Rasmiy Ashxobod: Obodondagi portlashlarda 15 kishi halok bo‘lgan – bbc uzbek


10 iyul 2011

Internetda Obodondagi ahvol haqida tasavvur hosil qilishga imkon beradigan suratlar e’lon qilindi

Turkmaniston rasmiy ommaviy axborot vositalari tarqatgan xabarga ko‘ra, Obodondagi portlashlarda ikki harbiy va 13 tinch fuqaro halok bo‘lgan.

“Turkmen Dowlet Habarlary” agentligi xabar qilishicha, Obodon shahridagi favqulodda vaziyatni o‘rgangan Turkmaniston hukumat komissiyasi portlashlar sababini aniqlagan.

Hukumat komissiyasi xulosasiga ko‘ra, “oxirgi kunlarda yuzaga kelgan o‘ta issiq ob-havo tufayli kelib chiqqan yong‘in pirotexnika vositalarining portlashiga va ularning katta hududlarga sochilishiga sabab bo‘lgan. Bu radiusda esa Sho‘rolar Ittifoqi davridan qolib yo‘q qilinishi kerak bo‘lgan qurol-yarog‘ portlovchi vositalari armiya ombori bo‘lgan”.

Hukumat komissiyasining hisobotidan keyin Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov Mudofaa vaziri Begench Gundogdievga qattiq hayfsan e’lon qilgani va uning harbiy unvonini polkovniklikka tushirgani haqida xabar qilgan TDH agentligi.

Turkman prezidenti boshqa javobgarlarning harbiy unvonlarini bekor qilish, Qurolli kuchlar safidan haydash va harbiy tribunalga topshirishga buyruq bergan.

Prezident Gurbanguli Berdimuhamedov halok bo‘lganlarning yaqinlariga ta’ziya izhor etgan, Obodon o‘rnida “mutlaqo yangi, barcha talablarga javob beradigan zamonaviy shahar qurishga” va’da bergan.

Turkman rasmiylarining halok bo‘lganlar haqidagi dastlabki axboroti Turkmaniston Tashqi ishlar vazirligining ayrim Rossiya telekanallarini noxolis axborot tarqatayotganlikda ayblashi ortidan yuz bergan.

Turkmaniston Tashqi ishlar vazirligi bunday xabarlarni rad etishi haqida e’lon qilgan.

Turkman muxolifatining “Xronika Turkmanistana” veb-sayti Obodondagi portlashlarda 200 inson halok bo‘lgani, favqulodda hodisa qurbonlarining jasadlari yaqinlariga qaytarilmayotgani haqida xabar tarqatgan.

Bi-bi-si Turkman inson huquqlari tashabbus guruhi rahbari va “Xronika Turkmenistana” sayti bosh muharriri Farid Tuxbatullindan halok bo‘lgan insonlarning jasadlari oilalariga qaytarilmayotgani haqidagi xabarlar qanchalar ishonchli, deb so‘radi.

Farid Tuxbatullin: Obodon va uning atrofidagi joylardan axborot olish tobora qiyin bo‘lib borayapti. Chunki Turkmaniston rasmiylari u erdagi vaziyat haqidagi ma’lumotlar imkoni boricha mamlakatdan tashqariga chiqib ketmasligining oldini olishga urinmoqdalar. Bizda Obodonda tasvirga olmoqchi bo‘lgan bir necha kishi hibsga olingani haqida xabarlar bor. Bu odamlarning taqdiri ham noma’lum qolmoqda. Shaharning ko‘p joylariga o‘tib borish hozir ham taqiqlangan. Askarlarning aytishlaricha, u joylarda hali ham portlamay qolgan snaryadlar qolgan va shuning uchun tinch aholining u tomonlarga o‘tishiga ruxsat berilmayapti. Halok bo‘lgan insonlarning jasadlari yaqinlariga qaytarilmayotgani haqidagi xabarlarga kelsak, bu xabar ilk bor Rossiyadagi “Exo Moskvı» radiosining Internet sahifasida paydo bo‘ldi, biz hali o‘zimizning manbalarimiz orqali bu xabarlarni tekshira olganimiz yo‘q. Shuning uchun, bu xabarlarni biz hozircha na tasdiqlay olamiz, na rad eta olamiz. Lekin biz haqiqatda ham shunday bo‘lishi mumkin, deb hisoblaymiz. Chunki, bundan oldin biz portlashlar zarbi kuchli bo‘lganidan ayrim jasadlar shaxsini aniqlashning imkoni bo‘lmayotgani haqidagi xabarlarni olganmiz. Hozir ahvol qandayligini bilishga harakat qilayapmiz, ammo boya aytganimdek, bizning manbalarimizning Obodon bo‘yicha axborot to‘plashi mushkul bo‘layapti. Avvalroq biz olgan ma’lumotlarga ko‘ra, portlashlar natijasida 200 inson halok bo‘lgan. Hozir Ashxobodda 1000 dan ortiq qurbonlar soni haqidagi ovozalar tarqalgan, ammo bunday vaziyatlarda vahima tufayli ham bo‘rttirib ko‘rsatish hollari bo‘lishini biz yaxshi tushunamiz va o‘zimizning manbalarimizning 200 kishi halok bo‘lgani haqidagi axborotni yana tekshirishga harakat qilayapmiz.

Bi-bi-si: Aynan hozir Turkman rasmiylari xorijiy ommaviy axborot vositalari va Turkman muxolifatini Obodondagi hodisa bo‘yicha haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan axborotni tarqatishda ayblamoqdalar. Inson huquqlari bo‘yicha Turkman tashabbus guruhi o‘zining manba’larini naqadar ishonchli, deb biladi? Bu manbalar berayotgan ma’lumotlarga qanchalar ishonsa bo‘ladi?

Farid Tuxbatullin: Biz o‘zimizning manbalarimiz bilan uzoq yillardan buyon hamkorlik qilamiz. Shu paytgacha bizning manbalarimiz bergan ma’lumot asosida tarqatgan xabarlarimiz tasdiqlanmagan yoxud oxir-oqibat haqiqatligi inkor etilgan hollar bo‘lmagan. Albatta, Turkman rasmiylari bu xabarlarni yolg‘on deb rad etishlari mumkin. Agar chindan ham biz tarqatgan xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasa, chindan ham biz aytayotgan qurol-yarog‘ ombori portlamagan va ulkan shikastlar etkazilmagan bo‘lsa, marhamat, rasmiylar Obodonga bir nechta xorijiy ommaviy axborot vositalari jurnalistlarini olib borib ko‘rsatishsin. Muxbirlar u erdagi ahvolni o‘z ko‘zlari bilan ko‘rsinlar, Turkmaniston hukumati haq yoki nohaqligiga o‘zlari ishonch hosil qilsinlar. Bu rasmiylarning ixtiyorida. Lekin, ular bu ishni qilayotganlari yo‘q. Ular faqat bizni yolg‘on axborot tarqatishda ayblayaptilar. Ammo, biz bilamizki, qurbonlar bor, juda katta vayronalar bo‘lgan. Rasmiylar portlashlar oqibatida qancha zarar etkazilgani haqida hech narsa aytmayaptilar, agar ular qurbonlar haqida gapirishni umuman istashmayotgan bo‘lsa, yaradorlar bor-ku. Ular qancha odam jarohatlangani haqida ham ma’lumot berayotganlari yo‘q.

Bi-bi-si: Mana portlashlardan keyin bir necha kun o‘tdi. Bugunga kelib Obodonning qaysi qismiga ko‘proq zarar etgani oydinlashdimi?

Farid Tuxbatullin: Ko‘proq shaharning janubi-g‘arbiy qismiga ko‘p shikast etgan. Bu joyda harbiy omborlar va bu omborlarga yaqin Gunesh posyolkasi joylashgan. Hammadan ham ko‘ra, o‘sha hudud ko‘p zararlangan. Hozir u erga oddiy odamlarning o‘tishiga ruxsat berilmayapti. Lekin Obodonning boshqa qismlariga suv ta’minoti, elektr uzatish qayta tiklangan. Hududlarni tozalash ishlari olib borilayapti.

Bi-bi-si: Xabarlarda Obodonda joylashgan Bezmein GRESi Ashxobod shahrining g‘arbini elektr energiyasi bilan ta’minlagani, bu GRES qurol-yarog‘ omborlariga yaqin oylashgani va portlashlardan keyin poytaxt g‘arbida elektr ta’minoti to‘xtab qolgani aytilgan. Bu elektr stantsiyasi qanchalar shikastlangan?

Farid Tuxbatullin: Ha, u er shikastlangan, portlashlar boshlangan paytda u erga bir necha snaryad borib tushgan. GRESning xodimlarini evakuatsiya qilishgan. Ashxobodga elektr uzatishni to‘xtatib qo‘yishgan. Portlashlardan keyin bu inshoot qanday ahvolda ekanligini biz ham o‘rganishga harakat qilayapmiz. Ammo shu paytgacha buni aniqlay olganimiz yo‘q.

 

http://www.bbc.co.uk/uzbek/central_asia/2011/07/110710_cy_turkmen_abadan.shtml

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: