Prezident Islom Karimov o‘zbekistonlik o‘smir futbolchilarni taqdirlashga qaror qildi – bbc uzbek


12 iyul 2011

Feruza Rahmon,

Bi-bi-si, London

O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov Meksikadagi so‘nggi Jahon chempionatida o‘z tarixlarida ilk bor chorak finalga chiqishga muvaffaq bo‘lgan O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasini taqdirlash haqida maxsus farmoyish berdi.

Prezident Karimov farmoyishiga muvofiq, O‘zbekiston terma jamoasi rahbariyati, murabbiylari hamda a’zolari faxriy nishon va avtomobillar bilan mukofotlanadigan bo‘lishdi.

Ayon bo‘lishicha, terma jamoa murabbiylari Aleksey Evstafeev va Ahmadjon Musaevlar “Lasetti” (Lacetti) rusumidagi engil mashinalar bilan taqdirlanadi.

O‘zbekiston o‘smirlar milliy terma jamoasining 13 a’zosiga esa, “Spark” (Spark) rusumidagi avtomobillar beriladi.

Farmoyishda aytilishicha, Meksikada bo‘lib o‘tgan so‘nggi Jahon chempionatida O‘zbekistonning xalqaro maydondagi obro‘-e’tibori va nufuzini yuksaltirishga salmoqli hissa qo‘shishgani uchun ularni taqdirlashga qaror qilingan.

Munosabat

O‘zbekiston o‘smirlar milliy terma jamoasi yarim himoyachisi Sardor Sobirxo‘jaev Bi-bi-si O‘zbek Xizmati bilan suhbatida so‘nggi yangilikdan boshlari osmonda ekanini aytadi:

“Bizni bu darajada taqdirlashadi, deb kutmagandik. O‘zimizda yo‘q xursandmiz. Hozir bitta qozonda osh damlab, so‘nggi xushxabarni oila a’zolarimiz bilan bayram qilishga hozirlik ko‘rib turibmiz,” deydi Sardor.

Sardor o‘zi gaplashishga muvaffaq bo‘lgan boshqa jamoadoshlarining ham juda mamnun ekanliklari va allaqachon murabbiylarini ham tabriklashga muvaffaq bo‘lishganini aytadi.

O‘zbekistonlik o‘smirlar yarim himoyachisi ilk bor Jahon chempionatining chorak finaliga chiqishgan bo‘lishsa ham, Meksikadagi o‘yinlarimizdan to‘liq qoniqish hosil qilmadik, deydi.

“Biz so‘nggi Jahon chempionatida o‘zimizning nimalarga qodirligimizni isbotlashga ulgurmagandik hali. Endi, omad kelmay qoldi-da, bu – futbol…”

Unga ko‘ra, birinchilikning final bosqichiga chiqishni ko‘zlagan bo‘lishgan.

Sardor Jahon chempionatining yakuniy bosqich uchrashuvlaridagi ilk ishtiroklari bo‘lgani uchun ham, o‘z orzulariga etishishda xalqaro tunirlarda tajribalarining biroz kamligi pand berib qo‘yganini aytadi.

“Bundan buyog‘iga hammamiz ustimizda yanada qattiqroq ishlab, navbatdagi Jahon chempionatiga ham chiqish va O‘zbekiston bayrog‘ini yanada balandroq ko‘tarish rejasidamiz”, deydi Sardor.

O‘zbekiston o‘smirlar milliy terma jamoasi ketma-ket tarixiy natijalar qayd etib, o‘zining ko‘rsatgan o‘yini bilan Meksikada katta shov-shuvlarga sabab bo‘lgandi.

Ko‘plab futbol tanqidchilari esa, maydonda qanchalik hujumkorliklarini ko‘rib, o‘zbekistonlik futbolchilarga “dovyurak” sifatini ham berishgandi.

Meksikada O‘zbekiston o‘smirlar milliy terma jamoasining Jahon chempionatining final bosqichiga chiqishini bashorat qilayotganlar ham ozmuncha emasdi.

Urugvaylik raqiblariga boy berib qo‘yishlariga qaramay, o‘zbekistonlik futbolchilar bir mag‘lubiyat va uch g‘alaba bilan chempionatning chorak finaliga chiqishgandi.

Ayrim xabarlarga ko‘ra, o‘zbekistonlik o‘smir futbolchilarning Meksikadagi ko‘rsatgan o‘yini ovro‘polik futbol mutaxassislarining e’tiboridan ham chetda qolmagan.

O‘zbekistonlik futbol mutaxassislari ham kelajakda yosh futbolchilaridan ko‘p narsaga umid qilishayotganini yashirishayotgani yo‘q.

Yangi chempion

Yuz mingga yaqin tomoshabin ko‘z o‘ngida O‘zbekiston o‘smirlar milliy terma jamoasining ashaddiy raqibi Urugvayni 2:0 hisobida mag‘lub etgan mezbon Meksika esa, 2011 yilning Jahon chempioni, deb topildi.

Bu Meksika o‘smirlar milliy terma jamoasining jahon maydonida qo‘lga kiritgan ikkinchi yutug‘idir.

Meksikalik yoshlar 2005 yilda Peruda bo‘lib o‘tgan Jahon chempionatida ham g‘oliblikni qo‘lga kiritishgandi.

 

http://www.bbc.co.uk/uzbek/uzbekistan/2011/07/110712_cy_football_awards.shtml

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: