Turkmaniston Prezidenti muxolifatni saylovlarga taklif qildi – bbc uzbek


9 iyul 2011

Turkmaniston Prezidenti muxolifat vakillarini saylovlarda ishtirok etishga taklif qildi.

Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhammadov vazirlar mahkamasida qilgan chiqishida mamlakatda adolatli va erkin prezidentlik saylovini o‘tkazishni va’da berdi.

U shuningdek, muhojirotdagi muxolif guruhlarini ayni saylovda ishtirok etishga taklif qildi.

Biz o‘zlarini muxolifat deb ataydigan guruhlar bilan muloqotga tayyormiz, deb aytar ekan janob Berdimuhammadov, ularning vakillari saylovda ishtirok etishmoqchi bo‘lsa men ularga teng huquq va imkoniyatlar yaratishga kafolat beraman degan.

Mustaqil Turkmaniston tarixida hech qachon erkin va adolatli saylov o‘tmagan.

Mamlakat sobiq Prezident Niyozov va yo Turkmanboshi qo‘li ostida eng tazyiqkor diktatorlik tuzum sifatida tanilgandi.

Aksariyat kuzatuvchilar, yangi Prezident Berdimuhammadov Turkmanboshining shaxsga sig‘inish siyosatini ancha isloh qilgani bilan – mohiyatan Turkmanistonda ko‘zga ko‘rinarli islohotlar kechmaganini aytishadi.

Prezident Berdimuhammadovning muxolifatni kelasi yilga mo‘ljallangan Prezident saylovlariga taklif qilishi nimalarni anglatadi?

Muxolifat bu taklifga qanday qaraydi? Bi-bi-si ana shu savollar bilan Turkmanistonning muhojirotdagi ko‘zga ko‘ringan muxolifat namoyondalaridan biri Nurmuhammad Xanamovga murojaat qildi.

Prezident Berdimuhammadov marhum Turkmanboshining shaxsga sig‘inish siyosatini ancha isloh qilgani bilan – mohiyatan mamlakatda ko‘zga ko‘rinarli islohotlar kechmagani aytiladi.

Janob Xanamovga ko‘ra, birinchidan barcha muxolifat guruhlari rahbarlari, xalq harakatlarining ko‘zga ko‘ringan namoyondalari Turkmanistonda mahkama tomonidan hukm qilinganlar.

“Masalan, men 2002 yil noyabr voqealari – Turkmanboshining joniga qasd qilish harakati va davlat to‘ntarishiga urinish kabi ayblar bilan sirtdan umrbod qamoq jazosiga hukm etilganman. Markaziy Bankning sobiq raisi Xudoyberdi Orazov ham shu kabi ayblovlar bilan hukm qilingan. Bu holatda qanday qilib vatanga qaytish mumkin? Borganimiz bilan, ana xolos, sizlar hukm qilingansizlar endi qamoqxonaga marhamat deyishmaydimi? Shuning uchun ham biz bu kabi va’dalarga ishonmaymiz”, dedi Xanamov janoblari.

Turkmanboshi davrida qator davlat vazifalarida ishlab kelgan Nurmuhammad Xanamov hukumat Turkmanboshi davrida chiqarilgan sud qarorlarini, hukmlarini bekor qilishi kerak, deya hisoblaydi.

Biz Ovrupo mahkamasida bizga qo‘yilgan ayblovlar bo‘yicha sudlashishga tayyormiz, bu haqda hukumatga aytganmiz, ammo bizni hamon vatan xoinlari, xalq dushmanlari deb atashadi, deydi u.

Har holatda ham Prezident Berdimuhammadovning bu galgi ochiqdan ochiq taklifi borasida ehtimol muxolifat guruhlari jiddiyroq bosh qotirishlari kerak emasmi?

Turkmanistonning o‘zida muxolifat guruhlari yo‘qligi nazarda tutilsa, Prezident janob Xanamov kabi muxolifatchilarni nazarda tutayotgan bo‘lishi mumkin emasmi, degan savolga javob berar ekan, janob Xanamov albatta, u bizni, meni, Orazovni va Maskovdagi boshqa harakat rahbarlarini nazarda tutayotgan bo‘lishi kerak, deya aytdi.

“Vatanga qaytaman deganlar ham bor. Rost, saylovlar ham yaqinlashib kelmoqda, ammo xalqaro hamjamiyat, G‘arb davlatlari – Turkmanistonning vatan tashqarisida bo‘lgan muxolif guruhlari vatanga qaytishsa ularning xavfsizligiga kafolat berarmikan” degan savolni o‘rtaga tashladi Nurmuhammad Xanamov.

“Biz muloqotga ham, vatanga qaytishga ham tayyormiz. Ammo bizga chiqarilgan hukmlar bekor qilinsin. Xalqaro hamjamiyat, G‘arb davlatlari va Amerika Qo‘shma Shtatlari bizning qaytishimiz va saylovlarda ishtirok etishimizda xavfsizligimiz borasida kafolat berishsin, biz albatta qaytamiz”, deydi Nurmuhammad Xanamov.

 

http://www.bbc.co.uk/uzbek/central_asia/2011/07/110709_cy_turkmen_elections.shtml

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: