Tojik alyuminiy zavodi O‘zbekiston uchun xavfli deb topildi – ozodlik.org


12.07.2011

Tojikistonda iqtisodiy o‘sishga sabab bo‘layotgan alyuminiy zavodi mintaqa, xususan qo‘shni O‘zbekistonga xavf solmoqda.

Bunday bayonot BMTning atrof-muhitni himoya qilish dasturi mas’uli Kristof Buv’e tilidan yangradi.

11 iyul kuni Jenevada BMT dasturining yangi tadqiqotini taqdim etgan janob Buv’e Amudaryo bo‘yida joylashgan tog‘-kon qazib olish korxonalarining atrof-muhitga etkazayotgan zarari katta muammoga aylanganini qayd etdi.

– Ana shunday misollardan biri Tojikistonda Rossiya kapitali ishtirokida qurilgan alyuminiy zavodi bo‘lib, u mintaqadagi eng qashshoq mamlakatlardan birining iqtisodiy o‘sishiga va odamlarning ish bilan ta’minlanishiga imkon yaratayapti, biroq ayni paytda Amudaryo quyisida joylashgan hududlar, ayniqsa O‘zbekiston uchun jiddiy muammolar paydo qilmoqda, – dedi Kristof Buv’e.

Asnoda “Tojikiston alyuminiy shirkati” davlat unitar korxonasi axborot-tahliliy departamenti rahbari Igor Satarov CA-News saytiga bergan intervyusida TALKO kabi yirik korxonalarning ekologik xavfsizligi ekologik muammolarni siyosiylashtirish uchun bahonaga aylanib qolayotganini aytgan.

Janob Sattarov BMT mulozimi Kristof Buv’ening iddaolari asossizligi, alyuminiy zavodi sovet zamonida qurilgani uchun Rossiyaga kapitaliga mutlaqo aloqasi yo‘qligini aytadi. TALKO vakiligi ko‘ra, Tojikiston tomoni O‘zbekiston vakillarini har ikki davlat hududida atrof-muhitni birgalikda tekshirishga chorlagan, biroq O‘zbekiston tomoni doim bu kabi chaqiriqlarga rad javobini bergan.

– Doimiy norozilik va ekologik takliflarning aniq shaklga solinmagani bu kabi bayonotlarni ishonchsiz bayonotga aylantirib qo‘yadi, – der ekan Sattarov xalqaro ekspertlik tashkilotlarini biryoqlamalikda ayblaydi.

Qayd etish joizki, Tojikistonga yon qo‘shni O‘zbekiston aholisi Tojikiston alyuminiy zavodidan ko‘rilayotgan ekologik zararlardan mudom shikoyat qilib keladi.

O‘tgan yili alyuminiy ishlab chiqarayotgan TALKOning yuzlab insonlar salomatligi va qishloq xo‘jaligiga tuzatib bo‘lmas zarar etkazayotganidan norozilar O‘zbekistonning Surxondaryo viloyatidagi qator tumanlarda mitinglar o‘tkazgandi.

– Alyuminiy zavodidan chiqayotgan ftor Termizgacha etib kelayapti-da hozir. Ikki-uch yil avval yaxshi edi. Hozir esa salomatligidan shikoyat qilayotganlar ko‘p. Xususan, ona va bolaga ta’siri katta bo‘layapti-da bu narsaning. Zob (bo‘qoq demoqchi – tahr.) kasalligi, farzandlarning nogiron bo‘lib tug‘ilishi. Katta zarar ko‘rayotgan Uzun va Sariosiyo tomonlarda hosildorlik yil sayin pasayib borayapti, – degandi shu yil may oyida Ozodlikka so‘zlagan termizlik Abduqodir Toshboltaev.

O‘zbekiston ekoharakati vakillari ham Tojikiston hukumat rasmiylarini xalqaro me’yorlarga zid ish ko‘rayotganlikda ayblagandi.

Biroq Tojikiston alyuminiy zavodi mas’ullari qo‘shnilarning iddaolarida asos yo‘qligini aytarkanlar, TALKOning atrof-muhitga zararini kamaytirish uchun korxonada muntazam ravishda texnik modernizatsiya ishlari olib borilayotganini va ekologik dasturni amalga oshirish uchun zavod 100 million AQSh dollari miqdorida mablag‘ ajratganini qayd etgandilar.

– Atrof-muhit muhofazasi uchun har yil juda katta miqdorda mablag‘ sarflayapmiz. Bu yil ham, iqtisodiy bo‘hronga qaramay, 30 million somoniy (taxminan 6,5 million dollar – tahr.) mablag‘ sarflash nazarda tutilgan. Lekin Rossiya va O‘zbekiston nashrlarida TALKO zararlari haqida har qanday bo‘lmag‘ur bo‘htonlar yoziladi, – degandi TALKO alyuminiy zavodining ekologiya va ish sifatini yaxshilash bo‘lim boshlig‘i Nurali Qodirov avvalroq Ozodlikka bergan intervyusida.

BMT yangiliklar markazi xabariga ko‘ra, dushanba kuni Jenevada bo‘lib o‘tgan taqdimotda ekologik muammolar asosan Orol dengizining qurishi kontekstida qaralgan.

“Amudaryoning yuqori qismida yirik GESlarning qurilish loyihalari, daryolar quyisidagi erlarni sug‘orish uchun suvning etishmayotgani, iqlim o‘zgarishi tufayli ob-havo modelining o‘zgarishi – bu muammolarning hammasini Amudaryoning to‘rt “ega”si – Afg‘oniston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston hal qilishi lozim bo‘ladi”,  deyiladi Kristof Buv’e taqdim etgan tadqiqotda.

BMT tadqiqotida ta’kidlanishicha, Amudaryo suv zahiralaridan foydalanish sohasidagi mintaqaviy hamkorlik butun Markaziy Osiyoda tinchlik va xavfsizlikka erishishning asosiy omiliga aylanib qolishi mumkin.

 

http://www.ozodlik.org/content/article/24262858.html

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: