O‘shda noqonuniy “quvdi-quvdi”lar to‘xtamayapti – ozodlik.org


11.07.2011

Basira

O‘sh shahar ichki ishlar boshqarmasi xodimlari Beshkapa mahallasida 17 kishi tirkalgan ro‘yxat asosida qidiruv boshladi.

Beshkapalik ayollardan birining aytishicha, shu kungacha 4 nafar beshkapalik so‘roqqa tortilgan:

– O‘n adirning yo‘lidagi Beshkapa qishlog‘ida, Pervokul’turnaya ko‘chasida yashovchi 17 nafar bolani yozib chiqib ketgan edi. Kecha ota-bolani mashinaga solib, GOVDga olib chiqib ketdi. Ularni kechqurunda qo‘yib yubordi. Keyin yana bir er-xotinni shunday qilib olib ketdi. Endi to‘g‘risini aytaylik musulmonchilik qilib, pul berdimi, bermadimi, urdimi, so‘kdimi – bizga aytmayapti. “Bizni aytmanglar, keyin ular bizni yomon qiladi”, deb qo‘rqayapti, – deydi ismi oshkor qilinishini istamagan beshkapalik ayollardan biri.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Beshkapa mahallasiga so‘nggi bir necha kun davomida shahar ichki ishlar boshqarmasi xodimlari ko‘p kelmoqda, biroq ulardan birortasi o‘z idorasidan beshkapaliklarga chaqiruv qog‘ozi olib kelmagan.

– Fuqarolik kiyimida, GOVDdan, haligi bolalarni ko‘chadan ushlab keladiganlar ekan. Bitta mashinaning nomeri 0100SA. Bugun ham Tikoda bir qirg‘iz xotin haydovchisi bilan kelib, mahallamizni aylanib ketdi. Kunda grajdanskiy formada kelib, aylanib ketayapti. O‘tib ketayotgan bolani sotkaga suratga olayapti. Mahalladagi bolalarning hammasini surati bor ekan, – deydi beshkapalik ayol.

Suhbatdoshimiz tilga olgan 17 kishilik ro‘yxatda uning o‘g‘li ham bor.

– Hozir “mana shu mahallaning bolalari 20 kunlik chaqaloqni o‘tgan yil 12 iyunida o‘ldirgan” deya ayblayapti. Mening bolam 26 mayda aeroport orqali uchib ketib, shu yil 7 mart kuni Qirg‘izistonga kelgan. Ro‘yxatdagilarning eng kichigi 1996 yilda tug‘ilgan bola ekan. Qolganlari 1988, 1990, 1991 yilda tug‘ilgan, orasida 1971, 1973 yilda tug‘ilgan bola-chaqali yigitlar ham bor. Hayron bo‘layapmiz, nima qilishni bilmaymiz. Ular “Verxovniyga bor, O‘tinboevaga bor, hech kimning qo‘lidan kelmaydi”, deyapti. Nima qilishga aqlim etmay qoldi, – deydi beshkapalik ayol.

Ozodlik suhbatdoshi huquqiy ko‘mak so‘rab, bir necha halqaro tashkilotlarga murojaat qilishganini aytadi:

– OBSEga borsak, OONga yubordi. OONga borsak, “advokat beramiz, bir so‘m pul to‘lamaysizlar”, dedi, – deydi beshkapalik ayol.

Kunning ikkinchi yarmida O‘shdagi BMT qochqinlar idorasi ko‘magida beshkapaliklarga advokat ajratilgani hamda u mazkur ish yuzasidan O‘sh shahar ichki ishlar boshqarmasiga jo‘nab ketganidan xabar topdik.

O‘sh shahar ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmati xodimi Zamir Sidiqovdan esa bu borada kun davomida izoh ololmadik – janob Sidiqov telefon go‘shagini ko‘tarmadi.

Kun davomida bog‘lanishga muvaffaq bo‘lganimiz Qirg‘iziston xukumati apparatining axborot siyosati bo‘limi rahbari Qodir To‘qto‘g‘ulov O‘sh va Jaloloboddagi noqonuniy hibslar yuzasidan Ichki ishlar vazirligiga murojaat qilib, bu borada yaqin kunlarda bizga ma’lumot berishga va’da qildi.

Uning aytishicha, Bosh vazir Almazbek Atambaev Ichki ishlar vazirligi xodimlari oldiga milliy asosda diskriminatsiyaga yo‘l qo‘ymaslik talabini muntazam ravishda qo‘yib keladi.

“Fuqarolar korruptsiyaga qarshi” tashkilotining ismi oshkor qilinmasligini istagan xodimi o‘shliklarni noqonuniy ushlab ketish holatlari bo‘yicha ularga kun sayin arizalar kelib tushayotganini aytadi.

– Hafta davomida bizning ishxonaga kamida uch-to‘rtta ariza tushadi. Ba’zilari o‘zi yo‘lini topib chiqayapti. Biz advokatlarni, xalqaro tashkilotlarni  jo‘natayapmiz. Ularning aralashuvi tufayli chiqishayapti.  Ko‘p ushlangan odamlar o‘zini aybdor, deya  guvohlik berayapti. Shu asosda ko‘pchilik qamalayapti. Noqonuniy ta’sirlar tufayli o‘ziga qarshi guvohlik berayapti. Konstitutsiyamizda ham odam o‘ziga qarshi bergan guvohligi asosida qamalishi mumkin emasligi aytib qo‘yilgan, – deydi “Fuqarolar korruptsiyaga qarshi” tashkilotining xodimi.

O‘shdagi halqaro tashkilotlardan birining xabariga ko‘ra, so‘nggi bir oy ichida Qirg‘iziston janubiy poytaxtida 15 nafar o‘zbek ushlab ketilib, so‘roqqa tortilgan.

Xususan, 16 iyun kuni Cheremushki mavzesidan uch nafar, Qizil qishloq qishlog‘idan 5 iyul kuni bir nafar, 6 iyul bir nafar, 9 iyul kuni uch nafar fuqaro ushlab ketilgan. Shuningdek, 30 iyun kuni Uvombo‘yi mahallasida 2 kishi, 9 iyul kuni esa 10-hududiy kengashdan 3 kishi ushlab ketilib, keyinchalik qo‘yib yuborilgan. Bu kishilarning ayrimlari muayyan pul evaziga ozod etilganlari haqida ma’lumotlar bor.

 

http://www.ozodlik.org/content/article/24262037.html

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: