Oxus Gold O‘zbekiston prezidentiga yuzlandi – ozodlik.org


11.07.2011

400 millionlik dollarlik kapitali tahlika ostida qolgan Britaniya shirkati so‘nggi chora o‘laroq Karimovga xat yo‘lladi.

Mustaqil O‘zbekiston tarixidagi eng yirik xorijiy sarmoyador ekani aytilayotgan Britaniyaning Oxus Gold plc  shirkatining davlatga qarashli ikki tizim – O‘zbekiston Geologiya va mineral resurslar davlat qo‘mitasi va Navoiy kon-metallurgiya kombinati bilan tortishuvi yangi bosqichga kirdi. 6 iyul kuni Britaniya shirkati haqlarini himoya qilayotgan Amsterdam&Peroff shirkati O‘zbekistondagi ikkala tashkilot ustidan arz qilib, prezident Islom Karimovga ochiq maktub bilan murojaat qildi.

Nusxasi Amsterdam&Peroff  shirkatining rasmiy veb sahifasida e’lon qilingan ushbu maktubda O‘zbekiston Geologiya va mineral resurslar davlat qo‘mitasi va Navoiy kon-metallurgiya kombinati  Oxus Gold shirkati bilan tuzilgan kelishuvlarni qo‘pol ravishda buzayotganlik, Britaniya shirkatiga nisbatan tuhmat qilganlik  va o‘zaro tortishuvni hal qilish uchun taklif etilgan yaxshi niyat so‘zlashuvlarini bepisand qoldirayotganlikda ayblanadi.

“Bu maktubni yozishdan maqsad O‘zbekiston Geologiya va mineral resurslar davlat qo‘mitasi va Navoiy kon-metallurgiya kombinatining Oxus bilan samarali muzokaralarga kirishga chap berish maqsadida 2011 yilning 8 aprel va 28 iyun kuni yo‘llagan bildirishnomalarida keltirilgan faktik xatolarni tuzatishdir”, deb boshlanadi prezidentdan tashqari Bosh vazir Shavkat Mirziyoevga ham yo‘llangan Oxus shirkatiga huquqiy maslahatchilik qilayotgan Amsterdam&Peroff  guruhi rahbari Robert Amsterdam imzolagan maktub indallosida.

Ozodlik bilan suhbatda janob Amsterdam, prezident Karimovga yo‘llangan maktub o‘z mijozining O‘zbekiston hukumati va davlat tizimlari bilan tortishuvidagi majburiy qadam ekanini aytadi.

– Hamma narsa prezident idorasidan turib nazorat etiladigan O‘zbekistonniki kabi sharoitda, Karimov idorasining xalqaro sarmoyador bilan bog‘liq bu janjaldan xabardor ekanini bir-ikki emas, balki uch martalab tasdiqlatib olish juda zarurdir. Zotan bu xorij sarmoyasi bilan bog‘liq yirik xalqaro janjallarning navbatdagisi va bu janjalda O‘zbekiston obro‘-e’tibori qartaga tikilgan.

Mening mijozim millionlab dollar sarmoya yotqizib, yuzlab o‘zbekistonliklarni ish bilan ta’minlab kelgan yirik va jiddiy sarmoyador va unga nisbatan O‘zbekistonda har qanday qonunlarga zid tarzda muomala qilinmoqda. O‘zbekiston davlat tizimlarining o‘ziga nisbatan qilayotgan haqsizligi oqibatida Oxus oz emas, ko‘p emas 400 million AQSh dollariga kuyib o‘tiribdi. Bu maktubdan so‘ng O‘zbekiston prezidenti idorasi xalqaro  sudda “bu janjaldan xabarimiz yo‘q”, deya olmaydi, deydi Ozodlik bilan suhbatda xalqaro arbitraj sudida Oxus Gold shirkati haqlarini himoya qilayotgan Amsterdam&Peroff  advokatlik firmasi rahbari Robert Amsterdam.

O‘zbekiston hukumati bilan “Amantaytau Goldfields” nomli qo‘shma korxona tuzib, 10 yildan beri mamlakatda faoliyat yuritib kelgan Oxus Gold joriy yil boshidan beri muammolarga duch kela boshladi va Amsterdam & Peroff  rahbarining Islom Karimovga yo‘llagan maktubida aytilishicha, o‘zbek rasmiylari ingliz hamkorlarini soliqdan bo‘yin tovlaganlikdan tortib to atrof-muhitga jiddiy ziyon etkizganlikka qadar turli jinoyatlarda ayblamoqda. 2006 yilda ham ayni ayblovlar bilan sudga tortilgan Britaniya shirkati o‘z ulushining 16 foizini o‘shanda O‘zbekiston iqtisodining barcha daromadli sohalarni nazorat qilib turgan Zeromaks shirkatiga xatlab berishga majbur bo‘lgan edi. Ammo oradan besh yilcha o‘tar-o‘tmas, Zeromaks davlat tomonidan parchalanib yo‘q qilindi, uning xorijiy hamkorlari ham O‘zbekiston nishoniga uchradi.

Shulardan biri Oxus Golddan Toshkent “Amantaytau Goldfields” qo‘shma korxonasidagi o‘z hissalaridan voz kechish talab qilindi. Bunga ko‘nmagan Britaniya shirkati O‘zbekiston Geologiya va mineral resurslar davlat qo‘mitasi va Navoiy kon-metallurgiya kombinatiga tortishuvga yaxshi niyatli muzokaralar orqali barham berishni va o‘z hissalarini bozor narxidan arzonroqqa bo‘lsa-da sotib olishni taklif qilmoqda. Ammo O‘zbekiston tomoni bu takliflarga ko‘nmasdan, “Amantaytau Goldfields” ni to‘liq tugatish va uning hissalarini o‘zlashtirishni ko‘zlamoqda. Murosa topilmagach, Britaniya shirkatini janjalni Xalqaro arbitraj sudiga olib chiqishga majbur bo‘lganini aytmoqda.

– Oxus O‘zbekistondagi bor-yo‘g‘i noqonuniy tarzda tortib olinayotgan birinchi xorij shirkati emas. Bu shirkat O‘zbekiston hukumati tomonidan mamlakatga sarmoya yotqizishga taklif qilingan va katta va’dalar bilan olib kelinib, yillardan beri faoliyat yurg‘izayotgan shirkatdir. Bundan bir necha yil avval jiddiy qiyinchiliklarga duch kelganiga qaramay, shirkat tavakkalchilik qilib, O‘zbekiston hukumati o‘z va’dasiga sodiq qoladi, degan umid bilan sarmoyasini olib chiqmaslik va ishini davom ettirishga qaror qilgan edi, deydi Britaniya shirkati advokati Robert Amsterdam.

O‘zbekiston prezidenti ham Oxus duch kelayotgan muammolar haqidagi maktubni bepisand qoldirsa, Amsterdam&Peroff  advokatlik shirkati O‘zbekiston uchun qimmatga tushadigan harakatlarga qo‘l uradi, deydi Robert Amsterdam.

– O‘zbekiston davlati bu janjalga bevosita aloqador va toshkentdagilar Oxus bilan janjal davlat e’tiboriga qanchalik ziyon etkizishidan ogoh bo‘lganlari ma’qul. O‘zbekiston prezidenti Hindistonga, Braziliyaga borib, xorij sarmoyasini jalb qilishga rosa harakat qildi. Bizning shirkat dunyoning deyarli barcha qit’asi, ayniqsa, Osiyoda juda faol va biz Oxus O‘zbekistonda duch kelayotgan muammolar haqida butun dunyoga jar solamiz, O‘zbekistonga sarmoya yotqizmoqchi bo‘lgan barcha potentsial investorlarni bu erdagi noqonuniy hatti-harakatlardan ogohlantiramiz. Agar O‘zbekiston hukumatidagilar G‘arb sarmoyadorlarini talab, qochirsak ham, hali Lotin Amerikasi yoki Osiyodagilar pulini ko‘tarib oldimizga keladi, deb o‘ylayotgan bo‘lsa, adashadi. Bugun Koreya va Xitoy investorlari ham O‘zbekistonga sarmoya yotqizishning naqadar tahlikali ekanini yaxshi biladi va Oxus muammosining qay tarzda echim topishi potentsial sarmoyadorlarning uzil-kesil qaror berishida juda muhim rol o‘ynaydi, deydi xalqaro arbitraj sudida  Oxus Gold shirkati haqlarini himoya qilayotgan Amsterdam&Peroff  advokatlik firmasi rahbari Robert Amsterdam.

 

http://www.ozodlik.org/content/article/24262240.html

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: