O‘z huquqlarini yaxshi bilgan insongina o‘zligini anglaydi – sahwii.com


Iyul’ 8, 2011

Shukrulloh Sobirov

O‘XH Shvetsiya bo‘limi rais muovini

Bugungi kunda begona yurtlarda yurgan O‘zbekiston aholisining aksariyat qismini mehnat muhojirlari tashkil etadi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra birgina Rossiyaning o‘zida ro‘yxatga olingan mehnat muhojirlari soni 2,5 milliondan, 3 milliongachani tashkil qiladi. Norasmiy manba’larga ko‘ra esa, O‘zbekistondan tashqarida tirikchilik qilayotgan aholining soni 5 milliondan, 8 milliongacha bo‘lishi mumkin. Ular asosan, tirikchilik, oila boqish maqsadida o‘zga yurtlarga ish izlab chiqqanlardir. Begona yurtda o‘zga til va o‘zga din vakillari orasida ish topib, mehnat qilib, pul undirishning o‘ziga yarasha mashaqqati bor. “Har erni qilma orzu, har erda bor toshu torozu”, deydi dono xalqimiz. Ko‘p hollarda o‘zga yurtlardagi “toshu tarozi”ni bilmaslik yoki tushunmaslik oqibatida ko‘plab vatandoshlarimiz ma’lum bir tajovuzkor guruhlarning qurboniga aylanmoqdalar. O‘zga yurtlarda faqatgina qorin to‘yg‘azish uchun quldek ishlashga majbur bo‘layotirlar.

Ayniqsa, Rossiya hududida bunday holatlarning yuzaga kelish sabablaridan biri, fuqarolar o‘z pasportlariga e’tiborsizlik bilan qarayotganligidir. Pasport insonning kimligini ko‘rsatib turuvchi shaxsiy xujjatdir. Bu xujjat faqatgina kishining shaxsini aniqlash maqsadida davlat huquq – tartibot organlari xodimlari tomonidan tekshiruv vaqtida, avval tekshiruvchi organ xodimlarining guvohnomalarini ko‘rib, ishonch xosil qilganda taqdim etilishi mumkin. Davlat tashkilotlariga, jumladan migratsiya bo‘limlariga ariza yoki shikoyat bilan murojaat qilinganda ham pasportning asli emas, balki notarius tasdiqlagan nusxasi yoki ksero nusxasi topshiriladi. Shuningdek, insonning shaxsini, borlig‘ini anglatuvchi ushbu xujjat begona, notanish, xatto tanishlarning ham qo‘liga topshirish qonunga xilof xisoblanadi. Ammo, ko‘pgina vatandoshlarimiz shu oddiy haqiqatni tushunib etmaydilar. O‘zini amaldor yoki ishbilarmon qilib ko‘rsatgan va ro‘yxatdan o‘tish, mehnat ruxsatnomasi olib berish va xokazolarni va’da qilgan shaxsga o‘z pasportlarini ishonib topshiradilar. Oqibatda, ana shu ondan boshlab, o‘sha amaldor yoki soxta ishbilarmonning ma’naviy quliga aylanadilar. Ya’ni o‘z erklarini, qadr qimmatlarini, kuch quvvatlarini bir muttahamga o‘z hohishlari bilan, ikki qo‘llab topshiradilar.

Nahotki, 20 yoshdan 50 yoshgacha bo‘lgan O‘zbekiston aholisining ishga yaroqli qismining asosiy negizini tashkil etuvchi fuqarolar ana shu oddiy qoidani tushunmaydilar?

Nahotki, Evropa mamlakatlaridagi yosh bola ham bilgan o‘z haq huquqlarini bilmaydilar?

Nahotki, o‘zga yurtlarda o‘z bilimsizliklari tufayli qullikga mahkum bo‘layotganlarini his qilmaydilar?

Ha, bilmaydilar, tushunmaydilar, his qilmaydilar! Qanchalik og‘riqli bo‘lmasin, bu ayni haqiqatdir.

Nafaqat o‘zga yurtlardagi, balki o‘z ona yurtimizda davlat Konstitutsiyasida ko‘rsatilgan o‘qish, ilm olish, mehnat qilish, xordiq chiqarish, ochiq gapirish, so‘z erkinligi, o‘z noroziligini ochiq bildirish, namoyish o‘tkazish kabi haq-huquqlarini ham bilmaydilar. Vaholanki, O‘zbekiston Konstitutsiyasining

8-bob, 33-moddasida belgilangan “Fuqarolar o‘z ijtimoiy faolliklarini O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga muvofiq mitinglar, yig‘ilishlar va namoyishlar shaklida amalga oshirish huquqiga egadirlar”,

6-bob, 22-modda “O‘zbekiston Respublikasi o‘z hududida ham, uning tashqarisida ham o‘z fuqarolarini huquqiy himoya qilish va ularga homiylik ko‘rsatishni kafolatlaydi”,

7-bob, 24-modda “Yashash huquqi har bir insonning uzviy huquqidir. Inson hayotiga suiqasd qilish eng og‘ir jinoyatdir”,

29-modda “Har kim fikrlash, so‘z va e’tiqod huquqiga ega. Har kim o‘zi istagan axborotni izlash, olish va uni tarqatish huquqiga ega, amaldagi konstitutsiyaviy tuzumga qarshi qaratilgan axborot va qonun bilan belgilangan boshqa cheklashlar bundan mustasnodir. Fikr yuritish va uni ifodalash erkinligi faqat davlat siri va boshqa sirlarga ta’lluqli bo‘lgan taqdirdagina qonun bilan cheklanishi mumkin”,

9-bob, 37-modda “Har bir shaxs mehnat qilish, erkin kasb tanlash, adolatli mehnat sharoitlarida ishlash va qonunda ko‘rsatilgan tartibda ishsizlikdan himoyalanish huquqiga egadir. Sud xukmi bilan tayinlangan jazoni o‘tash tartibidan yoki qonunda ko‘rsatilgan boshqa hollardan tashqari majburiy mehnat ta’qiqlanadi”,

19-bob 90-moda “O‘zbekiston Respublikasi prezidentlik lavozimiga 35 yoshdan kichik bo‘lmagan, davlat tilini yaxshi biladigan, bevosita saylovgacha kamida 10 yil O‘zbekiston hududida muqim yashayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi saylanishi mumkin. Ayni bir shaxs surunkasiga ikki muddatdan ortiq O‘zbekiston Respublikasining prezidenti bo‘lishi mumkin emas. O‘zbekiston Respublikasining prezidenti O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari tomonidan umumiy teng va to‘g‘ridan to‘g‘ri saylov huquqi asosida yashirin ovoz berish yo‘li bilan etti yil muddatga saylanadi. Prezidentni saylash tartibi O‘zbekiston Respublikasining qonuni bilan belgilanadi”.

Aholiga bu kabi haq huquqlarini muntazam ravishda o‘rgatib boruvchi huquqiy institutlar, dasturlar O‘zbekistonda to‘la qonli faoliyat olib bormaydi. Ular faqat xo‘jako‘rsinga, Dunyo Hamjamiyatining ko‘zini bog‘lash, chalg‘itish uchun xizmat qiladi. Maktabda esa huquqiy darslar o‘qitilmaydi. Qanday ham o‘qitilsin? Toshkent shahridan tashqari qolgan barcha viloyat, shaharlarda, qishloqlarda maktab yoshidagi bolalar paxta dalalarida majburan mehnat qiladilar. Chopiqdan tortib, terimgacha o‘qish o‘rniga paxta dalalarida och nahor mehnat qilishga majbur etiladilar. Natijada, holdan toygan, zo‘riqqan norasidalar maktab o‘quv dasturini o‘zlashtira olmay savodsiz bo‘lib qolmoqdalar. Bundan esa faqatgina Karimov boshliq totalitar tuzumgina manfaatdordir. Chunki, xalq o‘z haq huquqlarini tanimasa, siyosiy ongi, saviyasi past bo‘lsa, bunday xalqni xohlagan ko‘yga solib, xukmronlik qilishi, xalq mulki xisoblanmish er osti va usti boyliklarini xohlagancha talon taroj qilib, o‘zining shaxsiy maqsadlarida foydalanishlari mumkin bo‘ladi. Oxirgi o‘tgan 20 yil davomida millionlab O‘zbekiston aholisi o‘zga yurtlarda mardikorchilik qilib kelmoqdalar. Va ularning soni kundan kunga ortib bormoqda. Sababi, O‘zbekistonda ish yo‘q. Ish bo‘lsa puli oz. Tirikchilik oila boqish uchun etmaydi. Bolalar ta’lim olish, kattalar ishlash huquqidan mahrumlar.

Hozirda, Karimov boshliq mustabid tuzum o‘zining boshqaruvdagi layoqatsizligini ochiq namoyon qildi. O‘z xalqining jonkuyarlari bo‘lmish ziyolilarni, sof e’tiqod egalarini, ishbilarmon tadbirkorlarini qamab, iskanjaga olib, qatag‘on qilib, o‘zining mutloq hokimligini o‘rnatdi. Xalqni savodsiz qilib, xohlagancha aldab kelmoqda. Bu ketishda millatimiz kelajagi bo‘lmish yosh avlod ham o‘zga yurtlarda mardikorchilik, qullik qilib kun kechirishga mahkumdirlar.

Ana shunday holat yuzaga kelmasdan oldin, vatan ichkarisidagi va tashqarisidagi har bir O‘zbekiston fuqarosi kelajak avlod oldidagi o‘z burch va mas’uliyatlarini his qilgan holda, O‘zbekiston Xalq Harakatiga qo‘shilishlik va uni qo‘llab quvvatlashlik haqida jiddiy o‘ylanib ko‘rmoqliklari darkor.

 

sahwii.com

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: