‘Ikki yilki Xitoy Shinjon-Uyg‘ur bo‘lgasini dunyo ko‘zidan panada tutmoqda’ – bbc uzbek


5 iyul 2011

Rustam Qobil

Bi-bi-si, London

Ikki yil oldin Urumchi ko‘chalariga namoyishga chiqqan uyg‘urlar Xitoy kuchlari o‘qiga tutilgan va shu asno zo‘ravonliklar boshlanib ketgandi.

“O‘tgan ikki yilda juda ko‘p do‘stlarim hibsga olindi. Ularga nima bo‘lganini bilmayman, o‘likmi, tirikmi – biron xabar yo‘q”.

Bir nech oy oldin Ovro‘poga kelgan bu uyg‘ur yigit Xitoyning Shinjon-Uyg‘ur bo‘lgasidagi namoyishdan keyingi hayotni ana shunday tasvirlaydi.

“Hali-hamon xan xitoyliklar va uyg‘urlar bir-biriga ishonmaydi. Munosabatlar sovuq” – deya qo‘shib qo‘yadi o‘z ismini oshkor etmaslikni so‘ragan shinjonlik yigit.

Bu uyg‘ur yigitning gaplari dunyo nigohidan panada qolayotgan Shinjon-Uyg‘uristonidan chiqayotgan juda kam ma’lumotlardan bir parcha, xolos.

Ikki yil oldin Xitoy janubidagi korxonada xan xitoyliklar tarafidan o‘ldirilgan uyg‘urlar uchun adolat talab qilib, Urumchi ko‘chalariga chiqqan uyg‘ur yoshlari Xitoy harbiylari o‘qiga tutilgandi. Tinch namoyish shu asno zo‘ravonlikka aylanib ketib, ikki yuzga yaqin inson nobud bo‘lgan.

Pekin zo‘ravonliklar uchun uyg‘urlarni aybladi va mingdan ziyod uyg‘urni hibsga olib, ulardan bir necha yuz nafarini qatl etdi.

Lekin oradan o‘tgan shu ikki yil ichida Shinjon-Uyg‘uristonida aslida nimalar bo‘layotganini yashirish uchun Xitoy hukumati qattiq choralar ko‘rmoqda.

“Xitoy hukumati Shinjon-Uyg‘uristonidan aniq ma’lumot olishga umuman yo‘l qo‘ymayapti” – deydi Xalqaro Amnistiya tashkilotidan Korina-Barbara Fransis – “Biz olayotgan ma’lumotlarga ko‘ra esa, oxirgi ikki yil davomida uyg‘urlar qattiq ta’qib va tazyiq ostida qolishmoqda. Hibslar davom etayapti”.

Xitoy Shinjon-Uyg‘ur bo‘lgasini shunchalik qattiq ihotalaganki, u erdagi hayot haqida dunyo hozir juda kam narsa biladi.

“Hozir faqat rasmiy raqamlarga ko‘ra, mingga yaqin uyg‘ur hibsga olingan, adolatsiz mahkama hukmlari bilan ularning bir necha yuz nafari qatl etilgan. Qamoqxonalarda uyg‘urlar o‘ldirilayapti. Biroq haqiqiy raqamlar bundan ko‘ra ancha baland bo‘lishi kerak” – deb aytadi Xalqaro Amnistiya vakili.

Xalqaro tashkilotlarga ko‘ra, bugun Pekin nafaqat Xitoy bo‘ylab, balki boshqa mamlakatlarda ham uyg‘urlarni ta’qib ostiga olishga intilmoqda. So‘nggi yillari Qozog‘iston va O‘zbekiston kabi mamlakatlar bir necha uyg‘urni tutib, Xitoy qo‘liga topshirishdi.

“Qozog‘iston tutib topshirgan Ershiddin Isroil ismli uyg‘ur Xitoy qamoqxonasidagi o‘lim hollariga guvoh bo‘lgandi. Xitoy hozir shu kabi ma’lumotlarni dunyoga oshkor qilishi mumkin bo‘lgan uyg‘urlarni qamoqqa tashlamoqda” – deydi Korina-Barbara Fransis.

Xitoydan tashqaridagi eng katta uyg‘ur jamoasiga ega Markaziy Osiyoda ham bugun uyg‘urlar bosim ostida qolishayotir. Kuzatuvchilarga ko‘ra, Xitoy o‘z etakchiligidagi Shanxay Hamkorligi kabi tashkilotlardan bu o‘rinda samarali foydalanmoqda.

“Markaziy Osiyoda uyg‘urlar haq-huquqlari borasida gapira olmaysiz” – deydi Xalqaro Uyg‘urlar Qurultoyining Qozog‘istondagi vakili Qahramon Xo‘jamberdi – “O‘zbekistondagi Andijon qirg‘inidan keyin uyg‘urlar masalasini gapirib bo‘lmay qoldi. Hozir Qozog‘iston va Qirg‘izistonda ham ochiq gapirishga yo‘l yo‘q”.

Xitoy Markaziy Osiyoga shiddat bilan kirib kelmoqda. Avtomagistral va temir yo‘llar yotqizmoqda. Ko‘p milliard dollarlik sarmoyalar kiritib, Qozog‘iston nefti, Turkmaniston gazini olmoqda. Qirg‘iziston bozorlari aksar Xitoy mollari hisobiga ishlaydi, Tojikistonda allaqachon yirik er maydonlarini xitoyliklar uzoq muddatli ijaraga olishmoqda.

Faqat iqtisod emas, hurmat ham kerak

Pekinning Urumchi g‘alayoniga javobi ham qaysidir ma’noda iqtisodiy bo‘lmoqda. Uyg‘urlar Sharqiy Turkiston, deb ham ataydigan bu rivojlanmagan mintaqaga katta miqdorda sarmoyalar kiritilmoqda. Lekin hamma muammo iqtisodga bog‘liq emasga o‘xshaydi.

“Ikki yildan beri vaziyat hamon tarang qolmoqda. Iqtisodni rivojlantirishga e’tibor qaratilmoqda. Lekin uyg‘urlar madaniyatini hurmat qilish kerakligi yoddan ko‘tarilgan” – deydi Bi-bi-si sharhlovchisi Sherong Chen – ” Masalan, Rustam degan uyg‘urcha ismingizni tug‘ilish guvohnomasiga yozdirmoqchi bo‘lsangiz, uni avvalo xitoychaga o‘girishadi. Keyin yana qaytadan uyg‘urchaga tarjima qilishadi. Qarabsizki, Rustam oqibatda Rastia-mu bo‘lib qoladi. Bu esa, tabiiy, uyg‘urlarning nafsoniyatiga tegadi”.

Uyg‘urlarning aytishicha, hozir masjidlarda ham kuzatuvchi kameralar o‘rnatilgan.

Hozirda uyg‘urlar o‘z tillarini o‘qib-o‘rganish ham cheklanayotganidan shikoyat qiladilar. Ularning aytishicha, maktablarda avvalo xitoy tili o‘rganiladi va bir necha yildan keyingina uyg‘ur tilini o‘qitish boshlanadi. Xitoy tilini bilmaganlar esa umuman yaxshi ish topa olishmaydi.

“Hatto universitetni bitirgan uyg‘urlar ham ish topa olmay, bozorlarda savdo qilishmoqda. Lekin negadir Shinjonda ochilgan ish o‘rinlari uchun chetdan xitoyliklarni keltirib, ish berishmoqda” – deydi shinjonlik yigit.

Sherong Chenning aytishicha esa, uyg‘urlar orasida yangi ochilayotgan korxonalarda ishlovchi malakali mutaxassislar etishmaydi va natijada, hamon boshqaruvchi yo muhandislik o‘rinlariga xitoyliklar ishga olinmoqda.

Bu holat esa uyg‘urlar nazdida ularning yurtini xitoylashtirishdir. Negaki, Xitoy yuritgan siyosatga muvofiq shu paytgacha boshqa mintaqalardan Shinjon-Uyg‘uristoniga shunchalik ko‘p xan xitoyliklar ko‘chirib keltirilganki, hozir uyg‘urlar o‘z erida ozchilikka aylanib qolgan.

“Yordam bahonasida yana ko‘plab xitoyliklar ko‘chib kelishmoqda” – deydi shinjonlik uyg‘ur suhbatdoshim – “Bu taraqqiyotdan biz uyg‘urlarga naf yo‘q. Chunki yangi ishlarga birinchi bo‘lib xan xitoyliklarni olishadi”.

Xitoyda iki yil oldin bo‘lib o‘tgan isyon va uning kuch bilan bostirilishi dunyo e’tiborini uyg‘urlar masalasiga qaratgandi. Pekin bu ishda xorijdagi uyg‘urlarni aybladi. Biroq uyg‘ur faollari va inson huquqlari guruhlariga ko‘ra, Xitoy ko‘p sabablarni ichkaridan izlashi hamda uyg‘urlar haq-huquqlarini ta’minlash yo‘lida ildam qadamlar qo‘yishi kerak.

Xitoy esa jazoga tortilayotgan uyg‘urlarni terror va jangari islomiy guruhlarga aloqadorlikda ham ayblamoqda.

Biroq Xalqaro Amnistiya vakillariga ko‘ra, bugun uyg‘ur tilida blog yozganlar ham, uyg‘urlarga qarshi tazyiqlar borasida gapirganlar ham birdek – jangari Islom va yo terror ayblari bilan hibsga olinmoqda. Shu asno Xitoy dunyo e’tiborini Uyg‘ur masalasidan chalg‘itishga urinayapti.

 

http://www.bbc.co.uk/uzbek/central_asia/2011/07/110705_cy_uighur_anniversary.shtml

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: