Azerfonning haqiqiy xo‘jayinlari – Laylo va Orzu – ozodlik.org


Ozarbayjon prezidnetining ham ikki qizi bor, ular ham shubhali biznesga aralashgani aytiladi.

07.07.2011

Azerfon Ozarbayjondagi eng bozori chaqqon va mamlakatda 3G xizmatlarini ko‘rsatadigan yagona telekommunikatsion shirkat hisoblanadi. Bu shirkatning xo‘jayini kim va qanday qilib 3G xizmatlarini ko‘rsatish sohasini monopollashtirib olganiga oid savollar ochiq qolayotgan edi. Ozodlik muxbiri Xadicha Ismoilova shirkatning asosiy ulushi Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Alievning ikki qiziga tegishli ekanini tasdiqlovchi hujjatlarni qo‘lga kiritdi.

“Nar” brend nomi ostida faoliyat yurituvchi Azerfon shirkati Ozarbayjonda katta muvaffaqiyatga erishgan shirkatlardan biridir. 2007 yilda asos solingan shirkatning allaqachon 1,7 million abonenti bor va mamlakat hududining 80 foizini qamrab olgan. Azerfon Ozarbayjonda 3G xizmatlarini ko‘rsatadigan yagona shirkat hamdir.

Joriy yil aprel oyida Kaspiy-Evropa Integratsiyasi biznes klubi (bu tuzilamning fahriy raisi Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Alievdir) Azerfon shirkatini “yilning mobil operatori” deb e’lon qildi. Bu haqdagi diplomni Azerfon boshqaruv hay’ati raisi Juneyt Turktanga Ozarbayjon Aloqa va axborot vaziri Ali Abbosov topshirdi.

Lekin shirkatning asl xo‘jayinlari kim ekani Azerfon faoliyat boshlaganidan beri sir tutib kelinayotgan edi. Ozodlik o‘tkazgan surishtiruv natijasida Azerfon shirkatining asosiy ulushi prezident Alievning qizlariga qarashli ekani ma’lum bo‘ldi.

Alievlar oilasi o‘tmishda ham bir nechta shubhali biznes loyihalarga aralashgan edi. Birinchi oila davlatga qarashli AZAL havo shirkatining serdaromad sohalarini o‘zlashtirgan SW Holding nomli shirkatni nazorat qilishi ma’lum. 2010 yilning martida “Washington Post” gazetasi Alievning uchchala farzandi nomiga Dubayda 75 million AQSh dollariga teng ko‘chmas mulk sotib olingani haqida yozgan edi. Prezidentining rafiqasi Mehribon Alieva va ikki qizi mamlakatning bir nechta eng yirik banklarini nazorat qilishi aytiladi.

Aloqa vazirligi 2006 yilning oxirida Azerfon shirkati tashkil etilishini e’lon qilganida u Germaniyaning Siemens AG va Britaniyadagi bir-ikkita firmaga qarashli ekani aytgan edi. Vazirlik bu ma’lumotni keyingi yillar davomida takrorlab keldi.

Lekin Siemens AG shirkati matbuot vakili Monika Bryuklmayer-Langendorf Ozodlik bilan suhbatda o‘z kompaniyasi Azerfon yoki Ozarbayjondagi boshqa mobil aloqa shirkati ulushlariga egalik qilmaganini ta’kidladi. Shuningdek, Finlyandiyada joylashgan Nokia Siemens Networks (NSN) kompaniyasi ham Azerfon shirkatida haqdor emasligini ma’lum qildi.

“NSN hech qachon Azerfon aktsiyalariga egalik qilmagan. NSN kommunikatsiya sohasida xizmat ko‘rsatadi va biz o‘z mijozlarimiz aktsiyalariga egalik qilmaslik siyosatini olib boramiz”, dedi NSN matbuot kotibi Anna Lehtiranta.

Ozodlik muxbiri bu ma’lumotni Ozarbayjon aloqa vazirligiga taqdim qilganida, vazirlik matbuot vakili, yana Siemens kompaniyasi Azerfon shirkatining aktsiyadoridir, deya javob qaytardi.

Azerfon matbuot xizmati o‘z aktsiyadorlari haqidagi ma’lumotni Ozodlikka oshkor qilishdan bosh tortdi. Shuningdek shirkatning daromadi va davlatga qancha soliq to‘lashi haqidagi ma’lmotlar ham oshkor qilinmadi. Soliqlar vaqtida to‘lab kelinmoqda, deya gapni qisqa qildi Azerfon matbuot xizmati.

Lekin Ozodlik Ozarbayjon soliq vazirligidan olgan hujjatlarga ko‘ra, Azerfon Panamada ro‘yxatga olingan uchta firma, Karib dengizidagi Nevis Orolida ro‘yxatga olingan bitta ofshor firma hamda davlatga qarashli Aztelekomga tegishli ekani ma’lum bo‘ldi. So‘nggisi Azerfon shirkatining 10 foiz aktsiyalarni nazorat qiladi, Nevis Orolidagi Cellex Communications S.A. shirkati 18 foiz, Panamada ro‘yxatga olingan Hughson Management, Inc., Gladwin Management Inc., va Grinnell Management Inc. firmalarining har biri 24 foizdan ulushga egalik qiladi.

Bokudagi Korruptsiyaga qarshi jamg‘arma raisi Vosif Movsumov Azerfon kompaniyasi bilan bog‘liq noaniqliklar shubhalarni tug‘liradi, deydi.

“Agar hukumatning ikkita idorasi shirkat xo‘jayinlariga oid bir-biriga zid ma’lumotni bersa va shirkatning o‘zi shaffof bo‘lmasa, uni boshqarishda korruptsiya aralashgani ehtimoli yuqoridir”, deydi Movsumov.

Odatda biror shirkatning ho‘jayinlari haqidagi ma’lumotlarni sir tutish yoxud korruptsiya va pul yuvish kabi noqonuniy faoliyatini xaspo‘shlash maqsadida ofshor davlatlarda ro‘yxatga olingan firmalar ishlatiladi.

Panama Davlat reestri yuqorida tilga olingan uchta firma to‘g‘risida cheklangan ma’lumotlarni taqdim etdi. Bu ma’lumotlarga ko‘ra, Ilhom Alievning to‘ng‘ich qizi, 25 yashar Leyla Alieva Gladwin va Grinnell firmalarning prezidenti sifatida ro‘yxatga olingan. Ikkala firmada ham Ilhom Alievning ikkinchi qizi, 22 yashar Orzu Alieva firmalarning hisobchisi sifatida ro‘yxatda turadi.

Hughson nomli firmada esa rollar almashib, Orzu prezident, Leyla hisobchi sifatida ro‘yxatga olingan.

Hujjatlarda uchchala firma 10 ming AQSh dollariga teng nizom kapitali bilan ish boshlagani qayd etilgan.

Panamada ro‘yxatga olingan uchchala firmada Oliver Mestelan ismli shaxs nomi ham hisobchi siftaida keltiriladi. Mestelan Alievlar oilasiga yaqin bo‘lgan shveytsariyalik biznesmendir. Leyla Alieva Moskvada chop qiladigan “Boku” jurnalida Mestelan san’at asarlari havaskori sifatida tasvirlangan. U Bokudagi “Kichik QalArt” gallereyasining xo‘jayini va “Art ex East” jamg‘armasi ta’sischisidir. “Boku” jurnaliga ko‘ra, u huquqshunoslik bo‘yicha ta’lim olgan va Ozarbayjonda yilda bir necha marta kelib turadigan uyi bor. “Kichik QalArt” gallereyasi ma’muriyati Ozodlik muxbiriga Mestelan janoblari o‘z biznes faoliyati xususida gapirmaslikni ma’qul ko‘rishini ma’lum qildi.

Prezident ma’muriyati ham Alievlar oilasining biznes ishlari xususida ma’lumot berishdan bosh tortdi. Ozarbayjonda 2005 yilda qabul qilingan qonunga ko‘ra, davlat mulozimlari, jumladan prezident ham o‘zi va oila a’zolarining moliyaviy aktivlari to‘g‘risida deklaratsiya topshirishlari talab qilinadi. Biroq prezident Aliev bunday deklaratsiyani hech qachon ochiqlamagan. Ozarbayjon Markaziy saylov komissiyasi Ozodlikning prezidentning moliyaviy hisobotlari nusxalarini taqdim etish to‘g‘risidagi iltimosini rad etdi.

Azerfon shirkatiga oid boshqa savollar ham ochiq qolmoqda. Iqtisodiy tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash markazi direktori Rovshan Agaevga ko‘ra, Azerfon shirkatining Ozarbayjon bozoriga kirishi ham 2001 yilda qabul qilingan tender litsenziyasi to‘g‘risidagi qonunga zid bo‘lgan.

“Mamlakatda faoliyat yuritish huquqini qo‘lga kiritish uchun aloqa shirkatlari tenderlarda ishtirok etib o‘zlarining texnik va saromyadorlik iqtidorini namoyish qilishlari zarur. Ozarbayjondagi mobil telefon operatorlarining birortasi bunday tenderda ishtirok etmagan. 1995 yilda Bakcell va 1997 yilda Azercell shrkatlari mamlakat bozoriga kirib kelganda bunga oid qonun qabul qilinmagan edi. Lekin 2006 yilda Azerfon shirkati paydo bo‘lganida bu qonun-qoidalar allaqachon joriy qilingan edi”, deydi Agaev.

Uning aytishicha, aloqa vazirligi Azerfon faoliyatiga tendersiz ruhsat berib, bu qonunni buzgan.

Bundan tashqari Azerfon shirkati 3G xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha monopoliyani ham shubhali tarzda qo‘lga kiritgan. Shirkatning raqibi va Azerfon kompaniyasi abonentlaridan ikki barobar ko‘proq mijozlari bor Azercell shirkati 3G xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha litsenziya olish uchun bir necha marta aloqa vazirligiga murojaat qilgan va uning arizalari rad etib kelinmoqda. Azerfon esa bunday litsenziyani hech bir tendersiz qo‘lga kiritgan.

 

http://www.ozodlik.org/content/article/24257826.html

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: