O‘zbekcha iqtisodiy o‘sish: xufya iqtisod+muhojir puli? – ozodlik.org


Mutaxassislar fikricha, O‘zbekiston kabi rivojlanayotgan davlatlar umum iqtisodining yarmidan ko‘prog‘iga qadar xufya iqtisod tashkil qiladi.

06.07.2011

Zamira Shukur

O‘zbekiston rasmiylari, mamlakatda yalpi ichki mahsulot o‘sishining kelasi besh yilda 1,5 baravarga oshishidan gapirmoqda.

O‘zbekiston iqtisodiy tadqiqotlar markazi mutaxassislarining mamlakat taraqqiyot istiqbollariga oid hisoblagan tadqiqotiga ko‘ra, 2011-2015 yillarda O‘zbekistondagi yalpi ichki mahsulot hajmi 1,5 baravarga oshadi. Xususan, sanoat o‘sishi 1,6 baravar, qishloq xo‘jalik sektoridagi o‘sish esa, 1,3 baravarga ko‘tariladi, transport va maishiy xizmatlar hajmi 2,5 baravarga oshadi, mamlakatga kiradigan sarmoya miqdori 77,4 milliard AQSh dollariga etadi.

Rasmiy Toshkent da’vosicha, 2010 yilda mamlakat yalpi ichki mahsuloti hajmi 8,5 foizga o‘sgan. O‘zbekiston rasmiylari, ayni paytda Osiyo taraqqiyot banki va Evropa tiklanish va taraqqiyot banki mutaxassislari 2011-2012 yillarda o‘sish darajasining 8,5 foiz atrofida bo‘lishini taxmin qilmoqdalar.

O‘zbekiston davlat statistikasining mamlakatdagi iqtisodiy o‘sish haqidagi bayonotlari, mustaqil ekspertlar, qolaversa oddiy o‘zbekistonliklar tomonidan kuchli shubha bilan qarshi olinadi. Mamlakat iqtisodining asosiy tarmoqlari, qolaversa davlat byudjeti, eksport va import hajmi, inflyatsiya va ishsizlik darajasi haqidagi asl raqamlarning jamoatchilikdan bekitilishi, ana shunday shubhalarni oziqlantirib kelmoqda.

Ammo O‘zbekiston Moliya vazirligining sobiq mutasaddisi, hozirda Ostonadagi Evroosiyo bozor instituti dekani, iqtisod fanlari nomzodi Saparboy Jubaev o‘zbek iqtisodining o‘sish sur’atlariga oid rasmiy raqamlarga gumon qilmasligini aytadi.

Saparboy Jubaev: Bu yil o‘sish protsenti o‘sgan bo‘lsa, kelasi yil u yana o‘sadi. Bu slojnыy protsent deyiladi va agar o‘sish 8 foizdan bo‘lsa, besh yilda o‘sish 55 foiz bo‘ladi. 55 foiz esa, bir yarim baravardan ko‘proq. Agar O‘zbekiston iqtisodi, har yil 7-8 foizdan o‘sadigan bo‘lsa, yalpi ichki mahsulotning besh yillik o‘sishi bir yarim baravarni tashkil qiladi. Bu oddiy arifmetika va buning to‘g‘riligiga gumon keltirish kerak emas.

Ozodlik: O‘zbekiston iqtisodi, uning asosiy ko‘rsatkichi sanalmish yalpi ichki mahsulot nimaning hisobiga o‘smoqda?

Saparboy Jubaev: Endi buning sabablari ko‘p. Ammo asosiysi, bu ekstensiv o‘sish. Ya’ni O‘zbekistondagi ekonomikaning o‘sishi aholining o‘sishi  bilan bahoning o‘sishiga asoslangan va bu ekstensiv o‘sishdir. Xohlaysizmi, xohlamaysizmi, jahonda oziq-ovqat mahsulotlari, energetika resurslari narxining o‘sishi O‘zbekistonda ham bu narxlarning oshishiga olib keladi. Ayni paytda, bu mahsulotlar iste’molchisi, ya’ni O‘zbekiston aholisi ham o‘sib bormoqda. Shuning hisobiga O‘zbekiston iqtisodining hajmi, tabiiy suratda o‘sadi. Shuning uchun O‘zbekistonda iqtisodiy o‘sishning yiliga 7-8 foizni tashkil qilishiga ishonsa bo‘ladi. O‘zbekiston iqtisodiga oid asosiy ko‘rsatkichlar sir tutilgani bois, bu raqamlarga ko‘pchilik, xususan xorij iqtisodchilari shubha bilan qaraydi. Lekin men o‘z tajribamdan kelib chiqib, O‘zbekistonda iqtisodiy o‘sish borligini bilaman.

Ozodlik: Agar mamlakatdagi yalpi ichki mahsulot hajmi muttasil o‘sayotgan bo‘lsa, bu o‘sish xalq farovonligida ham aks etishi kerak, to‘g‘rimi? Yalpi ichki mahsulot o‘sishi bilan aholi turmush darajasining ko‘tarilishi o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqadorlik bormi o‘zi?

Saparboy Jubaev: Umumiy bog‘liqlik boru, lekin men avval aytganim kabi, ikki xil – ekstensiv va intensiv o‘sish bor. Agar aholi soni oshmay turib, yalpi ichki mahsulot o‘sayotgan bo‘lsa, bu intensiv o‘sish deyiladi va bunda yalpi ichki mahsulot aholi jon boshiga taqsimlanganda ham o‘sishga olib keladi. Ammo ekstensiv o‘sishda, o‘sish asosan aholi sonining o‘sishi hisobiga bo‘lgani bois, uning jon boshiga taqsimlangandagi qiymati o‘zgarishsiz qolaveradi.

O‘zbekistondagi o‘sish, boya aytganim kabi, intensiv emas, balki ekstensiv. O‘zbekistonda bugun intensiv o‘sish bormi-yo‘qmi, bu juda muhim masala. O‘zbekistonda yalpi ichki mahsulot hajmining o‘sib borayotgani har bir oila, har bir korxona hayotiga ijobiy ta’sir qilayaptimi-yo‘qmi, bunga javob berish qiyin.

Ozodlik: Bugun O‘zbekistonda davlatning makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari, hukumat ta’kidicha, o‘sib bormoqda. Ayni paytda, ishsizlik, qimmatchilik, iqtisodiy vaziyatning og‘irlashgani haqidagi shikoyatlarga qaramay, aholi turmush tarzida ham sezilarli o‘sish ko‘zga tashlanadi – bugun O‘zbekistonning shaharu qishloqlarida asosan xorijdagi mehnat muhojirlari yuborayotgan pullar hisobiga yangi uy qurayotgan, yangi mashina olayotgan, katta-katta to‘yu ma’raka qilayotgan o‘zbekistonliklar soni ham ko‘paymoqda. Bir qarashda, bir-biriga parallel ikki iqtisod – rasmiy, ya’ni ochiq va norasmiy, ya’ni xufya iqtisod rivojlanayotgandek. Bu ikkalasi o‘rtasidagi aloqadorlik qanday va u O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti o‘sishini hisoblashga qanchalik ta’sir qiladi?

Saparboy Jubaev: Bu narsa rivojlanayotgan iqtisodlarning hammasida bor. Ruschada tenevaya ekonomika, o‘zbekchasi qorong‘u iqtisod bo‘lgan siz aytgan ikkinchi parallel iqtisod rivojlanayotgan davlatlarning hammasida bor. Bu hisobga olinmaydigan, soliqqa tortilmaydigan, statistikaga tushmaydigan  iqtisoddir. Masalan, O‘zbekistonda uyida mol boqib, uni bozorga chiqarib sotish orqasidan tirikchilik qiladigan oilaning daromadi hech qaerda ko‘rsatilmaydi. YOki erida etishtirilgan meva-sabzavotini Qozog‘iston yo Rossiyaga olib borib sotib, pulini beliga tugib qaytish ham xufya iqtisod. Chunki bu hech qaerda hisobga olinmaydi, O‘zbekiston rasmiy iqtisodiga qo‘shilmaydi, soliqqa tortilmaydi. Nobel mukofoti laureati, perulik iqtisodchi Sakoning aytishicha, rivojlanayotgan davlatlarda xufya iqtisodning mamlakat iqtisodidagi ulushi uchdan bir qismidan, yarmi va undan ko‘pigacha bo‘lishi mumkin. Bu hukumatlarning iqtisodiy siyosatiga bog‘liq. Mamlakat iqtisodi rivojlangan sayin, xufya iqtisod ulushi kamayib boraveradi. Endi yalpi ichki mahsulot hajmi o‘sishiga xufya iqtisodning ta’siri masalasiga kesak, shubhasiz uning kuchli ta’siri bor.

Ozodlik: Demak, rasmiy iqtisod bilan norasmiy, xufya iqtisod o‘rtasida bevosita bog‘liqlik bor?

Saparboy Jubaev: Albatta bor. Masalan, rasman qayd etilmagan naqd pulga ertaga uy quradi, mehmonxona quradi yoki yo‘l quradi. Ertaga bu pullar tovar va xizmatlar uchun to‘lanadi va bankka tushadi. Ya’ni tenevoy iqtisod ochiq iqtisodga o‘tishga majbur bo‘ladi.

Ozodlik: Bugun O‘zbekistonda xorijga chiqib ishlayotgan mehnat muhojirlari norasmiy hisob-kitobga ko‘ra, 5 milliondan 8 milliongacha boradi. Ba’zilar bugun bu raqamni 10 millionga yaqinlashib qolganini aytadi. Bundan uch yil avval qilingan eng kamtar hisob-kitobga ko‘ra, mehnat muhojirlarining bir yil ichida O‘zbekistondagi o‘z oilasiga yuboradigan mablag‘i 8 milliard AQSh dollari atrofida chamalangan edi. Mehnat muhojirlarining O‘zbekistonga surunkali yuborayotgan bu pullarini mamlakatdagi iqtisodiy o‘sish motori, deb aytsa bo‘ladimi?

Saparboy Jubaev:  Men buni motor demagan bo‘lardim. Mehnat muhojirlari O‘zbekistonga yuborayotgan pullar hisobda bor va bu pullar to‘lov balansi degan statistikadan o‘tadi. Chunki muhojirlar bugun o‘z pullarini asosan bank orqali yuboradi. Bu xufya iqtisod emas. Hukumat bu pullarni tiyinigacha biladi. Mening ma’lumotim bo‘yicha, bu 5 milliard dollar va bu O‘zbekiston uchun juda katta mablag‘. Agar O‘zbekistonning yalpi ichki mahsuloti 40 milliard dollar atrofida deyilsa, uning sakkizdan biri chetdan kelayapti deyish, bu juda katta narsa!

Shuning uchun sakkizdan biri iqtisodning motori bo‘la olmaydi, motor O‘zbekistonning o‘z iqtisodi. Lekin chetdan kelayotgan pullar aholi uy xo‘jaligining rivojlanishiga juda katta ta’sir qilmoqda va yalpi ichki mahsulotning o‘sishiga ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir qilmoqda. Ayni paytda, mehnat muhojirlari yuborayotgan pullar norasmiy, xufya iqtisodni ham rivojlantirayotgan kuchli omil bo‘lib qolmoqda.

 

http://www.ozodlik.org/content/article/24257530.html

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: