HRW Obamadan Bushni javobgarlikka tortishni talab qildi – ozodlik.org


Obama salafi Bushni jinoiy javobgarlikka tortishi ehtimoldan yiroqligini HRW vakillari ham yaxshi tushunib turibdi.

13.07.2011

Human Rights Watch tashkiloti AQSh Prezidenti Barak Obamani sobiq prezident Jorj Bush ma’muriyati mahbuslarga nisbatan qiynoq qo‘llashni buyurganiga oid ayblovlar yuzasidan tergov boshlashga chaqirdi. Inson huquqlari tashkiloti bu haqda seshanba kuni e’lon qilgan 107 sahifalik hisobotda bildirdi. Unda Obama ma’muriyati Qiynoqlarga qarshi konventsiyaga binoan mahbuslarga nisbatan qiynoqlar va noinsoniy munosabatlar yuzasidan tergov o‘tkazishga doir AQSh majburiyatlarini bajarmagani aytiladi.

Human Rights Watch tashkiloti sobiq prezident Jorj Bush va uning uch mulozimi qiynoqlar qo‘llanishini buyurgani uchun tergov qilinishi kerak demoqda.

Seshanba kuni e’lon qilgan hisobotida inson huquqlari tashkiloti 2001 yil 11 sentabr voqealaridan keyinoq Bush ma’muriyati terrorchilikda gumon qilinayotgan mahbuslarga nisbatan qiynoqlar qo‘llay boshlaganiga oid “ko‘plab dalillar” borligi aytiladi.

“Qiynoqlar uchun mas’uliyatdan qochish: Bush ma’muriyati va mahbuslarga nisbatan noinsoniy munosabat” deb nomlangan hisobotda, vitse prezident Dik Cheyni, mudofaa vaziri Donalьd Ramsfelьd va MRB direktori Jorj Tenetlarning, tashkilot ta’biri bilan aytganda, noqonuniy harakatlar amalga oshirlishiga sanktsiya berganiga oid dalillar borligi ta’kidlanadi.

Human Rights Watch tashkilotining Terrorchilik va aksil-terror masalalari dasturi tadqiqotchisi Andera Prasou Guantanamo harbiy bazasida AQSh harbiy komissiyasi tarkibida bir necha mahbusni himoya qilgan.

– Hiobsotda jamoatchlikka oshkor bo‘lgan dalillar ham, Bush ma’muriyatining yuqori mulozimlari qiynoqlar uchun tergov qilinishi va balki jinoiy javobgarlikka tortilishi kerakligi kundek ravshan ekani aniq aytilgan, deydi huquq faoli.

Hisobotda shuningdek Bush ma’muriyati MRB qoshida terrorchilikda gumon qilinayotganlarni o‘g‘irlash va uchinchi mamlakatlarga ko‘chirishga doir maxfiy dasturni amalga oshirishni buyurgani ham aytiladi.

Sobiq vitse prezident Dik Cheyni “noqonuniy hibsga olish dasturlari va ularni qonunan oqlashga urinishga qaratilgan bayonotlarni ishlab chiqish ortidagi asosiy kuch bo‘lgan”likda ayblanadi. MRB sobiq direktori Jorj Tenent mahbuslar boshini suvga cho‘ktirib qiynash va mahbuslarni uchinchi davlatlar bilan almashishga doir maxfiy dasturni boshqargani ham aytiladi hisobotda.

Huquq tashkiloti prezident Barak Obama AQSh qabul qilgan BMTning Qiynoqlarga qarshi konventsiyasiga binoan qiynoqlar va noinsoniy munosabat harakatlarini tergov qilish uchun ma’sul ekanini aytmoqda.

Human Rights Watch direktori Kennet Rot Qo‘shma Shtatlar “Darfur, Liviya va Shri Lanka kabi mamlakatlarda jiddiy xalqaro jinoyatlar sodir etilganda adolat o‘rnatilishiga chaqirib, to‘g‘ri qiladi, lekin bunda qo‘shstandartlar qo‘llanilmasligi lozim. AQSh hukumati o‘z mulozimlarini tergov va javobgarlikdan himoya qiladigan bo‘lsa, boshqa mamlakatlarda ham jiddiy jinoyatlarni sodir etganlarni javobgarlikka tortish urinishlariga putur etkazadi”, deya bayon qildi.

Human Rights Watch Obama ma’muriyatidan Bush va uning sobiq amaldorlariga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘ashni talab qilmoqda. Agar bu amalga oshmasa, huquq tashkiloti horijiy davlatlarin ham o‘z tergovini o‘tkazishga chaqirmoqda.

Prasouning aytishicha, Qiynoqlarga qarshi konventsiyaning “universal yurisdiktsiya”ga oid printsiplariga binoan har qanday davlat bu xususda qonun qabul qilishi mumkin.

– Bu printsipga asosan qiynoqlar ayanchli va dahshatli jinoyat hisoblanadi va qiynoq qo‘llaganlar qaerda bo‘lmasin tergov qilinib, javobgarlikka tortilishi kerak. Shuning uchun agar AQSh bunday tergovni o‘tkazmasa, Qiynoqlarga qarshi konventsiyani imzolgan boshqa mamlakatlar uchun tergov o‘tkazish farzdir. Buning samarasini allaqachon ko‘rdik. Xususan bir necha oy avval Jorj Bush Shveytsariyaga borishi kerak edi. Safaridan bir necha kun avval huquq faollari va qiynoqlar qurbonlari uning ustidan Shveytsariya rasmiylariga shikoyat topshirish niyatida ekaniga oid xabarlar paydo bo‘lgach, Bush safarini qoldirishga majbur bo‘ldi.

Obama prezident bo‘lgach imzolagan dastlabki hujjatlaridan biri MRBning mahbuslarni uchinchi davlatlar bilan almashish maxfiy dasturini to‘xtatish va horijdagi maxfiy qaomqxonalarni yopish to‘g‘risida bo‘ldi. U Qo‘shma Shtatlar qiynoq qo‘llamaydi, deya aniq-tiniq bayonot berdi.

Lekin u bir necha marta orqaga qaramasdan, kelajakka qarab ishlashni ma’qul ko‘rishini ta’kidlagan.

Prezident Bushning Milliy xavfsizlik kengashi sobiq a’zosi va Donalьd Ramsfelьd ma’muriyati sobiq xodimi Jemi Flay Human Rights Watch hisobotida “yangilik ko‘rmayapman” deydi. Flay hozirda Vashingtondagi Tashqi siyosat tashabbus markaziga rahbarlik qiladi.

– Xalqaro va ameriklik guruhlar o‘rtasida mahbusning boshini suvga cho‘ktirish qiynoq ekani va Bush ma’muriyati 11 sentyabr voqealaridan keyin milliy xavfsizlik nuqtai nazaridan amalga oshirgan ba’zi harakatlari borasida bahslar anchadan beri cho‘zilib keladi. Bu harakatlar qiynoq bo‘lgani haqidagi xavotirlar yangilik emas. Lekin Qo‘shma Shtatlar qonunlar bilan boshqarib kelinadi va Bush ma’muriyati ham, Obama ma’muriyati ham o‘z harakatlari qonun doirasidan chiqmasligi va bu harakatlar huquqshunoslar tomonidan ma’qullanishini ta’minlab kelgan.

Shuning uchun, deydi Flay, joriy Oq uy ma’muriyati sobiq ma’muriyatni tergov qilishi ehtimoldan juda yiroqdir.

– Men Obama ma’muriyatining mulozimlarida bu masalalarni qaytadan ko‘tarish istagi borligini his etganimcha yo‘q. Aslida, menimcha, AQSh rasmiylari bu masalalar bilan boshlarini og‘ritib o‘tirish istagida emas, deyishga asoslar bor.

 

http://www.ozodlik.org/content/article/24263875.html

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: