Andijondagi 1916 yil qo‘zg‘oloni tarixidan lavhalar – e-tarix.uz


O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod sifatida viloyatimiz saylovchilari bilan uchrashuvda so‘zlagan nutqida I.A.Karimov Andijon va uning tarixiga to‘xtalib: “Bu yurt o‘zining qadimiy va suronli o‘tmishi davomida ne-ne sinov va mashaqqatlarni ko‘rmagan. Lekin har qanday og‘ir va murakkab sharoitda ham o‘zining kuch-qudrati, ertangi kunga bo‘lgan ishonchini namoyon etib, barcha sinovlardan mardona o‘tganligini ko‘pdan-ko‘p misollarda ko‘rish mumkin” [1],- degan edilar. Butun O‘rta Osiyoda chorizmga qarshi ko‘tarilgan 1916 yilgi qo‘zg‘olon andijonliklar uchun katta sinov va saboq bo‘lgan. Ular bu qo‘zg‘olonda faol ishtirok etib, front ortidagi ishlarga Turkistondan olingan 124 ming mardikorlar orasida birinchilardan bo‘lib o‘sha begona yurtlarda qo‘zg‘olon ko‘targanlar. To‘g‘ri, bu mavzu tarixshunosligimizda ancha puxta tadqiq qilingan [2,3,4,5,6,7]. Ayniqsa, J.Ismoilovaning tadqiqotida [8] Farg‘ona vodiysidagi, jumladan, Andijon uezdidagi qo‘zg‘olon va mardikorlikka safarbar qilish haqida birlamchi manbalar asosida batafsil so‘z yuritilgan. Shunga qaramasdan, mazkur mavzuning ayrim qirralari o‘z aksini topmagan.

Imperator Nikolay II ning 1916 yil 25 iyundagi “Imperiyadagi rus bo‘lmagan erkak aholini harakatdagi armiya rayonida mudofaa inshoatlari va harbiy aloqa yo‘llari qurish ishlariga jalb qilish” haqidagi farmonida Turkiston o‘lkasidagi rus bo‘lmagan 19 yoshdan 49 yoshgacha bo‘lgan jami 250 ming erkakni front ortidagi ishlarga safarbar qilish ko‘zda tutilgan.

Farmonga ko‘ra Farg‘onaga 50 ming, Andijon uezdiga 10 ming mardikor yuborish vazifasi yuklatildi. Bu shum xabar butun Turkiston o‘lkasida bo‘lganidek, Andijon xalqini ham g‘azabga keltirdi. Bu g‘azab-nafrat qo‘zg‘olonga aylandi. Farg‘ona vodiysining 17 joyida aholi harbiy qismlar bilan to‘qnashdi. 9 iyulь kuni Andijonda ham odamlar qo‘zg‘aldi. Eski shahardagi Jome’ masjidi maydonida boshlangan g‘alayon Skobelev (hozirda Navoiy prospekti) nomli katta ko‘cha orqali yo‘l oladi. Ular Gultepa maydonida uezd boshlig‘i Yu.A. Brjezitskiy bilan uchrashadi. Bu haqda Yu.A.Brjezitskiy yuqoriga yuborgan axborotida shunday deb yozgan: “Bugun jome’ masjidida imperatorning Oliy farmonini aholiga e’lon qildim  va tushuntirdim. Ammo madrasaning yosh o‘quvchilari “Mardikorlikka bormaymiz”, deb baqirishdi. Ular bu harakatlari bilan olomonni qo‘zg‘atib yubordilar. Mening tinchlaninglar, degan so‘rovim ta’sir etmay, olomon baqirishni davom ettirdi. Avval men olomonga tarqalishni buyurib, keyin o‘zim garnizon boshlig‘i huzuriga borib, undan qo‘zg‘olonni bostirish uchun harbiylarni yuborishni so‘radim. Taxminan 500 kishilik olomon Skobelev shoh ko‘chasi bo‘ylab yurdi. Men esa ularni Gultepa maydonida (hozirgi viloyat ma’muriyati, idoralari joylashgan maydon) uchratdim. Xalq esa urush xarajatlarini to‘lashga rozi ekanliklari, lekin mardikorlikka borishga qarshi ekanligini aytdi. Mendan odamlarni frontga olmasliklarini talab qildilar. Aks holda, hozir barcha ellikboshi va mansabdorlarni o‘ldirishini aytdilar” [8;36].

Uezd boshlig‘ining 1916 yil 27 sentyabrda Turkiston rayoni muhofaza bo‘limi boshlig‘iga yo‘llagan xatida 9-16 iyulь kunlaridagi Andijon qo‘zg‘oloni tafsilotlari bayon qilingan [11;420].

9 iyulda Gultepada yuz bergan qo‘zg‘olon va uni xarbiylar tomonidan shavqatsizlarcha bostirish chog‘ida Saidazim Maxsudov, Said Ibrohim To‘raev, Abduqodir Hamroqulovlar halok bo‘ldilar, og‘ir yaralangan 8 kishi (Abdullajon Holmatov, Mullamaqsud qori usta Nishonboev, Nosir Abdurahmonov, Mamasodiq Ro‘ziboev, Mullagarum Mirzaazizxo‘jaev, Abdujalil Qodirov, Xojimat Hasanboev, Usmonjon Maraimovlar shaar kasalxonasiga tushdi. Qo‘zg‘olon faollaridan 14 kishi qamoqqa olindi: Abdusattor Hakim Oqsoqol, Mamatali Abdukarimov, Mamajon mulla Otaxonov, Jo‘ra qori Zununboev, Tojiboy Muhammadjonov, Axitam Yangeldiev(tatar), Ashurali Ismoilboev, Akbar Umarboev, Mulla Abdul Xonaliev, Abdujabbor qori Ro‘ziboev, Yusupjon Toshpo‘latov, Ostonaqul Yusufboev, Soli Aliev, Yusupoxun xo‘ja Muhammad Sharifxo‘jaev [12;283-284].

Xullas, podsho hukumatining mardikorlikka olish siyosatiga qarshi Andijon xalqi qo‘zg‘olon ko‘tardi. Qo‘zg‘olon shavqatsizlarcha bostirildi. Chor hukumati baribir mardikorlikka olish siyosatini amalga oshirdi.  Andijon uezdi bo‘yicha 10600 kishi mardikorlikka olindi.

General–adьyudant Kuropatkin 1916 yil 28 avgustda tasdiqlagan taqsimot bo‘yicha Andijon uezdining Yorboshi volostidan 871, Xakan volostidan 816, Oltinko‘l volostidan 498, Baliqchi volostidan 908, Jalaquduq volostidan 340, Qo‘rg‘ontepa volostidan 466, Oyim volostidan 656, Qorasuv volostidan 497, Qo‘qonqishloq volostidan 887, Maygir volostidan 427, Izboskan volostidan 284, Andijon shahridan 1082 kishi front ortidagi ishlarga safarbar qilinishi ko‘rsatilgan.

Arxiv hujjatlarida Andijon shahridan front ortidagi ishlarga olingan mardikorlarning 1000 kishidan iborat ro‘yxati, ularning ismi va familiyasi, qaysi mahalla, qaysi guzardanligi, yoshi, qanday vazifadaligi ko‘rsatilgan. Shuningdek, qaysi yuzlikda, nechanchi eshelondaligi, eshelonlarning jo‘natilish kuni, soati ham qayd etilgan[12;208-222].

1000 nafar mardikorni 10 ta yuzlikka bo‘lib, har biriga yuzboshi tayinlangan: 1-Uyluq yuzligiga Mirzarahim Ro‘zimathojiev (31 yosh, Temirchi mahallasidan), 2-Uyluq yuzligiga Ahmadjon Qalandarhodiev (30 yosh, Sarvontepa mahallasidan), 3-Uyluq yuzligiga G‘ofirjon Ma’rufhojiev (35 yosh, Durgun mahallasidan), 4-Olayliq dahasi yuzligiga Ahmadmuhammad To‘xtaev (31 yosh, Ahmadbekhoji mahallasidan), 5-Olayliq yuzligiga Tohirjon Imonqulihojiev (34 yosh, To‘paboy mahallasidan), 6-Olayliq yuzligiga Mulla Ahmadali Mullamuhammad Yunusov (32 yosh, Eski ot bozori mahallasidan), 7-Soy yuzligiga Raimboqi To‘lakboev (40 yosh, Idrisqulbek mahallasidan), 8-Qirliq yuzligiga Mulla Mirzohid Haydarhojiev (35 yosh, To‘qmoq mahallasidan), 9-Soy-Qirliq yuzligiga Mulla Muhammadjon Oxunboboev (41 yosh, Haydarali mahallasidan) va 10-Qirliq yuzligiga Turg‘unxo‘ja Valixo‘jaev (27 yosh, Burgi mahallasidan) yuzboshi tayinlanganlar. Mazkur o‘nta yuzboshiga Ahmadbekhoji maxallasidan 35 yoshli Masodiq mulla Oripov rahbar qilib belgilangan[12;208-222].

O‘z navbatida yuzliklarning har biri o‘nliklarga bo‘linib, ularga o‘nboshilar tayinlangan. Masalan, yuzboshi Mirzarahim Ro‘zimathojievga quyidagi o‘nboshilar qaragan: Abdurahim Madkarimov (30 yosh), Saidumar Qurbonhojiev (24 yosh, nonvoy), Xo‘jamberdi Ismoilboev (25 yosh, Madaliqozi mahallasidan), Qurbon Abdullaev (24 yosh, Qoramulla mahallasidan), Qalandar Qilichboev (28 yosh, tilmoch), Hojimat Abdurahmonov (30 yosh, Madrabboy mahallasidan), Olimjon Yoqubboev (28 yosh, Eski G‘o‘za bozori mahallasidan), Meliboy Abdukarimov (29 yosh, Jurgun ko‘cha mahallasidan), Xudoyberdi Egamberdiev (29 yosh, qassob), Kamol Razzoqberdiev (29 yosh, Qo‘y bozori mahallasidan), Nazarali Abduxoliqov (29 yosh, Madqosim mahallasidan), Jumaboy Yo‘ldoshboev (30 yosh, Yoqubali hoji mahallasidan), Yo‘ldosh Diyorboev (Eski kappon mahallasidan), Aliboy Nabirajonov (21 yosh, Ark ichi mahallasidan), Axronqul hoji (imom), Mullaboy Aliqulboev (35 yosh, Ark ichi mahallasidan).

Mardikorlar 15 sentyabrdan 15 oktyabrgacha Andijondagi yig‘uv punktiga (hozirgi Soydagi paxta zavodida) to‘plab, soqchilik nazorati qo‘yilgan. Har bir eshelonda 40 ta vagon bo‘lib, har bir vagonga 30 ga etib kishi joylashtirilgan. Eshelonda ishchilar joylashgan 33 ta vagondan tashqari, 1 ta sanitar, 1 ta izolyatsiya va 1 ta soqchilar vagoni, shuningdek, oshxona uchun 2 ta va oziq-ovqat mahsulotlari uchun 2 ta vagon ajratilgan. Har bir eshelonga 990—1000 ishchi joylashtirilgan. Andijon shahridan olingan ishchilar 1000 kishi bo‘lib, ularning 2-eshelon bilan Andijondan jo‘natilishi rejalashtirilgan.

18 sentyabrdan 18 oktyabrgacha Turkistondan 30 eshelonda ishchilar olib ketiladi. Eshelonlarning yo‘l marshrutlari aniq belgilab berilgan. Xususan, 107a– sonli poezdning Andijon stantsiyasidan 18 sentyabr soat 817 da jilishi, Toshkentga 19 sentyabr 1400 da kelishi, Toshkentdan o‘sha kuni 109-sonli poezdda jo‘nashi, 24 sentyabrda 1439 da Samara guberniyasidagi  Kinelь stantsiyasiga etib kelishi va joylarga taqsimlanishi belgilangan[12;28-30].

Mardikorlardan 101600 kishi Rossiyaning Ovro‘po qismiga, 4000 kishi Sibirga, 7405 kishi Kavkazga joylashtiriladi; 10 mingdan ortiq kishi Turkiston o‘lkasida ishlatiladi[7;290]. Mardikorlar xarbiy va sanoat korxonalarida, konlarda, temir yo‘l qurilishida, o‘rmon va yirik kapitalistlarning xo‘jaliklarida, qattiq nazorat ostida ishlatildi. Ular ochlikdan, xo‘rlikdan, mashaqqatli mehnatdan mislsiz aziat chekdilar. Ko‘plari qattiq sovuqdan, turli kasalliklardan o‘lib ketdilar, yoki bir umrga nogiron bo‘lib qoldilar.

Mardikorlarga arzimagan ish xaqi to‘langan, turar joylari juda ham xorob bo‘lgan, emishlari ham juda nochor bo‘lgan.

400 kilometrlik Batumi–Suxumi temir yo‘li qurilishida 2000 dan ziyod mardikorlar ishlaganlar. Bu inshootning Gudaunti (Myuseri) rayonida 200, Suxumi rayonida esa 100 nafar andijonlik bo‘lib, ular mislsiz og‘ir sharoitlarda mehnat qilganlar. Birinchi bo‘lib Gudauntidagi andijonlik mardikorlar ish tashlashni boshlab berganlar. General Yanushkevich xabarida bu ishchilar ishga chiqmaslikka qat’iyan qaror qilganliklari, “bizlarga shaharda yashab, zavod va fabrikalarda ishlashni va uch oydan keyin vatanimizga qaytib ketishni va’da qilganlar”, deb aytganlari qayd etilgan. Ular ish tashlab, ish joyidan o‘z xohishlari bilan ketib qolganlar. Ish tashlash keng tus oladi. Ish beruvchilardan biri o‘zbek ishchilari 30 oktyabrdan 17 noyabrgacha ishga chiqmaganlari oqibatida 2000 so‘m zarar ko‘rganidan nolib shikoyat qilgan. Bunday shikoyatlar ko‘plab bo‘lgan. Kavkaz armiyasi polkovnigi Davidov ish beruvchilar va ma’muriyatni yoqlab, mardikorlar ishdan qochib shaharlarga borishmoqda, bozor va masjidlarda yurib, narkotik va fahsh ishlar bilan shug‘ullanishni xohlayaptilar, degan tuhmat xabarni yuqori tashkilotlarga yo‘llagan. Bunday tuhmatlar ko‘p bor uyushtirilgan, oqibatda mardikorlar tazyiq-ta’qibga uchrab turganlar. Sabr-kosalari to‘lgan mardikorlar kurashni davom ettiraverganlar.

Ma’muriyat bergan xabarda ishchilarning jipslashib, har qanday qiynoqlar, turmaga tiqish va hatto otib yuborganlarida ham baribir ishga chiqmasliklarini aytganlari qayd etilgan. Ishchilar o‘zlarini Suxumiga, Batumiga, hatto Rossiyaning ichki qismiga yuborishlarini talab qilganlar. Ish tashlash yo‘l qurilishining janubiy va shimoliy qismini ham qamrab oladi: norozilik namoyishlari o‘tkaziladi, ochliklar e’lon qilinadi. Oqibatda Tiflis hukumati Toshkentga, Turkiston general-gubernatoriga telegramma yo‘llab, ish tashlovchilarni tinchlantirishni talab qilishga majbur bo‘ladi. Shu maqsadda Turkiston general-gubernatori buyrug‘i bilan Andijon Eski shahari oqsoqoli Rustam Toshmatov 1916 yil 29 dekabrda Batumiga keladi. O‘n to‘rt kun davomida, 1917 yil 1 yanvardan 13 yanvargacha, oqsoqol izvoshda ish joylarini aylanib chiqib, namoyishchilarni, ish tashlaganlarni xiyla-nayrang, “Agar Sizlar ishni davom ettirmasalaring, u holda sizlarning Andijonda qolgan ota-onangiz, qavm-qarindoshingiz hibsga olinadi, mol-mulki musodara qilinadi” qabilidagi do‘q-po‘pisalar bilan aldashga muvaffaq bo‘lgan.

Rustam Toshmatov 1917 yil 21 yanvarda Andijonga qaytib keladi. Bu xizmati uchun u general-gubernator tomonidan taqdirlangan [2;127-128]. Andijonda chop etilgan “Turkestanskiy golos” gazetasi “Andijon shahar ariq oqsoqoli Rustam Toshmatovning front ortidagi andijonliklardan hol-ahvol so‘rab kelganligi haqidagi hisoboti” nomli materialda bu safarni yoritgan. Umuman, 1916 yil 1 iyuldan boshlab gazetada mardikor mavzusiga katta o‘rin ajratilgan. Jumladan, “Mardikorlar talabi” , “Ishchi tuzemetslar yo‘lda”, “Ishchilarni jo‘natishga doir”, “Tuzem ishchilar maktublari”, “O‘sh eshelonini jo‘natish”, “Joylardan salomlar”, “Yo‘ldan. Bizning muxbirimiz Abdulla Yo‘ldoshqorievdan”, “O‘zbek xarbiy ishchilarining yo‘ldan yuborilgan maktublari”, “Palovni sog‘inmoqdalar”, “Ishchilar uchun ketmonlar”, “Orenburgdan xatlar”, “Harbiy sud”, “Ajralib qolganlar”, “Sud xabarlari”, “Sud zalida”, “Ro‘zi Oxun Muhammad Nazarboevning ishi bo‘yicha”, “Dalvarzin ishi” kabi nomlar bilan chop etilgan qator xabar va maqolalar mardikor olish, mardikorlik hayoti bilan bog‘liq ko‘plab muhim ma’lumotlar beradi.

1917 yil fevralь inqilobi monarxik tuzumni ag‘dargach, mamlakatda demokratik o‘zgarishlar amalga oshirila boshladi. Muvaqqat hukumat raisi A.F.Kerenskiy tashabbusi bilan front orqasidagi mardikorlarni o‘z  yurtlariga qaytarish haqidagi hukumat qarori e’lon qilindi. Bu qarorni Turkiston musulmonlari, ayniqsa, mardikorlar zo‘r shod- xurramlik bilan kutib oldilar. Og‘ir mehnatdan tinka-madori qurib, ocharchilik, milliy va diniy kamsitilish azob-uqubatlarini tortgan mardikorlar katta va mashaqqatli hayot, kurash yo‘lini bosib o‘tdilar. Ularning bir qismi begona yurtlarda og‘ir mehnatdan, izg‘irin sovuqdan, ochlikdan, kasallikdan o‘lib ketdi, ayrimlari qamoqqa olindi, ba’zilari qochib sarson-sargandorlikda umr kechirdi, bir umrga nogiron bo‘lib qoldi. Bu kabi sho‘rishlarning tugashi chinakam bayram qilishga arzigulik edi. Mardikorlarning qanday kayfiyatda Andijonga kelganlari “Najot” gazetasining 21 may sonida shunday ta’riflangan: “Andijon. 11 may kuni bu joydan jo‘natilgan mardikorlar eson-omon o‘z vatanlariga qaytib keldilar. So‘ngra quvonchli kayfiyat bilan ular qo‘llarida bayroqlar ushlab shaharni aylanib chiqdilar. Savdogarlar bu haqda xech narsani bilmasdan juda ham xayron bo‘lib qolishdi” [16;149].

Albatta, yurtdoshlarimizning mardikorlik davri beiz ketmadi: ularning dunyoqarashi, ijtimoiy ongida katta o‘zgarishlar yuz berdi, ular endi milliy o‘zlikni anglashga kirishgan, millat taqdiri, fojeasi, istiqboli haqida fikrlay boshlagan edilar. Ya’ni, ular endi o‘zgargan kishilar bo‘lib, bu ularning keyingi faoliyatiga ta’sir qilmay qolishi mumkin emas edi. Bir tomondan, 17-yilning umumiy inqilobiy ruhi, ikkinchi tomondan, o‘zga yurtlarda o‘z haq-huquqlari himoyasi yo‘lidagi kurashlar, ish tashlash va namoyishlar davomida shakllangan birlik mardikorlarni ijtimoiy kuchga aylantirgan edi. Sho‘ro davri tarixshunosligida yurtdoshlarimizning mardikorlikdan o‘zlariga inqilobiy ruhni yuqtirib, “siyosiy ongi o‘sib” qaytganlariga ko‘proq urg‘u berildi. Lekin mardikorlik azoblarini boshlaridan kechirgan minglab kishilarning bari pirovardida birgina yo‘lni – sotsialistik inqilob, sinfiy kurash yo‘lini tanlaganiga ishonish qiyin. Va shu o‘rinda Andijondan mardikorlikka olinganlarning keyingi taqdiri qanday kechgan, degan savol tug‘ilishi tabiiydir. Shu jihatdan ushbu masalaning maxsus o‘rganilishi tariximizdagi “oq dog‘”lardan birini bartaraf etishga imkon beradi.

Hozircha Andijon shahridan mardikorlikka olingan 1000 nafar yurtdoshlardan faqat ayrimlarininggina keyingi taqdiri haqida ma’lumotga egamiz. Biroq shuning o‘zi ham ularning keyingi taqdiri turlicha bo‘lgani, ularning turlicha yo‘llarni tanlaganini ko‘rsatadi.

Ulardan biri ro‘yxatda 566-raqam bilan qayd etilib, shaharning Oqyor guzaridan mardikorlikka safarbar etilgan 31 yoshli Xudoyberdi Qoraboevdir. Mardikorlikda o‘nboshi qilib tayinlangan X.Qoraboev mardikorlik mavzusida yozilgan va xalqimiz orasida mashhur qo‘shiq bo‘lib ketgan “Do‘ngaligim” she’rining muallifidir:

 

Poezdingni jildirgan,

O‘txonasi bilan do‘ngalagi

Dvinskaga ketdi Andijonni

Mard yigitining bir bo‘lagi.

Dvinskaga ketmas edi

Mard yigitning bir bo‘lagi,

Dvinskaga ketkizvorgan

Nikolay zolim zambaragi.

Dvinskaga yo‘l bo‘lsin,

Qarag‘ayzoring qul bo‘lsin.

Yigitlarni qiynagan

Nikolaying yo‘q bo‘lsin.

 

Bizni to‘qqiz oy ishlatdi,

Sizranь degan o‘rmonda.

Ketolmaymiz Andijon,

Bir chaqa yo‘q karmonda.

So‘k oshingni ichmayman,

O‘tigimni echmayman.

Qorda qarag‘ay kesganman.

Hech haqqimdan kechmayman.

 

Kezi kelganda shuni ham ta’kidlash joizki, keyingi vaqtlarda e’lon qilingan ayrim tarixiy asarlarda [7;10,11,14] bu she’rni xalq og‘zaki ijodi mahsuli deb, hatto, matni biroz o‘zgartirilgan tarzda berilmoqda. Jumladan, X.Zieyovning asarida: “Poezdning g‘ildiragi, Ustaxonasi bilan do‘ngalagi, Dvinskaga ketishdi, Mard yigitning bir bo‘lagi” shaklida, “Vatan tarixi” kitobida esa: “Poezdingni jildirgan, O‘txonasi bilan do‘ngalagi, Dvinskaga ketishdi, Mard yigitning bir bo‘lagi” deb berilgan. Holbuki, hozirda poytaxtdagi “Qatag‘on qurbonlari xotirasi” muzeyi zallarida yangrab turuvchi “Do‘ngalagim” ashulasining matni ham X.Qoraboev matni bilan bir xil:

 

Poezdingni jildirgan

O‘txonasi bilan do‘ngalagi

Dvinskaga ketdi Andijonni

Mard yigitining bir bo‘lagi…

 

Aslida, she’rning muallifi X.Qoraboev deyishga asos etarli. Chunki xalq og‘zaki ijodi namunalari ham alohida kishilar, xalqning iste’dodli vakillari tomonidan yaratiladi, keyin xalq ichida og‘izdan og‘izga o‘tib yuradi. X.Qoraboevda shoirlik iqtidori bo‘lgani shubhasiz: uning qarindoshi Odiljon Egamberdievning say’-harakati bilan 1980 yilda G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyotida Xudoyberdi shoirning “Men qushimni g‘ozga solsam” nomli she’riy to‘plami chop etilgan. Bu esa X.Qoraboevda chindan ham shoirlik iste’dodi bo‘lganidan, uning she’r muallifi bo‘lish ehtimoli ko‘p ekanligidan dalolat beradi. Albatta, hali bu bahsli masalani uzil-kesil, hujjatli asosda hal qilish vazifasi oldinda turibdi, nasib qilsa buni uddalarmiz ham. Shunga qaramay, she’r aynan andijonlik mardikor tilidan aytilgani haqiqatga ko‘proq yaqindir. Biroq hozir maqsadimiz boshqa – shoirning keyingi taqdiri. Mardikorlikdan qaytgan Xudoyberdi Qoraboev ijtimoiy xayotda faol bo‘lgan, she’r va g‘azallar yozib turgan; minglab aldanganlar qatori, sovet hokimiyatiga ishonib, uni istiqlolchilardan himoya qilishga uringan va 1919 yilda o‘zi tug‘ilib o‘sgan Oqyor qishlog‘ida bo‘lgan istiqlolchilar bilan to‘qnashuvda xalok bo‘lgan.

Andijon shahridan safarbar qilingan ming nafar mardikorning mingboshisi Mulla Sodiq Mulla Oripov jadidchilik yo‘lidan borib, Andijonning ijtimoiy-siyosiy hayotida ibratli ishlar qilganligi ma’lum bo‘ldi. Arxiv hujjatlariga murojaat qilamiz.

1917 yil 14 iyunda Andijon eski shahardagi Olimjon hoji zavodida harakatdagi armiyadagi mardikorchilikdan qaytib kelgan musulmon ishchilardan 900 ga yaqin kishi qatnashgan miting bo‘ldi. Unda jamoat xavfsizlik komiteti raisi Sumarokov, militsiya boshlig‘i Sitin va ayrim tashkilotlar vakillari qatnashadi. Yig‘in bir ovozdan 15 kishidan iborat musulmon ishchi deputatlari sovetini saylaydi. Uning tarkibiga musulmonlardan 13 kishi va evropalik–ruslardan 2 kishi kiradi.

15 iyunda musulmon ishchi deputatlari Sovetining yig‘ilishi bo‘lib, unda Masodiq Mulla Oripov Sovetning raisi, Akbarali O‘razaliev va Sultonbek To‘xtabekov rais  o‘rinbosarlari, Mulla Abdurahmon Alimqulov kotib va Muhammadjon Tojiboev qilib yordamchi qilib saylandi [16;149].

1918 yildan KPSS a’zosi Muxtor Olimov o‘z xotiralarida Andijondagi siyosiy voqealar jarayoniga to‘xtalib, Sodiqjon Oripov haqida zamona siyosati va mafkurasidan kelib chiqib nohaq salbiy fikr bildirgan. Jumladan, u Sodiqjon Oripovning mahalliy aholini, ziyolilarni Sovet hokimiyatiga yaqinlashtirmaslik, unga qarshi norozilik tug‘dirish bilan mashg‘ul bo‘lgani, Andijonda tashkil topgan “Turon” tashkilotining raxbarlaridan biri, musulmon deputatlari sovetining raisi bo‘lganini qayd qiladi. Uni Chor xukumatining xizmatchisi bo‘lganlikda ayblab, bolьsheviklar Oripov va uning guruhi kommunistlarga, ularning eski shahar tashkilotiga qarshi turli shaklda kurash olib borganini ham eslatib o‘tadi [17;143]. Mardikorchiliknig azob-uqubatini boshidan kechirib, Andijonga qaytib kelib ona shahrida istiqlol uchun kurash olib borayotgan bir paytda Sodiqjon Oripov 37 yoshida bolьsheviklar qo‘lida halok bo‘ladi.

Mardikorlikka olinganlarning yaqinlari ham ba’zan arzimagan, kulgili sabablar bilan qatag‘on qilingan. Atigi bir misol keltiramiz. Mastura Husanboeva 1939 yil 24 sentyabrda O‘zSSR Ichki ishlar xalq komissarligiga erini nohaqdan 10 yil muddatga  ozodlikdan mahrum etilganiga norozilik bildirib yozgan arizasida Andijondagi 1916 yil voqealaridan mana bularni yozgan edi:

“1916 yili Andijon shahrida chor hukumati o‘zbeklardan front orqasidagi ishlarga, mardikorlikka safarbar qildi. Har xonadondan bittadan mardikor olinishi belgilandi.

Bu safarbarlikka bizning oilamizdan erimning tug‘ishgan ukasi Abdurasul Husanboev ham tortilgan edi. Chunki kambag‘al oilamiz boshqa bir kishini yollab mardikorlikka yuborishga qodir emasdi. Vaholanki, boy va o‘ziga to‘q oilalar bunday ishlarni qilayotgan edilar. Mardikorlarni frontga kuzatib qo‘yish marosimi kuchaytirilgan soqchilik bilan podshoh bayrog‘i ostida yuz bergandi va bu holat rasmga olingan edi.

O‘z ukasini kuzatib qo‘yishga chiqqan erim Husanboev boshqa kuzatuvchilar ommasi orasida turgan chog‘ida rasm olingan…

Husanboevning dushmanlari bu suratni o‘sha davrdagi vatanparvarlik namoyishini aks ettiruvchi deb bilishgan …

Mana, endi shu surat va erimning mardikorlarni kuzatishdagi ishtiroki uni ayblab, 10 yil qamoq jazosiga tortilishga asos bo‘lgan ayblarning bosh nuqtasi bo‘lib turibdi” [18;83-84].

Ko‘rinib turibdiki, Andijonga qaytib kelgan mardikorlarning keyingi taqdiri turlicha bo‘lgan: ayrimlari bolьsheviklar safida sovet tuzumi uchun kurashgan, boshqa bir qismi sovetlarga qarshi olib borilgan milliy ozodlik urushlarida qatnashgan va shu muqaddas urushda halok bo‘lgan. Milliy ozodlik urushi tegirmonidan omon qolganlarning bir  qismi er-suv islohoti, kollektivlashtirish, quloqlashtirish va surgun qilish davrlarida, boshqa bir qismi 1937-1938 yillardagi “Katta terror”da qatag‘on tig‘iga uchraganlar. Ya’ni, ular na chor hukumati, na sovet hukumati davrida rushnolik ko‘rdi, aksincha, har ikki tuzumdan jabru jafo tortdi. Shu bois mardikorlarning keyingi taqdiri, qismatini o‘rganish, umumlashtirish Andijon farzandlarining chor Rossiyasi va sovet mustamlakachiligi davridagi  xalq manfaati yo‘lida, mustaqillik uchun favqulodda og‘ir sharoitda kurash olib borganliklarini anglash va munosib qadrlashga imkon beradi.

Tarixiy adabiyotlarda Farg‘ona viloyatidan, jumladan Andijondan yuborilgan mardikorlar O‘sh, Kavkaz, Batumi, Vitebsk, Kollona, Chernopilь, Chernovits, Kiev, Dubno va boshqa joylarda ishlashga majbur qilinganligi qayd qilingan [19;175].

Arxiv hujjatlarida Andijondan yuborilgan mardikorlar Ruminiya xududlarida ham mehnat qilganliklari o‘z aksini topgan. Bu o‘rinda quyidagi hujjatni keltirish o‘rinlidir: “ANDIJON UEZDI BOSHLIG‘I JANOBLARIGA”

Andijon shahar Tuproqxona

mahallasida yashovchi

Mahmudboy Musaboevdan

A R I Z A

Men Andijon shahridan front ortidagi ishlarga ishchi sifatida harakatdagi armiyaga chaqirilganman, Rubin frontida turganman, ishdaligim vaqtida menga bahosi 33 so‘mlik bir juft etik berilgan va u pullar mendan to‘lasincha olingan, hozirgi vaqtda menga ma’lum bo‘ldiki mendan etik uchun 14 so‘m miqdorida ortig‘i bilan olingan, menga tegishli bu pul  Andijonga yuborilgan.

Shuning uchun Siz janob boshliqdan menga qaytarilgan  pulni  qaerdan olishim mumkinligini ma’lum qilishingizni o‘tinib so‘rayman. Front ortidagi ishlarda men 428 –sonli ishchi hisoblanganman.

26 iyul 1917 yil [20;53]

Ushbu hujjatdan ma’lum bo‘ladiki, Andijon shahridagi Tuproqxona mahallasidan mardikorlikka olingan 31 yoshdagi Mahmudboy Musaboev bilan uning mahalladoshlari 42 yoshdagi Ahmadoxun Xudoyberdiev, 22 yoshdagi Ashurbek Turdiboev, 37 yoshdagi Otaboy Tillaboev, 32 yoshdagi Mahmud Abdullaev, 31 yoshdagi Karimboy Salimboev (o‘nboshi), 23 yoshdagi Xojiboy Niyozboev, 21 yoshdagi Toshpo‘lat Yo‘ldoshboevlar ham ana shu Ruminiya xududidan mudofaa ishlarida mehnat qilganlar [21;214]. Shu Tuproqxona mahallasidan 22 yoshdagi Mamat Boltaboev, 32 yoshdagi Hamraqul Mamarizaev, 24 yoshdagi Sarimsoq Oxunboev, 31 yoshdagi Obobakir Sodiqboev, 25 yoshdagi Mirsaid Xayitboev (o‘nboshi), 25 yoshdagi Tojiboy usta Ro‘ziev, 22 yoshdagi Sobir Matkarimov, 23 yoshdagi Xoldarboy Aliboevlar ham Ruminiya fronti xududida mudofaa inshoatlarini qurishda og‘ir mehnat qilganlar. Bu insonlarning ham taqdiri va qismati haqidagi ma’lumotlar izlash, topish kelgusi vazifalardandir.

Xullas, 1916 yilgi qo‘zg‘olon va mardikor oldi voqeasi bilan bog‘liq yuqoridagi kabi qiziqarli tarixiy lavhalar talaygina. Ularni jamlab, umumlashtirib, alohida tadqiqot yaratish, mazkur tarixiy voqeani bugungi kun nuqtai nazaridan atroflicha o‘rganish zarurati allaqachon etilgandir.

 

Adabiyotlar:

 

1. Andijonnoma.- 2007.- 13 dekabrь

2. Kovalev P.A. Tыlovыe rabochie Turkestana v godы pervoy mirovoy voynы.- T.: Gosizdat, 1957

3. Kovalev P.A. Revolyutsionnaya situatsiya 1915-1917 gg. i eyo proyavlenie v Turkestane.- T.,1971

4. Tursunov X. O‘zbekistonda 1916 yil xalq qo‘zg‘oloni .- T.: O‘zbekiston, 1966

5. Ziyoeva D. Turkiston milliy ozodlik xarakati.- T.: Adabiyot va san’at, 2000

6. Choriev Z.U. XX asr boshida Turkiston o‘lkasida mustamlakachilik siyosati va milliy zulmning kuchayishi hamda uning oqibatlari (mardikorlikka safarbarlik misolida): Tarix fanlari dok…. diss.-  T.,1999

7. Ziyoev H. O‘zbekiston mustaqilligi uchun kurashlarning tarixi.- T.: Sharq, 2001

8. Ismoilova J. Farg‘ona vodiysida milliy ozodlik kurashlari.- T., 2003

10. Shamsutdinov R, Karimov Sh, Ubaydullaev O‘. Vatan tarixi (XVI-XX asr boshlari). II k.-T.:  Sharq, 2003

11. O‘zbekiston yangi tarixi. I k. Turkiston  Chor Rossiyasi mustamlakachiligi davrida.-T.: Sharq, 2000

12. O‘zRMDA. I. 25-fond, 1-ro‘yxat,185-ish 283-284-varaqlar.

13. Ziyoev H. To‘fon // Sharq yulduzi.- 1992.- № 3

14. Karimov Sh, Shamsutdinov R. Turkiston chor Rusiyosi bosqini davrida.-  Andijon, 1995

15. Xudoyberdi shoir. Men qushimni g‘ozga solsam. She’rlar.- T, Adabiyot va san’at, 1980

16. Pobeda Oktyabrьskoy revolyutsii v Uzbekistane. T.1. Sb. dokumentov.- T.:  Izd-vo AN UzSSR, 1963

17. Muxtor Olimovning esdaligidan: Vospominanie uchastnikov  grajdanskoy voynы v Andijanskoy oblasti. Vыpusk 1.- Andijan 1957

18. Shamsutdinov Rustambek. Istiqlol yo‘lida shahid ketganlar.- T.: Sharq, 2001

19. Ismoilova Jannat. Farg‘ona vodiysida milliy ozodlik kurashlari (1916 yil qo‘zg‘oloni misolida), G‘ofur G‘ulom nomidagi nashriyot –matbaa ijodiy uyi. T. 2003, 175- bet.

20. AVDA, 76- fond,1- ro‘yhat, 1- ish, 53 – varaq

21. O‘zRMDA, I-25- fond, 1- ro‘yhat, 185 –ish, 214 –varaq

 

R.T. Shamsutdinov, Q.Bozorov

http://e-tarix.uz/maqolalar/490-maqola.html

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: