O‘XH Turkiya bo‘limi raisi Aliboy Yo‘lyaxshi bilan suhbat – yangidunyo.com


July 8, 2011

Matbuotda ma’lum qilingani kabi O‘XH ning Turkiya bo‘limi o‘z ishini boshladi. Bo‘lim Raisi etib muxolifat oqsoqoli Aliboy Yo‘lyaxshi saylandi. Ushbu munosabat bilan u kishiga ba’zi savollar bilan murojaat qildik:

1. Nega O‘zbekiston Xalq Harakati faoliyatiga qo‘shildingiz?

– Sovetlar imperiyasi tugatilishi munosabati bilan bizning ham vatanimiz – O‘zbekistonda ham insoniy, fuqaroviy, insonlar erkin bir nafas ola biladigan jamiyat qurarmiz deb orzu va umid qilgandik. Mustaqillikdan avvalgi butun harakatlarimiz ana shu maqsadga qaratilgandi. Afsuski, unday bo‘lmadi. Mamlakat, sovetlardan qolgan insofsiz kommunistlar qo‘lida qolib ketdi.

Aslini olganda men, mustaqillikdan oldin ham, undan keyin ham mana shunday jamiyat qurish uchun o‘z hissamni baholi qudrat qo‘shishga urinib kelganman. O‘zbekiston muxolifati ko‘p yillik sarson sargardonliklardan so‘ngra mana shu savobli ezgu maqsadda bugun birlashdi va mening bunday harakatga qo‘shilmay kuzatuvchi bo‘lib turishim esa, mumkin emas edi, albatta. Shuning uchun ham men O‘XH da faol ishtirok etishga qaror qildim …

2. O‘zbekiston Xalq Harakatining dolzarb vazifalari nimadan iborat, deb o‘ylaysiz?

– Birinchidan, O‘XH-ning maqsad va asosiy g‘oyasini xalqimizga va dunyo progressiv jamoatchiligiga yaxshi tanitish va uning a’zolarini va tarafdorlarini ko‘paytirishdan;

– Ikkinchidan, samarali amaliy ishlar qilish: Masalan, Harakatning Vatanda va xorijda mahalliy bo‘limlarini tuzish va ularning oldiga aniq vazifalar qo‘yish va ularni amalga oshirishdan;

– Uchinchidan, madomiki biz yangi jamiyatni qurishni istasak, buni amalga oshira oladigan taraqqiyparvar kadrlarni etarli miqdorda Harakatga jalb etish va ularni tayyorlashdan iborat deb bilaman …

3. O‘zbekistonda mavjud diktatura tuzumi qanday yo‘llar bilan o‘zgaradi, deb o‘ylaysiz?

– Eng muhimi va yaxshisi Prezident Islom Karimov boshchiligidagi hukumatning mamlakatimizdagi og‘ir ijtimoiy-siyosiy vaziyatni e’tiborga olib, tinch va zararsiz yo‘l bilan iste’foga chiqishidir. Bu holda Prezident vazifasini vaqtincha bajaruvchi va O‘zbekiston hukumatining boshqa bir qator muhim bo‘limlari O‘XHga berilishi lozim bo‘ladi va O‘zbekiston hukumati bir muddat (bu muddatni o‘tish davri desa ham bo‘ladi) mavjud Asosiy Qonun va qonunlar asosida ishlab turadi. Parlament o‘z vakolatini saqlashi mumkin.

Ammo boshqaruvning o‘zgarishi bunday tinch yo‘l bilan amalga oshishiga ishonish qiyin. Bordi-yu O‘zbekistonning I.Karimov boshliq bugungi hukumati vaziyatni va atrofdagi voqealarni sog‘lom bir shaklda baholay olmasa, xalqning sabru toqati cheksiz deb o‘ylash ham aqlga ziddir. Ya’ni xalq, o‘z noroziligini namoyish qilishi va xuddi “Arab bahori” deb atalayotgan voqealar ro‘y berayotgan davlatlarda bo‘lgani kabi, hukumatni iste’foga chiqishga majbur etishini ham xotirada saqlash lozim deb hisoblayman. Biroq, bunday bo‘lishini biz hech zamon istamadik, bugun ham istayotganimiz yo‘q. Ammo bu, xalqning oxirgi chora sifatida qo‘l urishi mumkin bo‘lgan bir holligini unutmasligimiz kerak. Ayniqsa bu holni O‘zbekistonning bugungi hukumati juda yaxshi tushunishi lozim deb o‘ylayman. Andijon fojialarini takrorlash endi ish bermaydi, og‘aynilar! Buni har kim (jumladan O‘zbekistonning bugungi hukumati ham) juda-juda yaxshi bilishi shart. …

4. O‘XHga turli guruhlar birlashgan. Shu jumladan Islomiy qarashdagi guruhlar ham bor. Bularning harakatdagi o‘rnini qanday baholaysiz?

– Birinchidan do‘stim, “Islomiy guruhlar” deyish to‘g‘rimi? Shunga qaramasdan agar mamlakatimizda fuqaroviy, erkin jamiyat barpo bo‘lib, adolatli davlat tizimi o‘rtaga chiqadigan bo‘lsa, barchaning teng huquqligi saqlanib, ko‘pfikrlilik amal qiladi. Shunday ekan mamlakatimizda hamma birday erkin faoliyat olib borishga haqli bo‘ladilar, jumladan siz aytayotgan kishilar ham. Men, ba’zi o‘zlarini demokrat atab yurgan shavvozlarning musulmonlar bilan umuman birga bo‘lmaslik kerak, ular bilan hamkorlik qilmaslik kerak, degan g‘aliz tushunchalariga qo‘shila olmayman. Hatto bunday qarash demokratiyaga ham mutlaqo mos emas, axir. Inshoolloh, undaylar bundan buyon O‘zbekistonda boshqaruvga chiqa olmaslar. Biz haqiqatan taraqqiyot tarafdori bo‘lsak, barcha taraflar bilan, shu jumladan islomiy qarashda bo‘lganlar va boshqa xil diniy qarashda bo‘lganlar bilan ham muloqot va hamkorlikni muntazzam yo‘lga qo‘yishimiz kerak, deb hisoblayman. Musulmonlarga ham, boshqa din vakillariga ham albatta e’tiqod va ibodat erkinligi berilishi kerak. Shu bilan birga biz hozirda Islom davlatlari deya atalayotgan mamlakatlardagi turli diktatura va qirollik rejimlarining haqiqiy ma’noda dinimizga mos emasligini ham yaxshi bilamiz. Kelajakda O‘zbekistonda fuqaroga hech qanday erkinlik bermaydigan va faqatgina dinimizni suiste’mol qilish bilan shug‘ulladigan bunday zo‘rovon rejimlarning paydo bo‘lishini istamaymiz. Chunki Islom dini ilmu ma’rifat, tinch-totuv yashashni targ‘ib qiluvchi va boshqa ko‘plab ijobiy xususiyatlarni o‘z ichiga qamrab olganligi ham ochiqdir. Shuning uchun ba’zi bir Islomdan tamoman bexabarlarning vasvasalaridan cho‘chimaslikka undayman.

O‘XH Turkiya Bo‘limi Raisi hurmatli Aliboy Yo‘lyaxshi bilan ushbu e-mail orqali xabarlashishingiz mumkin: aliyulyashi@hotmail.com

Suhbatni Namoz Normo‘min yozib olgan.

 

http://yangidunyo.com/?p=20642

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: