Angrendagi Davlat pedagogika institutiga qabul to‘xtadi – ozodlik.org


Mahmud Qoshg‘ariy nomidagi Toshkent viloyati Davlat pedagogika institutining matematika fakul’teti va bu fakultetda har yili o‘rtacha 800 talaba tahsil olar edi..

12.07.2011

Bu haqda rasman xabardor qilingan institut jamoasiga uning keyingi taqdiri bobida ma’lumot berilmadi.

Toshkent viloyatining Angren shahrida joylashgan Mahmud Qoshg‘ariy nomidagi Toshkent viloyati Davlat pedagogika institutiga bu yil abiturienlar qabul qilinmayapti.

Institutda ishlaydigan o‘qituvchilardan birining ismini oshkor qilmasligimiz sharti bilan Ozodlikka aytishicha, institutning 400 kishilik jamoasini yozgi ta’tilga yo‘llashdan avval rahbariyat bu yil qabul bo‘lmasligini rasman e’lon qilgan.

– Bu yil qabul bo‘lmaydi, deyishdi. Hozir o‘qib turgan ikkinchi, uchinchi, to‘rtinchi kurslar kuzda kelib o‘qishni davom ettiradi, deyishdi. Tamom, boshqa hech gap bo‘lmadi. Hali qaytsak, nima gap bo‘ladi, hayronmiz – deydi shu kunlarda ming xayolda yozgi ta’tilni o‘tkazayotgan o‘qituvchilardan biri.

Kuni kecha tahririyatimizga kelgan maktubda angrenlik tinglovchi bu institut yopilgani va unga hujjat ko‘tarib borayotgan abiturientlar Nizomiy nomidagi Toshkent Davlat pedagogika universitetiga yo‘llanayotgani haqida aytilgan edi.

Angrendagi institut o‘qituvchisi bundan bexabarligini aytar ekan, masofa nuqtai nazaridan eng yaqin maskan bo‘lgani bois yoshlarning Toshkent shahridagi Nizomiy nomli universitetga yo‘llanayotganini ehtimoldan soqit qilmadi.

Ammo, universitetni yopish qarori haqida faqatgina ovozalardan xabardor ekanini aytdi.

– Shunaqa gap yuribdi, lekin bu quruq gap bo‘lsa kerak. Chunki, viloyatda bo‘lsayam bu katta institut, respublikaning turli viloyatlaridan talabalar bor. Bir yarim mingi Toshkent viloyatidan, qolganlari boshqa viloyatlardan kelgan, – deydi Angrendagi Mahmud Qoshg‘ariy nomidagi pedagogika institutining ismini oshkor qilmasligimizni so‘ragan o‘qituvchisi.

2010-2011 yildagi o‘quv yillarida 4 ming talaba tahsil olgan Angrendagi pedagogika institutida 7 ta fakultet bor va jami 19 yo‘nalishda tahsil olish mumkin.

Bundan tashqari, bu institutda tojik, qozoq millatiga mansub talabalar uchun o‘z tilida imkoni berilgan.

Angren shahridagi madaniyat markazlaridan birining xodimi Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda: “Bu institutda turli millat vakillari o‘qishi va ishlashi mumkin bo‘lgan juda yaxshi muhit bor edi. Ikki kun muqaddam u erda ishlaydigan do‘stlarim institutning yopilganini aytishganida, og‘lim lang ochilib qoldi”, dedi.

Angren shahrida Ozodlik bog‘langan manbalarning aksariyati Angren shahridagi Davlat pedagogika institutiga bu yil qabul bo‘lmayotgani sababi uning yopilishidan darak, demoqdalar.

Ammo, bunday qaror qabul qilingan yoxud qilinmaganiga rasman oydinlik kiritib beradigan mutasaddi topilmadi.

Institut jamoasiga bo‘lgan takroriy murojaatlarimizga javob ololmadik. Bundan tashqari, Oliy ta’lim vazirligi va Xalq ta’limi vazirliklaridan ham murojaatimizga javob olishning imkoni bo‘lmadi.

Ammo, Angren shahar hokimiyatining o‘zini tanishtirmagan xodimi Ozodlik savollariga javoban: “Institut yopiladi, deb eshitdim. Ammo, anig‘ini bilmayman”, deb javob berdi.

Bu yil yangi o‘quv yili uchun qabul to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi prezidenti nomidan e’lon qilingan qarorda esa yangi o‘quv yilida talabalar uchun ajratilgan kvotaning ma’lum bir qismi turli viloyatlardagi oliy o‘quv yurtlariga berilishi va bundan maqsad viloyatlardagi oliy ta’lim muassasalari faoliyatini, nufuzini kuchaytirish ekani aytilgan edi.

Ammo, shunga qaramasdan Ozodlikka bog‘langan ayrim tinglovchilar Toshkent shahridagi bilim yurtlari, jumladan, Nizomiy nomidagi Toshkent Davlat pedagogiga universitetida ham turli viloyatlardan borgan abiturientlarning hujjatlari qabul qilinmayotgani va ularga o‘z viloyatidagi oliy o‘quv yurtlariga borish tavsiya qilinayotganiga guvoh bo‘lganini aytgan edi.

Shunday bir kezda bir vaqtlar 7 ming talaba tahsil olgan Angren shahridagi Davlat pedagogika institutining yopilishi, aniqrog‘i, bu instutga qabulni to‘xtatish qarori mantig‘i jamoatchilikka tushunarsiz bo‘lib qolmoqda.

 

http://www.ozodlik.org/content/article/24263459.html

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: