‘tkazilgan 3-Qurultoyida Abdumannob uning faxriy raisi etib saylangan. U hozir oramizda yo‘q. Uning nomini tashkilotga berish ayni payt, deb o‘ylayman.

Sobirjonning «Nechun “eski OPChU”ning “Frantsiya O‘IXJ” tashkilotiga kirmagan a`zolari, 2-Kongressga delegat sifatida rasmiy taklifnomalar olishayabdi?» degan savoliga javob yuzada ko‘rinib turibdi: «eski OPChU»ning a’zolarini legitim tashkilotga jalb etishdir. Savol egasidan boshqa birorta «eski a’zomiz» bu savolni menga bergan emas – oddiy qilib aytganda ular mening bu harakatim jinoyat emasligini tushundilar.

Huquqbonlik tashkilotining partiyadan farqining bir elementi shu-ki, birinchisida programma bo‘lmaydi, huquqbonlik tashkiloti programma asosida ishlamaydi. U faqat o‘zining ustavi va davlat qonunlari asosida ishlaydi. Partiya hokimiyat uchun kurashgani sababli u jamiyatga o‘z siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va boshqa yo‘nalishdagi ishlangan programmasini taqdim etishi lozim. Biz 2-Kongressda saylanadigan prezidentdan programma talab qila olmaymiz.

Ko‘z qurg‘ur yomon bo‘lgani uchun men duch kelgan narsani o‘qiyvermayman. Xususan, Anvar Karimovning taxlilini ham o‘qigan emasman. Garchi men uning bobosi professor Olim Karimovni yaxshi bilgan, ikkalamiz ham «Birlik» xalq harakati Markaziy Kengash Hay’atining a’zosi bo‘lganimiz tufayli ko‘p uchrashgan, Anvarning rafiqasining ota-onasini yaxshi tanigan va chuqur hurmat qilgan bo‘lsam-da, uning Yusuf Rasulov bilan olib borgan jangi va qozog‘istonlik qochqinlar masalasida tutgan pozitsiyasidan so‘ng men Anvardan ixlosimni qaytib olganman. Shuning uchun uning taxlillari meni hech ham qiziqtirmaydi. Mening ushbu maqola-javobimni Anvar ham o‘qir, degan umiddaman. U yosh, aqli yaxshi ishlaydi. Agar uning taxlili noto‘g‘ri bo‘lsa, u mening yuqorida keltirgan tushuntirishlarimni o‘qib, o‘zining xatosini tushunib etar, degan umiddaman.

Men umrimda nima yozgan bo‘lsam, hammasini o‘z ismim va familiyamni qo‘yib yozganman. Menga qarshi yozayotganlar esa ismsiz g‘o‘laday o‘zini «Demokrat», «Bek», «Samandar Samarqandiy» va yana allambalo ismlar ostida yozishmoqda. Aytmoqchi, Samandar Samarqandiy xususida. Bu niqob ostida kim yozayotganini men uning birinchi maqolasini o‘qiboq tushunganman. Men ko‘p odamlarning yozish stili, yozuv madaniyati va ular ishlatadigan o‘ziga xos so‘zlar (klyuchevыe slova)iga e’tibor qilganman. Samandar Samarqandiy niqobi ostida mening hurmatim baland bo‘lgan Sobirjon To‘laganov turganini bilsam-da, hatto o‘zlari tan olgandan keyin ham bu «sir»ni hech kimga oshkor qilmadim. Oshkor qilish payti endi etdi, chog‘i. Sobirjon meni riyokorlikda ayblab kelayotgan bo‘lsalar-da, biroq o‘zlarining oxirgi maqolalarida ham Samandar Samarqandiy haqida tanimagan odamday gap yuritganlar. «Oshing halol bo‘lsa ko‘chada ich» degan donolar!

Ilgari surilgan ilmiy fizik gipotezani yaxshi amalga oshirilgan eksperiment rad qilishi mumkin, deyishadi fiziklar. Frantsiyada tuzilgan O‘IHJga prezident tanlash gipotezamiz amalda noto‘g‘ri ekanligi ayon bo‘ldi, deb hisoblash mumkin. O‘IHJ bundan-da dahshatli bosimlarni boshidan kechirgan, biroq yo‘q bo‘lib ketmagan. Sobirjon To‘laganov oliy ta’lim sistemasida shakllangan korruptsiyaga qarshi mardonavor kurashgan hamda o‘z farzandlari huquqini yuzaga chiqarish masalasida to‘hmatga uchragan va bularning natijasi o‘laroq 19 kun qamoqda yotgan o‘ta og‘ir paytlarida O‘IHJ u kishining yonlarida bo‘lgan. Sobirjon shuni unutmasalar bo‘lgani.

 

http://ponauz.com/archives/1284

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: